background
logotype

Botu (1904-1938)

 Botu (Mahmud Hodiev) 1904 yil 15 mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Rus-tuzem maktabi (1914—17), Moskva davlat universitetining iktisod fakultetida o‘kigan (1921—27). «Umid uchqunlari» (1925) va «To‘lqin tovushlari» (1929) to‘plamlari nashr etilgan. «Yangi qishloq» (1928), «Hoshimjon», «Hayit xarom bo‘ldi», «Tursun» (1929), shuningdek, bolalarga bag‘ishlangan hikoyalari («Bolalar yolg‘oni», «Mening kitobim» va boshqa)da yangi ijtimoiy munosabatlar hamda bolalar dunyosi ruhiyati tasvirlangan. 1930 yili qamoqqa olinib, Solovki orollariga surgun qilingan. 1938 yil 9 mayda Moskvada xalq dushmani sifatida noxaq ayblanib, otib tashlangan.


YOZ KUNI

Qish kuni o‘tib, yoz kuni keldi, 
Yer yuzin olgan qorlar tugaldi.

Har kim egnidan paxtalik tushgan, 
Yupqa kiyimlar, boqing, kiyilgan.

Chechak ochildi bog‘larda bu kun, 
Bulbul chiqarar yoqimli bir un.

Butun ogochlar chiqardi yaproq, 
Ulug‘ Tangrining qudratiga boq.

Qushlar sayrashur og‘ochga qo‘nib, 
Har kimni ko‘rsang yurar shodlanib.

G’ir-g‘ir shamollar yuzga urarlar, 
Ko‘ngilga qanday shodlik berarlar.

Qish o‘tdi emdi, ey turonliklar, 
Bitsin yalqovlik, turkistonliklar!

SO’RMA!

So‘rma, o‘rtoq, ko‘zlarimda
o‘tli yosh qaynashganin, 
So‘rma hech bir yuzlarimda
qayg‘ular o‘rnashganin,
So‘rma bu majnun ko‘ngilning
dard ichida yonganin, 
So‘rma bu mahzun xayolning
qay ochunda yurganin.

Bu so‘roqlarga javob qo‘ngil
sirin ochmoq, demak, 
Dardli qalb vulqonlaridan
lavalar sochmoq, demak,
Lavalar sochmoq butun borliqni
yo‘q etmoq, demak, 
Marhamat yo‘q, to‘g‘rilik yo‘q
dunyodan kechmoq kerak.

Dardlilar dard anglatolmas
dardsiza so‘zlov bilan,
Ko‘rsatib bo‘lmas quyoshni
ko‘zsiza maqtov bilan.

HIJRON TO’LQINI

Butun kechada xayolga cho‘mib, 
Yoniq ruhimni qayg‘uga ko‘mib,
Hijron o‘tida o‘rtanib, kuyib, 
Go‘zal malakni eslamaqdaman.

Biz yashayturgan bu tubanlarga, 
Nur sochib turgan oy, yulduzlarga, 
Yurak dardlarin so‘zlamakdaman, 
Go‘zal quyoshni eslamakdaman.

Ko‘kragim o‘tli, yuragim dardli, 
Ruhim qayg‘uli, ko‘zlarim yoshli, 
Boyaqish ko‘nglim chin muhabbatli, 
Go‘zal chechakni eslamakdaman.

Menim parishtam bunday tunlarda 
Eslarmikan hech men yo‘qsilni-da?

UMID SO’ZLARI

Yurakda umidlar, amallar... 
To‘zimsiz qirg‘oqni bosarkan, 
Nega men chaqmokday yugurmay?! 
Eskigan, chirigan tamallar, 
Yo‘qlikka efi yo‘l yasarkan, 
Nega men undan yuz o‘girmay?!

Ko‘nglim yosh, ruhim yosh, kuchim yosh, 
Yosh yo‘llar, yosh gullar izlayman. 
Orqaga tortganga hadyam - tosh, 
Har choq men ilgari undayman...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.