background
logotype

Chori Avaz (1957-1992)

 Chori Avaz 1957 yil 11 dekabrda Qashqadaryo viloyatining G’uzor tumanida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1985). «Hayotiylik chog‘ida», «Tortilgan kamon», «Uyg‘onishdan o‘zga tole izlama», «Kuz ertasi» (1992), «Saylanma» (2003) kabi asarlari nashr etilgan. Fin eposi «Kalevala»ni hamda I.Takuboku, R. Akutagava va boshk,a shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1992 yil 29 noyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.


KUZ ERTASI

Tong yeli badanga o‘rmalar, 
Vujudim bir shirin junjikar. 
Men kutib turibman quyoshni, 
Qizarib bormoqda kunchiqar.

Kun nafis va iliq kafti-la 
Sap-sariq barglarni silaydi. 
Yel ko‘zim o‘ngida o‘zini 
Oftobning rangiga belaydi.

Tabiat qaytadan jonlanar, 
Lahzalar ardoqli kechadi. 
Ufkqa termulgan tiriklik 
Quyoshni - olovni ichadi.

Ko‘ksimda umidlar yonmoqda, 
Ketayapti yuragim gupirib. 
Nigohim bilanmi quyoshni 
Olganday ufqdan sug‘urib.

ERTA

Meni qushlar uygotar erta, 
Erta kutib olaman tongni. 
Bahor erta aytadi ertak, 
Men tinglayman hovuchlab jonni. 
O’n oltiga to‘lgan boladay 
Unutaman erta o‘tmishni. 
Erta meni kuylay boshlar nay, 
Kuzataman ertaga qishni. 
Qushlar erta yelkamga qo‘nar, 
Chah-chahlashar yoqimli, mayin. 
Kadarlarning qaddin yo qilib, 
Tong ertaga boshqacha otar. 
Men yonurman tongning muzdayin 
Havosidan bot-bot yoqilib.

«YORILTOSH» ERTAGINI O’QIB

Nozik vujudingni titroq silkitar, 
Ona Yer shoshirar - tuproq silkitar, 
Faqat bir yo‘l menda - ko‘nglim zil ketar, 
Elan, tosh yorilgay: «Yoriltosh, yorim!»

Lahza-lahza ot dupuri yovuqdir, 
Jisming muzlab borar - olam sovuqdir, 
Singilginam, toshga dardingni uqdir, 
Yorilgan tosh, yorilgai tosh, yoriltosh.

Otlarning shiddati balanddir, barkdir, 
Seni unga duchor etarkan taqdir, 
Toshlarni uyg‘otgil, degil: «Men - faqir!» 
Yorilgay tosh, yorilgay tosh, yoriltosh.

Ipakdek ovozing toshni kesdimi? 
Ola-tasirlardan tosh ham bezdimi? 
Toshdanmikin erk epkini esdimi? 
Yorildi tosh, yorildi tosh, yoriltosh.

Bu sirli qudratga bo‘ldim guvoh men, 
Tiriklik darsidan bo‘ldim ogoh men, 
Angladim kimda haq, kimda gunoh men, 
Haq qal’asi, xalq qal’asi yoriltosh.

SO’Z

Yuraklardan kelar hamisha, 
Vohalarni, qirlarni qo‘msab. 
Ammo yurak sog‘inchlariga 
Doimo ham qo‘ya olmas lab.

Sho‘rlik, goho sayyoddan cho‘chib 
Suvsab yurgan ohular misol. 
Tilning o‘tmas qirralarida 
Kun kechirar jim, aftodahol.

Mijg‘ilasa shubha va gumon, 
Yuksaklikni qo‘msab qolar u. 
Goh yurakda qo‘zg‘ar g‘alayon, 
Goho esa soladi g‘ulu.

Lekin ortga qaytganmi sira, 
Bo‘lsa shunday aziz makoni. 
So‘z - muzaffar insoniyatning 
Quyosh yanglig‘ sodiq imkoni.

* * *

Qadamda duch kelaverasan 
Bir nokasga yoki yomonga, 
Toshmi, kesak otaverishar 
Pinhon, oshkor pok bir odamga. 
Ayb taqashar begunohlarga, 
Aldashadi, tuhmat to‘qishar.
Agar shular bo‘lmagandaydi, 
Qanday ozod yashardi bashar. 
Nogoh tanda qon to‘lqinlanar –
Uyg‘oqmisan, bormisan, isyon! 
Qani, sen ham turgin, ey dunyo! 
Qani, sen ham, ey dunyo, uyg‘on! 
Biroq dunyo sokin, Shunchalar sokinki, 
Yoqasidan tutib dunyoning –
Silkitging kelar... 
Toki Yomonlari to‘kilgunicha.

* * *

Tun kechadi. 
Ufq ortidan 
Yoyiladi borlikqa sahar. 
Qo‘ng‘irog‘in yangratib qayta, 
Yana yo‘lga tushadi shahar.

Tun kechadi. 
Ufq ortidan 
Bir parivash tong otar oppoq. 
Podalarin qirga haydaydi, 
Ko‘zlarini uqalab qishloq.

* * *

Tark et, orom, avrama. 
Avrama, ey yorug‘ dard. 
Sen ko‘z nurim, yolg‘izim. 
Ammo tark etgil faqat.

Ko‘ngil sog‘inchli, axir, 
Axir, sog‘inch ham ozor. 
Ket, ko‘ngilda yoshini 
Yashab bo‘lgan sabr bor.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.