background
logotype

Dilafro‘z Xudoyberdiyeva (1987)

Dilafro‘z Xudoyberdiyeva 1987 yilning 9 aprelida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent moliya institutini tamomlagan. Hozirda mazkur institutning Magistraturasida tahsil olish bilan bir qatorda, institut qoshida faoliyat yuritadigan “Moliyachi” gazetasi hamda uning qoshidagi «Ijodkor yoshlar» to‘garagida, shuningdek, qariyb o‘n yildan buyon “Tong yulduzi” gazetasida ham jamoatchi muxbir sifatida o‘zining dolzarb mavzudagi maqola va she’rlari bilan ishtirok etib kelmoqda.


ONAMGA

Yalpizga suyalib o‘lib qolaman...
Muhammad YUSUF.

Yurakda ezilib yonar bir olov,
Sho‘rlik qalb ichra zo‘r og‘riq kezadi.
Kim bilsin, bu boshga yana ne sinov?
Dil qaltis hapriqib nedir sezadi.

Ajab, qay manzillar kutar ekan-a,
Poyma-poy qadamlar chalkashdi yo‘ldan.
Kiprigimga qo‘nib bitta uchquni,
Armonlar qo‘l silkib qolar ortimdan.

Onajon qoshimda qoling bir nafas,
Sochlarimdan silib erkalang bir zum.
Ovloq manzillarda, xilvatlardamas,
Sizning bag‘ringizda o‘lib qolsaydim.

Siz sira ranjimang men – telbangizdan,
Shodon chehrangizda tabassum kulsin.
Xuddi bugungidek yanog‘ingizda
Rayhon iforlari barq urib tursin.

Qaygadir qadalib nigohlar betin,
Har on besaranjom yo‘lim poylamang.
Siz ming yil yashaysiz,
Bir kuni o‘zim
Sizning bag‘ringizda o‘lib qolaman.


 LATIF KUN

Ko‘ngil tarnovidan chakkillab tomib,
Oppoq qor eriydi yosh to‘kib mahzun.
Quyosh nurlaridan tarovat olib,
Ufqda qulochin yozar latif kun.

Bahor gullariga o‘ralar dunyo,
So‘lg‘in giyohlarda uyg‘onar sezim.
Shunday shodumonlik ruhida go‘yo,
Tong ham sukut ila aylamish ta’zim.

Baxtning ibtidosi ko‘rinar tayin,
O‘shal tong erinib otgan chog‘larda.
Jiyda gullarining ifori mayin,
Taralar saharda – chaman-bog‘larda.

Zarg‘aldoq xonishi dillarga yoqar,
Hatto xazonlarda bor ajib chiroy.
Ko‘rksiz ko‘ztikanning isi muattar,
Kunning ruxsorini bezar hoynahoy.

Quyoshning har tomchi ziyosi latif,
Tongda jilvalangan sabosi latif.
Olloh tuhfa etgan latif kunlarda,
Sayragan bulbullar navosi latif.


MENGA BAHOR NIMA

Menga bahor nima?
Sarg‘aygan xazon.
Dilda bir chechakning gardi sezilmas.
Ming takror shom kelsin, ming qayta azon,
Saboh lutfining-da qadri sezilmas.

Menga bahor nima, oddiy to‘qson kun,
Goho asr qadar tuyular cheksiz.
Har dami yaratsa o‘zgacha fusun,
To‘qson soniyacha kelarmi Sizsiz.

Menga bahor nima, hissiz tarovat,
Bir erka shukuhni tuymayman hecham.
Men kimman – bahorga begona xilqat,
Lek Siz-cha bahorni suymayman hecham.

Menda bir hazinlik yo picha armon,
Men Sizni bahordan qizg‘ondim, nechun?
Bir qushcha erki-la uchaman, chunon,
Rashkimni hammadan yashirmoq uchun.

Menga bahor nechuk, aslo takmilmas,
Sizsiz to‘rt faslning har dami kuzak.
Menga bahor, balki eng oddiy havas,
Sizni shu bahordan qizg‘onsam kerak.

Menga bahor nima,
Oniy taxayyul....


AYOLGA DUNYONI AYLAGIN HADYA

Ayolga dunyoni bersang arziydi,
Boshiga ko‘tarib yashaydi ayol.
Tunlari falakda Oydek balqiydi,
Quyoshdek tovlanib, yashnaydi ayol.

Orazi shafoat nuriga to‘liq,
Qoshingga qor bo‘lib qo‘nmoqqa hozir.
Shu sho‘rlik boshiga qilich kelsa ham,
Vafoli yor bo‘lib o‘lmoqqa hozir.

Ayolga muhabbat bergin, shubhasiz,
Umrbod yurakda asrab suyadi.
Jismu jonga ozor tikan zahridan,
Kuyganda ham faqat ayol kuyadi.

Ayolga dunyoni aylagin hadya,
Sen uchun har lahza ming bor o‘lar u.
Gar miskin ersangda, panohim deya,
Seni iloh bilib sajda qilar u.


ISHQ FALSAFASI

Mendan falsafani izlamoq bekor,
Axir ko‘rmaysizmi, men bir telbaman.
Tangri falsafaga etsa gar duchor,
Albat bir parchasin Sizga eltaman.

O‘shangacha, mayli, qalandar bo‘lay,
Bir gado misoli kezay dunyoni.
Yashiring, bir lahza Sizga berkinay,
Meni to‘zitmasin ishqning bo‘roni.

Mendan falsafani izlamoq ne naf,
Axir men notavon oq atirgulman.
Sizga berkindimu, lek qalbingizga,
Mudom yo‘l topolmay kuygan ko‘ngilman.

Siz so‘rgan falsafa bir ishqdir, balki,
Nazdimda falsafa Sizga shaydolik.
O‘shal hisdan ungan yosuman sevgi,
Meni azoblarga eltmog‘i aniq.
_________________________
Falsafa – bu yerda: aql, donolik degan ma’noda


MEN SIZNI SEVARDIM

Men sizni sevardim.
Nurga aylanib,
Osmon yuragimga tomgani sayin.
Mag‘rur nigohlarga ishqni yashirib,
Men sizni sevardim,
Sevar edim jim.

Men sizni sevardim.
Lek picha hadik,
Kezardi xayolim xiyobonida.
Bo‘g‘zimda titrardi ishqim, taqdirning,
Mag‘lub bo‘layozgan imtihonida.

Osmon to‘la qalbim sayd etdim, ammo,
Netay,
Xushlamabsiz siz g‘arib ishqim,
Garchi muhabbatim kelsa ham malol,
Men sizni sevardim,
Sevar edim jim.

Siz hech sevmadingiz.
Zarra ishqni ham,
Beshafqat hijronga sotdingiz-ku, bas.
Siz hech sezmadingiz, bevafoginam,
Men sizni sevgandim.
Sevgandim, xolos…


YO‘LLAR

Yo‘llar...
Qum to‘zg‘igan adoqsiz yo‘llar,
Turfa odimlarning jo‘shqin jarangi,
Poyonsiz yo‘llarda barg yozib sirlar...
Ajib otar edi ishqimiz tongi.

Biz ko‘ngil tubiga yashirgancha, jim
Bargdek hayajon-la titrardik beun.
Qadrdon yo‘llarga to‘kilib ko‘ngil,
Qadamlar ortidan boqardi mahzun.

Nigohlar qadaldi,
Izlarimizga
to‘ldi ilma-teshik, uniqqan sevgi.
Va sochilib ketdi
Yo‘llarimizga,
Gina, arazlarga ko‘nikkan sevgi.

Siz sokin ketdingiz
Yuzingiz burib,
Qoldi dudoqlarda siniqqan kalom.
Men kuygan yurakning qonin oqizib,
Shunday –
 tik turgancha berar edim jon.

Siz ko‘kka uchdingiz,
Men yerga singdim...
Xullas,
 vidolashdik,
Ko‘ngillar sindi.
Bugun hasrat ichra alvon ufqqa
Shunday botib ketdi ishqimiz tongi


KO‘ZLARINGIZ...

Siz baxtmisiz?
Suratingiz ishqday ma’sum.
Manglayida oy porlagan osmonmisiz?
Men – daydi yel,
Qoshingizdan uchib ketgum,
Ko‘zlaringiz....
Nechuk g‘amgin ko‘zlaringiz?

Yarashmabdi, gina nag‘ma so‘zingizga,
Qani o‘shal tanish ko‘ngil rozlaringiz?
Nechuk araz, yovqarashlar yuzingizda,
Ko‘zlaringiz....
Tunday horg‘in ko‘zlaringiz?

Siz shodliksiz,
Tong labida titrab turgan,
Ko‘ngilmisiz –
Cohir hislar makon qurgan,
Ko‘zlarimga boqib, sokin xayol surgan
Ko‘zlaringiz....
Nechuk g‘amgin ko‘zlaringiz?

Siz hijronsiz –
Qo‘msab-qo‘msab dil to‘kar yosh,
Ayro ketdik,
Balki endi ko‘rishmaymiz.
Hanuz ko‘ngil ardog‘ida o‘shal bebosh
Ko‘zlaringiz....
Sizning qora ko‘zlaringiz.


SIZ...

Siz mahzun nigohlar ichra yo‘qolib,
Goho kipriklardan mo‘ralagan his.
Shunday,
Indamasdan,
Bir zum jim qolib,
Dunyoda bir meni o‘ylaganimsiz.
Asov xayollarday beto‘xtov oqib,
G‘amlarni parchalab,
Hasratni yoqib,
Hassos tuyg‘ularni armonga sotib,
Diydor hasratida yig‘laganimsiz,
Jonimni to abad tig‘laganimsiz.


SADOQAT

Siz yana boqdingiz iymanib,
Xayrat ko‘zlarimga qo‘na boshladi.
Ohista qo‘yaman jilmayib,
Xasrat yuragimga to‘la boshladi.
O‘ksinib qo‘yadi kuyuk dil,
Lahzada ming pora bo‘laveradi.
Ko‘ksingizda yakkash suyuk dil
O‘rtanib, dod solib boraveradi.
Kulaman, chehramda mamnunlik,
Miltirar ko‘zlar ham zo‘rba-zo‘r.
Siz esa...
Umidsiz ishq sho‘rlik
Mahzun va aftoda qolaveradi.
Aslo og‘rinmaymiz ishq o‘limiga.
Siz faryod urasiz qo‘qqisdan,
Ko‘ksingizni yorar shum hijron.
Bo‘g‘zimda bir nima mening ham,
Tinmasdan qiladi g‘alayon.
Qaytasiz, nihoyat qoshimga,
Kulasiz samimiy, mamnundek.
Porlaydi ko‘zlar ham shodlikdan,
Umid-la boqadi ishq sho‘rlik.
Tutasiz qo‘limdan,
Boshlaysiz,
Quyoshi xech so‘nmas yoqlarga.
Jo‘naymiz!
Ikki dil sevgisin ortmoqlab,
Ikkimiz uchrashgan chog‘larga.
Yetaklashib o‘tdik yetti hayottan,
Ammo xech biridan topmadik orom.
Eh!
Mana armonning zo‘ri shu-
Biz yana yengildik.
Alhazar!
Nechuk bu ochunda ikkimiz
Bunchalar bo‘lmasak baxtga zor?
Sochlarda zulmattan yo‘q zarra,
Biz keksa daraxtday bukuldik.
Siniq bir tovushda yig‘lashib,
Vafo qabri uzra yiqildik.
Biz shunday sevdik va sevildik.


 O‘KINCH

Olam ummonini loyga bulg‘atib,
Ko‘prik solgan menmi, achchiq ta’nadan…
Nigohingda o‘qtin nafrat uyg‘otib,
Nechuk quv qaraysan pana-panadan?

Ishongil, Orolga tuz sepib nogoh
Ozon qatlamini yemirganim yo‘q.
Zinxor shaytonga sir berib, banogoh
Iymon ustunini kemirganim yo‘q.

Niyatim pok, mendan ranjimagin xesh,
Men xam bir onaning jigarporasi.
Poyonsiz dunyoda misoli darvesh,
Ollohning yaratgan bir be chorasi.

Ishongil, men emas, Qodiri Yakto
Bir sinov aks etgan har xilqatida.
Iymonni bir qilib qalblarda, ammo
Yaratgan har kimni o‘z suratida.


 * * *

Kuling
Dunyolarga to‘lsin kulgungiz
Chehrangizda yonsin iqbol oftobi
Baxtiyor bo‘ling Siz,
Omon bo‘ling Siz,
Siz mening ko‘ksimda yongan oftobim.
Kuling
Bir lahzalik diydor shomida
Bir parcha tabassum hadya eting Siz
Shu g‘arib ko‘nglimning zo‘r isyoniga
Malham bo‘lmoq uchun kelib keting Siz.
Barqutdek fusunkor tong quchog‘ida
Oshiq ko‘zlarimga pinhon bo‘ling Siz
Sokin oqshomlarning ibtidosida
Mendek g‘arib Mohga
Osmon bo‘ling Siz

Baxtiyor bo‘ling Siz,
Omon bo‘ling Siz...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.