background
logotype

Dildora Mardiyeva (1973)

1973 yilda tug‘ilgan. ToshDUning jurnalis­tika fakultetini tamomlagan.
“Ishq yomg‘irlari” she’riy kitobi chop etilgan.
Hozirda “Yoshlar” teleradiokanalida faoliyat ko‘rsatadi.
 
 
 * * *
 
Men – nurlardan yaralgan ko‘ngil,
Boshimdan to tirnoqqa qadar.
Ko‘ngil berib, ko‘nglimni sevgil,
Sevolsang agar...
Men – nurlardan yaralgan ko‘ngil,
Tongday yorug‘, chashmaday tiniq.
Tuproqlarga xokisor singil,
Shishaday mo‘rt, oynaday siniq.
Men – nurlardan yaralgan ko‘ngil,
Qorday oppoq, yomg‘irday rangpar.
Sen topolmas qirlarga ketgan,
Ishq bog‘ida yo‘qolgan gavhar.
Men – nurlardan yaralgan ko‘ngil,
O‘z-o‘ziga sig‘magan qayg‘u.
To hijrondan ishqingga qadar
Yuragimga begona uyqu...
Men – nurlardan yaralgan ko‘ngil...


 * * *
 
U mensiz asrlar yashashi mumkin,
Sog‘inmay, zerikmay, kutmay hech qachon.
Ismimni bir umr takrorlamasdan,
Men Janubda bo‘lsam, u Shimol tomon.
U meni hech qachon eslamaydi ham,
Bir lahza sevmaydi, bir kun kutmaydi.
Dunyoni gul bezab, bahor bersa ham,
Hech qachon atirgul tutmaydi.
U meni avaylab, asramaydi hech,
Yolg‘izi bo‘lmayman, tanhosi emas.
Osmondan yulduzlar ishqday to‘kilsa,
U menga hech qachon bir shoda termas.
Meni deb, hech qachon chekmagan ozor,
Men uchun qayg‘uga cho‘mmagan bedor,
Menga atalmagan undagi iqror...
Mendan begonadir, u bilgan Dildor.
U mening shunday o‘ylashimni istaydi,
Men, aslo, unday o‘ylamayman...
 

* * *

Betob daraxtlarning rangi za’faron,
Horg‘in ko‘chalarda gardlar titrog‘i.
Holsiz ariqlarda oqadi hijron,
Toliqqan osmonda nurning firog‘i.
Zerikkan bog‘larda qizg‘in suhbat yo‘q,
O‘ychan shamollarni gurungga qo‘shsa.
Charchagan devorlar nurashdan qo‘rqmas,
 Ezilgan ko‘ngilga xavotir tushsa.
 Rangpar osmonlardan yomg‘ir yog‘maydi,
 Dilxun dunyolarda quvonchning kami.
 Sen kelmasang hatto quyosh kulmaydi,
 Yerni bosib qolar sog‘inching g‘ami.


 * * *
 
Sen mendan nelarni tilaysan, g‘anim,
Mening hech vaqom yo‘q tilakdan bo‘lak?!
Senga dunyo bergan bo‘lardim, afsus,
Eng aziz jonim ham o‘zimnikimas!
Sen mendan nelarni so‘raysan, g‘anim,
Bilganlarim hech ne, bilmasim cheksiz?!
Senga yashamoqni o‘rgatar edim,
Umrning neligin bilmayman, afsus!
Sen mendan nelarni kutasan, g‘anim,
Yomonlik kelmaydi qo‘limdan bilsang?!
Senga yaxshilikni ko‘rsatar edim,
Afsus!.. Meni ko‘ra olmaysan!..


 * * *
 
Men gullarga dilimni ochdim,
Gullar meni tinglamadilar.
(So‘lib qolishdan cho‘chidi gullar.)

Men yo‘llarga dilimni sochdim,
Yo‘llar yig‘ib berdi o‘zimga.
(Yetmay qolishdan qo‘rqdi yo‘llar.)

Men dilimni suvlarga otdim,
Suvlar orqasiga oqdilar.
(Sho‘rlanib ketishdan ehtiyotlandi.)

Men dilimni osmonga tutdim,
Osmon yiroqlashdi zamindan.
(To‘kilib ketishdan asradi o‘zni.)

Men dilimni tuproqqa berdim,
Tuproq hali fursat bor, dedi.
(Gunohimdan qochdi chamamda.)

Men dilimni O‘ziga aytdim,
O‘zi boqib kuldi dilimda.
(O‘zimga sig‘magan o‘zim, o‘zimman.)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.