background
logotype

Dilfuza Komil (1975)

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/dilfuza-komil.jpgDilfuza Komil 1975-yili Namanganda tug’ilgan .Namangan davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Asotir”, “Ko’kdan kelgan ko’ngil” to’plamlari muallifi. Hozirda “Ma’rifat gulshani” gazetasida bosh muharrir. 


 * * *

Qish yig’laydi bag’rim bahorlarida, 
Bahor dilga sog’inch suratin solar. 
Izingizda ezgin qolgan ko’nglimni ,
Binafsha bo’ylari nikohlab olar .
Nechun siz emas 

Yurakrang hinolar qo’lga kirgaylar, 
Bardosh tikanlari dilga kirgaylar. 
Tavonim qonidan ishq ta’min totib 
Taqdirning toshlari tilga kirgaylar .
Nechun siz emas

Ilinjlar zavoldan asrar umrni, 
Zorimni zor qolgan kunga bermaslar .
Ko’z yosh islariga cho’mgan parqular 
Meni g’am titragan tunga bermaslar 
Nechun siz emas

Oydinning qo’llari ko’ksimga etar, 
Oyning nigohlari kelmoqda malol .
Sog’inch cho’g’larini labida tutib ,
Meni quchog’ida kuydirar hayol.
Nechun siz emas


***
 
Kuygulari mo’l ko’ngil, 
Ko’z yoshlardan ho’l ko’ngil ,
Azob ungan so’qmog’im ,
Haq qoshiga yo’l- ko’ngil .
Tavonlarim tilikdir ,
Dilda ilinj tirikdir -
Jon potragan bo’g’zimda 
Kuylaringni tiriltir .
Dil so’ragan suygulim,
Anduh tutdi kuygulik. 
Shahid ketdi tuyg’ular, 
Muhabbat ber tuygulik. 
Oq yomg’irlar boshimda ,
Oy qoraydi qoshimda .
Bir jonimda ming yamoq- 
Ne savdo shu yoshimda 
Qismat –no’noq chechagi 
Yamar ishonch tegrasin -
Ishonchga tosh otmishlar 
Yuragimni egasi …
Ko’nmoq nima- bilmayman ,
Kulmoq nima- bilmayman .
O’zinga boshla, ko’ngil ,
Sendan qaytib kelmayman .
Befoyda dard uqmog’im ,
Bunda yig’lab o’tmog’im . 


VATAN DESAM 

Qochib ketar vaqtning ortiga ,
Vatan desam ,
Yig’laydi yurak .
Qodiriyni qabrin izlamay 
Sevmoqlikni bilmaydi yurak .
Qochib ketar moziyga dilhun 
Cho’lponlarga baytlar aytadi .
Sibirlarning tuproqlaridan 
Usmon Nosir bilan qaytadi .
Tushlarimda berolmaydi jon 
Qonlar kelib Botu og’zidan .
Vatan desam ,
 Vaqt ham tislanar - 
Stalinnning olar bo’g’zidan .
Vatan desam, 
Gullaydi yurak ,
Gullar tanning har bir suyagi .
Ko’zlarimda hilpirar mag’rur 
Fayzullo Ho’janing ko’ylagi .
Vatan desam jilmayar dunyo .
Vatan 
Dunyo oshig’ing sening .
… Hurosonni sevib o’tgandi 
O’ris bo’lsa hamki Esenin .


* * *

Dunyoda toshlar ham og’riydi ,
Tavba deb yig’laydi kesaklar. 
Tuproqdan emgan oq sutuni ,
Tuproqqa qusadi ko’saklar .
Tog’larning ko’z yoshi daryodir, 
Daraxtning muglari beadoq .
Qirlarni yig’latar ingranib 
Labidan qon sizgan qizg’aldoq. 
Qaldirg’och tilida valfajir ,
Shamollar tilida tavallo.
Hushidan ayrilib bulutlar 
Haq- do’st,
Haq -do’st ,
Haq –do’st,
Yo ,Alloh..
Shams ,qamar ko’ksida alanga ,
Eru ko’k giryondir barobar .
Shu cheksiz qayg’ular dahrida 
Sen nechuk hushnudsan ,
Birodar .


* * *

Men dunyoga keldim axtarib 
Bir ayolni -
Qayg’ular tengi…
Yo’qlatdilar uni sog’inib 
Hudo 
O’lim va …yana 
Sevgi .
Tanimasmish uni hech kimsa ,
Ko’rmaganman men ham ,
Ne deyin .
Omon qolganmikin bechora 
O’ttiz yillik yomg’irdan kiyin .
Biroz yig’loqi, 
Biroz mahzun 
Biroz injiq va achchiq tilli ,
Arshda yaxshi bilarlar uni-
Anduh urgan shoir shekilli …
Hullas ,uni izlang ,
Topinglar ,
Sizga ajib ajirlar tegar 
O’sha tentak sohib qalamga 
Ko’kdan ko’ngil kelibdi denglar. 
Nikohimga olarman uni ,
Dil ahlida shunday taomil. 
U baribir sizdan emas-ku ,
Odam emas ,Dilfuza Komil.


* * *

Jon nodirim ,
Mendan qo’rqqulik, 
Suyishingni ko’nglimga aytma .
Ket ,
Ketaqol …
Ketolsang agar 
Qayta meni dardimga qaytma .
Yuragimni ikki qo’li qon -
Yurak meni o’ldirib qo’ydi .
Ko’z ostiga oldi-yu seni 
Qosh ostiga qabringni o’ydi .
Jon nodirim ,
Mendan qo’rqqulik -
Lablarimda joning ta’mi bor .
Rost emasdir rahimdilligim ,
Bo’lolmaysan sen ham baxtiyor .
Kulgum –Ilonparidan ehson ,
 Ko’zlarimda qurbon talabi .
Atrofimda to’zg’ir tuyg’ular 
Qo’hiqofning devlari kabi .
Yo’llaringa tashladim taroq -
Q ucholmaysan endi hech meni .
…Jonim ,
Ishqdan azizmi joning ,
Endi meni chaqirmaysanmi .

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.