background
logotype

Dilnoz To‘xtayeva (1981)

Dilnoz To‘xtayeva 1981 yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Navoiy davlat konchilik instituti huzuridagi ixtisoslashgan texnika kollejini tamomlagan. “Tog‘lar sabosi” nomli ilk she’riy to‘plami chop etilgan.

VATAN

Ta’rifingni keltirmoq uchun
So‘z ummoni aro xo‘p suzdim.
Haqiqatni angladim bugun
Va ulardan misralar tizdim.

Vatan — hovlim, uyim, ostonam
Va jismimni yaratgan tuproq.
Gul labida titragan shabnam,
Vodiylarga jon bergan buloq.

Vatan, ana, huv uzun yo‘llar,
O‘z uyimday bo‘lgan ishxonam.
Bir-birini suyovchi qo‘llar,
Qanot bo‘lgan jafokash onam.

Boshimdan zar sochadi oftob
Bir gulingman mangu chamanim.
Men yozajak dildagi kitob —
Baxtim sensan — ozod Vatanim!

QALB DAFTARI

Bo‘m-bo‘sh edi, oppoq va tiniq,
Gard yuqmagan, biram pokiza.
Bir chetidan tortdilar chiziq,
So‘ng yozmoqqa ochdi sahifa.

Turfa ranglar, bo‘yoqlar tegdi,
Umr bo‘yi bo‘lar esdalik.
Qorlar yog‘di, shamollar yeldi,
Olislarda qoldi bolalik.

Eh, birodar, qolma armonda,
O‘tirgancha suraverma o‘y.
Umring ketar ana karvonda,
Dilda borin endi yozib qo‘y.

HAVAS

Havasim keladi kulsalar xandon
Qoshu ko‘zlarida o‘ynar tabassum.
Ko‘nglida yo‘q go‘yo xijillik, gumon
Olam yorishganday tuyular bir zum.

Havasim keladi kulsalar xandon,
G‘uborlar tarqalar tumanday go‘yo.
Kulsang, kular ekan tole begumon,
Kengga bepoyonu, torga tor dunyo.

Havasim keladi bu sof tuyg‘uga,
Chin qalb quvonchini sho‘xlikka yo‘ygum.
Gohida o‘zimcha boqib ko‘zguga
Yurakdan bir bora jilmayib qo‘ydim!

DILXIROJ

Navoga aylandi dildagi dardlar,
Ko‘zlarga jamlandi bari basma-bas.
Barmoqlar imosi ko‘ngilga yoqar,
Dilxiroj — egningda beqasam atlas.

O‘zbekning o‘ziday tanti, beminnat,
Yurt kezdi viqor-la, yuzda ibosi.
Avloddan avlodga o‘tar omonat,
Dilxiroj — xalqimning oltin merosi.

* * *

Qizlarga baxt bergin, yigitga omad,
Osmonida qora bulut uchmasin.
Azizlar, qilingiz bir xolis niyat,
Yomonga yaxshilar ishi tushmasin.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.