background
logotype

Dilnoza Tohirova (1982)

Dilnoza Tohirova 1982 yilda tug‘ilgan. Muqimiy nomidagi Qo‘qon Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan. Ijodkorning "Baxt kaliti" nomli she’riy kitobi chop etilgan.

SOKINLIK

Sokinlikni yaxshi ko‘raman,
Chunki sokin qolgan mahalda,
Bir sohir qush uchib keladi
Va yurakka beradi dalda.

Juda nozik, juda sezgir qush
Sal ovozga cho‘chib ketadi.
Yuragingni bera olmasang
Osmonlarga uchib ketadi.

Sokinlik – bu mening hamrohim,
Hatto kelmas ko‘zga uyqular.
Sokinlikda yashnab yaprog‘im
Va gullaydi ajib tuyg‘ular.

Bir ilohiy nurning ichida
Erib ketar qalbimdagi qor.
To‘lqinlangan dardning kuchida
Boshlanadi yangidan bahor.

SOCHI QIRQILGAN QIZGA

Oy sening sochingda tunni ko‘rardi,
Momom qirqta qilib soching o‘rardi,
Boshingda zardo‘ppi kulib turardi,
Nega soching qirqding, ey o‘zbek qizi?

Kokiling daryodek to‘lg‘anar edi,
Zavqdan qaro ko‘zlar cho‘g‘lanar edi,
Zulfing zanjiriga bog‘lanar edi,
Nega soching qirqding, ey o‘zbek qizi?

Ag‘yorlar so‘ziga quloq soldingmi,
Uzun soching ko‘tarolmay toldingmi,
Nadomatlar to‘fonida qoldingmi,
Nega soching qirqding, ey o‘zbek qizi?

To‘lqin-to‘lqin kokilingdan aylanay,
Iffat bo‘lib ko‘zlaringga joylanay,
Har tola sochingga ming bor boylanay,
Havas bilan boqsin dunyoning ko‘zi,
Sochlaringni asra, ey o‘zbek qizi!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.