background
logotype

Dilorom Ismoilova (1965)

1965 yilda tug‘ilgan. SamDUning o‘zbek-tojik filologiyasini tugatgan. “Yuragimda gul shiviri”, “Rayhon isli kunlar”, “Sog‘inib ketdim”, “Mehribonim, qaydasiz” to‘plamlar muallifi. “Shuhrat” medali sohibasi.


Yuzing oq tongmidi

Yuzing oq tongmidi, subhidam chog‘i,
Muhabbat nasimi qo‘zg‘alib yeldi?
Men sevib qoldimmi, umrim shomida,
Borib gul labingni hidlagim keldi.

Shodlanib uyg‘ondim uyqularimdan,
Ko‘zimdan bir nafas ketmadi ko‘zing.
Qalbim o‘rtaganda vasling hijroni,
Xudoyim, sabrimga ber o‘zing to‘zim.

Uzoqdan ko‘rsaydim, mayli, tovushing
Eshitib tursaydim gohi-gohida.
Dil chamani ichra o‘zing bulbuldek
Qo‘nib tursang edi jonim shoxida.

Vasling umidini uzma ko‘nglimdan,
Qalbing mehrobida iltijom yeldi.
Shu lahza turib men ibodatimdan
Borib gul labingni hidlagim keldi.


 O‘tinch
 
Yuraksimon bargni labimga bosdim,
To‘kilib boryapman yaproqdek bir-bir.
Endi og‘zimdagin til deb atamang,
U dildagi gapni aytmadi, axir!

Xudoyim, til bersa harsang toshlarga,
Undan boshlarimga yetsa zarbalar,
Zulayho Yusufni sevgandek sevgum,
Tosh dillar qalbimni talasa talar.

Shu bitta tosh zarbin ko‘tarolmagan
Kaslar oramizda yuribdi netib?
Birgina o‘tinchim, so‘nggi damda ham
Og‘zim yaproq bilan qo‘yma berkitib.


 Ko‘zingiz oftobi uyg‘otsin

Poyoni bormikan bu hijronlarning
U misli chayondek dilni chaqyapti?
Yig‘lamay deymanu eplayolmayman,
Sog‘inchlar ko‘zimga durlar taqyapti.

Atrofda ranglarning yashil jarangi,
Tovushingiz kelar sovuq simlardan.
Shu sovuq simchalik bo‘lolmadim, men,
Sizni qizg‘anyapman allakimlardan.

Hijronlar tashrifi charchatdi meni,
Men yashagim kelar tilagingizda.
Ko‘zingiz oftobi uyg‘otsin meni,
Agar uxlab qolsam yuragingizda.


 Iltijo

Kurtak yozgandan to xazon bo‘lguncha,
Umrni boshidan kechirgan bog‘lar.
Ko‘nglimdek yonguvchi ko‘ngil bormikan,
Ayting, yuragimda qolmasin dog‘lar?

Qorlar yog‘sa hamki shoxlar qoshiga,
Yo‘lakda shivirlab yurgan xazonlar,
Siz kabi ezilgan bag‘irlar bormi
Ayting, oldingizga keldim azonlab?

Garchand, atrofimda odamlar ko‘pdir,
Biroq, ba’zan o‘zni yolg‘iz sezaman.
Men ham xuddi sizga o‘xshayman bog‘lar,
Men ham bu hayotni juda sevaman.

Daraxtlar yuragi to‘kilmasin hech,
Bahorlar bezasin butun olamni.
Menga ham topib ber, aylanay, o‘zing,
Ko‘ngli menikiga o‘xshash odamni.


 Ko‘nglimga qo‘ling sol

Yuragimni sila, qo‘llaringni qo‘y,
Ko‘zlarimni artgin, qon bo‘b yig‘lagan.
Sodporalar qildi uni qaysi g‘am,
Qaysi bedil uni buncha tig‘lagan,
So‘ramaysanmi?

Hijron karvonlari yurdi ustidan,
Tomiridan oqdi armonlar mudom.
Tilib-tilib ketdi ayriliq tig‘i,
Chidadim, bardoshlar aytdi ehtirom,
Qaramaysanmi?

Yuragimni sila, bag‘ringga bosgin,
Bir umr so‘roqlar keldi olishib.
Ko‘nglimga qo‘ling sol, Dilor emasman,
Undan sen chiqmasang dilga qorishib...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.