background
logotype

Egamberdi Mustafoyev (1938)

Egamberdi Mustafoyev 1938 yilda Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutini tamomlagan. “Men she’riyat shaydosiman” she’rlar to‘plami va ko‘plab ilmiy kitoblar muallifi.  Iqtisod fanlari doktori, professor.

BAQATERAK QISMATI
 
Har tongda shabboda terak shoxlarin
Uyg‘otib, ohista kuyga solardi.
Ko‘rkiga shabboda shaydoligidan,
Terak, shoxlari-la orom olardi.

Mamnun edi bisoti tanholigidan,
Silkinib to‘rt tomon,
Turardi mag‘rur.
Shod edi.
Saboda in’om beqiyos,
Sarafroz sahnidan ko‘nglida g‘urur.
 
Har bahor nash’asin aylab tarannum,
Qushlar og‘ushida o‘tkazardi yoz.
To‘plabon kuzakda bargidan uyum,
Kelar qish, poyiga solar poyandoz.
 
Ba’zan barglari-la, shivir-shivirlab,
Quyosh yog‘dusini inkor qilardi.
Dovulga chap berib, ayozga mirlab,
Ko‘klam jalasining ko‘ksin tilardi.
 
Ammo o‘tdi yillar...
Eskirdi viqor,
Chiridi ildizi,
Barglari hazin.
Quridi tanasi,
Ketgandi ohor,
Kesildi...
Bo‘ldi u, bir uyum o‘tin.
 
Terak qismatini
O‘yla, o‘quvchim,
Bekorchi umrga zeb bermoq, nechun?
O‘tgan avlod guvoh, azaliy bichim –
Tarvaqaylar terak “baqa”ligi-chun.
 
Ba’zilar mevasiz terak singari,
Qaddi-qomatining rostligidan, sho‘x!
Biroq u bir kuni vaqtning poyida,
O‘tin bo‘lishidan xabarlari yo‘q...

* * *

Na kerak insonga til,
Ul gufti biyron bo‘lmasa.
Lutfidin nusrat yig‘ar,
El dili shodon bo‘lmasa.
 
Ne zabon? – derlar ani,
Ulfati chorni chog‘ etib,
Do‘stu yorni shod etar
Barqi suxandon bo‘lmasa.
 
Kechalar diydang qurib,
Yonsangu hijron o‘tida,
Hasratu g‘aming yiqar,
Ta’biri xandon bo‘lmasa.
 
Bir qamar hajri seni
Xastai zor etsa magar,
Vasfidin zoring yitar,
Hadisi afg‘on bo‘lmasa.
 
Hoy Egamberdi, hazin
Xonishing elga yoyilmas,
Tinglagan mardum to‘kar
Ko‘z yoshi marjon bo‘lmasa.

* * *

Malham ermas, to‘tiyo
Ko‘zga surilmasdan burun,
Diyda mulkin sahnida
Erib, suyulmasdan burun.
 
Sizgay, ul, asta-sekin
Ko‘z tubi-yu, gavhar tomon.
Sochmag‘ay mardum ziyo
Parda ochilmasdan burun.
 
Toki ravshan gavharing
Nurin ajabo aksi bor.
Ayla aksin to‘tiyo,
Ko‘zing yopilmasdan burun.
 
Neki ishga qo‘l urarsan
Asra ko‘zni, shoshma, sen!
Yechmagil, derlar etikni
Suvni ko‘rmasdan burun.
 
Jon Egamberdi, ulusga
Pandi fikrat dema, ko‘p!
Elga ma’lum Haq ishi,
Nazming bitilmasdan burun.

VATAN SARHADI
 
Tafakkur yog‘dusi sochganida nur,
Chulg‘aydi qalbimni ajib bir g‘urur.
 
Sarhadin cheki yo‘q, borliqqa monand,
Ko‘pirar to‘lqindek qirg‘oqdan baland.
 
Andoza olgandek el boqar ondan,
Qo‘zg‘atar shuurim, oshar ummondan.
 
Xayollarim qiyg‘os sochilur har yon,
Inson tafakkuri unda namoyon.
 
Shunda holatimga tafsir izlayman,
Topganimdan ani, quvonib deyman:
 
Aziz Ona zamin qadrini bilsam,
Tuprog‘in ko‘zimga to‘tiyo qilsam.
 
Dilbandlik himmatin etib dilga jo,
Xalqim xizmatini aylasam bajo.
 
Mehnatim avjidan yashnasa bog‘lar,
Sochsa nur, zulmatni yiqqan charog‘lar.

Mard askar farzandi bo‘lsam Vatanni,
Erkiga baxsh etsam jon ila tanni.
 
Shunda Vatan bog‘i gullarga to‘lur,
Inson buyukligi namoyon bo‘lur.
 
Vatanda baxtiyor insonligimni,
Sadoqat ramziga posbonligimni,
 
Dilga tuygan bo‘lib, vaqt o‘tgan sayin,
Orzum jilovini tortibon tayin,
 
Natija bobiga bitib tahayyur,
Kamolot eliga aytib ming uzr,
 
Hayqirib, jahonni larzaga solgum,
Vatan og‘ushida to abad qolgum...

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.