background
logotype

Elnazar (1986)

Elnazar (Elbek Jumanov) 1986 yilning 21 yanvarida Qashqadaryo viloyatining Qoratepa qishlog‘ida tug‘ilgan. Qarshi Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. “Qashqadaryo”, “Hurriyat” va “Mahalla” gazetalarida ishlagan.
Ayni paytda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida mehnat qilmoqda.

* * *

Boybo‘ri bolasiz, tug‘mas Kuntug‘mish,
O‘g‘il deb, go‘rlarga topinar millat.
Yo go‘rlar qisirdir, yo millat yesir,
Xizr ham karamin qiladi minnat.

Olamda tengi yo‘q suluv Oybarchin,
Dilingni xudoga yordingmi?
Ultontoz bulg‘aydi to‘shaging,
Yuzdagi dog‘laring dardingmi?    

Orsizlar yeb ketdi orimiz,
Qolgani shu qora betimdir.
Yo xudo, bu qanday shum yoziq bo‘ldi,
Alpbachcha Yodgor ham yetimdir.

Baxshilar aldaydi elatni,
Bobolar rostini aytmaydi,
Chindanam bo‘lganmi Almomish,
Bor bo‘lsa , ne uchun qaytmaydi?


ILK XIYONAT

“Men keldim!”
Hayqirar mitti chaqaloq,
Bugundan dunyoni baxtga to‘ldirgum,
Munofiq o‘ylardan bo‘lurman yiroq,
Iblisni ko‘rsating, bo‘g‘ib o‘ldirgum.

Lek, ona tuhmatni tashigan moya,
Ota aroqni der, begona ordan,
Momosi fasodga bo‘lganmi doya?
Bobolar Vatanni sotib yuborgan.

Hirsdan hijob kiygan ammayu xola,
O‘zin jafokash deb qilar diydiyo.
Alamdan chinqirar begunoh bola:
“Tegramda turmangiz, ey ahli riyo”.

Achchiq haqiqatga chidolmas ochun,
Chin so‘z eski dardni tirnab o‘tadi.
Haqparast zabonni avramoq uchun,
Ayollar bolaga ko‘krak tutadi...


***

Dedilar: Yunonda jasur Axilles,
Sher yurak va ayiq miyadan yemish.
Bugun foniylardan ketsa ham olis,
Uni elu ulus chin inson demish.

Demak, tiynatida yashagan sherlik,
Va ayiqdek dono idrok yonma-yon.
Lek, quyon go‘shtini chaynagan sho‘rlik,
Jasorat zavqini tuymas hech zamon.

Ma’rifat neligin bilmagan xalqlar,
Tovuqni xudoga qurbon ayladi,
Tafakkur ulardan ketganmi badar,
Sarkani o‘ziga sarbon sayladi.

Garchi, uchragandan ko‘rsa ham ozor,
Cho‘qqiga intilib tolmas qadamlar.
Ammo, yo‘limizda bunchalar bisyor,
Mayda fikr, mayda gap, mayda odamlar.

Nodon gul qadriga qachon yetibdi,
Nomard qilmishidan qachon uyalar?
Do‘stim, tegramizni bosib ketibdi,
Quyon yuraklaru tovuq miyalar.


SHOH QIZIGA

Xayollari shirin qizginam,
Ko‘ylagiday ko‘ngli ozoda,
Yuragingga jo bo‘lar olam,
Tuyg‘ularing o‘ynar fazoda.

Kun chiqishda xastadil yigit,
Qayg‘ulari haddan ziyoda.
Kor qilmaydi doriyu o‘git,
Qiynalmoqda sensiz dunyoda.

Olislarda chekaverib oh,
Yo‘lga chiqdi poyi piyoda.
Ul “Oq otli” sog‘intirgan chog‘,
Kirib kelar juldur qaboda.

Dushman tili qolar eshilib,
Seni nazr qildim gadoga,
Ohlaringga joning qo‘shilib,
Yetib borsin ruhing Xudoga.


SEHRSIZ ERTAK

Bor ekanu yo‘q ekan,
So‘ngsiz ertak bo‘libdi.
Xalqi och, u to‘q ekan,
Sitam ermak bo‘libdi.

Yarmi rost, yarmi yolg‘on,
Yarmi baxt, yarmi pushmon,
Botirlar o‘lgan zamon,
Nomi doston bo‘libdi.

Hasrati tundan uzun,
Qayg‘usi undan uzun,
Alami chindan uzun
Qayda darmon bo‘libdi?

Hikmat to‘la sandiqlar,
Yuragimda chandiqlar,
Suvsiz, tubsiz ariqlar,
Ko‘zdan nihon bo‘libdi.

Ishq o‘tida kuyganim,
Ming azobni tuyganim,
O‘zdan tonib suyganim,
So‘ngsiz armon bo‘libdi.

Ko‘nglimiz tushdi ayro,
Yo‘limiz tushdi ayro,
Bu qanday og‘ir savdo
Oti hijron bo‘libdi?

Koshchey o‘lmas bo‘libdi,
Ko‘ngil to‘lmas bo‘libdi,
Yoshligim yurgan yo‘llar,
Borsa kelmas bo‘libdi.

Boylik ajdahoniki,
Pari ro‘daponiki,
Talab dilraboniki,
Jonim arzon bo‘libdi.


***

Yoshlik nima?
Vahshiy olomon tuyg‘ularim toptagan kunlar.
G‘ashlik nima?
Ko‘tarib tug‘yon, kulgularim yig‘lagan tunlar.

Sevgi nima?
Shirin jilmayib, achchiq-achchiq yig‘latib ketgan.
Tuyg‘u nima?
Qolsam mung‘ayib, mendan oldin manzilga yetgan.

Xayol nima?
Uzun qanotim el-ulusdan mudom ilgari.
Visol nima?
Mahzun bayotim shod-sevinchga mudom teskari.

Ilhom nima?
Shodlik va qayg‘u yuragimni o‘ynagan chog‘lar,
Orom nima?
Kelmayin uyqu, faqat hajring qiynagan chog‘lar.


***

Qalbimdan orzular ketmish yiroqlab,
Yoshligim adashgan yo‘llar aldamchi.
Qayta ko‘rishmoq ham etmadi nasib,
Vidoda silkingan yo‘llar aldamchi.

Boshimiz bekitib, bobo quyoshdan,
Sochimiz silagan tollar aldamchi,
Baxtiyor bo‘lmadik, baxt bo‘ldi ro‘yo,
Lo‘li qizlar ochgan follar aldamchi.

Sochlarim oqarmish g‘amning qasdida,
Armonni avragan yillar aldamchi,
Ikkimiz ajratgan jarlik ustida,
Ko‘priklar yasagan qillar aldamchi.

Meni yolg‘izlatib qo‘ymadi hijron,
Ko‘zlarimdan oqqan sellar aldamchi.
Seni deb dunyodan kechganim yolg‘on,
Ohlarim yetkizgan yellar aldamchi.


PARI-QIZ

Ko‘hi Qofda qolgan parilar,
Dev ming kuyga solgan parilar,
Ertak bo‘lib bolalik chog‘im,
Xayolimda qolgan parilar.

Yillar o‘tdi — o‘ynoqi shamol,
Bugun pari sevgiga timsol,
Boshdan oyoq sirga o‘ranib,
Kirib keldi parilar misol.

Kiprigi-la ko‘ksin berkitib,
Sochi bilan bellarin yopgan.
U ko‘zingga tik qaray olmas,
Kipriklari og‘irligidan.

Asta-asta yoqa boshlaydi,
Aytar so‘zi o‘zidan shirin.
Asta-asta yuqa boshlaydi,
Xayollari so‘zidan shirin.

Bir kun kelib, qartayar jismim,
Ammo ul qiz hamon navqiron,
Axir, ko‘nglim u bilan ketgan,
U ko‘nglimni asrar beziyon.


“Alpomish” dostoniga sayr” turkumidan

QALDIRG‘OCH

Ichimda dardlarning yomoni,
Keldima tulkining zamoni?
Tuproqqa qorishib ketdi-ya,
Alpomish og‘amning kamoni.

OYBARCHIN

Dardim yorsam, toshlar dardim olmadi,
Boysun yurtda jurgiligim qolmadi.
Olislarda uvol ketgan begim-a,
Ketsangizam, sizdan ko‘nglim qolmadi.

QORAJON

Talpinganim chin diydor,
Qiyomatga qoldi-ya.
Qitmir ekan bu hayot,
Jon joyimdan oldi-ya.

Dil tubini to‘ldirdi,
Zardoblari ko‘zimning.
Boqiy falak, ne qilay,
Ko‘ngli irik do‘stimning.

Elatimdan davr qaytganday,
Men boqsam-da boqmaydi zamon.
Onam menga alla aytganda,
O‘lar edim, bo‘lib qahramon.


AXBOROT XURUJI HAQIDA MUTLAQO SIYOSIY BO‘LMAGAN SHE’R

Qancha yillar o‘tdi, qancha zamonlar,
Asrlar qa’ridan kelar bir bayot,
Odam miyasiga tashna ilonlar,
Zahhok yelkasida kechirmish hayot,

Aslida, odamxo‘r bo‘lmagan Zahhok,
Oyni etak bilan kim ham yopibdi,
Ozod fikrlardan qo‘rqqan bir gumroh,
Miyaxo‘r ilonni o‘ylab topibdi.

Kimdir samolarda qilganda parvoz,
Kimdir bo‘g‘zigacha loyga botibdi.
Kun botish tarafda devsifat shovvoz,
Olovmas, balolar purkab yotibdi.

Tomirdan kuch olar gul ila yaproq,
Nomusga chang soldi ildizkuyalar.
Toshqinu to‘fondan xiyla mudhishroq,
Sarobga aldangan sho‘rlik miyalar.  

Bir kun orimizga tushgaymiz o‘gay,
Donolar illatdan ko‘zin yumsalar.
Otasin dushmanga sotib yuborgay,
Manqurtga aylanib qolgan kimsalar.

Yarim baxt, yarim dard azaldan meros,
Ko‘ngli yarimlarga nasihat malol,
Xudodan so‘rganim bir o‘kinch, xolos,
Iymon va tafakkur topmasin zavol.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.