background
logotype

Enaxon Siddiqova (1954)

http://ziyouz.com/images/stories/enaxon_siddiqova.jpgTaniqli yozuvchi, publitsist, pedagog va shoira  Enaxon Siddiqova 1954 yilda Oltiariq tumanining Oltiariq qishlog‘ida tug‘ilgan. Adibaning “Qorako‘z turnalar”, “Sumanbar nasim” she’riy to‘plamlari chop etilgan. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.


ESHIK CHERTILADI...

Eshik chertiladi...
Hapqirar yurak.
Hayallab bo‘lsa ham keldimikan
Baxt?!
Balki olib tushgan ko‘kdan farishta
Ko‘nglimga bir yorliq, Haqdan inoyat.

Eshik chertiladi...
Balki bu xayol?!
Xazonlar tovshidir quloqqa ingan.
Balki hasratidir darbadar shamol
Rangsiz umidlari shoxlarda singan.

Eshik chertiladi...
Vaqtdir bu balki,
Bevaqt yuragimni taqillatyotgan.
Besamar yillarning armoni kabi
Ko‘ngilni zanglatib, zil bosib yotgan.

Eshik chertiladi...
Turaman behol,
Balki olma otayotir dov-daraxt.
Balki udir ishqimni qilgan uvol,
Ayro yo‘lda tashlab ketgan
Muhabbat!
Eshik chertiladi...
Uzoq kuttirmay,
Balki do‘st kelgandir o‘zi choparga.
Ko‘ngil bilan hech kimga aytmay,
Otlanamiz yorug‘ safarga.

Eshik chertiladi...
Anglatgil,  yo Rab,
Meni uyg‘otguchi  sirli lahzadir.
Kimni  rozi qildim dunyoda yashab?
Shu savol oldida yurak lag‘chadir.

Balki eshik qoqar... qiladi isyon,
Bo‘g‘zimga qadalib yig‘layotgan so‘z.
Ko‘krak qafasimda xo‘rlangan vijdon,
Balki qishdan ogoh qilmoqchidir kuz.

Eshik chertiladi...
Ochaman asta,
Qarog‘imda sizib, qotib qolar yosh.
Ostonamda turar horg‘in, xijolat –
Men kutmagan do‘stday kulib
Oltmish  yosh.

Eshik chertiladi...


VAQT

Ko‘zin uzmas hatto biror on,
Ta’qib qilmoqlikni qo‘ymaydi.
Daromadim hisoblab yurgan,
Soliq yig‘uvchiga o‘xshaydi.


AYOL KETIB BORAR...

Ayol ketib borar yonib, guvillab,
Ko‘nglida tiriklik qo‘ng‘iroqlari.
Shamollar poyida yig‘lar bosh urib,
Sochib yuboradi gul yaproqlarni.

Ketib borar ayol... ko‘ngliga ishqmas,
Tikib tiriklikning bayroqlarini.
Qulog‘i kar dunyo, hayhot eshitmas,
Selday toshgan faryod, ingroqlarini.

Ayol ketib borar... tunday yoyilgan
Baxtsizlikday qaro sochlarin g‘ami.
Ko‘ngil mehrobiga yoqib qo‘yilgan
Qirq bitta jonining qirq bitta shami.

Ketib borar ayol… yolg‘izlik aro
Sirpanchiq yo‘llari, qirovli, muzli.
Onhazratning ummatlari, xeshlari,
Hazrati erkaklar, eshityapsizmi?

Bu ketishi go‘yo ko‘chkilar kabi,
Qurbon qushday to‘zg‘ir dil rishtalari.
Muhabbatdan ketar, ko‘ngildan ketar
Xudoning yerdagi farishtalari.

Ketib borar ayol yonib, guvillab...


USMON NOSIRNING SO‘NGGI NIDOSI

Tosh turmalar,
Jallod  turmalar
Ayar mendan parcha qog‘ozni.
Bunda mudhish sukut o‘rmalar,
Chiqarmaslik kerak ovozni.

Madorim yo‘q qalam ushlashga,
Yuraklarim ketgandir ozib.
Devorlarga,
Hattoki  toshga
Ko‘zim bilan qo‘yyapman yozib.
Havo yo‘qdir nafas olmoqqa,
Eshitilmas hatto mahkum sas.
Qad ko‘tarsang boshing yormoqqa
Bunda shiftlar qilib turar qasd.

Qo‘lda kishan,
Bo‘ynimda  sirtmoq,
Ko‘rarmanmi erkingni, vatan?
Qonga to‘lgan yuragim bilan
Men qa’ringda qandoq yotaman?

Umidim bor, bir kun kelar
Erk,
Shu kun tinar zulm va faryod.
Kishanlarni parchalab, yorib,
So‘zlarimni qilarlar ozod!


* * *

Odamlarning ocharmi ko‘zin,
Bu qandoq ishq,
Qanday munojot?!
Miliard qushlar Haqqa tizilib,
Subhi sodiq qilar ibodat.

G‘aflat bosmas birorta qushni,
Birortasi yo‘ldan ozmagan.
Odamlar ham qush asli faqat,
Faqat... faqat... qanot yozmagan.


ANNA AXMATOVA

Tosh turmalar qo‘ymas hech tongni,
O‘tkazmaydi nazoratidan.
Bir ko‘z boqar sog‘inchda mungli,
Nelar o‘tar xayolotidan.

Qontalash tong...
Go‘yo azador,
Hol so‘raydi tiriklaridan.
So‘zlar qurbon qushdek yarador
O‘tolmaydi tuynuklaridan.

Bir-birining yuragin cho‘qir,
Eshitmaydi hech kimni xudo.
Qulog‘i kar,
Ko‘zlari so‘qir –
Turmalardan farqi yo‘q Dunyo.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.