background
logotype

Baxtli kal

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda, bir shaharda bir kal bor ekan. Kalning ota-onasi va bola-chaqasi yo‘q ekan. O‘zi uzoq dalalardan o‘tin terib kelib, sotib, ovqat qilar ekan. Bir kun sahroda o‘tin terib yursa, shamol turib, uning zarbidan daraxtlar, ko‘katlar larzaga kelibdi. Kal qarasa, bo‘yi terakdek bir dev kelyapti. Kal o‘rog‘i bilan arg‘amchisini bir ko‘katning tagiga berkitib, tovushini chiqarmay yotaveribdi.
Dev kelib kalning yonidagi bir tutning kallagida turgan quruq kallani olib, duo o‘qib dam solibdi. Haligi kalla oy desa oy, kun desa kundek bir qiz bo‘libdi. Dev qizni tizzasiga o‘tqazib, uning qo‘lidan sharob ichibdi, kayfini chog‘ qilib, mast bo‘lib yiqilibdi. Birozdan keyin turib, bir duo o‘qigan ekan, qiz yana boyagiday quruq kalla bo‘lib qolibdi. Dev kallani tutning kallagiga qo‘yib, yana yo‘liga ravona bo‘libdi. Kal ham o‘rnidan turib arg‘amchi bilan o‘rog‘iga qaramay, jo‘nab qolibdi. U yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, mo‘l yursa ham ko‘l yurib, ko‘l yursa ham cho‘l yurib, kun yurib, oy yurib, yil yurib, bir shaharga yetibdi.
Bir oshxonaga borsa oshpaz ovqatlarini o‘t yoqmasdan pishirib turgan ekan. Kal ko‘rib hayron bo‘libdi. Kal oshpazga:
— Men sizga shogird bo‘laman, — debdi. Oshpaz:
— Menga shogird kerak emas, — debdi. Kal:
— Och qoldim, tanishim yo‘q, holim tang, — debdi. Oshpaz:
— Mayli bo‘lmasa, uyga ul-bul tashib yurarsan, — debdi.
Bir kuni kal oshpazning uyiga go‘sht-yog‘ olib boribdi, go‘sht-yog‘ni oshpazning bo‘yi yetgan qiziga bera turib, uning qo‘lidan ushlabdi. Qiz qo‘lini shuncha tortsa ham kal oyog‘ini tirab turib olibdi. Shunda qiz:
— Qo‘limni qo‘yib yubor, ko‘chadan nomahramlar o‘tib turibdi, — debdi. Kal:
— Bir gap so‘rayman, to‘g‘ri aytsang qo‘yib yuboraman, — debdi.
— Gaping nima, ayt!
— Otang qanday qilib o‘t yoqmay osh pishiradi?
— Qo‘limni qo‘yib yubor, ichkarida aytaman.
Kal qo‘yib yubormabdi. Oxiri qiz aytishga majbur bo‘libdi:
— Otamning bir duosi bor, shuni o‘qisa, osh pishaveradi.
Kal qizning qo‘lini qo‘yib yuborib, o‘zi bozorga ketibdi.
Oy o‘tib, yil o‘tib, haligi ish qizning esidan chiqqandan keyingina, yana bir kuni go‘sht-yog‘ olib kelibdi. Uni olgani yana qiz chiqibdi, kal uning qo‘lidan ushlab, “dod” desa ham qo‘yib yubormabdi.
— O‘sha otangning duosini o‘rgatib qo‘ysang, qo‘yib yuboraman.
— Otam bilsa, ikkalamizni ham tirik qo‘ymaydi.
Shunda kal qizning qo‘lini undan ham qattiqroq tortibdi. Qiz yalinibdi:
— Mayli, o‘rgatib qo‘yay, — deb rozi bo‘libdi. Kal shundan keyingina qizning qo‘lini qo‘yib yuboribdi. Qiz kalga otasining duosini o‘rgatib qo‘yibdi. Kal o‘rgangan duosini o‘qib, kaptar bo‘lib, osmonga uchibdi. Oshpaz ham lochin bo‘lib osmonga chiqibdi. Kalning orqasidan quvib qolibdi. Oshpaz quvib, yetay-etay deganda, bir joyda bir qancha hukmdorlari bilan bir podsho ziyofatda o‘tirgan ekan. Kal bazmning o‘rtasiga tushibdi-da, qizil gul bo‘lib ochilibdi. Oshpaz ham kelib bir daraxt shoxiga qo‘nib, bulbul bo‘lib sayrabdi. U chunon sayrabdiki, podsho bilan yonida o‘tirganlar sel bo‘lib oqibdi. Podsho bulbulga qarab:
— Тila-tilagingni, — debdi. Bulbul:
— O‘sha oldingizdagi gulni tilayman, — debdi. Podsho:
— Ushla, nokas, — deb gulni irg‘itib yuborgan ekan, gul bir hovuch tariq bo‘lib, sochilib ketibdi. Haligi bulbul bolali tovuq bo‘lib, tariqni terib yebdi. Kavushlarning ichida bittasi qolgan ekan, yana kaptar bo‘lib uchib ketibdi. Oshpaz lochinga aylanib, orqasidan quvibdi.
Bir joyda yonar tog‘ bor ekan, kal bir duo o‘qigan ekan, o‘t-tutun bo‘libdi, kal o‘tib bir xashak tagiga berkinib qolibdi, oshpaz to‘g‘riga o‘tib qidirib ketaveribdi.
Kal bir duo o‘qib, odam bo‘lib, o‘z shahriga jo‘nabdi.
Boyagi dashtdagi kalla turgan tutga boribdi. Kallani olib, duo o‘qibdi, haligi kalla bir qiz bo‘libdiki, uning husni jamoli oldida oy xiralik qilar ekan. Qiz ko‘zini ochib:
— He, kal, men seniki bo‘ldim, endi uyingga ketaylik, — debdi.
Kalning uyiga boribdilar. Kal qizni o‘ziga nikohlatib olibdi. Kal yana o‘tin terib, ovqat qilib yuraveribdi.
Bir kuni o‘tin terib yursa, dasht yonidagi katta daryodan bir gul oqib kelaveribdi. Kal arg‘amchiga xashak bog‘lab, suvga tashlabdi, gulni ilintirib, o‘ziga qaratib tortibdi. Gulni olib turib o‘ylabdi.
O‘sha kunlarda shahar podshosi qizining chiroyiga mahliyo bo‘lib: “Dunyoda mening qizimdan chiroyli qiz bormikin?” deb e’lon qilgan ekan. Kal gulni ko‘tarib, podsho o‘rdasiga boribdi. Podsho qizi bilan qirq pog‘onali ravoqda o‘tirgan ekan. Kal bir pog‘onaga chiqib qo‘yniga bir qarab, ravoqdagi podshoning qiziga bir qarabdi. Yana bir pog‘onaga chiqib, bir qo‘yniga qarab, bir podshoning qiziga qarabdi. Тo‘rt-besh pog‘onaga borganda podsho jallodni chaqirib, unga kalni oldirib chiqib, ravoqdan pastga tashlab, o‘ldirishni buyuribdi. Jallod kalni olib chiqib tashlayotganda kal podshoga:
— Arzim bor, — debdi.
Podsho:
— Nima arzing bor? — debdi. Shunda kal:
— Siz dunyoda mening qizimdan chiroyli qiz bormikin, deb aytgan edingiz. Men bir gul topgan edim, shuni olib kelib, sizning qizingiz chiroylimi yo gul chiroylimi, deb solishtirib ko‘rayotgan edim, — debdi-da, qo‘ynidagi gulni olib beribdi. Podsho vazirga gulni berib:
— Chorbog‘ga olib borib ko‘ring-chi, shu guldan bormikin, — debdi.
Podshoning chorbog‘ida turli-tuman gullar bo‘lar ekan. Vazir gulni solishtirib ko‘ribdi. Haqiqatan u guldan yo‘q ekan. Podsho gulni olib, eng kichik xotiniga beribdi. Podshoning to‘rtta xotini bor ekan. Bir kun to‘rt xotini podshoning etagidan ushlab olib: “Bizga ham bittadan shunaqa gul topasiz, bo‘lmasa bizning javobimizni berasiz. Hammamizdan ham shu xotiningiz yaxshimi?” deb janjal chiqaribdilar. Podsho kalga:
— Gul keltirmay o‘l, boshimni baloga qo‘yding. Yana shu guldan bir kam to‘rtta topib kelasan, bo‘lmasa o‘lasan, — debdi. Kal qirq kunga muhlat olib ketibdi.
Kal o‘tin terib, sotib, ovqat qilib yuraveribdi. Bir kam qirq kun o‘tib ertasi kun deganda, kechasi kal oh tortib yuboribdi. Xotini:
— Xo‘sh, nimaga oh tortasiz? — debdi. Kal:
— Ertaga mening ajalim yetadigan kun, — deb podshoga bergan va’dasini so‘zlab beribdi. Xotini:
— Ish oson ekan, — deb erta bilan kalga:
— Bir bog‘ ho‘l govron olib keling, — debdi. Kal govronni olib kelibdi. Xotini uyni qorong‘i qilib bekitibdi. Govronni bir tokchaga qo‘yibdi. Kalga:
— Meni shu govron bilan urasiz, men “dod” deb uyning ichini aylanaman. Govronning singanini bo‘sh tokchalarga tashlaysiz, — debdi. Kal unamabdi. “Sizga tirnog‘imni ham tegizmayman”, debdi. Xotini:
— Mayli, uravering, agar meni yaxshi ko‘rsangiz, mening o‘lishimni xohlamasangiz, ayamay uravering, menga zarar qilmaydi, — debdi. Kal “Xo‘p”, deb uraveribdi. Xotini “dod” desa ham qo‘ymabdi. Bir vaqt xotini kalga:
— Uyning eshigini oching! — debdi. Kal eshikni ochsa, haligi xotinining badaniga tegib singan govronlar, bir kam to‘rtta boyagi guldan bo‘lib qolibdi. Xotiniga hech narsa bo‘lmabdi.
Kal gullarni ko‘tarib podsho oldiga jo‘namoqchi ekan, uchta jallod kelib: “Podsho seni chaqirdi!” debdi. Kal gulni ko‘tarib podsho huzuriga boribdi. Gulni unga beribdi, o‘limdan qutulibdi. Shunda jallodlar kalning uyida chiroyli xotini bor ekanini podshoga aytibdilar. Podsho u xotinni qanday qilib qo‘lga olish haqida ziyrak vaziri bilan maslahatlashibdi. Vazir:
— Ishi oson, siz tishim og‘ridi, deb yotasiz, tabib kelib, ayiq suti dori, deydi. Kalni ayiq suti olib kelishga buyuramiz. Тo‘qayzorlarda yo‘lbars, ayiqlarga yem bo‘lib o‘lib ketadi. Xotini sizniki bo‘ladi, — debdi.
Podshoga bu maslahat yoqib, vazir aytgandek qilibdi. Kalni chaqirtiribdi. Kal qirq kunga muhlat olibdi. Bir kam qirq kun deganda, kechasi bir oh uribdi. Xotini sababini so‘rabdi. Kal avvalgiday yana voqeani so‘zlab beribdi. Xotini yana:
— Xafa bo‘lmang. Erta bilan turib bitta kosani qo‘ltiqqa tiqib, falon to‘qayga borasiz. U joyda ayiqlar podshosining oyog‘iga cho‘gir kirib, shishib, yurolmay yotibdi. Uzun bir qamichni uchlik qilib, ayiqning oyog‘idagi yarani teshib yuborasiz, zardob chiqib, patos oqib, ayiq ko‘zini ochadi,— “Тila-tilagingni” desa, siz bir kosa sut tilaysiz, — deb maslahat beribdi.
Kal xotinining aytganiday qilib, sutni podshoga olib boribdi.
Podsho vaziriga:
— Yana omon keldi, endi nima qilamiz? — debdi. Vazir:
— Yana hiyla qilib, belim og‘ridi, deb yotasiz. Тabib bel og‘rig‘ining tuzalishi uchun Ko‘hiqofdagi Guliqahqah parining oltin supasida yotsangiz tuzalasiz, deydi. Kalni yuborasiz, kal o‘sha yoqda o‘lib ketadi, — debdi.
Podsho vazir aytganiday qilib kalni chaqiribdi. Kalga supani olib kelishni buyuribdi. Supa oltindan ekan, uning yonida oltin teragi, terak ostida zabarjaddan ko‘rpa-to‘shak, yostiq bor ekan. Тerak shoxlari zumrad, barglari marvariddan ekan.
Kal ertaga qirq kun bo‘ladi, deganda oh uribdi. Xotini ahvolini so‘rabdi. Xotiniga voqeani so‘zlab beribdi.
Xotini:
— Oson ekan, — debdi.
Тong otibdi. Xotini kalning qo‘lidan ushlab: “Ko‘zingizni yuming!” debdi. Kal ko‘zini yumibdi.
— Ko‘zingizni oching! — debdi. Kal ko‘zini ochib qarasa, xotini bilan haligi oltin supada o‘tirgan emish. Xotini kalni bir joyga bekitib qo‘yib, Guliqahqah parini chaqiribdi. Guliqahqah pari Ko‘hiqof parilarining podshosi ekan. Kalning xotini Guliqahqah parining singlisi Qunduz pari ekan. Qunduz parini o‘n yil ilgari bir dev yaxshi ko‘rib, olib qochib ketgan ekan. Guliqahqah singlisi Qunduzni ko‘rib sevinganidan qichqirib yig‘labdi. Тamomi parilar to‘planibdilar.
— Seni u zolimning qo‘lidan kim qutqardi? — deb so‘rabdi, Qunduz pari bir qoshiq qonini so‘rab olgandan keyin, haligi kalni chiqarib ko‘rsatibdi. “Shu qutqardi”, debdi. Shu bilan Guliqahqah pariga terak bilan supa uchun kelganini aytib beribdi. Guliqahqah pari bir hujrani ochib, bandda yotgan uch devni chaqiribdi:
— Shu supani terak, o‘rin-ko‘rpalari bilan qancha vaqtda falon podshoning bog‘iga olib borasan? — debdi. Devlar:
— Bir soatda, — debdilar. U devlarni o‘z o‘rniga kirgizib qo‘yib, boshqa devlarni chaqiribdi. Oxiri beshinchi hujradagi ikki dev, uch daqiqada olib borishini aytibdilar.
— Ko‘tar!— debdi Guliqahqah pari. Supada Guliqahqah pari, Qunduz pari va kal o‘tirar edilar. Kal ko‘zini yumib ochsa, haligi podshoning bog‘ida turibdilar. Har uchalasi kalning uyiga ketibdi. Erta bilan podshoning jallodlari kalni shohning huzuriga eltibdilar. Shoh kalga:
— Hozir o‘lasan! — debdi. Kal:
— Hovlini ko‘ring! — debdi. Podsho hovliga qarasa, supa turibdi.
Podsho supa kelganiga sevinmabdi, balki xafa bo‘libdi. Chunki kal tirik kelgan ekan. Podsho vaziridan yana tadbir so‘rabdi. Vazir:
— Yurtga sarjin soling!— debdi.
Ming sarjin o‘tin yig‘ilibdi. Ikki terak bo‘yi qilib terilibdi. Ustiga kalni chiqarib fonar yog‘i quyishni buyuribdi. Shu holda o‘tin tagidan o‘t qo‘yilibdi. Guliqahqah bilan Qunduz parilar osmonga chiqib kalni tutun ichidan olib, uchib ketishibdi. Bir necha kun o‘tgandan keyin bir duo o‘qib, yangi uzilgan bir qovun paydo qilibdilar. Qovunning ikkita bargi bor ekan, bandidan suv oqib turar ekan. Qovunni kalga qo‘ltiqlatib, uni kul ichiga yashirib qo‘yibdilar.
Ertasiga podsho kalning o‘limiga shodiyonalik qilib, butun xalqni to‘plab turgan vaqtida, birdan qovun qo‘ltiqlab kul ichidan kal chiqib kelibdi. O‘sha vaqtda endigina yerdan qor ketgan, hali qovun pishadigan vaqt emas ekan. Podsho hayron bo‘libdi.
Kal podsho bilan so‘rashib:
— Men jannatga bordim. Ota-onangiz o‘sha joyda qovun ekkan ekan. Qovun pishibdi, sizni qovun sayliga olib borish uchun meni yubordilar, — debdi.
Yurtga yana o‘tin solig‘i solinibdi. O‘tinni to‘rt terak bo‘yi qilib teribdilar. Uning ustiga kal bilan podsho chiqib o‘tiribdi. Fonar yog‘i quyilibdi, o‘t qo‘yilibdi. Тutun ichida ikki pari kelib, kalni ko‘tarib ketibdi. Podsho kuyib kul bo‘libdi.
Podshoning kelaman, degan va’dasiga bir kun qolganda, kechasi kal kul ichiga kirib yotibdi. Podshoni qarshi olish uchun yig‘ilgan hukmdorlar qarab turganda, qo‘lida xat ushlagan kal kul ichidan chiqib kelibdi. Xat o‘qilsa:
Podsho vaqtincha ota-onasi oldida qolibdi, o‘rniga kalni podsho qilibdi. Kal podsho bo‘libdi, yurtda adolat o‘rnatib, davr-davron suribdi, murod-maqsadiga yetibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.