background
logotype

Doro va Iskandarbek

Bir vaqtda Doro degan katta podsho o‘tgan ekan. U bir podshoning qiziga uylangan ekan. U qizga Doroning bir vaziri ham oshiq bo‘lib qolibdi. Doro podsho namoz o‘qiyotganida, vazir u ayolni yo‘q qilish payiga tushibdi-yu, bir xat yozib Doro podsho kavushining ichiga solib ketibdi. Doro podsho buni bilmay qolibdi, namoz o‘qib bo‘lgach, kavushini kiygani kelibdi. Doro qarasa, kavishining ichida bir xat yotganmish. U xat yerdan keldimi, osmondan tushdimi, bilolmabdi. Xatni o‘qib ko‘rsa, shunday so‘zlar yozilgan emish: “Ayolingizni tezda yo‘qoting, podsholikda nopok ayol turmasin!”
Xotini homilador ekan. Podsho surishtirmay bir qancha buyum-aslahalar berib, xotinini haydab yuboribdi. Xotin bir chordevorga borib o‘g‘il tug‘ibdi. O‘g‘lining otini Iskandarbek qo‘yibdi. Bir xatga bolaning nomini hamda: “Kimki shu bolani topsa, shu buyumlarni olib, bolani boqsin”, deb yozib, chaqaloqning boshiga bir qancha qimmatli buyumlar qo‘yib, otasi podsholik qiladigan mamlakatga ketibdi. Bir podachi echkilarini shu yerga olib kelib qolibdi. Uning echkilaridan biri kelib Iskandarbekni emizib ketibdi. Podachi buni bilmabdi. U bir momoning echkisi ekan. Podachi kechqurun uyga qaytganda, momo ko‘radiki, echkisining suti yo‘q. U podachidan: “Echkining suti qani?” deb so‘rabdi. Podachi: “Echkining sutini men qaydan bilay”, deganda, kampir uni koyibdi. Ertasi ham podachi echkilarni shu yerga o‘tlatgani olib kelibdi. Yana echki chaqaloqni emizibdi. Podachi buni bilmay qolibdi. Kun kech bo‘libdi. Podachi podalarni uylariga qaytarib, “oshhalolga”1 boribdi. Momo echkisini sog‘ay desa, bugun ham suti yo‘q. Bugun kechagidan ko‘ra qattiqroq urishibdi. Ertasiga podachi bilan birga o‘zi chiqib echkisini boqib kelmoqchi bo‘libdi.
Bir vaqt echki birdan chordevorga kirib ketibdi. Podachi bilan momo bunday kelib qarasa, echki bir bolani emizayotgan emish. Momo dimog‘i chog‘ bo‘lib, u bolani o‘g‘il qilib olibdi. Momoning qo‘lida bola tarbiya topib, yildan-yilga ulg‘aya boribdi.
Olti-yetti yoshlarga kiribdi. Bola hunarga ko‘p qiziqibdi, ustaxonalarga borib, duradgorlik, miltiq yasash, qilich yasash ishlarini o‘rganibdi. U bir kun qilich yasayotgan ustada bir katta qilichni ko‘rib, uni qo‘liga olishga ruxsat so‘rabdi. Usta:
— Bu bahodirlarning qilichi, uni ko‘tarish sening qo‘lingdan kelmaydi! — debdi. Bola qilichni bir ko‘rib beraman, deb qistay bergach, ustalardan biri “Qilichni bering, bolaning ko‘ngli qolmasin!” debdi. Iskandarbek qilichni qo‘liga olib bir silkib ko‘rishi bilan, qilich uch-to‘rt bo‘lak bo‘lib ketibdi. Ustalar bu bola momoning o‘g‘li ekanini bilib, qilich haqini to‘lattirib olibdilar. Momo bolani koyibdi. Shunda bu voqeadan bir vazir ham xabardor bo‘lib turgan ekan, qilichning pulini to‘lab, momodan bolani so‘rab olib ketibdi. Vazirning shu qatori bir o‘g‘li bor ekan. Iskandarbekni olib borib unga qo‘shib qo‘yibdi, ular ikkovi o‘ynab yurisha beribdi.
Shu vazir podshosining bir go‘zal qizi bo‘lib, uning qirqta kanizi bor ekan. Podshoning qizi bir yigit bilan gaplashib yurar ekan. Yigitni qiz kiyimida saqlar ekan. Bu sirni hech kim bilmas ekan. Ular bir kun daryo labiga cho‘milgani boribdilar. Shunda daryodan bir katta baliq chiqib qarab turgan ekan, u qiz baliqni nomahram, deb qocha boshlabdi. Baliq qah-qah urib kulibdi. Qiz bunga hayron bo‘lib, qayrilib baliqqa qarabdi va uning nima sababdan kulayotganini so‘rabdi. Shunda baliq tilga kirib: “Sen gaplashib yurgan begona yigit nomahram bo‘lmay, men bir baliq nomahram bo‘laymi? Gapingga kulmay bo‘ladimi”, debdi. Shunda baliqning gapiga qiz hayron bo‘lib, otasining oldiga boribdi. Qiz otasiga shunday deb talab qilibdi: “Ota, kecha men daryo labiga borgan edim, unda bir baliqni ko‘rdim. Meni ko‘rishi bilan qah-qah urib kulib yubordi. Buning nima sababdan kulganini men bilolmadim. Shuning sababi nima ekan, bilib bersangiz”. Otasi darrov vazirni chaqirib qizi aytgan masalani o‘rtaga qo‘yibdi va buni uch kun ichida bilib berishni buyuribdi. “Agar uch kun ichida bilib kelmas ekansan, kallangdan umidvor bo‘lma!” deb do‘q qilibdi.
Oradan ikki kun o‘tibdi, vazir sirni bilolmabdi. Vazir qo‘rqqanidan o‘z o‘g‘li bilan Iskandarbekni har tomonga qochirib yuboribdi. Vazirning o‘g‘li bir mamlakatga borib qolibdi. Uning hayron bo‘lib yurganini bir momo sezib: “O‘g‘lim, qayerdan kelgansan, nima uchun bunday qilib yuribsan?” deb so‘roqlabdi.
Vazirning o‘g‘li otasining kimligini va uning boshiga tushgan mushkul ishni, otasi qo‘rqib bolalarini har tomonga qochirib yuborganini aytibdi. Shunda kampir o‘ylab turib: “Bu sirni bilish oson, g‘am yema, bolam, bunga men chora topaman”, debdi. Kampir darhol vazirning o‘g‘li bilan vazirni qidirib boribdi. Vazir kampirni podsho huzuriga olib borib baliqning ne sababdan kulganini shu kampir biladi, deb podshoga uqtiribdi.
Momo bir xoli uy toptirib podsho bilan vazirni boshlab kiribdi, podshoga: “Qizingizni va uning dugonasini chaqiring”, debdi. Podsho qizi bilan dugonasini chaqirtirib kelibdi. Kampir:
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz sirni aytaman, — debdi. Podsho bir qoshiq qonidan kechibdi. Shunda kampir qizning dugonasini yechintirib ko‘rishni so‘rabdi. Yechintirib ko‘rsalar, u qizlar kiyimini kiygan yigit ekan. Podsho g‘azab bilan darhol o‘z qizining va yigitning kallasini uzibdi.
Endi gapni Iskandarbekdan eshiting: Iskandarbek tilanchilik qilib, o‘z onasining oldiga borib qolibdi. Onasi qarab bolani o‘ziga o‘xshatibdi. Keyin ko‘ngli buzilib ketibdi: “Attang, men chordevorga tashlab ketgan bolam o‘lmagan bo‘lsa, shunday tilanchi bo‘lsa ham dunyoda yurgan bo‘lar edi”, deb o‘ylabdi. Shu mahal onaning esiga bolaning nomini so‘rash tushibdi. So‘ragan ekan “Iskandarbek” degan so‘zni eshitibdi. Ona o‘z bolasi ekanligini tanib, u bilan quchoqlashib ko‘rishibdi, bolani bag‘riga olib, ancha vaqt yig‘labdi. O‘g‘lini podsho buvasiga ko‘rsatmay, bir yashirin xonada saqlab parvarish qilibdi.
Podsho buva bir kun bir tush ko‘ribdi, tushida hovlisida bir oy paydo bo‘lib, butun olamni yoritib yuborganmish. Podshoning bir qari piri bor ekan, u o‘z tushini shu piriga aytibdi. Piri shunday deb ta’bir beribdi: “Sening avlodingdan Iskandarbek degan bir bola paydo bo‘ladi. U butun yer yuziga podsho bo‘ladi”. Bir kun bu tushning ta’birini podsho o‘z qiziga aytgan ekan, qizi shodligini otasidan yashirolmabdi. “Ota, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, bir sir bor, aytaman”, debdi. Otasi “Bir qoshiq qoningdan kechdim, qizim, ayt!” debdi.
Shunda qizi: “E, ota, mening erim tuhmatga uchib, besabab bir qancha mol-anjomlar bilan qo‘yib yuborganda, men homilador edim, yo‘lda ko‘zim yoridi. Bolani nima qilishni bilmay, noiloj bir chordevorga yotqizdim, boshiga qimmatli mol-anjomlarni qo‘ydim va nomini Iskandarbek qo‘yib, bir xatga: “Bolaning nomi Iskandarbek, shu bolani kim boqsa, shu qimmatli mollar o‘shaniki bo‘ladi”, deb yozdim. Mendan keyin bolani bir echki kelib emizibdi. U echki bir momoning echkisi ekan. Momo echkisi nima sababdan kam sut berayotganini bilish uchun echkini poylabdi, ko‘rsalarki, echki podalar ichidan ajralib, bir chordevorga kirib ketibdi. Keyin ular Iskandarbekni topibdilar”, deb Iskandarbekning tarixini gapirib beribdi. Buvasi Iskandarbekni o‘qitib uni o‘z askarlariga lashkarboshi qilib qo‘yibdi.
Endigi gapni Iskandarbekning o‘z otasi — Doro podshodan so‘rang.
Doro katta podsho ekan. U kamida besh-oltita boshqa podsholarga soliq solar ekan. Doro podshoga Iskandarbekning buvasi ham qaram ekan. U ham bu yil katta soliq to‘lashi kerak ekan. Doro podsho soliq to‘lashni qistayveribdi. Iskandarbekning otasi yosh pahlavon lashkarboshiga ishonib soliq to‘lashdan bosh tortibdi. Shu orada Doro podsho vafot etibdi. Uning o‘rniga katta xotinidan bo‘lgan katta akasi o‘tiribdi. Katta akasi Iskandarbekning buvasidan o‘ch olmoqchi bo‘libdi. Chunki u Doro podsho o‘lganda fotiha o‘qishga ham kelmagan ekan. Doroning katta o‘g‘li qo‘shin to‘plab, Iskandarbekka urush e’lon qilibdi. Iskandarbek ham o‘z qo‘shinlarini to‘plab, o‘gay akasiga qarshi yurish qilibdi. Iskandarbekning buvasi o‘z nabirasining kuchini sinab ko‘rish uchun, uning o‘z akasiga qarshi borayotganini bildirmabdi. Iskandarbek qo‘shinlari shiddatli jang qilib, o‘z akasining qo‘shinlarini yengay debdi. Shunda akasining munofiq vazirlaridan biri uxlab yotganida o‘z podshosining kallasiga qilich solib, buni Iskandarbekka ma’lum qilibdi. Buvasi bundan xabardor bo‘lib, sirni Iskandarbekka aytibdi. “Bu podsho sening o‘z akang, men kuchingni va g‘ayratingni sinash niyatida sening urush ochishingga qarshi turmagan edim”, debdi. Shunda Iskandarbek akasiga qilich solgan munofiq vazirga “Podshoning yotgan joyiga meni olib bor!” debdi. Vazir olib borganda akasining joni hali chiqmagan ekan. Iskandarbekni tanigach, akasi vazirning munofiqligini, uning niyati taxtga chiqish ekanligini uqtiribdi, keyinchalik bu vazir Iskandarbekka ham shunday xiyonat qilishini aytibdi. Iskandarbekka: “Podsholik senga qoldi, podsholikda falon joyga bekitib boqiladigan bir ot bor va falon joyda saqlanib qo‘yilgan bir go‘zal qiz bor, shularni birinchi navbatda o‘z himoyangga ol!” deb vasiyat qilib, jon beribdi. Iskandarbek akasi aytganlarini qilibdi, munofiq vazirni o‘ldiribdi, butun mamlakatga o‘zini podsho deb e’lon qilibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.