background
logotype

Eralixon va uch o‘g‘ri

Xivada Eralixon degan podsho o‘tgan ekan. U kechasi eski liboslar kiyib, shahar ko‘chalarini aylanar ekan. Bir kecha uch nafar o‘g‘riga uchrabdi. U o‘g‘rilarga o‘zining ham “o‘g‘rilik qilish” maqsadida yurganini bildiribdi. O‘g‘rilarning har qaysisi o‘z san’atini bayon qilibdi. Birinchisi hayvon tilini biladigan; ikkinchisi qirq tomning tepasida yurib, qaysi birida oltin borligini biladigan; uchinchisi bir ko‘rgan kishini qirq yildan keyin ham taniydigan ekan. Bular Eralixonning hunarini so‘rabdilar. Eralixon:
— Mo‘ylovimni burab ishora qilsam, dorga osilayotgan kishi ozod bo‘ladi, — debdi.
Тo‘rtovi maslahatlashibdi. Eralixon podsho xazinasini teshish uchun maslahat beribdi.
Тo‘rtovi o‘rdaning tomiga chiqib, oltin tekshiruvchining ishorati bilan tomni teshibdilar. Shunda it hura boshlabdi. Sheriklaridan biri hayvon tilini biladigandan: “It nima deyapti?” deb so‘rabdi.
— It “to‘rtovingdan biring Eralixon”, deyapti, — debdi u.
Ular e’tibor qilmay, xazina teshib to‘rt yaxdon1 oltinni ko‘tarib, qabristonga borib eski go‘rga joylabdilar.
Ularni qo‘yib, Eralixon saroyga jo‘nabdi. Saharda podsho xazinasiga kirib, olti yaxdon oltin o‘g‘irlanganini ko‘ribdi.
Xazinachi ikki yaxdon oltinni o‘ziga olib, olti yaxdon o‘g‘irlanganini Eralixonga xabar beribdi...
Eralixon tekshirib, o‘sha kuni qabristondagi mazkur o‘g‘rilarni to‘rt yaxdon oltin bilan o‘rdaga keltirib dorga osishga hukm qilibdi. Shunda tanuvchi o‘g‘ri Eralixonga tikilib turib:
— Qani mo‘ylovingizni burab, bir ishora qiling! — deganda, Eralixon kulib uchovini bo‘shatib yuboribdi. Xazinachini esa dorga ostiribdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.