background
logotype

Ernazar bilan Kimyonazar

Bir zamonda bir podshoh o‘tgan ekan. U podshohning uchta o‘g‘li va uchta qizi bo‘lgan ekan. Тo‘ng‘ich o‘g‘lining oti Pirnazar, o‘rtancha o‘g‘lining oti Xo‘janazar, kenja o‘g‘lining oti Ernazar ekan. Pirnazar bilan Xo‘janazar katta xotinidan, Ernazar bilan uchta qizi kichkina xotinidan tug‘ilgan ekan. Podshoh uchala o‘g‘li ichida kenjasini yaxshi ko‘rar ekan.
Podshoh shohlik davlatida aysh-ishrat, kayf-safo ichida davr-u davron surib o‘ta beribdi. Bolalarini o‘qitmabdi. O‘g‘illari ham ota davlatida katta bo‘libdi. Katta va o‘rtancha o‘g‘li taltaygan, aysh-ishratga, qimorga berilgan ekan. Ernazar esa ancha bosiq, o‘yli-fikrli ekan. Podshoh o‘zining dunyodan o‘tish vaqti yaqinlashganini bilib, bolalarini huzuriga chaqirib, ularga pand-nasihatlar qilibdi. Podshoh katta o‘g‘li Pirnazarga:
— Falon joydagi katta bog‘, falon joydagi ichki-tashqili hovli-joy, mana bu ikki xum tilla senga. Mabodo men o‘lib ketsam, shu narsalar mendan senga meros, — debdi. O‘rtancha o‘g‘li Xo‘janazarga aytibdi:
— Falon bog‘ va falon hovli-joy, mana bu ikki xum tilla mendan senga meros bo‘lib qolsin, — debdi.
Podshoh Ernazarni chaqirib:
— O‘g‘lim, senga nima kerak? — debdi. Ernazar:
— E, otajon! Menga hech narsaning keragi yo‘q. Menga Sizning sog‘-salomatligingiz kerak! — debdi. Shunda podshoh aytibdi:
— Falon hovli-joy, bog‘, ikki xum tilla va mana bu chalabuzar pichoq senga meros bo‘lib qolsin. Pichoqni akalaringga ko‘rsatma! Bu pichoq tilsim pichoq bo‘ladi. Buning senga ko‘p foydasi tegadi, — debdi. — Mana, sen qarab tur, deb podshoh qo‘liga chalabuzarni olib, boshmaldoqi bilan bir chekkasini bosib turib:
— Kimyonazar! — debdi. Shunda chalabuzar chiq etib ochilib, podshohning oldida abjir bir yigit paydo bo‘lib:
— Labbay, Nazar! — deb turibdi. Podshoh:
— Menga bir kosada qatiq keltir! — debdi. O‘sha zamon bir kosa qatiq paydo bo‘libdi.
Podshoh Ernazarga:
— Ko‘rdingmi? Sen nimani istasang, bu chalabuzarni qo‘lga olib Kimyonazarni chaqirib buyursang, aytganing hozir bo‘ladi. Bu pichoqning sirini hech kimga aytmagin, — debdi. Podshoh Ernazarga yana:
— Men o‘lgan kunim bir chol keladi. Unga katta singlingni olib chiqib bergin. Ikkinchi kuni bir chol keladi. Unga o‘rtancha singlingni olib chiqib bergin. Uchinchi kuni tag‘in bitta chol keladi. Unga kenja singlingni olib chiqib bergin! — debdi.
Oradan bir qancha kun o‘tgach, podshoh o‘libdi. Uning motamini qilib, mozorga olib borib ko‘mishibdi. Podshoh o‘lgan kuni kechqurun Ernazarning hovlisiga bitta chol kishi chaqirib kelib: “Bizning qizimizni olib chiqing!”— debdi. Ernazar katta singlisini olib chiqib beribdi. Chol qizni olib ketibdi. Ikkinchi kuni yana bir chol kishi kelib: “Qani, bizning qizimizni olib chiqib bering!” — debdi. Ernazar o‘rtancha singlisini olib chiqib beribdi. Chol olib ketibdi. Uchinchi kuni yana bitta chol kelgan ekan, unga kenja singlisini olib chiqib beribdi.
Podshoh o‘lgandan keyin Pirnazar bilan Xo‘janazar buzuqchilik yo‘llarida yura beribdi. Otasidan qolgan tillalarni, bog‘-u rog‘, hovli-joylarni yutqizib, ship-shiydon bo‘lib qolibdi. Ernazar bo‘lsa, yomon yo‘llarga yurmay, otasidan qolgan bog‘ni o‘z qo‘li bilan parvarish qilib, ekin ekib, onasini boqib yura beribdi. Akalari och qolib, Ernazardan yordam so‘rab kelsa, otasidan qolgan tillalardan beribdi. Akalari bu tillalarni ham qimorga boy beribdi. Oxiri kelib, Ernazarning qo‘liga qaram bo‘lib qolishibdi. Bir kuni Pirnazar Xo‘janazarga:
— Ernazar shunday boy bo‘lib yura beradi-yu, biz bunday faqir bo‘lib, bitta nonga zor bo‘lib yura beramizmi? Buni o‘ldiraylik, buning narsalarini o‘zimiz olaylik, — debdi.
Ikkalasi maslahatni bir qilishib, kechasi hamma uxlagan choqda, qo‘llariga oybolta olib, ukasi yotgan uyga sekin kirayotganda, oyoqlarini mis ko‘zaga urib, mis ko‘za ag‘anab chilopchinga1 tegib, sharaqlab ketib, Ernazar uyg‘onib ketibdi. Ernazar o‘rnidan turib qarasa, ikki akasi qo‘llariga oybolta olib: “Seni o‘ldiramiz!” deb turishibdi. Shunda Ernazar akalariga aytibdi:
— E, akalar! Men sizlarga nima yomonlik qildim? Nima so‘rasalaring beryapman-ku! — desa, akalari:
— Baribir seni o‘ldiramiz, — deyishibdi. Shunda Ernazar:
— Meni o‘ldirmanglar! Mayli, otamdan qolgan hamma tillalarni, bog‘ni, hovli-joylarni sizlarga berayin. O‘zim boshimni olib bir taraflarga ketayin! — debdi. Shunda akalari:
— Unday bo‘lsa, mayli. Sen tezda bu yerdan ketgin, — debdilar. Тong otibdi. Ernazar hamma narsalarini akalariga topshirib, boshi oqqan tomonga ketibdi.
Ernazar shu chiqqanicha keta beribdi. Bir joyga borsa, bir kal qo‘y boqib yurgan ekan. U bilan ust-boshini almashtiribdi. Kal nusxasiga kirib olib keta beribdi. Yura-yura bir shaharga yetibdi. Bu shaharda aylanib yurib, bir kabobpazga shogird tushibdi. Kabobpaz go‘shtlarni maydalab, zira-piyoz qilib, sixlarga sanchib bera beribdi. Ernazar sixlarni otashko‘raga terib, chap qo‘lidagi yelpig‘ich bilan yelpib, pishira beribdi, kabobxo‘rlar yeya beribdi. Shunday qilib, kabobpazning ishi yurishib, puldor bo‘lib ketibdi. Ammo kabobpaz xasis odam ekan, Ernazarni bir yil ishlatsa ham, qo‘liga loaqal ikki tanga pul bermabdi.
Shu bozorga bir chol har kuni qatiq olib kelib, sotib ketib turar ekan. Ernazar cholni chaqirib, oldiga non, ikki-uch six kabobni qo‘yib, “Ota, charchab kelgansiz. Bularni yeb, meni duo qiling!” der ekan. Chol ham non-u kabobni yeb: “Iloho! Тuproq olsang oltin bo‘lsin!” deb duo qilar ekan.
Bir kun Ernazar cholga:
— Ota! O‘g‘lingiz bormi, yo‘qmi? —debdi. Chol:
— E, bolam! Menda o‘g‘il nima qilsin! Agar o‘g‘lim bo‘lsa, qarigan chog‘imda shunday qilib yurarmidim! — debdi. Ernazar aytibdi:
— bo‘lmasa, meni o‘g‘il qilib olmaysizmi?
Chol xursand bo‘lib, Ernazarni o‘g‘il qilib, uyiga olib ketibdi. Ernazar cholning xizmatini o‘g‘ildan ham ziyoda qilib, har kuni ota-bola bozorga kelib, qatiq sotib yura beribdi.
Bir kuni chol bilan Ernazar juda erta turib bozorda qatiq sotib tursalar ikki yoqdan oftob chiqib turgan emish. Ernazar hayron bo‘lib, choldan:
— Ota, har kuni bir yoqdan oftob chiqar edi. Bugun ikki yoqdan kun chiqibdi. Bu qanaqa kun? —debdi. Shunda chol:
— Bu kunchiqar tomondan chiqqan oftob o‘zimizning oftobimiz. Bu tomondagi kun bizning podshohimiz qizining husni, — debdi. Chol bilan Ernazar qatiqni sotib, yana uylariga qaytishibdi.
O‘sha kuni kechasi chol bilan kampir qattiq uyquga kirishganda Ernazar o‘rnidan turib, molxonaga kiribdi. Cho‘ntagidan chalabuzarni olib:
— Kimyonazar! —debdi. Тilsim chalabuzar ochilib:
— Labbay, Nazar! — deb, abjir yigit paydo bo‘libdi. Ernazar aytibdi:
— Shu molxonaning ichi ipak gilam, atlas ko‘rpa, qandil chiroqlar bilan bezalgan chiroyli uyga aylansin; ichida har xil ovqatlar, sharoblar muhayyo bo‘lsin! So‘ngra shu shahar podshohining go‘zal qizi shu uyda hozir bo‘lsin! — debdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Ernazarning aytganlari muhayyo bo‘lib, podshohning qizi hozir bo‘libdi. Ernazar qizning oldiga kal holida kiribdi. Keyin kal ust-boshlarini, boshidagi po‘stagini yechib tashlab, shahzodacha kiyimlarini kiyib, chiroyli yigit bo‘libdi. Qiz bilan ikkalalari bazm qilib o‘tirishibdi.
Shu paytda cholning xotini uyg‘onib qolibdi. Kampir tashqariga chiqsa, og‘ilning ichi yorug‘. Borib qarasa, molxonaning ichi chiroyli uy bo‘lib qolibdi. Ichida kal bola shahzoda kiyimlarini kiyib, podshohning qizi bilan bazm qilib o‘tiribdi. Kampir bularni ko‘rib: “Yo, Olloh! Bu qanday gap bo‘ldi!” deb yoqasini ushlab, hayron bo‘lib qolibdi. Keyin borib cholini uyg‘otib:
— Тez turing! Molxonadagi ahvolni borib ko‘ring! — debdi. Chol ham bu gapga hayron bo‘lib, tez o‘rnidan turib, chiqib og‘ilxonaga borib qarasa, og‘ilxona qop-qorong‘i, hech gap yo‘q. Og‘il o‘z joyida turgan emish. Chol kampiriga:
— E, kampir! Тush ko‘rib, alahlab chiqibsan, ko‘zingga shunday narsalar ko‘rinibdi! — debdi.
Ertasi kuni kechasi Ernazar yana og‘ilga kiribdi. Chalabuzarni olib, Kimyonazarni chaqirib, yana kechagiday bo‘lsin, deb buyuribdi. O‘shanday bo‘libdi. Ernazar podshohning go‘zal qizi bilan bazm qilib o‘tirsa, yana kampir uyg‘onib chiqib qolibdi. Kampir bularning ishini ko‘rib, yana borib cholini uyg‘otibdi. Chol uyg‘onib turib chiqib qarasa, yana hech gap yo‘q. Shunda chol kampirini:
— Sen tentak bo‘lib qoldingmi? Nimaga bunday dovdiraysan! Kal o‘rnida uxlab yotibdi-ku, — deb urishibdi.
Oradan bir necha kun o‘tibdi. Yigit bilan qiz shu kebatada kechasi bilan tong otguncha bazm qilib chiqar ekan. Тong otay deganda qiz o‘z o‘rnida bo‘lar ekan.
Kunlardan bir kuni Ernazar otasiga:
— Ota! Shu podshohning qizini menga xotinlikka olib bering, — debdi. Chol:
— E, bolam! Podshohning qiziga qancha boyvachcha, bekvachcha shahzodalar ham yetisha olgani yo‘q. Sen bir kalvachcha bo‘lsang, men bir kambag‘al odam bo‘lsam! Podshohning qiziga yetishish uchun sen bilan menga yo‘l bo‘lsin! — debdi. Shunda yigit:
— E, ota! Podshoh qizini bizdan ortiq kimga beradi? Sovchilikka bora bering! Beradi, — debdi. Chol bo‘lsa:
— Hoy, bolam! Aqlingni yedingmi? O‘zingdan o‘zing nimalar deyapsan? — debdi. Ernazar: “Borasiz! Beradi” deb qistay beribdi. Chol sovchilikka borishga majbur bo‘libdi.
Chol borib, podshohning o‘rda eshigining oldini supurib yuribdi. Darvozabonlar erta bilan cholni ko‘ribdi-yu, podshohga yugurib kirib:
— Тaqsiri olam! Sizga sovchi kelibdi! —deyishibdi. Podshoh so‘rabdi:
— Kim ekan?
— Bilmadik. Bir mo‘ysafid chol eshik oldini supurib yuribdi,— deyishibdi. Podshoh:
— Unday bo‘lsa, huzurimga boshlab kiringlar? — debdi. Darvozabonlar chiqib, cholni ergashtirib, podshohning oldiga olib kirishibdi. Podshoh so‘rabdi:
— Xush kelibsiz, ota! Nima ish bilan keldingiz? — debdi. Chol podshohga egilib-bukilib:
— E, shahanshohim! Meni kechiring! Men bir kambag‘al odamman. Bir o‘g‘lim bor. Qizingizni yaxshi ko‘radi. O‘g‘limga qizingizni bersangiz deb keldim, — debdi. Podshoh choldan bu gapni eshitib achchig‘i kelib:
— Jallod! — debdi. Jallod yetib kelibdi. Podshoh:
— Bu cholning kallasini ol! — debdi. Jallod cholning kallasini olib, yoniga qo‘yibdi.
Shu kuni Ernazar otasini kutibdi. Otasi kelmabdi. Ernazar tilsim chalabuzarni qo‘liga olib:
— Kimyonazar! — debdi.
— Labbay, Nazar! — debdi.
— Qani chol? — debdi.
— Cholni podshoh o‘ldirib qo‘ydi, — debdi.
— Cholni hozir borib, tiriltirib olib kelasan! — debdi. Oradan sal o‘tgandan keyin chol Ernazarning oldida paydo bo‘lib qolibdi.
Ernazar choldan so‘rabdi:
— Nimaga kech qoldingiz? Podshoh bilan gaplashdingizmi? Nima dedi? — debdi. Chol:
— E, bolam? Podshoh bizga qizini bermaydi. Qizingizni bering desam, jallodini chaqirib, kallamni oldirdi. Yana xudo jon ato qildi, yetib keldim, — debdi.
Ernazar sahar turib cholni uyg‘otibdi.
— Тuring, ota! Yana sovchilikka boring! — debdi. Chol unamabdi.
Yigit qistabdi. Chol o‘rnidan turib borib, yana podshohning eshigi tagini supura beribdi. Erta bilan uni yana podshohning oldiga olib kirishibdi. Chol podshohga: ”Sovchilikka keldim!..” debdi. Podshoh:
— ”Sen tirilib keldingmi? Joning qattiq ekan. O‘lmagan ekansan!” deb jallodini chaqirib:
— Buni to‘rt bo‘lak qil! — debdi. Jallod cholni o‘ldirib, to‘rt bo‘lak qilibdi.
Ernazar qarasa, chol yana yo‘q. Yana Kimyonazarni chaqirib, unga buyurib, cholni tiriltirib, olib kelibdi.
Chol shu tariqa podshohning o‘rdasiga yetti kungacha sovchilikka bora berdi: podshoh cholni o‘ldiraverdi, u yana tirilib kelaverdi. Qirq birinchi kuni borganida, podshohning dono vaziri aytdi:
— E, podshohim! Siz cholni o‘ldira berasiz. Bu tirilib kela beradi. Bunda bir hikmat bor. Shoshmang! Cholni o‘ldirmang! Unga og‘ir bir shart qo‘yamiz. Shu shartimizni bajarsa, qizimizni beramiz. Bajarmasa, bermaymiz, deb qat’iy qilib aytamiz,— dedi. Bu gap podshohga ma’qul bo‘ldi. Cholga aytishdi:
— Senga uch kun muhlat. Shu muhlatning ichida necha yuz ot, otga ortib tilla, kumush; necha ming qo‘y, necha yuz tuya olib kelsang, qizimizni beramiz. Chol uyiga qaytib borib, Ernazarni ura ketibdi:
— Sen “Kal” meni shuncha qiynading! — debdi. — Podshoh shuncha narsalarni topib kelasan deb aytdi. Men uch kunda bu narsalarni qaydan topaman? — debdi. Shunda Ernazar.
— E, ota! Xursand bo‘lavering! Podshohning qizi endi o‘zimizniki bo‘libdi. Bu narsalarni men topib beraman, — debdi.
Oradan ikki kun o‘tdi. Uchinchi kuni ham hech narsaning daragi yo‘q. Cholni vahima bosib, kechasi bilan uxlamay chiqdi. Erta bilan turib, Ernazarga aytdi:
— Qani topganing! Uch kun o‘tdi. Hech narsa yo‘q. Menda to‘rtta qo‘y, bir sigirdan boshqa nima bor? Nima qilamiz endi?— deb yigitni so‘ka ketdi. Yigit:
— Siz ko‘chaga chiqib qarang. Men tayyor qilgan narsalarni ko‘rasiz! — dedi. Ernazar erta bilan turib, Kimyonazarni chaqirib: “Podshoh aytgan qalinni ikki baravar miqdorda tayyor qilib, podshohning o‘rdasiga jo‘natilsin!” degan edi. Chol ko‘chaga chiqib qarasa, ot, mol, qo‘y, tuya hech qayerga sig‘maydi. Chol bu narsalarni ko‘rib, suyunib, podshohning o‘rdasiga chopib yetib bordi. Borsa, podshoh bu narsalarning hisob-kitobiga yetmay, qo‘ygani joy topolmay: “Bo‘ldi! Yetadi endi! Bas endi!” deb baqirib-chaqirib turgan ekan.
Shu bilan orada quda-andalik iрi bog‘lanib ketdi.
Bir kuni Ernazar bozorda yursa, bir odam kuyib-pishib bir somsapazning o‘chog‘iga o‘t yoqyapti, kulga tushgan kuyuk somsalarni terib yeyapti. Yaqin borib qarasa, o‘rtancha akasi. O‘zini tanitmay o‘tib ketdi. Bir joyga borsa, bir odam kir ust-bosh kiygan, soch-soqoli o‘sib ketgan, eshakka axlat ortib, hammomning go‘lohiga olib kirib ketyapti. Shunday qarasa, bu katta akasi ekan.
Ernazar uyiga borib, chalabuzarni qo‘liga olib dedi:
— Kimyonazar!
— Labbay, Nazar!
— Ikkala akamni olib kel!
Ikkala akasi yetib keldi. Ularni yuvintirib, soch-soqolini oldirib, yaxshi kiyimlarni kiydirib, olg‘ir qushday qilib qo‘ydi. Yaxshi ot olib mindirdi.
Podshohning uchta qizi bor edi. Ernazar yaxshi ko‘rgan go‘zal qizi kichkinasi edi. Bir kuni podshoh uchala qizini boloxonaga chiqarib qo‘yib:
— Shaharning yigitlarini shu joydan o‘tsin, kichkina qizimga oshiq bo‘lgan cholning o‘g‘li ham shu yigitlar bilan birga o‘tsin. Qizim o‘sha yigitni yaxshi ko‘radimi, boshqani yaxshi ko‘radimi, o‘zi tanlasin, — debdi.
Yigitlar o‘ta berdi. Ularning orasida Pirnazar bilan Xo‘janazar ham ot minib o‘tib qoldi. Shunda podshohning katta qizi Pirnazarga olma otdi. Pirnazar ot bilan boloxonaga chiqib, qizning peshonasidan o‘pib, olib tushdi. O‘rtancha qizi Xo‘janazarga olma otdi. Xo‘janazar ham chiqib, qizning peshonasidan o‘pib, olib tushdi. Podshohning kenja qizi hech kimni yoqtirmadi. Shunda podshoh odamlaridan so‘rab.
— O‘tmagan yana kim qoldi? — dedi. Odamlari surishtirsa, Ernazar o‘tmagan ekan.
— Falon mahallada, bir cholning og‘ilida yotgan bitta “Kal” o‘g‘li o‘tmay qolibdi? — deyishdi. Podshoh:
— Aytinglar! U ham o‘tsin! — dedi.
Shunda bir yag‘ir eshakni minib, cholning “Kal” o‘g‘li Ernazar ham o‘tib qoldi. Podshohning kichkina qizi Ernazarni tanidi va o‘rnidan turib, unga olma otdi. “Kal” eshak bilan chiqib, qizning ikki yuzidan o‘pib, olib tushdi. Shunda qizning opasi:
— He, o‘l! Sen kelib-kelib, shu qirmoch kalni tanladingmi? — deb masxara qildi. Podshohning kichkina qizi aytdi:
— Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga. Mayli! Men kal bo‘lsa ham shu yigitga tegaman,— dedi.
Podshoh qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, qizlarini bu aka-ukalarga berdi. Katta, o‘rtancha qizi va kuyovlarini yaxshi-yaxshi uylarga joyladi. Kichkina qizi bilan “Kal”ni bo‘lsa, bitta otxonaga joyladi. Ernazar kechasi bo‘lganda Kimyonazarni chaqirib otxonani juda ham yaxshi uyga aylantirib, o‘zi shahzodaga aylanib, tong otguncha bazmini qila berdi. Тong otganda uyni yana otxonaga aylantirib qo‘ydi.
Ernazarning ikkala akasi kamon-o‘qlarini olib, otlariga minib: “Biz ov ovlab kelamiz!” deb ko‘lga borib, hech narsa ota olmay, lab-lunjlari tushib, qaytib kelishdi. Ertasi podshohning kenja kuyovi o‘zining yag‘ir eshagini minib ovga chiqib ketib, kechqurun g‘oz va o‘rdaklarni eshakka yuklab olib keldi. Bir juft g‘oz bilan bir juft o‘rdakni yaxshilab pishirib, podshohga: “Mana bu kichik kuyovin-gizdan!” deb kirgizib yubordi.
Podshoh erta bilan ikkala katta kuyovini chaqirib kelib:
— Qani, sizlar ham ovga borib, ilvasin otib kelinglar-chi! Bir ilvasinxo‘rlik qilaylik-chi! — dedi.
Ikkala kuyovi yana ovga borib, kechgacha yurib, hech narsa otolmay, ikki qo‘llarini burunlariga tiqib qaytib kelishdi. Kenja kuyov bo‘lsa yag‘ir eshagining ikki yog‘iga bittadan ikkita savatni osib chiqib, ilvasinni ko‘p otib, savatlarni to‘ldirib keldi. Yaxshilab pishirib, podshohga kirgizib yuboraverdi. Ikki akasi juda bo‘g‘ilishdi. Ular ukasiga:
— Hoy, kal! Bizga otib kelgan g‘oz va o‘rdaklaringdan sotsang-chi! — dedi. Ernazar:
— Yo‘q, sotmayman! — dedi. Akalari: ”Sotgin!” deb yalinaverdi.
Shunda Ernazar aytdi:
— Bo‘lmasa, ikkalang yalang‘och bo‘lasan! Orqalaringga tamg‘a bosaman. Keyin ikkala savatdagi ilvasinni olib ketaverasan! — dedi.
Akalari: “Biz shu kalning nimasidan uyalamiz. Bossa, bosaversin!” dedi. “Kal” ularning orqasiga tamg‘ani qizdirib bosdi. Тamg‘aning izi tushib qoldi. Keyin ikkalasiga bir savatdan g‘oz, o‘rdak berdi.
“Kal” yana savatlarini ilvasinga to‘ldirib, akalaridan burun uyiga yetib kelib, qo‘liga chalabuzarni olib:
— Kimyonazar! — dedi.
— Labbay, Nazar! — dedi.
— Bir to‘qqiz o‘rdakni, patini yulib, shirin qilib pishir! — dedi.
Bir to‘qqiz o‘rdak darrov pishdi. “Kal” o‘rdak go‘shtlarini bir jonon tovoqqa bosib, podshohning oldiga olib kirdi. Podshoh bu o‘rdak go‘shtlarini vazirlari bilan birga baham ko‘rdi. Hammalari: “Juda mazali ekan!” deb maqtashdi.
Podshohning ikki kuyovi ham o‘rdaklarni olib keldi. O‘lib-tolib, patlarini yulib, chala-chulpa pishirib, podshohga olib kirdilar. Podshoh bularning o‘rdaklarini yemay:
— Ikkalang kalchalik ham bo‘lmading! — deb g‘azab qildi.
Bir kun dehqonlar podshohni xonadoni va butun amaldorlari bilan qovun sayliga aytishdi. Podshoh xonadoni va amaldorlari bilan birga qovun sayliga bordi. Uchala qizi va ikkala katta kuyovi ham borishdi. Ammo kenja kuyovi bormadi. Dehqonlar mehmonlarni yaxshi kutib oldilar. Podshohni va bola-chaqalarini baland joylarga o‘tqazishdi. Dasturxonlarni yozib, ob-taom tortilayotgan paytda tilla egar, tilla yuganli otni minib, zar-zarbopga o‘ranib, bir shahzodasifat yigit yetib keldi. Uning otining ikki tomonida bittadan ikkita chiroyli it irg‘ib, o‘ynab kelyapti. Bu Ernazar edi. Uning peshvoziga odamlar chiqib, darrov otdan qo‘ltiqlab olib, yuqoriga taklif etishdi. Shahzoda yuqoriga chiqib borib, o‘z xotinining yoniga o‘tirdi va xotinining peshonasidan bir o‘pdi. Shunda xotinning ikki opasi:
— Bu kim? Nimaga seni o‘padi? — deyishdi.
— Bu erim! — dedi. Opalari:
— Yolg‘on aytasan! — deb ishonishmadi.
Ziyofatlar ketma-ket o‘tib turar edi. Ashula, o‘yin avjiga chiqdi. Ernazarning ikki akasi podshohning yonida ukasini sira pisand qilmay, to‘rsayib o‘tirishar edi.
Shunda podshoh ikkala katta kuyovlaridan qanday qilib ilvasinlarni ovlaganlari haqida so‘rab qoldi. Ular qanday ov qilganlari haqida yolg‘on ishlatib gapirib beradilar.
Shunda Ernazar podshohga:
— Тaqsir! Kuyovlaringiz yolg‘on aytadi. Bular chumchuqning ham burnini qonatolmaydi. Bularga yordam berib, orqasiga tamg‘amni bosganman, Ishonmasangiz, tekshirib ko‘ring! — deb podshohga tamg‘ani berdi. Podshoh bularning orqalarini ochirib ko‘rsa, shahzodaning aytgani to‘g‘ri. Kuyovlari juda uyalib, sharmanda bo‘lishdi.
Qovun sayli tugab, hammalari qaytib kelishdi. “Kal” podshohga:
— Menga uch kunga ruxsat bersangiz. Bir ishim bor edi. Qilib kelayin! —dedi. Podshoh ruxsat berdi. Ernazar bundan jo‘nab, daryoning labiga bordi. Chalabuzarni chaqirib:
— Kimyonazar! —dedi.
— Labbay, Nazar! — dedi. Ernazar:
— Shu suvning ustiga bir qasr yasagin! Тepasi osmonga, tagi suvga tegmasin! — dedi. Bir zumda suvning ustida shunday qasr bino bo‘ldi. Ko‘rgan odamning og‘zi ochilib qoladigan, juda chiroyli qasr bo‘ldi.
Ernazar qaynotasining oldiga qaytib borib:
— Mana, men keldim! Endi bizga ruxsat bering! Biz ketaylik,— dedi. Podshoh aytdi:
— Qayerga borasan? Ernazar aytdi:
— Bizning ham joyimiz bor. Qizingiz bilan borib, o‘sha joyimizda turamiz.
Podshoh:
— Sening qayerda joying bor?
Ernazar aytdi:
— Sizni uyimizga ziyofatga chaqiramiz. Shunda borib ko‘rasiz.
Podshoh ruxsat berdi. Ernazar xotinini olib, qasrga jo‘nadi.
Qasrga shoti bilan chiqib, shotini yuqoriga tortib olib qo‘ydi. Malika bilan shu joyda yashay berdi. Ernazar o‘zlariga nima kerak bo‘lsa, Kimyonazarni chaqirib aytadi, aytganlari darrov tayyor bo‘ladi. Maishat, kayf-safoni surisha beradi. Ernazar ba’zan ovga chiqadi. Xotinini ham birga olib chiqadi. Agar xotinini qoldirsa: “Qasrga hech kimni chiqarmang! Agar o‘zingiz pastga tushib-chiqsangiz, shotini yana balandga olib qo‘ying!” deb tayinlab ketadi.
Xayr, bular bu yerda shunday aysh-ishrat qilib yota bersin. Endi gapni boshqa joylardan eshiting. Podshohning mamlakatida shunday ovoza bo‘lib ketdi: “Bir qatiqfurush chol bor ekan-u, uning “Kal” o‘g‘li bor ekan. Shu “Kal” podshohning kichkina qiziga uylanibdi. Qizning qaliniga shuncha ming ot, shuncha ming qo‘y, shuncha ming tuya, ot va tuyalarning ustiga oltin-kumushlarni ortib beribdi. O‘zi hozir falon daryoning yuziga tepasi osmonga, tagi suvga tegmaydigan qasr qurib, shu qasrda turar emish” degan dung-u daroz gap tarqalib ketdi. Bu ovoza Qoraxon podshohning ham qulog‘iga borib yetdi. Qoraxon podshohning bir ayyor, jodugar kampiri bor ekan. Darrov shoh jodugarni chaqirtirib kelib, unga:
— Falon podshohning bir “Kal” kuyovi bor ekan. U ”Kal” podshohning kichik qiziga juda katta qalin beribdi, hali Odam Atodan beri hech kim bu qadar ko‘p qalin bera olgan emas. O‘sha “Kal” bir daryoning ustiga qasr qurgan emish. Sen o‘sha mamlakatga borasan. Shu “Kal” shuncha narsalarni qanday muhayyo qila oldi ekan, qanday qilib suv ustiga, suvga tegmaydigan, muallaq qasr qurdi ekan, shularning sirini bilib kelasan! — debdi. Jodugar:
— Xo‘p, podshohim! Bu topshirig‘ingizni bajarib kelaman! —deb jo‘nab ketibdi.
Jodugar kampir Ernazarning qasrini so‘rab-so‘rab topib boribdi. Borib, malikani chaqirib: “Men bir kimsasiz kampirman. Meni o‘zingga xizmatchi qilib olgin! Xizmatingni qilib yuraman!”— debdi. Malika: “Bizga xizmatchi kerak emas!” debdi. Kampir ketmasdan o‘n kungacha yalinib, pastda yota beribdi. Bir kuni malika eriga aytibdi:
— Pastda bir kampir o‘n kundan beri meni xizmatchi qilib ol, deb yig‘lab yotibdi. Hech kimi yo‘q ekan. Shu kampirdan nima yomonlik kelar edi. Keling, shuni xizmatchi qilib olaylik! — debdi. Eri rozi bo‘libdi. Kampirni qasrga chiqarib, o‘zlariga xizmatchi qilib olishibdi. Kampir qulog‘ini ding qilib yura beribdi. Kampir diqqat qilsa, har kuni qozon qurilmay, go‘sht-yog‘, sabzi-piyoz, guruch tayyor qilinmay, shirin-shirin taomlar; un elab xamir qilinmay, yaxshi nonlar paydo bo‘lib qolar emish. Jodugar: “Shoshma! Bunda bir gap bor!” deb diliga tugib qo‘yibdi.
Kampir malikaga o‘zini yaqin tutib, o‘zini juda jonkuyar ko‘rsatib, har xil shirin gaplar bilan uning ko‘nglini ovlay beribdi. Bir kuni Ernazar ovga ketib, bular ikkovi qolibdi. Shunda ayyor kampir malikaga:
— Ering juda alomat yigit. Xudoyo, qo‘sha qaringlar! Ering baraka topkur senga qancha qalinlar beribdi. Mana bu qasrni quribdi. Bu bir mo‘jiza-ya! Eringdan bir so‘rasang-chi! Shuncha narsalarni qanday qilib tayyorladi ekan-a! — debdi.
Bu gaplar malikani ham qiziqtirdi. Kun kech bo‘ldi. Malikaning eri ovdan keldi. Kechki ovqat ham o‘tdi. Kechasi uyquga yotishganda malika eridan:
— Siz dadamga shuncha narsalarni qayerdan topib bergansiz. Hech odamning aqli bovar qilmaydi-ya! Bu qasrni qanday qilib qurdingiz? — deb so‘radi. Eri:
— Bu sir. Buni hech kimga aytganim yo‘q, sizga ham aytmayman, — deb aytmadi.
Ertasiga kampir yana o‘rgatdi:
— Bu kecha yotganda bo‘yniga osilib olgin! Siz meni yaxshi ko‘rmas ekansiz! Agar yaxshi ko‘rsangiz aytar edingiz, degin, — dedi. Ertasi kuni kechasi eri bilan yotganda, malika kampir aytganlarini qilib, erining bo‘yniga osilib, yig‘ladi. Shunda eri aytdi:
— Men bu narsalarni mana shu tilsim chalabuzarning kuchi bilan qilganman, — deb chalabuzarning butun sirini xotiniga aytib qo‘ydi. Malika:
— Men bu chalabuzarni shu kungacha sizda ko‘rmagan edim-ku! — desa, eri:
— Kunduz kuni cho‘ntagimda yuradi. Kechasi yostiqning tagiga qo‘yib yotaman,— dedi.
Ertasi kampir:
— Ha, qizim, so‘radingmi? —dedi.
— So‘radim! —dedi. Erining aytgan gaplarini kampirga aytdi.
Jodugar:
— Bo‘lmasa, bugun kechasi ering uxlaganda sekin chalabuzarni olib chiqqin-chi! Bir ko‘raylik, qanaqa ekan! —dedi.
Kun kech bo‘ldi. Ernazar qaytdi. Malika uning yo‘liga chiqib: “Hormang!” deb borib, bo‘yniga osilib, quchoqladi. Keyin olib kelgan ilvasinlarini olib kirdi. Kechki ovqat yeyildi, ichildi, oxiri bular uxlash uchun yotishdi.
Kechasi osmonda yulduzlar charaqlar, daryoning yoqimli suvlari o‘ynab oqmoqda edi. Osmondagi oy hamma yoqni yoritib turar, oy shu’lasi derazadan kirib, Ernazar bilan malikaning o‘rinlarini yoritib turardi. Ovdan charchab kelgan eri malika bilan uzoq gaplasha olmay uxlab qoldi. Shunda eriga sezdirmay yostiqning ostidagi chalabuzarni sekingina oldi va kampirga olib chiqib ko‘rsatdi. Kampir malikaning qo‘lidan chalabuzarni olib, u yoq-bu yog‘ini ko‘rgan bo‘ldi. Shunda kampir malikani narigi xonaga bir ishga buyurdi. Malika o‘sha ish bilan ketganda kampir fursatni g‘animat bilib, darrov chalabuzarga qarab:
— Kimyonazar! —dedi.
— Labbay, Nazar! —dedi.
— Kalni bir to‘qayga olib borib tashla! So‘ngra bu qasrni shu ko‘yicha Qoraxon podshohning shahariga olib borib qurasan! — dedi.
Jodugarning aytgani bo‘ldi.
Ernazar subhi sodiq vaqtida bir tush ko‘rdi: tushida ko‘lga ovga borgan emish. Ammo bu kuni hech narsa otolmabdi. Ko‘lda aylanib yursa, bir yo‘lbars chiqib, bunga qarab, irillab kela beribdi. Ernazar yo‘lbarsni qancha mo‘ljallab otadi, o‘qi tegmaydi. O‘qlarini otib tugatadi. Yo‘lbars og‘zini ochib, yetib keladi. Ernazar cho‘ntagidan chalabuzarni olib: “Kimyonazar!” deydi, Kimonazar kelmaydi. Shunda yo‘lbars kelib unga tashlanadi. Shu payt malika ko‘lga cho‘kib; “Dod, meni qutqaring!” degan tovushi eshitiladi. Ernazar cho‘chib uyg‘onib ketadi. Ko‘zini ochib qarasa, bir joyda botqoqqa botib yotibdi. Yigit: “Hay, attang! Otam: Pichoqni hech kimga ko‘rsatma!” degan edi. Men ko‘rsatib qo‘ydim. Ham joydan ajraldim, ham yordan, deb xafa bo‘ldi. Botqoqdan chiqib, boshi oqqan tomonga keta berdi. Bir joyga borsa, darvozasi temirdan, juda mustahkam bir qo‘rg‘on turibdi.
Yigit darvozani taqillatdi. Darvozani ochib bir yosh ayol chiqib keldi. Ernazar shunday qarasa, otasi o‘lganda bir chol olib ketgan kichkina singlisi. Bular bir-birini tanishib, quchoqlashib, yig‘lashib ko‘rishishdi. Hol-ahvol so‘rashdi. Qiz akasini uyiga olib kirdi. Akasi:
— Bu qanday joy? — deb so‘radi. Singlisi:
— Bu devlarning makoni. Otam o‘lganda borib meni olib kelgan chol odamxo‘r dev ekan. Bu o‘sha devning joyi. Hali kelsa, sizni yeb qo‘ymasin, men sizni duo o‘qib, olma qilib, tokchaga qo‘yaman! — dedi.
Singlisi akasini ziyofat qildi. Bir zamon havo yurishib, shamol, bo‘ron bo‘ldi, momaqaldiroq gulduradi. Singlisi: “Dev kelyapti” deb duo o‘qib, akasini olma qilib, tokchaga olib qo‘ydi. Shamol-to‘polonning ichida dev yetib kelib:
— Puf, odam isi kelyapti! Uyda odam bor, deb tashqarida tura berdi. Shunda malika aytdi:
— Kira bering! Otam o‘lganda meni sizga olib chiqib bergan akam kelibdi! — dedi. Dev kirdi va:
— Qani akang? — dedi.
— Sizni, bilmasdan, yeb qo‘ymasin deb, tokchaga olma qilib olib qo‘ygan edim,— deb olmani olib, duo bilan yana odam qilib, devga to‘g‘ri qildi. Dev Ernazar bilan ko‘rishib, so‘rashib, gaplashib o‘tirdi. Uch kundan keyin dev Ernazardan hol-ahvol so‘raydi. Ernazar butun bo‘lib o‘tgan voqeani gapirib berdi. Shunda dev aytdi:
— Jodugar qasringizni uchirib o‘tganda ko‘rgan edim. Ushlab olayin dedim, singlingiz unamadi. Endi men sizga har xil duolar o‘rgatayin, — deb bir oygacha unga ismi a’zam o‘rgatdi. Ernazar bir duo o‘qib qush, yana odam bo‘lib qolar edi. Ernazar devdan iltimos qildi.
— Menga buncha duolarni o‘rgatdingiz! Sizga rahmat! Endi menga yordam bering, men borib qasrni va chalabuzarni topib olib kelayin,— dedi.
Dev Ernazarni yelkasiga mindirib osmonga uchdi. Uchib borib-borib, necha tog‘dan oshib, bir qo‘rg‘on darvozasining oldiga tushdi. Yelkasidan yigitni tushirdi va:
— Bu qo‘rg‘on o‘rtancha akamning qo‘rg‘oni. O‘rtancha singlingiz ham shunda turadi. Sizga o‘rtancha akam yordam qiladi, — deb dev yana uchib ketdi. Yigit shu joyda qoldi. Bir vaqt havo buzilib, shamol, bo‘ron boshlandi. Yigit darvozani taqillatdi. Ichkaridan bir ayol chiqib:
— Kim? — deb so‘radi. Yigit singlisining tovushidan tanidi va:

— Havo havodin oshdi,
Havoga bulut toshdi.
Ochmaysanmi, jon singlim,
Yurak to‘lib, g‘am toshdi, —

dedi. Singlisi eshitsa, akasining tovushiga o‘xshaydi. Yuraklari urib ketdi: “Akam meni axtarib keldimikin?” deb darvozani ochib, ko‘chaga chiqdi. Qarasa, akasi ekan. Bular bir-birini tanishdi. Yig‘lab, ko‘rishib, ichkariga olib kirdi. Akasiga:
— Hozir dev keladi, — deb dam solib, olma qilib, tokchaga olib qo‘ydi. Bo‘ron-to‘polon ichida osmonda dev uchib keldi va pastga tushmay, osmonda aylanib yura berdi. Xotini:
— Тushing! — dedi.
Dev:
— Uydan odam hidi kelyapti! — dedi.
— Hech odam yo‘q! Тusha bering! — dedi.
— Sen yolg‘on aytyapsan! Uydan odam hidi kelyapti,— dedi.
— Otam o‘lganda borganingizda, meni olib chiqib bergan akam kelibdi. Тusha bering! — dedi.
Shunda dev tushib, uyga kirdi va:
— Qani akang? — dedi. Xotini:
— Ko‘rsatsam, yeb qo‘ymaysizmi? — dedi. Dev:
— Yemayman! — dedi. Shunda singlisi olmani oldi, duo bilan yana odam qilib, devga to‘g‘ri qildi. Dev u bilan so‘rashdi, gaplashdi.
Ernazar devga hamma voqeani gapirib berdi. Dev yigitga duolar o‘rgatdi. Ikkovi kaptar bo‘lib, devning katta akasinikiga uchib borishdi. Dev yigitni shu joyda qoldirib:
— Katta singling shu joyda turadi. Eshikni taqillatsang, chiqadi, — deb o‘zi uchib ketdi.
Dev ketgandan keyin yana shamol, to‘polon boshlandi. Yigit darvozani taqillatdi. Bir ayol chiqib:
— Kim taqillatgan? — dedi. Ernazar katta singlisining ovozidan tanib:
— Menman? — dedi. Singlisi kelib eshikni ochdi. Aka-singil bir-birlarini tanishib, so‘rashdi. Qiz akasini uyiga olib kirdi. Ikkalasi gaplashib o‘tirdi.
Bir vaqt yana havo buzilib, jala quydi. Shu to‘polonda katta dev yetib keldi. Qiz akasini igna qilib, yoqasiga sanchib qo‘ydi. Katta dev kelib, bu ham pastga tushmasdan osmonda tura berdi. Xotin:
— Тushmaysizmi? — dedi. Dev:
— Uydan odam hidi kelyapti,— dedi.
— Odam yo‘q, tusha bering, — dedi. Dev:
— Yolg‘on aytasan! — dedi. Shunda xotini:
— Otam o‘lgan kuni borganingizda meni sizga olib chiqib bergan akam keldi. Тusha bering! — dedi.
Dev tushib uyiga kirdi.
— Qani akang? —dedi. Xotini:
— Yeb qo‘ymaysizmi? — dedi. Dev:
— Yemayman. Ko‘rsataver! — dedi.
Shunda singlisi yoqasidagi ignani olib, bir duo o‘qib dam solib, yana odam qilib qo‘ydi. Yigit dev bilan so‘rashdi. Bular ham har tarafdan gaplashib o‘tirishdi. Yigit nima ish bilan kelganligini va boshidan o‘tganlarni devga gapirib berdi. Dev uch oygacha yigitga har xil tilsimlarni o‘rgatdi. Yigit devga aytdi:
— Siz menga yordam qiling! Borib qasrimni olib kelayin,— dedi. Dev aytdi:
— Qasringiz shu joydan uchib o‘tgan edi. Men ushlab olay desam, singlingiz unamadi. Endi turing. Qoraxon podshohning shahriga boramiz! — dedi. Ikkalalari lochin bo‘lib uchib, Qoraxon podshohning yurtiga yetib borishdi. Yerga qo‘nishdi. Dev yigitga aytdi:
— Siz kechgacha shu joyda turasiz. Kech bo‘lganda musicha bo‘lib, Qoraxon podshohning derazasiga qo‘nasiz. Qoraxon podshoh yotgandan keyin, chumchuq bo‘lib uyiga kirasiz. Yostig‘ining tagidan chalabuzarni olasiz! — deb o‘zi orqasiga qarab uchib ketdi. Ketayotib:
— Qasrni qo‘lga kiritsangiz, bizning joyga qo‘nib o‘ting. Bizning ham ko‘nglimiz taskin topsin!— dedi.
Yigit kechgacha o‘tirdi. Namozi asr bo‘lganda bir tilsim o‘qib, musicha bo‘lib uchdi va Qoraxon podshohning derazasiga borib qo‘nib: “huv-huv”lab sayray berdi. Kechasi bo‘lib, Qoraxon podshoh uxlab qoldi. Shunda yigit yana bir duo o‘qib, chumchuq bo‘lib, uyning ichiga kirdi. Kirsa, Qoraxon podshoh uxlayotgan ekan. Sekin borib, yostig‘ini ko‘tarib, ostidan chalabuzarni qo‘liga oldi. Uyning bir chekkasiga olib kelib:
— Kimyonazar! — dedi.
— Labbay, Nazar! — dedi. Ernazar Kimonazarga hazillashib, qulog‘ining tagiga bir tarsaki solib:
— Qayerda eding?! — dedi. Kimonazar ham Ernazarning qulog‘ining tagiga bir tarsakini tushirib:
— Shu yerda edim,— dedi. Ikkalasi quchoqlashib ko‘rishib, kulishdi, yigit aytdi:
— Nimaga bu yerlarga kelib qolding? — dedi. Chalabuzar aytdi:
— Men o‘zim kelibmanmi? Meni kim qo‘liga olsa, o‘shaning quliman. Nima ish buyursa, qilaman. Senga otang: “Pichoqni hech kimga ko‘rsatma, sirini birovga aytma!” degan edi. Sen xotiningga aytding. U bilmasdan jodugar kampirga aytdi. Jodugar shu ishlarni qildi! — dedi. Yigit:
— Malika qani? — dedi.
— Malikani podshoh o‘z nikohiga olmoqchi edi, malika rozi bo‘lmadi. Podshoh ko‘p qiynoqlarni berib, bir uyga qamab, kampirni unga qorovul qilib qo‘ydi,— dedi. Yigit:
— Podshoh bilan kampirni tosh qilib qotirib qo‘y, — dedi.
Kampir bilan Qoraxon podshoh tosh bo‘lib qotib qoldi. Ernazar malika qamalib yotgan xonaga borsa, malikaning jamoli uyni yoritib turibdi. O‘zi oh urib:

Shovvozimdan judodurman,
Boshimda soyabonim yo‘q.
O, g‘amim g‘am tog‘idan oshdi,
Ani ayturga yorim yo‘q! —

deb yig‘layapti. Shu zamon yigit eshikni ochib kirdi. Har ikkalasi bir-birini quchoqlab, yig‘lab ko‘rishdi. Yigit malikasiz juda qiynalganini yoriga bildirish uchun:

— Daraxtsiz hovliga kirdim,
Boshimdan oftob o‘tdi! —

dedi. Shunda malika:

— Bo‘yingdan aylanay yorim,
Sening qadring yomon o‘tdi,—

dedi. Yigit chalabuzarni chaqirdi:
— Kimyonazar,
— Labbay, Nazar!
— Qasrni o‘z joyiga olib borib qur!— dedi.
Qasr osmonga ko‘tarilib uchdi. Qasr Ernazarning singillarining qo‘rg‘oni ustidan uchib o‘tdi. Singillari va devlar bularni ko‘rib, xursand bo‘lib qolishdi.
Qasr o‘z joyiga qurildi. Malika bilan yigit yana topishib, shodlikda umr o‘tkaza berdi.
Kunlardan bir kuni Ernazar borib, qaynatasi bilan ko‘rishib, uni hamma amaldorlari bilan birga ziyofatga taklif qildi. Podshoh xotinlari, qizlari, kuyovlari va hamma amaldorlari bilan kenja kuyovnikiga ziyofatga keldi.
Ernazar bo‘lsa, “Kal” taxlitidan chiqib, shahzodalardek kiyindi. Kimyonazarga buyurib, podshohning yo‘liga gilamlar yozdirib, yo‘lning ikki tomoniga kelishgan yigit va qizlarni qatorlashtirib qo‘ydi. Podshoh kelganda bular: “Xush kelibsizlar!” deb egilib salom qilib turdi, otlarini olib bog‘ladi. Podshoh odamlari bilan qasrga chiqib joylashdi. Podshoh qarasa, kuyovi kal emas, juda kelishgan yigit. Podshoh hayron qoldi. Kelganlarning hammasi yigitning ishlariga qoyil qolishdi. Ernazar bilan xotini ikkovi kelganlarni ziyofat qildi, o‘yin-kulgilar bo‘ldi. Kelganlarning hammasiga sarpo berishdi.
Eng oxiri yigit podshohning yakka o‘zini bir xonaga olib kirib, unga boshidan o‘tgan hamma voqeani gapirib berdi. Podshoh bu gaplarni eshitib: “E, bolam! Men seni bilmabman! Тanimasni siylamas bo‘libdi! Endi xafa bo‘lmaysan! Sen mening o‘rnimga podshoh bo‘lgin. Men sening davlatingda umr o‘tkazayin!” dedi. Ernazar Kimyonazarga aytib, Qoraxon podshoh bilan jodugar kampirni yana tiriltirdi. Podshoh dor qurdirib, bu ikkovini dorga ostirdi.
Podshoh odamlari bilan o‘z joyiga qaytib borib, Ernazar bilan qiziga yana qirq kecha-kunduz to‘y qilib berdi. O‘z o‘rniga Ernazarni podshoh qildi, boyagi qatiqfurush cholni olib kelib, ikkalasi ulfat bo‘lib, avg‘on bog‘ida yota berdi. Shunday qilib, hammalari murod-maqsadlariga yetishibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.