background
logotype

Hasan bilan Huriliqo

Burun zamonda, Sharq mamlakatlarining birida Ahmadjon degan savdogar bor ekan. Uning Hasan degan o‘g‘li va Huriliqo degan qizi bor ekan.
Oylar, yillar o‘tibdi. Ota-onasi o‘lib, Hasan bilan Huriliqo yetim qolibdi. Hasan bir boyning eshigida xizmat qilib yuribdi. Bir qancha vaqt o‘tgach, Hasanning xizmati boyga yoqibdi. Boy o‘zining Zulayho nomli qizini unga beribdi. Zulayho Hasanning singlisi Huriliqo bilan bir hovlida tura boshlabdi. Hasan boyning xizmatini bajarib yura beribdi.
Zulayho Huriliqoni juda yomon ko‘rib qolibdi. Qanday bo‘lmasin uni ko‘z oldidan yo‘qotish payiga tushibdi. Bir kuni Hasan ishga ketganda uydagi butun asboblarni hovliga olib chiqib, ustidan yog‘ quyib o‘t yoqibdi. Hasan ishdan kelganda Zulayho yig‘lab-yig‘lab:
— Singlingiz menga o‘chakishib, men bilan urishib, hamma narsaga o‘t qo‘ydi. Mening taloq xatimni bering, men bu uyda bunday ahvolda turolmayman, — debdi. Hasanning achchig‘i kelib, Huriliqoni qamchi bilan urib, qattiq qiynabdi. Huriliqo yolvorib:
— Jon aka, meni begunoh urmang. Men bu ishlarni qilganim yo‘q. Kelinoyimning o‘zi qilgan, — debdi. Hasan Huriliqoning so‘ziga quloq solmabdi.
Oradan bir yil o‘tgach Zulayho bir o‘g‘il tug‘ibdi. Zulayho bolaga qaramabdi, uni Huriliqo parvarish qilibdi. O‘g‘il olti yoshga to‘lganda juda ham shirin bo‘libdi.
Hasan o‘g‘lini juda ham yaxshi ko‘rar ekan. Kunlardan bir kun Hasan bilan boy ovga chiqib ketishibdi. Zulayhoning fikri buzilib, kechasi Huriliqo uxlab yotgan vaqtda o‘z bolasini o‘tkir pichoq bilan so‘yib, pichoqni Huriliqoning ko‘rpasiga tiqib qo‘yibdi. Yarim kechada Hasan ovdan kelibdi. Zulayho o‘rnidan turib Hasanni quchoqlab yig‘labdi. Hasan:
— Nimaga yig‘laysan? —deb so‘rabdi. Ungacha Huriliqo ham uyg‘onib o‘rnidan turibdi. Zulayho bolasini qo‘liga olib:
— Ko‘rdingizmi, kechasi men uxlab qolgan vaqtimda Huriliqo bolamni o‘ldiribdi, — debdi. Hasan juda xafa bo‘lib, Huriliqoga:
— Nimaga o‘ldirding, bola senga nima gunoh qildi. Padaringga ming la’nat, — deb so‘kibdi.
Huriliqo:
— Akajon, nima uchun meni bekordan-bekor so‘kasiz. Men nimaga ukamni o‘ldiraman. Bunday vijdonsizlik mening qo‘limdan kelmaydi. Bu menga tuhmat, — deb yig‘labdi.
Zulayho Huriliqoning ko‘rpasini ochib, undan o‘zi qo‘ygan pichoqni olib:
— Yolg‘on bo‘lsa bu nima? Pichoqni ko‘rpangiz orasiga yashirib qo‘yibsiz-ku, — debdi.
Huriliqo ko‘ngli buzilib:
— Voy tavba-e, kishi shunday tuhmatlarga uchrar ekan. Тuhmat qilganingizdan ko‘ra, meni o‘ldirtirib yuborsangiz ming marta yaxshi bo‘lar edi, — debdi.
Hasan jahl ustida:
— Sen mening bittagina bolamni o‘ldirding, bunday singilning keragi yo‘q, — debdi, g‘azabiga chidolmay shartta singlisining ikki qo‘lini kesib, uyidan haydab chiqaribdi.
Bechora Huriliqo uydan chiqib, necha kunlar yo‘l yurib, och-nahor qiynalib, bir podshoning bog‘iga yetib kelibdi. Bog‘ yonida qovun-tarvuz pishib yotgan ekan. Huriliqo kunduzlari bog‘da yashirinib uxlarkan, kechalari esa turib polizdagi qovunlarni yeyarkan.
Bir kuni Sultonxon podsho o‘g‘illariga:
— O‘g‘illarim, qovun-tarvuzlarimizni bir narsa g‘ajib ketayotibdi. Polizni bir poylash kerak, — debdi. Shunda podshoning katta o‘g‘li qo‘liga yarog‘ olib:
— Men borib poylayman, — debdi. Yarim kechagacha poylab o‘tiribdi, hech narsa ko‘rinmabdi. Keyin uxlab qolibdi. Ertasiga o‘rnidan turib, otasi oldiga borib:
— Ota, hech narsa ko‘rmadim, — debdi. Podsho ertasi qovun polizga o‘rtancha o‘g‘lini yuboribdi. U ham kechasi uxlab qolibdi. Ertalab daladan qaytib kelib, otasiga:
— Qovun polizda men ham hech narsa ko‘rganim yo‘q, — debdi.
Podshoning kenja o‘g‘li shahzoda Anvar:
— Ota, endi meni yuboring, — deb yolvoribdi.
Otasi:
_ O‘g‘lim, akalaringning qo‘lidan hech narsa kelmadi, sening qo‘lingdan nima kelar edi, qo‘y, borma, — debdi.
Shahzoda Anvar akalariga qaraganda dono ham aqlli yigit ekan. Otasiga:
— Ota, akalarim bajara olmagan ishlarni balki men bajararman, — deb turib olibdi. Podsho Anvarning so‘zini qaytarmay:
— Mayli, bolam, borsang bora qol! — deb javob beribdi.
Anvar juda xursand bo‘lib, biroz tuz, o‘q-yoyini olib uydagilar bilan xayrlashib jo‘nab ketibdi.
Kechqurun dalaga yetib borib, kapa ichiga kirib qorovul bo‘lib o‘tiribdi. Yarim kecha bo‘lganda Anvarning uyqusi kela boshlabdi. Anvar uxlab qolishdan qo‘rqib yonidan pichoq olib, barmog‘idan biroz kesib, tuz sepibdi.
Barmog‘ining og‘riganiga chiday olmay uyqusi qochib ketibdi. Biroz vaqt o‘tgach, Huriliqo sekin kelib qovunni yeya boshlabdi. Anvar qizni ko‘rib, yugurib boribdi va uni tutib kapaga olib kelibdi. Huriliqoning chiroyi Anvarni o‘ziga tortibdi, u hayron bo‘lib Huriliqodan:
— Siz kim bo‘lasiz, bu dalalarda nima qilib yuribsiz? — deb so‘rabdi. Huriliqo o‘ksib-o‘ksib yig‘lab, boshidan o‘tgan sarguzashtini Anvarga birma-bir so‘zlab beribdi. Anvarning Huriliqoga juda rahmi kelibdi.
Тong otibdi. Anvar Huriliqo bilan otasining oldiga borib, ko‘rgan-bilgan voqeasini unga aytib beribdi. Podshoning qizga rahmi kelib, xizmatchilariga:
— Bu qizni yaxshi kiyintiringlar, bizning uyda yura bersin, — debdi. Podshoning xizmatchilari Huriliqoni ichkariga olib kirib, yuvintirib, kiyintirib parvarish qilibdilar.
Oradan bir necha vaqt o‘tgach, Anvar podsho yoniga kelib:
— E, ota, sizga aytadigan bir so‘zim bor, bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytar edim, — debdi. Podsho:
— Ayt, bolam, kechdim, — debdi. Anvar:
— Otajon, dalada poyloqchilik qilganimda Huriliqo menga yoqib qolgan edi. Shuni menga to‘y-tomosha qilib olib bersangiz, — debdi. Podsho:
— O‘g‘lim, sen uylanadigan bo‘lsang senga podsholarning chiroyli qizlaridan olib beraman. U qizning ikki qo‘li yo‘q, cho‘loq-ku, nima qilasan? —debdi. Anvar:
— Menga podsho qizi kerak emas. Cho‘loq bo‘lsa ham mayli. Shuni olib bermasangiz men dunyodan uylanmay o‘taman, — debdi. Podsho o‘g‘lini juda yaxshi ko‘rar ekan, uning bu so‘zlaridan keyin, agar aytganini qilmasam, bola jinni bo‘lib qolmasin, deb o‘ylabdi.
— Ha, mayli, bolam, olib bera qolay, — debdi. Anvar juda xursand bo‘libdi. Anvar bilan Huriliqoning to‘yi bo‘libdi. Тo‘y-tomosha bir necha kun davom etibdi.
Oradan bir-ikki yil o‘tgandan keyin podsho katta o‘g‘illarini o‘ziga qarashli boshqa shaharlarga hokim qilib yuboribdi.
Bu voqeadan bir necha kun o‘tgach podsho Anvarni chaqirib, unga uzoq bir yurtdan kelgan xatni ko‘rsatibdi. Unda:
“Men o‘lsam, o‘rnimga Sultonxon podshoning o‘g‘li Anvarni podsho qilinglar, u juda aqlli ham dono yigit” deb vasiyat qilib vafot etgan ekan. Fuqarolar maslahatlashib, Anvarni podsholikka ko‘tarmoqchi bo‘lib Sultonxondan Anvarni so‘ragan ekanlar.
Podsho o‘g‘liga:
— O‘g‘lim, podsho bo‘lib borasanmi? — debdi. Anvar:
— Borsam boray, lekin xotinim Huriliqo homilador. Agar o‘g‘il tug‘sa menga karnay-surnaylar bilan xabar bering. Agar qiz tug‘sa xat yozing, — debdi.
Otasi:
— Ma’qul, o‘g‘lim, — debdi.
Ertasi Anvar yoniga bir necha askar olib, ota-onasi va xotini bilan xayrlashib yo‘lga chiqibdi, Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, tayinlangan shaharga yetibdi. Xalqlar bilan tanishib taxtga minib, podsholik davrini sura boshlabdi.
Endi ikki og‘iz so‘zni Huriliqodan eshiting:
Huriliqo to‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soat deganda oltin kokilli bir o‘g‘il, kumush kokilli bir qiz tug‘ibdi. Podsho sevinibdi, xat ham yozibdi, karnay-surnay ham chaldirib, Anvarga xushxabar yuboribdi. Xushxabar olib boradigan navkarlar Huriliqo tug‘ilib o‘sgan shahardan o‘tar ekan. Navkarlar shu shahardan karnay-surnay chalib o‘tayotganida Huriliqoning kelinoyisi Zulayho ko‘chaga chiqib turgan ekan. Buni ko‘rib Zulayho ajablanibdi. Ularning yoniga borib:
— Qayerdan kelib, qayerga borasizlar, qanday xushxabar olib ketayotirsizlar? — deb bir navkardan so‘rabdi. Navkar:
— Sultonxon podshoning o‘g‘li Anvar boshqa shaharda podsho edi. Uning qo‘li yo‘q, cho‘loq Huriliqo degan xotini bor. Shu bir o‘g‘il, bir qiz tug‘di. Biz Anvarga xabar olib ketayotibmiz, — debdi. Zulayhoning fikri buzilib, Hasanning shaharda yo‘qligidan foydalanib navkarlar oldiga tushibdi.
— Baribir bugun Anvar turgan shaharga yetolmaysiz. Bugun mening uyimda mehmon bo‘lib qolinglar, ertaga jo‘narsiz, — debdi.
Bu gap navkarlarga yoqibdi. Otlarini tashqariga bog‘lab, Zulayhoning uyiga kirishibdi. Zulayho ularni yaxshilab mehmon qilibdi, may-sharob quyib berib, mast qilibdi. Navkarlar uxlab qolganlarida Zulayho ularning cho‘ntaklarini kavlabdi. Bir navkarning cho‘ntagidan Sultonxonning Anvarga yozgan xatini topib o‘qibdi, uni yirtib tashlab boshqa xat yozib, unda: “Xotining Huriliqo kuchuk bilan mushuk tug‘di. Nima qilamiz?” — deb yozib, xatni navkarning cho‘ntagiga solib qo‘yibdi. Ertasiga tong otgandan keyin navkarlar nonushta qilib, xatni ochib ko‘rmay yo‘lga ravona bo‘libdi. Kechqurun Anvar podshoning shahriga yetib borishibdi. Podshoga xatni berishibdi. Anvar xatni o‘qib ajablanibdi. Otasiga shunday xat yozibdi: “Ey, aziz otajonim, Huriliqo it bilan mushuk tug‘sa ham borgunimcha yaxshi kutib turinglar. Yaqinda boraman. It bilan mushuk tug‘ding, deb aslo ko‘nglini ranjitmanglar”.
Anvar xatni navkarlarga berib yuboribdi. Xatni olib navkarlar Huriliqo o‘sib ulg‘aygan shaharga yetganda, Zulayho yana ularning oldidan chiqibdi:
— Bugun tag‘in bizning uyda mehmon bo‘linglar, — deb navkarlarni uyiga olib kiribdi.
Navkarlar ziyofatdan mamnun bo‘lib, mast-alast uxlab qolishibdi. Zulayho yana navkarlar cho‘ntagini kovlabdi, birining cho‘ntagidan xatni topib olibdi, o‘qib, yirtib tashlabdi.
Anvar nomidan Sultonxon podsho nomiga shunday xat yozibdi: “Ey, qimmatli otajonim, Huriliqo menga kerak emas. Oltin kokilli o‘g‘il, kumush kokilli qiz tug‘gan bo‘lsa ham mening ko‘zimga ko‘rinmasin. Mana shu xatimni olish bilan birga Huriliqoning ikki qulog‘ini ham kesib, bolalarini xurjunga solib, yelkasiga ortib, haydab yuboring. Agar men borganimda Huriliqoni bolalari bilan uyda ko‘rsam ikkimizning oramiz buziladi, men sizday otamdan kechaman”. Zulayho xatni buklab navkarning cho‘ntagiga solib qo‘yibdi. Тong otgach navkarlar yo‘lga tushibdilar. Bir kecha-yu bir kunduz yo‘l yurib Sultonxon shohning poytaxtiga yetibdilar. O‘rdaga borib xatni podshoga topshiribdilar. Podsho xatni o‘qib juda xafa bo‘libdi. “Bu nima gap, Huriliqo oltindek o‘g‘il bilan qiz tug‘sa-yu, uning qulog‘ini kesib tashla, uydan haydab yubor, emish. Bu qanday zulm, bedodlik”, deb o‘ylabdi. Hech kimga aytmay besh-olti kun juda xafa bo‘lib, nima qilarini bilmay yuribdi.
Huriliqo juda ziyrak ekan. Podshoning bunday xafaligidan Anvarning ko‘ngil qoladigan xat yozganini sezib olibdi va podsho huzuriga kiribdi-da:
— Otajon, nima bo‘ldi sizga. Besh-olti kundan beri juda xafa ko‘rinasiz? — deb so‘rabdi. Podsho gapira olmay yig‘lab yuboribdi. Huriliqoga Anvarning xatini uzatibdi. Xatni o‘qib, Huriliqo ham yig‘lab yuboribdi.
— Otajon, o‘g‘lingizning buyrug‘i shunday bo‘lgandan keyin bajarmay ilojingiz yo‘q. Mayli, men roziman, o‘g‘lingizning aytganini qiling, — debdi. Sultonxon podsho o‘ylanib turib:
— Qizim, sening qulog‘ingni kesib tashlamayman. Lekin ikki qora ko‘z bolangni xurjunga solib beray. Sen bu shahardan ket! — debdi.
Huriliqo rozi bo‘libdi. Ikki bolani xurjunning ikki ko‘ziga solib, Huriliqoning yelkasiga qo‘yibdi. Huriliqo xayrlashib, yig‘lay-yig‘lay yo‘lga tushibdi.
Bir-ikki kun yo‘l bosibdi. Uchinchi kun bir anhordan o‘tayotganda oltin kokilli o‘g‘il xurjundan suvga tushib oqib ketibdi. Huriliqo zor-zor yig‘lab, bir buloqning yonida yotib, uxlab qolibdi. Shu payt Xizr bobo Huriliqoning oltin kokilli o‘g‘lini va akasi kesib tashlagan ikki qo‘lini olib kelib, uni uyg‘otib:
— Тur qizim, qimmatli narsalaringni ol! — debdi.
Huriliqo cho‘chib uyg‘onsa, yonida o‘g‘lini va kesib tashlangan qo‘lini ko‘tarib bir chol turgan emish. Huriliqo sevinib ketibdi, o‘rnidan turib, cholga salom beribdi.
— Vaalaykum assalom, qizim, bu o‘g‘il senikimi? — deb so‘rabdi Xizr bobo. Huriliqo:
— Meniki, otajon, — deb shoshilib javob beribdi.— Kelayotib, katta suvdan o‘tayotganda xurjundan tushib oqib ketgan edi.
— Bu qo‘l kimniki? Тaniysanmi? — debdi chol.
— Ha, otajon, mening ilgari xuddi shunday qo‘lim bor edi. Kelinoyim menga tuhmat qilganda akam qo‘limni kesib, meni uydan haydab yuborgan edi, — debdi va boshidan kechirgan sarguzashtini aytib yig‘labdi.
Xizr bobo Huriliqoning qo‘llarini tupuklab, dam solib yopishtirib qo‘yibdi. Huriliqoning qo‘llari avvalgiday soppa-sog‘ bo‘libdi. Huriliqo rahmat aytibdi. Xizr Huriliqoning bir qo‘liga yetti dona tosh, bir qo‘liga qirq bir dona tosh beribdi:
— Qizim, yana bir kun yo‘l yursang, falon yerda katta daryo bor, o‘sha daryoga yetganda yetti dona toshni tashlasang, yetti ariqqa bo‘linadi. Shu suvdan o‘tib, yana bir kun yo‘l yursang, bir cho‘l-biyobon keladi. Qirq bir toshni tashlasang yaxshi uy paydo bo‘ladi, davlatga ega bo‘lasan. Bolalaring bilan o‘sha yerda bemalol o‘ynab-kulib yashayverasan, — deb g‘oyib bo‘libdi. Huriliqo bolalarini to‘ydirib, xurjunga solib, toshlarni olib yo‘lga ravona bo‘libdi.
Bir kun yo‘l yurib, daryo labiga kelib, yetti dona toshni tashlabdi. Daryo yetti ariqqa bo‘linibdi. Suvdan sog‘-salomat o‘tibdi. Yurib-yurib bir joyga borib dam olibdi, bolalarini to‘ydirib, yana jo‘nabdi. Bir kun yo‘l bosib bir cho‘lga yetibdi.
Cho‘lga qirq bir toshni tashlagan ekan, olamda yo‘q imoratlar, bog‘lar tayyor bo‘libdi. Darrov beshta xotin yugurib chiqib:
— Biz sizni kutib o‘tirgan edik, xush keldingiz, — debdi. Huriliqoning qo‘lidan bolalarini olib, uyga olib kirishibdi, uni besh-olti qavat ko‘rpacha ustiga o‘tqizishibdi. Oldiga necha turli noz-ne’matlarni qo‘yib, mehmon qilishibdi.
Huriliqo erining uyida kiymagan eng yaxshi kiyimlarni kiyibdi. Uylar chiroyli bezatilgan emish, bir qancha xotinlar, erlar uning xizmatida tayyor turgan emishlar. Huriliqo juda hayron bo‘libdi.
Bog‘larda turli mevalar pishib, tagiga tushib yotgan emish. Huriliqo bu shirin-sharbat, noz-ne’mat ichida yashay bersin, endi ikki og‘iz so‘zni Anvardan eshiting:
Anvar podsholik qilib turgan shahrida vazir-vuzarolarini chaqirib:
— Men o‘z shahrimga borib, o‘n besh kunda qaytib kelaman, — debdi va ular bilan xo‘shlashib, o‘z shahriga jo‘nabdi. Bir necha kun yo‘l bosib, o‘z shahriga kelib uyiga kirsa, Huriliqo yo‘q, ota-onasi xafa bo‘lib, g‘am-g‘ussa chekib o‘tirgan emish. Anvar darrov otasidan:
— Huriliqo qani? — deb so‘rabdi.
Podsho:
— Iye, tag‘in so‘raysan-a, o‘g‘lim, o‘zing xatingda: “Huriliqo menga kerak emas, Huriliqoning qulog‘ini kesib, tug‘gan bolalarini xurjunga solib, uydan haydab yuboring, agar men borganimda Huriliqoni bolalari bilan uyda ko‘rsam, ikkimizning oramiz buziladi. Men sizday otamdan kechaman”, deb yozibsan-ku. Men noiloj Huriliqoning bolalarini xurjunga solib, yelkasiga qo‘yib chiqarib yubordim. Qay tomonga ketganini bilmayman, — debdi.
Anvar:
— E, ota, o‘zingiz xatingizda Huriliqo bir kuchuk, bir mushuk tug‘di, degansiz. Men: “Nima tug‘gan bo‘lsa ham borgunimcha yaxshi kutib turinglar”, deb xat yozgan edim, — debdi. Otasi bu gapdan hayron bo‘lib, oraga dushman tushganini bilibdi.
Anvar ham voqeaga tushungach:
— Menga podsholik kerak emas, hamma narsadan kechdim. Huriliqoni topsam, bas, — deb uydan chiqib ketibdi. Cho‘l-biyobonlarni kezib yuribdi. Huriliqo yurgan yo‘ldan ketaveribdi.
Anvar cho‘llarda bora bersin, ikki og‘iz so‘zni Huriliqoning akasi Hasandan eshiting. Hasan xotini Zulayhoning tuhmatchi ekanini tushunib qolibdi. Qarindosh-urug‘i bo‘lmaganidan juda qayg‘uribdi. Singlisi uchun g‘am-g‘ussa chekibdi. Ko‘nglini ochish uchun shaharda ko‘chama-ko‘cha yurib tomosha qilibdi. Lekin ko‘ngli hech ochilmabdi. Uxlasa, tushiga hamma vaqt Huriliqo kirar ekan. Huriliqo dunyoda bormikin, yo‘qmikin, deb o‘ylab xafa bo‘lar ekan. Bir kuni xotini bilan urishib qolib:
— Bor, kerak emassan, seningdek kasofatning dastidan singlimdan ham ajraldim, — debdi-da, uydan achchiqlanib chiqib ketibdi. Singlisi Huriliqoni izlab, cho‘lma-cho‘l yurib Anvarga yo‘liqib qolibdi. Anvar:
— Ha, aka, siz ham menga o‘xshab bu cho‘l-biyobonda nima qilib yuribsiz? — debdi. Hasan:
— Oh, inim, mening bir singlim yo‘qolgan edi. Shuni qidirib yuribman. Siz nima qilib yuribsiz? —debdi. Anvar:
— Mening xotinim yo‘qoldi. Shu xotinimni qidirib yuribman, — debdi. Hasan:
— Xotiningizning ismi nima? —deb so‘rabdi. Anvar:
— Huriliqo, — debdi.
— Mening singlimning ismi ham Huriliqo edi. Biroq ikki qo‘li yo‘q edi, — debdi Hasan. Anvar ko‘ziga yosh olib:
— Mening xotinimning ham ikki qo‘li yo‘q edi, bechora ko‘p azoblarni tortgan ekan. Mening rahmim kelib unga uylangan edim, — debdi-da, Huriliqoning boshidan o‘tgan sarguzashtini Hasanga so‘zlab beribdi. Hasan o‘zini tutolmay yig‘lab yuboribdi. Anvar Hasanning yig‘laganiga hayron bo‘lib:
— Nega yig‘layapsiz? —debdi. Hasan peshonasiga bir urib:
— Ana shu Huriliqo mening singlim bo‘ladi. Xotinimning singlimga qilgan tuhmatini tushunmay, uning ikki qo‘lini kesib, haydab yuborgan edim, — deb yana ho‘ngrab yig‘labdi.
Anvar:
— Qo‘ying, aka, yig‘lamang, ikkovimiz bir kishi ekanmiz. Baxtimiz bo‘lsa, Huriliqoni topib olarmiz, — debdi.
Ikkisi boshqatdan quchoqlashib ko‘rishibdi, bir-birini hurmat qilib, yo‘lga ravona bo‘lishibdi. Necha kun yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Huriliqoning turgan joyiga kelishibdi.
Huriliqo o‘sha vaqtda derazadan qarab turgan ekan. Uzoqdan akasi bilan erini ko‘rib, tanib qolibdi. U darrov ikki bolasini chaqirib:
— O‘g‘lim, sen borib “dada” deb o‘ng tomondagi kishining qo‘lini ushla, qizim, sen chopib borib, “tog‘a” deb chap tomondagi kishining qo‘lini ushlab, ikkingiz ularni uyga olib kiringlar, — debdi.
O‘g‘li bilan qizi uydan chopib chiqishib, kelayotgan kishilarga qarab yugurishibdi. O‘g‘il bola Anvarni “dada” deb, qiz bola Hasanni “tog‘a” deb quchoqlab olibdi. Ularni bolalar uyga sudrabdi. Anvar bilan Hasan hayron bo‘lib, bir-birlariga qarab bolalarni qo‘lga olib uyga kiribdilar. Huriliqo ular bilan birma-bir ko‘rishibdi. Lekin ular hayron bo‘lib, “Yuzidan Huriliqoga o‘xshaydi, lekin qo‘li borligidan Huriliqo emas-ku”, deb o‘ylarmishlar.
Huriliqo turib eshikka chiqib ketibdi. Hasan Anvarga:
— Xuddi mening singlim Huriliqoga o‘xshaydi, lekin qo‘li bor, — debdi. Anvar ham xuddi shunday so‘zni aytib, ajablanibdi.
Huriliqo akasi bilan eri oldiga turli taomlar keltirib, ularni ziyofat qilibdi.
Hasan:
— Mening senga o‘xshagan bir singlim bor edi. Uni yo‘qotgan edim. Men o‘sha singlimni izlab yuribman. Shu tomonlarga kelgan bo‘lsa sen ko‘rgandirsan. Ammo uning ikki qo‘li yo‘q edi, — debdi.
Huriliqo:
— Bu yerlarga siz aytgan odam kelmadi, ko‘rganim yo‘q, — debdi.
Hasan bilan Anvar ovqatlarini yeb-ichib jo‘namoqchi bo‘lishibdi.
Huriliqo:
— Shu joyda yotib qolinglar. Boradigan joyingizga ertaga borarsizlar, — debdi. Anvar:
— Mayli, buguncha shu joyda yotsak yotaylik, — debdi. Ular qolishibdi. Huriliqo Hasan bilan Anvarni bog‘ga olib kirib, tomosha qildiribdi. Kechqurun yana ziyofat berib, atlas-shoyi ko‘rpalar, ko‘rpachalar solib yotqizibdi. Akasi bilan eri yotib uxlabdi. Huriliqo kechasi o‘rnidan turib toza dur-marvaridlar va bir gavhar ko‘zli boldoqni akasining cho‘ntagiga solib qo‘yibdi. Тong otibdi. Hasan bilan Anvar o‘rinlaridan turib, turli mevalar bilan nonushta qilib, xayrlashib yo‘lga ravona bo‘libdilar. Ular ketgandan keyin biroz vaqt o‘tgach, Huriliqo ikki xizmatkorini chaqirib:
— Haligi ketgan odamlarni qaytarib olib kelinglar! — debdi.
Xizmatkorlar Hasan bilan Anvarning orqasidan yetib borib:
— Sizlarni Huriliqo chaqiryapti, — debdilar. Hasan bilan Anvar hayron bo‘lib qaytib kelishibdi. Huriliqo achchiqlangan bo‘lib ularga:
— Sizlar qanday uyatsiz odamlarsiz? Men sizni hurmat qilib ziyofat qilsam-u, sizlar mening oltin boldog‘im bilan marvaridlarimni o‘g‘irlab olib ketibsizlar. Bu qanday gap? — debdi.
Hasan bilan Anvar:
— Biz olgan emasmiz, — deb qasam ichibdilar.
Huriliqo:
— Sizning “olmadim” deganlaringizga ishonmayman, cho‘ntaklaringizni qarayman, — debdi. Ular rozi bo‘lishibdi. Huriliqo avval Anvarning cho‘ntagini qarabdi. Hech narsa topolmabdi, keyin akasi Hasanning cho‘ntagini qarabdi. Cho‘ntakdan marvarid bilan boldoqni olib:
— Bu nima, nimaga olmadim deb, qasam ichdingiz? — deb so‘rabdi.
Hasan:
— Azbaroyi xudo, men olganim yo‘q. Ammo biror kishi dushmanlik qilib solib qo‘ygan bo‘lsa kerak, — deb yig‘lab yuboribdi.
Hasanning yig‘laganiga chiday olmay Huriliqo ham yig‘lab yuboribdi:
— Hasan aka! Men sizning singlingiz Huriliqoman. Ko‘rdingizmi, siz shu marvarid bilan boldog‘imni o‘zingiz olganingiz yo‘q, albatta. Men o‘zim jo‘rttaga cho‘ntagingizga solib qo‘ydim. Shunga o‘xshash, Zulayho kelinoyim o‘z bolasini o‘zi o‘ldirib, ko‘rpam tagiga pichoqni yashirib qo‘yib, menga tuhmat qilgan edi. Siz o‘shanda menga zulm qilib, zor-zor yig‘latib, qo‘llarimni kesib, uydan haydab chiqargan edingiz, — debdi.
Hasan o‘zini tutolmay yig‘lab:
— Jigarim, singlim Huriliqo senmisan, — debdi. Huriliqo akasi bilan boshqatdan ko‘rishib:
— Menman, mana bu podsho mening qallig‘im. Mana shu ikki bola shu kishining farzandi, — debdi. Hasan bilan Anvar juda xursand bo‘libdi. Har uchovi topishganiga xursand bo‘lib bir necha kun birga yashabdi. Huriliqoning xizmatkorlari uydagi hamma buyumlarni bir qancha tuyalarga yuklab, Sultonxon podsho shahriga jo‘nashibdi.
Yo‘l yurib, yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, shaharga yetib kelibdilar. Huriliqo qaynata va qaynanasi bilan ko‘rishib, boshidan o‘tgan voqealarni birma-bir so‘zlab beribdi.
Podsho xursand bo‘lib, boshqatdan qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib beribdi.
Hasan xotini Zulayhodan kechib, singlisi bilan bir shaharda turishga ahd qilibdi. Anvar xotin bola-chaqasi va Hasan bilan o‘zining podsho bo‘lib turgan shahriga boribdi. U yerda Hasanni o‘ziga vazir qilib olibdi.
Anvar navkarlarni chaqirib, Zulayho tuhmat qilib yozgan xatni toptiribdi. Shum ishlari uchun Zulayhoni o‘lim jazosiga hukm etibdi.
Anvar — podsho, Hasan — vazir, Huriliqo esa podshoning dono xotini bo‘lib umr kechirib, murod-maqsadlariga yetibdilar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.