background
logotype

Ibn Sino va jinni

Bir podshoning Alovuddin degan yaqin qarindoshi bor ekan. Alovuddin asab kasalligiga yo‘liqib, jinni bo‘lib qolibdi. Xayolida go‘yo u ho‘kiz bo‘lib qolgan ekan. Kecha-kunduz u ho‘kizdek mo‘rar va:
— Men ho‘kizman, men ho‘kiz, — deb bo‘kirar ekan.
Uni qancha tabiblar boqib, udda qilisha olmabdi. Kasali kundan kun zo‘rayib ketaveribdi. Oxiri shu darajaga yetibdiki, u hech narsa yemay, ichmay:
— Men ho‘kizman, qassobni chaqiringlar, meni so‘ysin, — deb mo‘rar ekan. Bir necha kun o‘tib, o‘lar holatga yetibdi. Qarindosh-urug‘lari nima qilishni bilolmay dovdirab qolishibdi.
Oxiri ular podsho huzuriga borishibdi va Alovuddinni Ibn Sinoga ko‘rsatishni iltimos qilishibdi. Podsho Abu Alini chaqirtiribdi.
Abu Ali kelib Alovuddinning qarindosh-urug‘laridan uning qachon kasal bo‘lganligi, kasallikning qanday kechishi haqida batafsil so‘rab olibdi. So‘ng ishning nimadaligini tushunibdi-da:
— Bemorga qassob keldi deb aytinglar, — debdi, — hozir kelib seni so‘yadi, denglar.
Ertasiga Abu Ali katta bir pichoq va qayroq tosh olib kasal tepasiga kelibdi. Ibn Sinoni pichoq bilan ko‘rgan jinni xursand bo‘lib ketibdi:
— O, qassob, men ho‘kizman, meni darrov so‘ygin-da, mehmonlarga qovurma qilib ber, — debdi.
— Ha, men ham xuddi shunga keldim, hozir so‘yaman, — debdi Abu Ali toshga pichog‘ini qayrab.
— Buni bog‘ga olib chiqinglar, — debdi xizmatkorlarga, — arqon bilan bir jom ham olib chiqing.
Shunday qilishibdi.
Bog‘da Abu Ali arqon bilan kasalning oyoq-qo‘lini bog‘latibdi. Тomog‘i tagiga jomni qo‘yibdi va bo‘g‘ziga pichoqni qadab, o‘zi bir qo‘li bilan uning sonlarini silab turib birdan:
— Eѕ bo‘lmas ekan, — debdi, — Sen juda ozg‘in ekansan-ku! Mana qara, quruq suyak bo‘lib qolibsanѕ Sendan hech nima go‘sht chiqmaydi, chiqqanini ham yeb bo‘lmaydi. Mehmonlar bunday qovurmani yeyishmaydi. Men seni so‘ymayman, yaxshisi borib semizroq mol topib so‘yaqolay, yechinglar buni! — debdi.
Bu so‘zlarni eshitgan telba hiqillab yig‘lay boshlabdi.
— Meni so‘ying, so‘yaqoling, — deb yalinibdi Abu Aliga.
— Sen semizroq bo‘lganingda so‘yardim, — debdi Abu Ali. — Quruq suyak mol kimga kerak? Bu ahvolda go‘shting kimga kerak. Agar sen biroz semirsang, shundagina men kelib so‘yishim mumkin, shundagina seni so‘yib go‘shtingni hammaga tarqataman.
— Xo‘p, xo‘p, — debdi kasal, — men semiraman.
— Sen o‘zing semirolmaysan, — debdi Abu Ali. — Men o‘zim seni boqib semirtiraman. Keyin so‘yaman. Buning uchun men nima bersam hammasini yeyishing va ichishing kerak bo‘ladi.
— Xo‘p-xo‘p, — debdi yana kasal.
Ibn Sino unga foydali ovqatlar buyuribdi. Ovqat bilan kerakli dori-darmonlar ham, davo o‘tlar ham beribdi.
Shunday qilib, Ibn Sino aytgan ovqatlarni yegan sayin kasalning asabi ham, sog‘ligi ham joyiga tushib, butunlay tuzalib ketibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.