background
logotype

Ikki o‘rtoq

Bir mergan yo‘ldan o‘tib borayotgan ekan. Merganning qo‘lida g‘ozi bor ekan. Yo‘lda qorni ochib kelayotgan ikki o‘rtoq:
— Shu merganning g‘ozini yeb bo‘lmasmikan? —debdi. Ikkisi maslahatlashib, merganni chaqirishibdi. Mergan kelibdi. Mergandan g‘ozini so‘rashibdi. Mergan:
— Yaxshi, ola qoling, birga yeysiz, — deb g‘ozni beribdi.
Ikki o‘rtoq g‘ozni qozonga solib pishirishibdi. Keyin:
— Endi uxlaymiz, kim yaxshi tush ko‘rsa, g‘ozni o‘sha yeydi, — deyishibdi. Mergan ham rozi bo‘libdi.
Uchovi uxlashga yotibdi. Ikki o‘rtoq uxlab qolibdi. Mergan uxlamay yotgan ekan. Pishgan g‘ozni yeb qo‘yibdi. Ikki o‘rtoq uyqudan uyg‘onishibdi. O‘rtoqlarning biri ikkinchisidan:
— Sen nima tush ko‘rding? — deb so‘rabdi.
Ikkinchisi:
— Men osmonda uchib ketayotgan emishman, sen-chi? — debdi.
— Men dengizda suzib ketayotgan emishman, — debdi.
So‘ng ular mergandan so‘rashibdi:
— Sen nima tush ko‘rding?
Mergan aytibdi:
— Men biringizning osmonda uchib ketayotganingizni, ikkinchingizning esa, dengizda suzib ketayotganingizni ko‘rdim. Ikki o‘rtada g‘oz qolib ketmasin deb, yeb qo‘ya qoldim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.