background
logotype

Karimboy bilan xizmatkor

Qadim zamonda, O‘zgan tomonda, Karimboy degan badavlat kishi o‘tgan ekan. Kunlardan bir kun, Karimboy o‘z xizmatkoriga:
— Shu ho‘kiz qo‘shga yaramay qoldi, bozorga olib borib sotib kel, — debdi.
Xizmatkor ho‘kizni yetaklab bozorga borayotganda bir daraxtdagi sassiqpopushak “pop-pop” debdi.
— Ha, uka, ho‘kiz olasanmi? — debdi xizmatkor. Popushak o‘zicha bir nimalar deb yana popullabdi. Xizmatkor:
— Ikki yuz tangami, pulini qachon berasan, ertagami? — debdi-da, ho‘kizni daraxtga boylab, egasining oldiga qaytib kelibdi. Karimboy xizmatkordan: “Ho‘kizning puli qani?” deb so‘rabdi.
— Ho‘kizni nasiyaga sotdim, pulini ertaga olib kelaman, — debdi.
— Kimga sotding? — debdi boy.
— Bir mallapo‘shga sotdim, — debdi.
Xizmatkor erta bilan turib haligi daraxt yoniga kelib qarasa, ho‘kiz ham yo‘q, mallapo‘sh ham yo‘q, daraxt ustida yolg‘iz bir ko‘kqarg‘a o‘tiribdi. Xizmatkor borib: ”Ho‘kizning puli qani?” — debdi. Qarg‘a “qag‘-qag‘“, debdi.
— Ho‘, sen ho‘kizning pulini bermaysanmi? Kecha kelganimda egningda malla to‘n bor edi. Bugun egningga po‘stin, boshingga telpak kiygansan, ho‘kizning pulini bermaysanmi? — deb qo‘lini ko‘targan ekan, qarg‘a qo‘rqib, qag‘illab uchib ketibdi.
Xizmatkor etagini belbog‘iga qistirib, qarg‘aning orqasidan quvib ketibdi. Qarg‘a uchib borib bir jardagi uyasiga kirib ketibdi. Xizmatkor: “Ho‘kizning pulini ber!” deb uyasiga qo‘lini tiqibdi. Qarg‘a uyasidan chiqmabdi. Xizmatkor pichog‘ini olib bir chekkadan uyani kavlay boshlabdi, pichoq bir narsaga tegib jaranglab ketibdi. Qarasa, bir xum tilla, shunda u “Ho‘kizning pulini undirdim”, deb bir xalta keltirib, tillani olib ketibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.