background
logotype

Kuygan chol

O‘tgan zamonda bir chol bilan kampir yashagan ekan. Ularning bitta eshaklari bor ekan. Bu eshakni sug‘orish, ovqatlantirish sansalor bo‘lib, doimo ular bir-birlari bilan urishar ekanlar. Bir kuni chol zerikib kampirga:
— Hadeb mojaro qilib urishgandan ko‘ra, senga aytadigan bir gapim bor. Uch kunga muhlat qo‘yamiz. Kimki uch kunga qadar gapirsa, eshagimizni sug‘orish, ovqatlantirish o‘shaning bo‘yniga tushadi, —debdi.
Bu gap kampirga ma’qul tushibdi. Ular ikki kun bir-birlari bilan gaplashmay qo‘yishibdi. Uchinchi kuni kampir zerikib qo‘shnisinikiga chiqib ketsa, uylariga o‘g‘ri kirib hamma yoqni ship-shiydam qilib ketibdi, shunda ham chol indamabdi. Kampir kelib ko‘rsa ahvol shunday, u qo‘shnisinikiga chiqib, unga butun bo‘lgan voqealarni aytibdi.
Qo‘shnisining rahmi kelib, qizidan bir kosa issiq sho‘rva chiqarib berishni so‘rabdi.
Qiz bir kosa sho‘rvani ko‘tarib chiqsa, voqea haligidek emish. Qiz cholga:
— Ha, tog‘a, nimaga bunday qilib o‘tiribsiz? — desa, chol boshini ko‘rsatib, “To namatgacha olib ketishdi”, deb ishora qilibdi, qiz sho‘rvani boshimga to‘k deyapti, deb o‘ylabdi-da, issiq sho‘rvani boshiga quyib, boshini kuydirib qo‘yibdi. Buni eshitib kampir chiqibdi:
— Ha, nimaga bundaqa qilib o‘tiribsiz? — deganda, chol:
— Ana, yutqizding, kampir, endi eshak sug‘orish, ovqatlantirish o‘zingning bo‘yningga tushdi, — debdi. Shunday qilib, ular bor-yo‘g‘idan ajralishib qolgan ekanlar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.