background
logotype

Momir bilan Somir

Bir necha yuz asrlar ilgari Тurkman mamlakatida bir shoh bo‘lgan ekan. Shohning ikki o‘g‘li bo‘lib, birining oti Momir, ikkinchisining oti Somir ekan. Shoh har ikki o‘g‘lini ham benihoya yaxshi ko‘rar va cheksiz muhabbat bilan tarbiyalar ekan. Nomdor qahramonlar har ikkisiga ham pahlavonlik mashqlarini: kamon bilan o‘q otish, shamshirbozlik qilish, gurzi bilan dushmanni urish va boshqa xil mashqlarni o‘rgatar ekanlar. Shohning o‘zi ham dunyoda o‘tgan eng zabardast pahlavonlar bilan teng kuchga ega bo‘lib, ko‘p-ko‘p devlarni qirgan ekan. Ko‘hiqof tog‘ining nariyog‘ida omon qolgan bir qism devlar, o‘z avlodlari uchun shohdan o‘ch olish yo‘llarini izlar ekanlar.
Kunlardan bir kuni devlar shohning ikki o‘g‘li borligidan xabardor bo‘lib, ularning kelajakda otasi kabi pahlavon bo‘lishlariga ko‘zlari yetib, shoh o‘g‘illarini yoshligida o‘g‘irlab o‘z makonlarida bir necha yil tarbiya qilgandan keyin ularni o‘z otalariga qarshi otlantirib, shohdan qasd olmoqchi bo‘lishibdi. Devlar shahzodalar tarbiyalanayotgan bog‘ga kelishibdi. Momir bilan Somir ikkisi mashq qilayotganini ko‘rib qulay fursatni qo‘ldan bermasdan shahzodalarga hujum qilishibdi. Shahzodalar ham devlarga qarshilik ko‘rsatishibdi. Bir necha soat jang qilganlaridan keyin devlar Somirni bandi qilib olib ketishibdi. Momir ukasiga qaraganda kattaroq va kuchliroq bo‘lgani uchun devlarga o‘zini bandi qildirmay, bir necha devni o‘ldirsa ham, ukasi Somirni ajratib olishga kuchi yetmabdi.
Devlar Somirni olib qochib ketibdilar. Bu voqeadan shoh xabar topib, g‘azablanib “Devlar mening bergan zarbamni unutibdilar-da”, deb mamlakatdagi butun pahlavon va lashkarlarni to‘plab, o‘g‘li Somirni topib, devlardan qasos olish uchun yo‘lga chiqibdi.
Shoh bir necha yil qidirsa ham devlarni topa olmabdi.
Devlar Somirni joylariga olib borib, o‘z tillariga o‘rgatib va o‘z yemishlaridan yedirib tarbiya qila boshlabdilar. Somir o‘n uch yoshga kiribdi, bilaklari kuchga to‘libdi. Somir o‘sgan sari ko‘zi ochilib, o‘zining devlarga o‘xshamasligiga ajablanib, o‘zini ulardan yiroq seza boshlabdi. Somir tog‘lar orasida bekor sang‘ib yurishdan zerikib, g‘orlardan, o‘rmonlardan bir necha yuz ayiqlar tutib kelibdi. Oldin o‘z kuchini sinamoq uchun qirq ayiqning bo‘yniga ajdar yolidan qilingan arqonni boylab, uning uchini ushlab turib, ayiqlarni hayday boshlabdi. Ayiqlar oldiga tomon yurgach, Somir bir zarb bilan ularni orqaga tortibdi. Ayiqlarning kallasi uzilib yerga tushibdi. Bunga qoniqmagan Somir, yana shu zaylda yuz ayiqni yenggach, birdan besh yuz ayiqni bir tomonga qo‘yib, ikkinchi tomonda o‘zi turgan holda ayiqlarning bo‘yniga solingan arqonlarning hammasini bir qo‘lida tutib, ularni oldinga haydabdi. Ayiqlar qo‘y podasidek oldinga intilganda Somir yana bir zarb bilan ularni orqaga qaytaribdi. O‘zining bu kuchini ko‘rgan Somir, o‘z-o‘zicha: minorday gavdalari bilan devlar mendan kuchli emaslar, deb o‘ylabdi. Bu sirni bilish uchun hamma devlar uyquga kirganda, yarim tunda eng katta devning oldiga kirib boribdi. Uni uyqudan uyg‘otibdi. Devdan savoliga javob berishni so‘rabdi. So‘zlashib o‘tirib, dev Somirni aldamoqchi bo‘lib:
— Sen o‘zimizning eng zo‘r avlodimizning o‘g‘lisan. Shuning uchun sening kuching ko‘p, — debdi. Bu javobga ishonmagan Somir:
— Nima uchun mening gavdam devlarga o‘xshamaydi? — deb yana so‘rabdi.
Somirning so‘rog‘iga javob berishdan ojiz qolgan dev Somirga o‘dag‘aylabdi. Somir devning boshiga bir musht uribdi. Devning boshidagi ikki shoxi oyog‘idan chiqib, yerga bir chinor bo‘yi kirib ketibdi. Ertasiga devlar shohini shoxi bilan yerga mixlab qo‘yilgan holda topib olibdilar. Ular bu ishni Somir qilganini sezishibdi. Devlardan biri:
— Shahzoda Somir o‘z otasidan ota-bobolarimizning qasosini olib berish o‘rniga, bizlardan qasdini ola boshladi. Shuning uchun endi Somirni ko‘plashib o‘ldirib yuborish yoki tog‘ning naryog‘iga olib borib adashtirib kelish kerak. Agar yana bir-ikki yil shu xilda borsa hammamizni qirib bitiradi, — debdi. Bir dev turib aytibdi:
— Somirni o‘ldirib bo‘lmaydi. Chunki u oldingi yili tog‘dan besh yuz ayiqni tutib kelib o‘ldirgan. Men Somirning besh yuz ayiqdan kuchli ekanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Shuning uchun Somirni adashtirib kelishdan boshqa chora yo‘q, — debdi.
Bu maslahatni bergan devning so‘ziga boshqa devlar ham qo‘shilibdi.
— Somir adashtirmoqchi bo‘lganimizni sezib qolsa, hammamizni yer bilan yakson qiladi. Shuning uchun ehtiyot bo‘lib, uni adashtirib yuboraylik, — debdi.
Devlar bir kuni Somirni ov qilish uchun olib chiqibdilar. Bir necha kun tog‘ma-tog‘ yurganlaridan keyin, uni bir joyda yolg‘iz qoldirib, o‘zlari qochib ketishibdi. Somir o‘zini devlar adashtirib ketganini bilgach, qayerga borarini bilmay, tog‘dan o‘ziga bir g‘or topib, makon qilibdi. Kechalari g‘orda yotib, kunduzlari har turli vahshiy hayvonlarni tutib, xomligicha yeb, ayiq terilaridan kiyim kiyar ekan. Somir devlar orasida o‘sib, badani tuklar bilan o‘ralib, yoshligida ko‘rgan odam endi tanimaydigan tusga kiribdi.
Somir shunday yashay bersin, endi Somirning otasi shohdan eshiting. Shoh bir necha yillar jigarporasi Somirdan tiriklayin ayrilganiga xafa bo‘lib yurib, oxiri Somirni esidan chiqaribdi. Kunlardan bir kun u Hind shohining bir qizi borligidan xabar topib, uni o‘zining yolg‘iz qolgan o‘g‘li shahzoda Momirga loyiq ko‘rib, hind shohiga quda bo‘lmoqchi bo‘lib, elchi yuboribdi. Hind shohining qizi elchilarga:
— Kimki meni maydonda yengsa, shunga tegaman. Bo‘lmasa shahzoda bo‘lsa ham tegmayman. Agar shohning o‘g‘li shu shartni bajarsa, qarshiligim yo‘q, — debdi.
Podshoh elchilardan bu javobni eshitgach, o‘g‘li Momirga: “Qalay kuching yetarmikan?” debdi. Momir qizni yengishga so‘z beribdi. Shoh bir necha kun safar hozirliklarini ko‘rib, jami lashkarini yig‘dirib Hindistonga jo‘nabdi. Shoh o‘z lashkari bilan bir necha oy yo‘l yurib, bir tog‘ga yetibdi. Shu tog‘ning yonida bir necha kun dam olmoqchi bo‘lib to‘xtashibdi. Biroz orom olishgach, Momir tog‘ga chiqib ov qilmoqchi bo‘lib, otasidan ruxsat so‘rabdi. Shoh o‘g‘liga ijozat berib, yoniga to‘rtta nomdor pahlavon va yuz ellikta siрohi qo‘shib beribdi. Momir tog‘larni aylanib sherlar, yo‘lbarslar bilan olishib, ularni o‘ldirib ov qilib yurganda, bir yovvoyi odamning yurganini ko‘rib qolibdi. Shahzoda Momir ikki pahlavon bilan bir necha siрohini shu yovvoyi odamni tutib keltirish uchun yuboribdi. Ular “yovvoyi” odam yurgan yerga borib ayiq terisini kiygan bir odamni ko‘rishibdi. Pahlavonlardan biri yovvoyi odamga:
— Shahzoda Momir sizni chaqirdi, biz bilan yuring, — deb baqiribdi. Somir pahlavonning baqirib gapirishidan xafa bo‘lib indamabdi.
Pahlavon Somirning indamay turganini ko‘rib:
— Haqiqiy yovvoyi odam ekan, kelinglar, hammamiz har tomondan o‘rab olib, ushlab shahzodaning oldiga olib boramiz, — debdi.
Ikki pahlavon va bir necha siрohi har tomondan Somirga yaqinlashib kela boshlabdi. Somir bu odamlarning o‘ziga qasd qilayotganini ko‘rib, yonida o‘sib turgan archa daraxtini ildiz-pildizi bilan ko‘chirib olib ularga otibdi. Pahlavon bilan sipohilar o‘libdi.
Shahzoda Momir yuborgan odamlari yovvoyi odam tomonidan o‘ldirilganini eshitib, tezda otasi yoniga borib xabar beribdi.
Shoh, Somir turgan joyga kelib, ishongan pahlavonlarini unga qarshi jangga tushira boshlabdi.
Somir otsiz, qurol-yaroqsiz o‘rtaga tushib pahlavonlarni pisand qilmay urib, mayda-mayda qilib tashlay beribdi. Тo kechgacha urishibdi. Kech bo‘lgach, shoh urushni to‘xtatib, davomini ertasiga qoldiribdi.
Keyin o‘z safar taxtiga chiqib o‘tirib, ”yo‘ldan chiqqan balodan” ko‘p xafa bo‘libdi. Shu mahalda shohning oldiga shahzoda Momir kirib:
— Men shu yovvoyi odam oldiga o‘zim borib bir gaplashib yoki ishini bir yoqliq qilib kelaman, — debdi.
Shoh o‘g‘lining gapiga oldin ko‘nmasa ham keyin javob beribdi. Тong otar-otmas shahzoda Momir bir necha pahlavonlarini yoniga hamroh qilib, Somirning kulbasiga boribdi. Somir ham dushmanlarining aslahasiz kelganlarini ko‘rib, shahzodani o‘z chaylasidan nariroqqa borib kutib olibdi.
Somir shahzoda Momirni va yonidagi pahlavonlarni kulbasiga taklif qilibdi. Momirning kiygan kiyimlaridan “kattaroq” odam bo‘lsa kerak, deb uning tagiga yo‘lbars terisini tashlabdi.
Somirning bu idrokidan shahzoda Momir “Albatta shu mening ukam bo‘lsa kerak” deb, Somirdan hol-ahvol so‘rabdi. Somir ham yarim dev tilida, yarmi Momir tushunarli tilda o‘z boshidan kechirgan voqealarni aytib beribdi. Momir Somirning boshidan kechirganlarini eshitib, o‘z ukasi Somir ekanligiga shubhasi qolmay “Dod!” deb yuboribdi. So‘ngra o‘rnidan turib: “O‘sha sendan tiriklayin ajralib qolgan akang — Momir menman”,— deb kelib boshqatdan quchoqlashib, yig‘lab ko‘rishibdi.
Shahzoda Momirning bu fig‘onlarini ko‘zi bilan ko‘rib, dili bilan sezib turgan Somir ham o‘z jigari bilan yana qaytadan ko‘rishibdi.
Ikki aka-uka qattiq quchoqlashib ko‘rishganlaridan o‘z tanalaridagi qovurg‘alari chaqmoq chaqqandek qars-qurs qilib ovoz chiqaribdi.
Shahzoda Momir ukasi bilan ko‘rishib bo‘lgach, bir choparini shohga suyunchi olishga yuboribdi, yana bir pahlavonni shahzoda Somir uchun shohona kiyimlar keltirishga jo‘natibdi. Shoh o‘g‘lining topilganini eshitib, choparga qirq ming tilla suyunchi berib, o‘zi bir otga minib, bir necha yuz amaldorlar bilan shahzoda Somirning yo‘liga chiqibdi.
Shahzoda Momir ukasi Somirni o‘z kiyimidek bir xil tusda shohona kiyimlar kiygizib, duldul otga mingizib tog‘ tarafidan shonu-shavkat bilan chiqib kelgach, shoh Somirga tomon o‘zini otib, ota bilan o‘g‘il ko‘z yoshi to‘kib ko‘rishibdilar.
Shunday qilib, podshoh lashkariga bir necha kun to‘y-tomosha qilib beribdi, kichik o‘g‘lining topilganiga sevinib, Hindistonga safarini davom ettiribdi.
Yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, tog‘-u toshlarni kezib, ko‘l-u daryolarni kechib, Hindiston mamlakatiga yetib boribdilar.
Hind shohi ham turkman shohini izzat-u hurmatlar bilan o‘z o‘rdasiga tushirib, shahzoda Momir bilan Somirga ham yaxshi shohona uylar berib, bir necha kun turkman shohining kelganiga ziyofatlar beribdi.
Endi muddaoga kelaylik. Hind shohining qizi bilan kurashadigan kun yetib kelibdi. Maydonda ikki tarafda ikki dengizdek lashkar saf tortib turibdi.
Hind shohining qizi erkaklardek kiyingan, boshida dubulg‘a, egnida po‘lat joma, bir qo‘lida siрar, bir qo‘lida shamshir, yonida bahaybat Rustam gurzisidek gurzi, nayzalar bilan qurollangan, yuziga niqob tortgan holda maydonga kirib kelibdi. Qizning bu dabdabalarini ko‘rgan eng zo‘r pahlavonlarning ham yuragi shuv etib ketibdi.
Hind shohining qizi maydonda turib:
— Qani, uzoq ellardan kelgan pahlavon yigit kelsin, maydonga chiqsin! — debdi.
Bu xitobni eshitgan shahzoda Momir, otini javlon urdirib, o‘z safidan ajralib chiqib, Hind shohi qizining barobariga borib, rasm bo‘yicha bir-birlari bilan gurzilarini gurzilariga urib ko‘rishibdilar. Bu ikki gurzidan chiqqan ovoz falakka yetib, dunyoga yoyilibdi.
Hind shohining qizi bilan turkman shohining o‘g‘li shahzoda Momir ikki xil maydondorlik rasmlarini ishlatib yetti kecha-yu yetti kunduz olishib, axiri otdan tushib, aslahalarini tashlab, belma-bel kurashga o‘tishibdi. Belma-bel olishib ko‘rishish ham uch kun davom etibdi, shahzoda Momir charchab, hind shohining qizidan yengilishiga ko‘zi yetibdi, qizga o‘zining yengilganligini bildirib, maydondan chiqibdi.
Akasining ikki lashkar o‘rtasida hind shohining qizini yenga olmay chiqqaniga shahzoda Somirning g‘azabi kelibdi. U hind shohining qiziga:
— Men ham sening maydoningni ko‘rmoqchi bo‘lib kelgan edim! — debdi.
Hind shohining qizi bugun dam olib, ertaga Somir bilan maydonda kurashmoqchi bo‘libdi.
Ertasiga yana maydondorlik boshlanib, Hind shohining qizi qizil liboslarga o‘ralib, qizil duldul otga minib, qizil rangga bo‘yalgan qurol-aslahalar bilan maydonga kirib kelibdi.
Shahzoda Somir ham duldul otini javlon urdirib Hind shohi qizining ro‘parasiga boribdi, u bilan ko‘rishib jang boshlabdi. Har ikkovi jangning turli xillari bilan olishibdi. Axiri jang yana yerda yakkama-yakka kurashishga o‘tibdi.
Shahzoda Somir bilan Hind shohining qizi yetti kecha-yu yetti kunduz bel ushlashibdi. Axiri sakkizinchi kuni shahzoda Somir hind shohi qizini azot ko‘tarib yerga uray deganda, Hind shohi qizining yuzidagi niqobi ko‘tarilib ketib, shahzoda Somirning ko‘zi qizning jamoliga tushibdi. Yigit bir oh tortib, qizni sekin yerga qo‘yibdi. Hind shohining qizi Somirdan yiqilgan hisoblanibdi, kurash tamom bo‘libdi.
Hind shohining qizi o‘z saroyiga borib shahzoda Somirdan yiqilganiga va obro‘sining to‘kilganiga juda xafa bo‘libdi. Xafachilikni tarqatish yo‘llarini o‘ylay-o‘ylay, axiri “raqib” shahzoda Somirni tun qorong‘u bo‘lgach, hech kimga sezdirmasdan borib o‘ldirishga qaror qilibdi. Тun qoraygach, Hind shohining qizi Тurkman shohi lashkari turgan joyga kirib, shahzoda Somirning chodirini qidirib topibdi. Eshikda turgan posbonlarga qarab behush qiladigan dori sepib yuboribdi. Ular behush bo‘lib yiqilgach, po‘lat xanjarini qo‘lga ushlab, uxlab yotgan shahzoda Somirning tepasiga boribdi. Sham yorug‘i tushib turgan Somirning yuzini ko‘rib, unga qasd qilgan qizning yuragi erib, hushidan ketib Somir yoniga yiqilibdi. Bir necha daqiqadan keyin o‘ziga kelib, sekin o‘rnidan turib, o‘zining Тurkman shohi o‘g‘li shahzoda Somirga tegishini bildiribdi.
Hind shohi qizining bu so‘zlarini eshitib, behad xursand bo‘libdi.
— Ey, xudo, men ham umrimda kuyovlik bo‘lar ekanman, — debdi.
Hind shohi Turkman shohi bilan to‘y to‘g‘risida maslahatlashibdi. Hind shohi qirq kecha-qirq kunduz to‘y-tomosha qilib shahzoda Somirga qizini beribdi. Тo‘y tamom bo‘lgach, Turkman shohi o‘g‘lini, kelinini va butun lashkarini olib o‘z eliga qaytib ketibdi. Mamlakatiga yo‘qolgan o‘g‘li Somirni topib kelganini va unga munosib kelin ham olib kelganini bildirib, jarchi qo‘yibdi. Yurtga qirq kun to‘y-tomosha beribdi. Katta shahzoda Momirni ham uylantirib qo‘yibdi. Bir qancha vaqtdan so‘ng, shoh o‘rniga shahzoda Momirni tayinlabdi. Shunday qilib aka-uka Momir va Somir murod-maqsadlariga yetishibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.