background
logotype

Nurilla boyvachcha

O‘tgan zamonda Samarqandda bir katta boy o‘tgan ekan. Uning Nurilla degan yolg‘iz o‘g‘li bo‘lgan ekan. Kunlarning birida boy:
— Ey o‘g‘lim, men o‘lib ketaman, mening uch yerda dunyoim bor, — deb hammasini ko‘rsatibdi. — Yotib yesang bu dunyo hech narsa bo‘lmaydi. Yotib yeyishga tog‘ ham chidamaydi, deganlar, — debdi.
Boy o‘g‘lining qo‘liga ming tanga pul berib:
— Shunga mol olib kelib sotgin, — debdi. Bola pulni olib jo‘nab ketibdi. Yo‘lda bir devonaga uchrabdi. Devona odamlarni yig‘ib:
— Bir so‘zim bor, kimda-kim ming tanga bersa, aytaman, — deb turgan ekan. Shunda odamlar:
— Ming tangani senga mana Nurilla boyvachcha beradi, — debdi.
Nurilla boyvachcha:
— Men boyvachcha ekanman, — deb cho‘ntagidan ming tangani chiqarib beribdi. Shunda devona unga:
— O‘g‘lim, uyingga borsang, xotiningni uyg‘otib yotgin! — debdi.
Nurilla kechqurun uyga kelibdi, otasiga:
— Ota, ming tangaga loyiq mol olib qo‘ydim, yana ming tanga bersangiz, molning hammasini bitta qilib olib kelarman, — debdi. Otasi yana ming tanga beribdi. Nurilla yana yo‘lga tushibdi. Avvalgi ko‘chani qo‘yib, boshqa ko‘cha bilan yursa, yana haligi devona oldidan chiqibdi. Odamlar uni ko‘rib guvillashib: “Ana, ana, Nurilla boyvachcha bu so‘zingga ming tanga beradi”, deyishibdi.
Nurilla boyvachcha esa, bu ming tangani ham devonaga beribdi. Shunda devona aytibdi:
— O‘g‘lim, oshiq ma’shuqqa yaxshi, har kimning sevgani o‘ziga yaxshi.
Nurilla yana uyiga qaytib kelib:
— Ota, ikki ming tangaga mol oldim, yana bir ming tanga berasiz. Uch ming tangalik mol keltiraman, — debdi. Otasi yana bir ming tanga beribdi.
Nurilla yana boshqa ko‘cha bilan ketibdi. Bu gal ham uning oldidan haligi devona chiqib qolibdi. Odamlar Nurillani ko‘rib:
— Ana, Nurilla boyvachcha kelib qoldi, undan boshqa hech kim bu pulni topib berolmaydi, — deyishibdi. Nurilla yana ming tangani devonaga beribdi.
— Endi, o‘g‘lim, ertalabki nasibadan qaytma, — debdi devona. Hamma pulidan ajralgan Nurilla boyvachcha uyiga kelmasdan bir joyga borib, hovuz bo‘yida yotibdi. Birov uning oldiga kelib:
— Otangiz kasal, sizni tez kelsin, dedilar, — debdi. Shunda Nurilla xo‘p, boraman, deb u kishini jo‘natib yuboribdi. Ertasiga yana birov kelib:
— Otangiz qattiq o‘sal bo‘lib qoldi, tezda yetib borar ekansiz, — desa, Nurilla “Xo‘p-xo‘p”, deb yana bormabdi. Yana bir kishi ertasiga kelib:
— Otangiz o‘ldi, — debdi. Nurilla bu so‘zni eshitib borib, otasining o‘ligini ko‘mib, ma’rakalarini o‘tkazibdi.
Kunlardan bir kuni Nurillaning uyiga o‘g‘ri kirib:
— Ming tanga berasan! — debdi. Nurilla ming tangani berib yuboribdi. Bir kuni o‘g‘rilar yana ming tanga so‘rabdi. Yana beribdi.
O‘g‘rilar har kuni ming tangadan pul olib ketaveribdi. Otasining dun-yosi tamom bo‘libdi. O‘g‘rilarga: Endi nima beraman? — desa, “Nima bo‘lsa-da, topib berasan”, deyishibdi. Nurilla hovli-joyini sotib beribdi.
O‘ziga faqat bitta uy qolibdi.
— Bitta uy o‘zimga qoldi, boshqa hech narsa qolmadi — debdi.
O‘g‘rilar uni urib-urib darvozasi oldiga tashlab ketibdilar. Nurilla bechora bir vaqt o‘ziga kelib qarasa, darvoza ostida yotgan emish. U sudralib uyga kirib boribdi. Xotini yig‘lab:
— Sizga nima bo‘ldi, nima gunoh qilgan edingiz? — debdi. Nurilla ikki-uch kun yotib tuzalibdi. Nurilla mardikor bozoriga boribdi, kechgacha hech kim mardikor so‘ramabdi. Ertasiga ham borib o‘tiraveribdi, yana hech kim so‘ramabdi.
Nurilla uchinchi kuni mardikor bozorning bir chekkasida o‘tirgan ekan, bir mo‘ysafid kelib:
— O‘g‘lim, mardikor ishlaysizmi? — debdi. — Ha, ota, ishlayman, — debdi. U:
— Kuniga necha pul berayin, o‘g‘lim? — debdi.
— Necha pul bersangiz o‘zingiz bilasiz, — debdi Nurilla. — Meni och qo‘ysangiz ham mayli, ammo uyimga ketishimda qo‘limga bitta non bersangiz, o‘g‘limga olib borar edim.
Chol rozi bo‘libdi. Uni olib borib ishga solibdi. Chol kechqurun Nurillani to‘yg‘azib, qo‘liga 10 ta non tugib beribdi. Nurilla uyiga yugurib kelibdi. Borsa xotini “Hozir otang non olib keladi”, deb o‘g‘lini ovutib o‘tirgan ekan. Nurilla nonni olib kelib qolibdi. Bolaning xursandchiligi ularning ham ko‘nglini ochibdi. Ertasiga ertalabdan kelib Nurilla ishlay beribdi. Yigirma kun ishlabdi. Bir kun boy:
— Biz ertaga savdogarchilikka Qal’a degan shaharga jo‘nab ketayotirmiz. Biz bilan birga boruvchi boylarning quli bor, menda yo‘q, shunga sen borsang, qancha pul beray? — debdi. Nurilla:
— Nima bersangiz o‘zingiz bilasiz, — debdi. Boy:
— Haqing uchun o‘zingga yuz tanga, bolalaring uchun oziq-ovqat va yuz tanga pul beray, — debdi. Nurilla rozi bo‘libdi. Bularni olib, eshakka yuklab uyiga kelibdi. Bolalariga:
— Men olti oyda kelaman. Shungacha bu ovqatlarni yeb turasizlar, — debdi.
Nurilla ertasiga jo‘nab ketibdi. Xotini esa uydagi narsalarni asrab qo‘yib har kimning ishini qilib kun kechiraveribdi. Nurilla boylar bilan Qal’aga yo‘l tortibdi. Bir cho‘lga borganda suv va ovqatlari tugabdi. U yerda bir g‘or bor ekan. Savdogarlarning maqsadi shu g‘orga yetib olish ekan. Ular yetib ham kelishibdi, ammo u yerda suv qurib qolgan ekan.
Savdogarlar suv olib chiqish uchun qullarini g‘orning ichiga kirgizib yuboribdilar. Kirgan qul qaytib chiqmabdi. Endi navbat Nurillaga kelibdi. Nurillaning xo‘jayini:
— Bu bola mening qulim emas, mardikorim bo‘ladi, shuning uchun buning rizoligini o‘zidan so‘rayman, — debdi. Nurilla rozi bo‘libdi.
G‘orga kirib ketibdi. Bir yerga borsa, bir dev suvning boshini boylab o‘tirgan ekan. Kirgan odamlarning hammasini shu dev quritayotgan ekan. Nurilla devning oldiga kelib salom beribdi. Dev undan nima uchun kelganini so‘rabdi. Nurilla suvga kelganini va ko‘pchilik odamlar suvsizlikdan o‘lib ketayotganini aytibdi. Dev Nurillaga:
— Mening bir savolim bor. Shu savolimga javob berolsang, suv beraman, — debdi. Dev oldidagi suvning ichida bir qurbaqa, uning yonida esa, bir pari bor ekan. Pari devga qarab kulsa, dev hech qaramas, qurbaqa vaqillasa, dev xursand bo‘lib kular ekan. Dev Nurilladan bularning qaysisi yaxshi ekanligini so‘rabdi. Nurilla devonadan sotib olgan gapining birini aytibdi:
— “Oshiq ma’shuqqa yaxshi, har kimning suygani o‘ziga yaxshi”. Dev bu javobdan xursand bo‘lib, unga mukofot uchun bir shamchiroq beribdi. Nurilla eson-omon chiqib kelibdi. Orqasidan suv ham sharillab oqib chiqibdi. Hamma savdogarlar xursand bo‘lishib, Nurillaga sovg‘alar berishibdi. Shu yerda Nurilla o‘ziga yettita tuya sotib olibdi. Dev Nurilla bilan gaplashganda “Hamma savdogarlar turli narsalar olishsa, sen faqat qora murch olgin, chunki sizlar borayotgan shaharda vabo bor, odamlar shu murchdan bir-bir yalashsa tuzaladi”, degan ekan. Karvon yana yo‘lga ravona bo‘libdi. Bir shaharga borishsa, bir yosh bola mushukni ushlab o‘tirgan ekan. Nurilla “Bu nima?” deb so‘rabdi. Bola: “Bu yo‘lbars bo‘ladi”, debdi. Nurilla buni bir tangaga sotib olib jo‘nabdi. Bir necha kun yurib savdogarlar bir qo‘riqqa borib qo‘nishibdi. U yerda sichqon shunday ko‘p ekanki, bularning hamma qoplarini teshib tashlabdi. Nurilla “yo‘lbars”ni qo‘yib yuboribdi. Hamma sichqonlar qochib ketibdi. Savdogarlar suyunganlaridan Nurillaga in’omlar berishibdi. Nurilla savdogarlar qatorida qirqta tuya qilib olibdi. Shaharga yetib borgandan keyin u hamma mollarini sota boshlabdi. Nurilla dev bergan gavhar shamchiroqni sotmoqchi bo‘libdi. Hech xaridor chiqmabdi, chunki bu gavharning bahosi juda ham qimmat ekan. Odamlar:
— Buni podshoga olib bor! — deyishibdi. Nurilla podshoga boribdi. Podsho qancha berishni so‘rabdi. Nurilla “Nima bersangiz o‘zingiz bilasiz”, debdi. Gavharning bahosi nihoyatda qimmat bo‘lgani uchun vazirlardan biri podshoga Nurillani o‘ldirib yuborishni maslahat beribdi. Podsho “Qanday qilib o‘ldiramiz?” debdi.
Vazir:
— Ertalab biz buni bog‘ga yuboramiz. Bog‘bonga: “Kim ertalab birinchi bo‘lib kelsa o‘ldiring”, deymiz. Shu bilan o‘ldirib yuboramiz, — debdi. Ertalab tong otibdi. Podsho Nurillaga bog‘dan bir savat uzum olib kelishni buyuribdi. Nurilla ketayotgan ekan, shu shahardan orttirgan o‘rtoqlari choy ichishga taklif qilishibdi. Nurilla xizmat uchun ketayotganini aytsa ham o‘rtoqlari hech qo‘yishmabdi.
Nurillaning esiga boyagi devonaning “Ertalabki nasibadan qaytma” degan gapi tushibdi va o‘rtoqlarining oldiga kelib choy ichibdi. Shu orada podshoning o‘z odamlaridan biri bog‘ga kelibdi. Bog‘bon bu kelgan odamning boshini shartta kesibdi. Uning orqasidan Nurilla borgan ekan, bir savat uzum berib yuboribdi.
Nurilla xizmatni bajarib podshoning oldiga kelibdi. Podsho bunga hayron bo‘lib, ”Biz qasd qilgan bilan xudo qasd qilmasa bekor ekan”, deb juda ko‘p pand yebdi.
Nurilla sheriklarining oldiga kelibdi. Hamma molni sotib bo‘libdi.
Shu yerdan hamma savdogarlar o‘z ellariga qaytishibdi. Nurilla esa, o‘z xo‘jayiniga boyagi boy bergan ming tillani va mushukni berib yuboribdi. O‘zi esa qirq tuyaga yukni ortib boshqa shaharga jo‘nab ketibdi.
Savdogarlar olti oy yo‘l yurib, o‘z yurtlariga yetib kelibdilar. Boy ming tillani Nurillaning xotiniga berib, mushukni uning o‘g‘liga beribdi. Nurillaning qirq tuyaga murch ortib boshqa shaharga ketganini, yana sakkiz yildan keyin kelishini aytibdi. Shu yili bularning shahrini sichqon bosib ketgan ekan. Тegirmonlardagi hamma don va qanorlarni nobud qilgan ekan. Odamlar Nurillaning o‘g‘lidagi ”yo‘lbars”ni ishga solib, har bir tegirmondan kuniga besh puddan g‘alla olib beribdilar. Bularning unlari juda ko‘payib ketibdi.
Bir kuni podshoning o‘tirgan taxtini ham sichqon bosib ketibdi. Podsho Nurillaning o‘g‘li bilan bitim tuzib, har kuniga mushuk haqi uchun ming tangadan berib turadigan bo‘libdi. Ona-bola juda boy bo‘lib ketishibdi. Juda katta uy qurib, atrofini qo‘rg‘on qilib olishibdi.
Endi gapni Nurilladan eshiting:
U shu yurgancha to‘g‘ri mo‘ljallagan shahriga yetibdi. Haqiqatan ham u yerda vabo kasali bor ekan. Odamlar Nurillaning yuki nimaligini so‘rashibdi. Nurilla vaboning dorisi ekanini aytibdi. Murchning har bir donasini bir tilladan sotibdi.
Odamlar butunlay vabodan qutulishibdi. Nurilla qirq tuya tilla qilibdi, bir yil turib o‘nta qul sotib olib o‘z eliga jo‘nabdi. Yana to‘rt yil yurib yarim kechada o‘z uyiga kelibdi. Uyini hech taniy olmabdi. Juda o‘zgarib ketgan ekan. Bir to‘p qayrag‘och bor ekan, shundan tanibdi. Qayrag‘ochdan oshib tushsa, xotini oldida bir yigit uxlab yotganmish. Nurilla bu yigitni o‘ldirmoqchi bo‘libdi, ammo bir so‘rab ko‘ray, deb xotinini uyg‘otibdi. Bu yigit Nurillaning o‘g‘li ekan. U ham uyg‘onibdi. Nurilla xotini va bolasi bilan so‘rashibdi. Xotini tuyaxona ham solib qo‘ygan ekan, tuyalarni shu yerga keltirishib, yuklarini tushirib olishibdi. Shu bilan tinch yashab, murod-maqsadlariga yetishibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.