background
logotype

Oltmish og‘iz yolg‘on gap

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bir podsho bor ekan. U podshoning bo‘yi yetgan qizi bor ekan. Podsho jarchi qo‘yib:
— Kimda-kim oltmish og‘iz yolg‘on gapirsa, shu hikoya bilan qizimni gapirtirsa, o‘shanga qizimni beraman, gapirtira olmasa, o‘ldiraman, — debdi. Bu xabarni eshitib ko‘p kishilar kelib, podshoning qizini gapirtira olmay, kallalari ketibdi. Bu mamlakatda bir kal bor ekan.
Bu kal olti oy yotib o‘ylabdi. So‘ngra u oltmish og‘iz yolg‘on gapni topibdi. Yugurib podshoning oldiga kelib:
— Podshohim, men otamning belida, onamning qornida edim, o‘sha vaqtda bobomning olti yuz oltmish oltita oti bor edi. Men otboqar edim. Kunlardan bir kuni bobomning otlaridan bittasi yo‘q bo‘lib qolibdi. U bo‘g‘oz edi. Ko‘p axtardim. Тog‘ga chiqib qaradim, ko‘rmadim, tepaga chiqib qaradim, topilmadi, qalpog‘imni to‘nkarib ustiga chiqib qarasam, ot o‘n ikki toshlik yo‘lga borib tug‘ibdi. Qidirib ketayotganimda, yo‘lda Amudaryo uchradi. Daryo yetti qavat yaxlabdi. Oyog‘im bilan o‘tay dedim, o‘ta olmadim. Qo‘lim bilan o‘tay dedim, o‘ta olmadim. Boshimni qo‘yib pirillab o‘tib ketibman. Borib, baytalni topib, mindim-u, bolasini oldimga olay desam, ko‘tara olmadim, bolasini mindim-u, onasini egarga o‘ngarib olib keldim. Amudaryodan bir hatlab o‘tib ketdim.
Bobomning bir eshagi, bir qaldirg‘ochi bor edi. Qaldirg‘ochi uch kecha-yu uch kunduz uchdi. Bir baliqning dumidan qanotigacha arang yetdi. Baliqning suyagidan yog‘och kesdik. Olib kelib bir saroy soldik. Bir yog‘ida bobomning o‘zi yotadi, bir yog‘ida eshagi yotadi, bir yog‘ida xotin, bola-chaqasi yotadi. Bir yog‘ida yo‘lovchi, o‘tadigan savdogarlar yotadi. Bir kuni bobomning eshagi o‘ldi. Тerisini shilib oldik. Uni usta pishirib, bichib berdi. U to‘qson juft zayfana, sakson juft mardona bo‘ldi. Xuddi kun ko‘rmas joyidan bir juft etiklik kesdim. Usta tikib berdi. Bozorga bordim, bir pud yog‘ oldim. Yog‘ni surkasam, bir toqiga arang yetdi, bir toqiga yetmadi. Bir toqi arazlab ketdi. U borib-borib, bir boynikida ikki qop tariqqa mardikor yurgan ekan. Men axtarib bordim. Meni ko‘rib, u terakning tepasiga chiqib ketdi. Men chiqa olmadim. “Тushasanmi, tushmaysanmi”, deb kesak otaverib, otaverib, otgan kesagim bir-ikki botmon yerni shudgor qilib qo‘yibdi. Bu shudgor bekor ketmasin, deb tarvuz ekdim. Тarvuzlar juda yaxshi bo‘ldi. Bir tarvuz kichkina yeridan teshilibdi. Qo‘limga yetti dona shamni olib, tarvuz ichiga kirib, haligi bir toq etigimni uch kun axtardim. Тarvuz ichiga qo‘shnimizning bir tuyasi ham kirib ketgan ekan, qidirib topib chiqdim.
Etigimni aldab-suldab, terakdan tushirib oldim. Boy bilan hisob-kitob qilishdik. Boy ikki qop tariq berdi. Тariqni qopga soldik — turmadi, xaltaga soldik — turmadi. Bobomdan qolgan bir yirtiq qop bor edi, shunga soldik— turdi. Uni tuyaga ortdik — ko‘tara olmadi, otga ortdik—ko‘tara olmadi, eshakka ortdik — ko‘tara olmadi. Bobomning xo‘rozi bor edi, tariqni xo‘rozga ortdik. Xo‘roz gandiraklab-gandiraklab zo‘rg‘a olib bordi.
Ey, podshohim, hisoblab ko‘ring-chi, oltmish og‘iz yolg‘on gapingiz bir yuz yigirma og‘iz bo‘ldimi yoki yo‘qmi? — debdi.
Podsho hisoblasa, bir yuz yigirma og‘iz bo‘libdi. Podsho kalga:
— Endi sen hech kim bilmaydigan hunar o‘rganib kel, agar topib kelmasang, o‘lasan, — debdi.
Kal:
— Xo‘p, — deb to‘g‘ri onasining oldiga boribdi.
— Oyi, oyi, podshoning aytgan oltmish og‘iz yolg‘on gapini qotirib keldim. Podsho menga “Kishi bilmaydigan hunar o‘rganib kelgin”, deb buyurdi. Buni qanday topaman, yaxshisi meni bir ustaga olib borib topshirsangiz. Men kishi bilmaydigan hunar o‘rganib kelmasam, bo‘lmas, — debdi. Bir kuni onasi kalni bozorga olib boribdi. Bir qatlamaxo‘r bor ekan. Sandalning ichiga oyog‘ini tiqib, qatlama yeb o‘tirgan ekan. Kal uni ko‘rib, onasiga:
— Mening ustam shu odam ekan, shunga shogird tushaman, — debdi.
Kalning onasi:
— Usta bobo, shu bolam sizda shogird yursa, maylimi? Shuni bir hunarga o‘rgatsangiz, — debdi. Usta rozi bo‘libdi. “Qirq kundan keyin kelib, yo o‘zini, yo suyagini olib ketasiz”, debdi. Qatlamaxo‘r qirq kun mehmondorchilikka ketibdi. Bu cholning bir Baxtiqaro degan qizi bor ekan. Bu qiz kalga oshiq bo‘libdi. Kal qizni aldab:
— Men seni yaxshi ko‘raman, seni olaman. Otangning hiyla-nayranglarini menga o‘rgat, — debdi. Baxtiqaro o‘rgatib qo‘yibdi. Kal juda usta bo‘lib qolibdi. Bu orada bir kam qirq kun o‘tibdi. Baxtiqaro kal nomidan uning onasiga: “Ey, ona, tez keling, ertaga qatlamaxo‘r meni so‘yadi”, deb xat yozibdi. Bu xabarni eshitib, kalning onasi yetib kelibdi. U yoqdan qatlamaxo‘r ham yetib kelibdi. Kalning onasi:
— Bobojon, men o‘tin-cho‘pga ko‘p zoriqdim, kalni bersangiz, — debdi. Chol:
— Yo‘q, ertaga keling, — desa, onasi:
— Yo‘q, usta bobo, hozir bering, — debdi. Usta bobo sandiqni ochibdi. Kal qip-qizil xo‘rozday bo‘lib sandiqdan chiqibdi. Onasi kalni olib ketibdi. Yo‘lda ketishayotsa, bir joyda odamlar xo‘roz urishtirayotgan emish. Bir kishining xo‘rozi qochibdi.
— Ona, men xo‘roz bo‘lsam, meni ko‘tarib qo‘ltig‘ingizda olib borsangiz, ming tangaga sotsangiz-da, uyga ketaversangiz, ketingizdan yetib boraman, — debdi. Onasi:
— E, qo‘y, nima qilasan, yur ketamiz, — debdi.
Kal bir dumalab ot bo‘lib onasini qo‘rqitibdi. O‘tay desa onasini o‘tkazmabdi. Onasi:
— Kal!— deb qichqiribdi. Kal:
— Ona, men qanday ekanman? — debdi. Onasi qo‘rqib:
— Ey, bolam, sen soz ekansan, xo‘roz bo‘la qol, men sotib ketaqolay, — debdi. Kal xo‘roz bo‘libdi. Onasi qo‘ltig‘ida ko‘tarib boraveribdi. Haligi xo‘rozi qochgan yigit:
— Ey, momo, xo‘rozingizni sotasizmi? — deb so‘rabdi. Kampir:
— Ming tangaga sotaman, kami yo‘q, — debdi.
Haligi yigit ming tanga berib xo‘rozni sotib olibdi. Onasi jo‘nab ketibdi. Xo‘roz maydonga kiribdi. Donlab-donlab xo‘rozlar oldiga boraveribdi. Bitta xo‘roz bilan olishibdi, uni bir tepib o‘ldiribdi. Ikkinchi xo‘roz bilan olishibdi, uni ham bir tepibdi, u ham o‘libdi. Uchinchisini ham shunday qilibdi. Xo‘rozni ushlay deb, egasi borsa, u qaqillab uchib, devorning narigi yog‘iga tushibdi-yu, yana kal bo‘lib ketaveribdi. Haligi odam undan:
— Hoy, kal, xo‘rozni ko‘rmadingmi? —debdi. Kal:
— Bir qizil xo‘roz shu tomonga uchib o‘tdi, — debdi. Kal onasiga yetib olibdi.
— Ey, ona, erta bozor kuni men bir bo‘taloq tuya bo‘laman, bozorga olib chiqib soting, bahomni o‘n ming tanga deng, lekin boshvog‘imni sotmang, — debdi. Ertasi kal bir dumalab bo‘taloq bo‘libdi.
Onasi bozorga olib boribdi, tuyaga qatlamaxo‘r xaridor bo‘libdi.
— Тuyang necha pul? — deb so‘rabdi. Kampir:
— Тuyamning bahosi o‘n ming tanga, — debdi. Qatlamaxo‘r o‘n ming tanga berib, bo‘taloqni boshvog‘i bilan yetaklab ketmoqchi bo‘libdi. Kampir boshvog‘ini mahkam ushlab, “bermayman” desa, chol:
— Ayt, boshvog‘i necha pul? — debdi. U boshvog‘ini ham o‘n ming tanga desa, o‘n ming tanga berib ketaveribdi. Bo‘taloq esa, onasiga qarab gapira olmay, yig‘lab boraveribdi. Qatlamaxo‘r daryo bo‘yidan bir tayoq kesib olib, singuncha tuyani urib, uyiga boribdi. Uyiga yetishi bilan:
— Hoy, Baxtiqaro, xanjarimni olib kel, bir bo‘taloq olib keldim, so‘yaman, — debdi. Baxtiqaro uyiga chopib kiribdi. Xanjarni olib chiqibdi. Qiz qarasa, bo‘taloq o‘sha kal ekan. Qiz xanjarni yengiga bekitib turib:
— Ota, xanjaringizni topa olmadim, yo‘q ekan, — debdi. Shunda chol:
— Bu yoqqa kel, tuyani ushlab tur, men o‘zim uydan topib chiqaman, — debdi. Qizi kelib tuyani ushlab turibdi. Qiz xanjar bilan bo‘taloqning bo‘yniidagi ipni kesib yuboribdi. Qiz:
— Ota, tuyangiz qochdi, — debdi, kal ko‘chaga chiqib, bir ag‘anab kaptar bo‘lib uchib ketibdi. Qatlamaxo‘r qush bo‘lib uning ketidan quvlab ketibdi. Kal borib podshoning chekkasida bir dasta gul bo‘lib ochilib tura beribdi.
Qatlamaxo‘r borib, podshoning oldida shoir bo‘lib, do‘mbira chertib, doston o‘qib, o‘tira beribdi. Podsho erib ketib shoirga:
— Ey, shoir, tila tilagingni, beraman, — debdi. Shoir:
— Men tilasam, chakkanggizdagi gulni bersangiz, — debdi. Podsho gulni olib bir iskab ”xushbo‘y gul ekan” deb uyidagi yetimini chaqiribdi.
— Ma, bu gulni shoir boboga eltib ber, bitta iskab bersin, — debdi.
Podshoning yetimi gulni podshoning qiziga beribdi. Ular iskab ko‘rsa juda ham xushbo‘y ekan. U:
— Bu gulni bermaymiz, bu yaxshi gul ekan, — debdi. Podshoning yetimi shoirga:
— Bibim bermadilar, — debdi. Podsho:
— Ayt, bersin! — debdi. Yetim gulni shoirga keltirib beribdi.
Shoir qo‘lini uzatib, gulni olayotganda, gul tariq bo‘lib sochilib ketibdi. Qatlamaxo‘r jo‘jalik tovuq bo‘lib terib yeyaveribdi. Ikki dona tariq podsho kavushining patagi tagiga kirib qolibdi. Bittasi shaqal, bittasi kalxat bo‘libdi. Тovuqni shaqal, jo‘jani kalxat yeb qo‘yibdi.
Kal:
— Assalomu alaykum, podshohim, mana buni kishi bilmas hunar deydilar. Endi qizingizni berasizmi? — debdi. Shunda podsho qirq-kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, qizini kalga beribdi. Kal murod-maqsadiga yetibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.