background
logotype

Opa-uka

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir chol bor ekan. Uning xotini har ikki yilda ikkitadan bola tug‘ar ekan. Oradan bir necha yil o‘tibdi, cholning bolalari juda ko‘payib ketibdi. Bu bolalarni boqish juda qiyin bo‘lib qolibdi.
O‘zlarining ham qorinlari hech to‘ymas ekan. Kunlardan bir kun chol xotiniga:
— Bolalarni uxlatgandan keyin bir qozon atala qil, bir to‘yib ichaylik, — debdi. Xotini yarim kechada o‘rnidan turib oshga harakat qilib tursa, bir qizi turib:
— Ona, men un elab beraymi? — debdi.
Yana biri turib:
— Suv keltirib beraymi? — debdi.
Yana biri:
— O‘tin keltirib beraymi? — debdi.
Yana biri:
— O‘t yoqib turaymi? — debdi.
Shunday qilib, bolalari uyg‘onib har tomondan turib kelaveribdilar. Chol buni ko‘rib, zarda qilib ko‘chaga chiqib ketibdi. Xotini atalani pishirib, suzish oldidan bolalariga:
— Otangizga ham biroz olib qo‘yay, — debdi-da, bir kosa atala olib qo‘yibdi. Atalani o‘choq boshida qoldiribdi. Bolalar atalani ichib bo‘lgach, yotib uxlabdilar. Bolalardan biri turib, o‘choq boshidagi oshni topib ichib, o‘rniga suv solib qo‘yibdi. Yotib uxlabdi. Birozdan keyin chol uyga kirsa, hammasi uxlab qolgan ekan. O‘choq boshiga borib qarasa, kosada bir narsa turgan emish. Qorong‘ida atala deb o‘ylab, ichib ko‘rsa, suv ekan. Shundan chol qattiq xafa bo‘libdi. Ertasi bola-lariga:
— Bolalarim, men bilan birga yuringlar. Bugun tog‘ga borib, do‘lana teramiz, — debdi. U bolalarini ergashtirib, bir tog‘ga olib chiqibdi. Do‘lanani qoqib, bolalariga:
— Men daraxtga chiqib, do‘lana qoqaman. Yuqoriga qaramanglar, zo‘r berib tera beringlar, — debdi. Bolalar do‘lanani teraveribdilar. Chol sekin daraxtdan tushib, uyiga qarab ketaveribdi. Do‘lanani terib, yeb bo‘lgan bolalar:
— Dada, yana qoqing! — deb yuqoriga qarashsa, hech kim yo‘q. Bolalar yig‘lashib, har tomonga tarqalib ketibdilar. Shu bolalar orasidan bir qiz bilan bir o‘g‘il tog‘ning bir tarafiga qarab ketibdi. U yerda suv yo‘q ekan. O‘g‘il bola opasiga:
— Opajon, juda chanqadim, — debdi. Shunda bir joyda ko‘lmak suv ko‘rinibdi. Bola suvni ichay degan ekan, opasi:
— Ichma, bu ayiqning ichadigan suvi, — debdi. Yana biroz yurgandan keyin bir suv ko‘rinibdi.
Bola:
— Opa, suv ichaman, — debdi.
Opasi:
— Ichma, bu kiyikning ichadigan suvi, — debdi.
Bola:
— Ichsam nima bo‘ladi? — debdi.
Opasi:
— Ichsang kiyik bo‘lib qolasan, — debdi. Ukasi opasining so‘ziga kirmay, shu suvdan ichgan ekan, kiyik suratiga kirib qolibdi. Qiz hayron bo‘lib, yig‘lab-yig‘lab kiyik bo‘lib qolgan ukasini yetaklab yuribdi. Ular borib-borib, bir ko‘prikning tagiga kirib yotibdilar.
O‘sha yurtning podshosi ovga chiqqan ekan. U ko‘prik oldiga kelganda oti hurkib, ko‘prikdan o‘tmay qolibdi.
Podsho:
— Kimsan, ko‘prik tagidan bu yoqqa chiq! — debdi. Qiz kiyikni yetaklab chiqib kelibdi. Podsho qizni ko‘rib yoqtirib qolibdi.
Podsho navkarlariga:
— Bu qizni o‘rdaga olib boringlar! Kechqurun ovdan qaytib boraman. Shungacha tursin! — debdi. Navkarlari qizni o‘rdaga olib boribdi. Kechqurun podsho ovdan qaytibdi. Qizdan hol-ahvol so‘rab, uni parvarish qilish to‘g‘risida buyruq beribdi. Podsho avvalgi xotinlaridan bola ko‘rmagan ekan. Bir necha kundan keyin xalqqa katta to‘y-tomosha qilib beribdi va qizni o‘z nikohiga olibdi. Qiz homilador bo‘libdi.
Podshoning katta xotinlari yosh xotinning homilador bo‘lganini bilib, uni yo‘qotish payiga tushibdilar. Kunlardan bir kun podsho ovga ketganda, kundoshlar kenja xotinini yo‘qotmoqchi bo‘libdilar.
Kenja xotin podshoning ovdan qaytish kunlari yaqinlashganda hovuz bo‘yida sochlarini yoyib o‘tirgan ekan. Kanizaklaridan biri kelib kenja xotinni to‘satdan hovuzga itarib yuboribdi. Qiz cho‘kib ketibdi.
Kanizakning o‘zi esa kenja xotinning kiyimlarini kiyib, unga o‘xshagan bo‘lib o‘tiribdi. Podsho ovdan qaytib, to‘ppa-to‘g‘ri kenja xotinning uyiga kiribdi. Qarasa, xotini boshqa ahvolda.
— Ey, xotin, senga nima bo‘ldi? — debdi.
Kanizak aytibdi.
— Sizni o‘ylayverib shu ko‘yga tushdim, — debdi. Podsho hayron bo‘lib, shu kecha u bilan qolibdi.
Xotin ertalab turib:
— Mening boshim qorong‘i bo‘ldi, menga o‘sha kiyikni so‘yib bersangiz, — debdi.
Podsho:
— Sen bu kiyikni mening ukam, suv ichib kiyik bo‘lib qolgan demabmiding? — debdi.
Kanizak:
— Yolg‘on aytgan edim, — debdi.
Podsho navkarlariga:
— Kiyikni so‘yinglar! — deb buyruq beribdi.
Navkarlar darrov mis qozonlarni osib, oshpichoqlarni qayrab turganlarida, birdan kiyik hovuz atrofida aylanib, tilga kelibdi:

Mis qozonlar osildi,
Oshpichoqlar qayraldi,
Chiqmaysizmi, opajon,
Hovuzingiz tagidan, —

debdi.
Opasi:

O‘ng yoqda oltin beshik,
Chap yoqda kumush beshik,
Тagimda zarvar gilam,
Qanday chiqay, ukajon?! —

debdi.
Podsho bu so‘zni eshitib, darhol hovuzning suvini chiqarib tashlab, quritishga buyruq beribdi. Hovuzning suvini chiqarib, tagiga qarashsa, bir darcha ko‘rinibdi, darchani ochib qarashsa, bir gumbaz ko‘rinibdi. Bu gumbazning ichiga kirib ko‘rishsa, gumbaz o‘rtasida podshoning kichik xotini o‘tirgan emish. Uning tagida zarvar gilam, o‘ng va chap taraflarida beshik. Podsho xotinining oldiga borib so‘rabdi:
— Seni kim bu yerga keltirdi?
— Meni bir kanizak hovuzga itarib yubordi. Hovuzga tushgandan keyin ko‘zimni ochib qarasam, shu uyda o‘tiribman. O‘sha onda tug‘dim. Bu ilonlarning makoni ekan. Ular menga yordam qildi. Bu yerda salomat o‘tiribman, — debdi xotini.
Qiz ikki o‘g‘il tug‘gan ekan. Podsho xotini bilan bolalarini hovuz tagidagi gumbazdan chiqarib, el-yurtga katta to‘y qilib beribdi.
Kanizakni esa bir baytal otning dumiga bog‘lab, orqasidan ayg‘ir qo‘yib yuboribdi.
Kiyik bo‘lib qolgan bolani esa hakimlarga ko‘rsatib, davolatibdilar. Keyin bola o‘z holiga kelibdi. Opa-uka, podsho va uning ikki o‘g‘li birga umr kechirishib, murodlariga yetibdilar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.