background
logotype

Qirq kuyov

Bir podshohning qirq o‘g‘li bor ekan. Bir kuni podshoh katta o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘libdi. Buni eshitgan boshqa o‘g‘illari, “Bizlarni ham uylantiring, deyishibdi. Podshoh qirqta o‘g‘liga qirqta qizlik odamni qidirtira boshlabdi. Bir necha yillar qidirgandan keyin, o‘z mamlakatidan olti oylik yo‘lda bo‘lgan bir podshohning qirqta qizi borligini eshitib, shu podshohning dargohiga bir tuya bilan maston kampirni sovchilikka yuboribdi. Kampir olti oylik yo‘lni ilamon tuya bilan olti kunda bosib boribdi. Podshohning o‘rdasiga kelib, eshik oldini supuribdi. Podshohning xizmatkorlari kampirni ushlab podshohning oldiga olib kirishibdi. Podshoh kampirdan nimaga kelganini so‘rabdi. Kampir:
— Ey podshohim, sizning qirqta qizingiz bor ekan. Shu qizlaringizga sovchilikka keldim, — debdi. Podshoh:
— Haqiqatan, mening qirqta qizim bor. Ularning hammasini tug‘ishgan qirqta yigitga beraman, — debdi. Kampir ham o‘z podshohining qirqta o‘g‘li borligini aytibdi. Podshoh:
— Men qizlarimni berishga roziman, lekin bir shartim bor: podshohingiz o‘z mamlakatidan mening mamlakatimgacha bo‘lgan olti oylik yo‘lga ariq qazdirib, o‘z suvini mening suvimga qo‘shsin, — debdi.
Maston kampir o‘z mamlakatiga qaytib podshohga:
— Ey, podshohi olam, shu olti oylik yo‘lga ariq qazib, o‘z suvingizni ul podshoh suvlariga qo‘shsangiz, qizlarini berar ekan, — debdi.
Podshoh bu shartga rozi bo‘libdi.
Podshoh shahardagi hamma fuqarolarni yig‘dirib, ariq kovlata boshlabdi. Xalq bir oyda uch-to‘rt toshlik yo‘lgacha ariq kovlabdi. Podshohning o‘g‘illari ariqni tezroq kovlatish uchun navbat bilan mehnat qilayotgan odamlar ustidan xo‘jayinlik qilib turishibdi. Bir qancha odamlar uylaridan, bola-chaqalaridan ajralib, podshohning zulmiga chiday olmay, bu ishdan norozi bo‘la boshlashibdi. Bir kun odamlarning: “Podshohning o‘g‘illari xotin olmay ketsin, hammamizni uy-joyimizdan, bola-chaqamizdan judo qildi”, deb gaplashganlarini podshohning kichik o‘g‘li eshitib, ariq kovlayotgan odamlarning hammasiga javob berib yuboribdi. Akalari buni ko‘rib, “Bizni xotinsiz qoldirding” deb bir mushtdan urib ketibdi. Kichik ukasi yig‘lab-yig‘lab ariq yonida yotib, uxlab qolibdi. Sahar vaqti bir chol kelib, bolani uyg‘otib:
— Ha, o‘g‘lim, nima uchun bu yerda yotibsan? —debdi. Bola bo‘lgan voqeani cholga gapirib beribdi. Chol:
— O‘g‘lim, xafa bo‘lma, bu ariqni kovlash qiyin emas. Lekin senga bir nasihatim bor, shuni bajarasan. Kovlagan arig‘ingizning bir tomoni yoz, bir tomoni qish bo‘ladi. Akalaring to‘yga borganda sen o‘zing bormay, pichog‘ingni berib yuborgin. Akalaring kelinlarni olib yo‘lning yarmiga kelganda yomg‘ir yog‘adi, yomg‘irdan keyin qor yog‘adi, qordan keyin tosh yog‘adi.
Shu vaqtda bir oq uy ko‘rinadi. Zinhor-bazinhor shu oq uyga kirishmasin. Тez orada havo ochilib ketadi. Otangga shu gaplarni tayinla, — debdi-da, tayog‘ini ot qilib minib, “Ko‘zingni yum” debdi. Bir pasdan keyin “och!” debdi. Bola ko‘zini yumib ochsa, shu olti oylik yo‘lga ariq kovlanib, ikki podshohning suvi bir-biriga qo‘shilibdi. Chol bolaga yana” ko‘zingni yum!” debdi. Bola ko‘zini yumibdi. “Ko‘zingni och!” debdi. Bola ko‘zini ochib qarasa, o‘zini yig‘lab yotib qolgan ariq bo‘yida ko‘ribdi. Chol g‘oyib bo‘libdi. Bola yana ariq bo‘yida avvalgiday qilib yotibdi. Ertasi akalari ariq boshiga kelib qarashsa, suv oqib yotibdi, suvning boshi ko‘rinmaydi. Akalari bolani uyg‘otib otalari oldiga olib borishibdi. Bola otasiga:
— Ariqni men kovlab, ikki suvni bir-biriga qo‘shdim, — debdi.
Podshoh o‘g‘lidan xursand bo‘lib, kelinlarni olib kelishga tayyorgarlik ko‘rib, bir qancha askarlari bilan jo‘nabdi. Bir necha oy yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, suvsiz sahro cho‘l yurib, qizlar yashaydigan mamlakatga yetib borishibdi. Podshoh bularning kelayotganini eshitib, yo‘llariga poyandozlar tashlab kutib olish uchun bir qancha askarlari bilan peshvoz chiqibdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, bir kam qirq yigitga qizlarini nikoh qilibdi. Kichkina kelinni esa pichoqqa nikoh qilishibdi. Yigitlar bir qancha askarlar bilan kelinlarni olib yo‘lga tushibdilar. Bir necha kun yo‘l yurib, yo‘lning yarmiga kelganda yomg‘ir yog‘a boshlabdi. Yomg‘irdan keyin qor yog‘a boshlabdi, qordan keyin tosh yog‘a boshlabdi. Shu payt oq ravot ko‘rinibdi. Podshohning katta o‘g‘illari shu ravotga kirishga ijozat so‘rabdi. Podshoh: “Ukangizning nasihati bor, kirmangiz” deb ravotga kirishga rozilik bermabdi. Akalari otasini koyib: “Siz bitta o‘g‘lingiz deb bizlarni o‘ldirasizmi”, deb quloq solmasdan qo‘rg‘onga kirishibdi. Podshoh ham noiloj orqalaridan kiribdi. Bular hammasi qo‘rg‘onga kirishi bilan havo charaqlab ochilib ketibdi. Qo‘rg‘onning to‘rt burchagidagi to‘rt quduqdan suv otilib chiqib, pastga tushib turibdi, qozonlarda palovlar pishgan, dasturxonlar yozilgan, shirin sharbatlar, turli taomlar qo‘yilgan, ko‘rpachalar solingan. Otlar uchun har biriga yakka mixlar qoqilgan, oxurlarga yemlar solingan. Lekin hech kim yo‘q ekan. Ravotga kirgan odamlarning hammasi taomlardan yeb, bu oqshom shu joyda yotibdilar. Ertalab turib, yo‘lga tayyorlanib darvozadan chiqayotganlarida bir ajdarho kelib darvozaning og‘zini to‘sibdi. Тilga kirib:
— Qani, buning haqini berib ketinglar! — debdi. Podshoh:
— Pul kerakmi, dunyo kerakmi, ot kerakmi? Ol! —debdi. Ajdarho:
— Menga pul ham, dunyo ham kerak emas, kichik o‘g‘lingni bersang bo‘ladi, boshqa hech narsa olmayman, — debdi. Podshoh xafa bo‘libdi.
Lekin katta o‘g‘illari otalariga:
— Mayli, beraman deb ayting, yo‘l uzoq, borib ololmaydi, — deb podshohni ko‘ndirishibdi. Podshoh kichik o‘g‘lini ajdarhoga berishga rozi bo‘lib jo‘nab ketishibdi.
O‘n kun yo‘l yurganlaridan keyin uzoqdan bir narsaning uchib ketayotganini ko‘rishibdi. Uchib ketayotgan narsa tez vaqt ichida yaqinlashibdi. Qarasalar, kichik ukasini ajdarho domiga tortayotgan ekan. Bola podshoh yoniga yaqinlashganda “Ota, olib kelayotgan keliningizni kimga bersangiz bering” deb o‘tib ketibdi-da, ravotning oldida turgan ajdarhoning oldiga boribdi. Ajdarho bola kelishi bilan bolaning beliga ikki marta aylanib betini betiga qo‘yib:
— Bir kunlik umringdan kechasanmi, qirq kunlik umringdan kechasanmi? — debdi. Bola o‘ylab turib:
— Qirq kunlik umrimdan kechaman, — debdi.
— Bo‘lmasa, falon mamlakatda bir podshohning qizi bor. Shu qizni qirq kun ichida menga keltirib berasan, keltirmasang o‘zingni yeyman, — debdi.
Bola ajdarhodan qirq kunlik javobni olib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Bir necha kun yo‘l yurib bir joyga kelsa, yo‘lda juda ko‘p chumolilar yurgan emish. Bola ularni bosib o‘ta olmay, kechgacha chumolilarning o‘tib bo‘lishini kutib o‘tiribdi. Kechqurun chumolilar o‘tib bo‘lgandan keyin oxirida chumolilarning podshohi bolaning oldiga kelib:
— Ha, yigit, nima uchun bu yerda o‘tiribsiz?— deb so‘rabdi.
— Men chumolilarni bosmay deb ularning o‘tib ketishini kutib o‘tiribman, — debdi bola. Chumoli:
— Senga rahmat, mabodo biz ham bir kuningga yararmiz, — debdi-da, bolaga bir hovuch somon beribdi. Bola somonni olib, yana bir necha kun yo‘l yurgandan keyin ikkita sherning olishayotgani ustiga borib qolibdi. Qarasa, sherlar bir quyonni ushlab olib, qanday qilib bo‘lib yeyishni bilmasdan olishayotgan ekan. Bola sherlardan quyonni so‘rab olib, quyonni yonidagi pichog‘i bilan ikki bo‘lib beribdi.
Sherlar:
— Rahmat, odamzod o‘g‘li, shu quyonni bo‘lib yeya olmasdan uch kundan beri ovora edik, — deb boladan xursand bo‘lib:
— Mana ol, bir kuningga yararmiz, — deb ustlaridagi yunglaridan uzib beribdilar. Bola yana yurib-yurib, kechqurun bir qishloqqa boribdi. Kechasi yotish uchun bir kampirdan joy so‘rabdi. Kampir joy berib:
— Ha, o‘g‘lim, qayerdan kelayotibsan, nima ish qilib yuribsan? — debdi. Bola oldin nimaga kelganini kampirga aytmabdi. Kampir qistagandan keyin podshoh qizini olishga kelganini aytibdi. Kampir xafa bo‘lib:
— O‘g‘lim, bu ishni qo‘y. Juda og‘ir ish, buni bajarish juda qiyin. Yosh yigit ekansan, bekorga o‘lib ketasan. Bir necha qiyin shartlari bor, ularni bajara olmaysan. Mana, qara, yettita yakka mixda yetti ot turibdi. Mana shu yetti otni yetti o‘g‘lim minib yurar edi.
O‘g‘illarim shu podshohning qizini olamiz deb podshohning shartlarini bajara olmasdan, birin-ketin o‘lib ketishdi. Bir o‘zim shu hovlida qoldim. Qo‘y, o‘g‘lim, podshohning qizidan boshqa qizlar ko‘p. Shulardan biriga seni uylantiraman, seni o‘zimga o‘g‘il qilib olaman, — debdi.
Bola kampirga:
— Hay ona, nima bo‘lsa ham men shu podshoh qizining shartlarini bajarishga bel bog‘laganman, shu shartlarni bajarishga majburman, — debdi.
Ertalab, kampirning yig‘lab-yalinishiga qaramay, podshoh dargohiga borib, dovulini chalibdi. Podshohning odamlari kelib, bolani shoh oldiga olib boribdilar.
Podshoh boladan:
— Sen mening qizimni olishga kelgan bo‘lsang, uchta shartim bor.
Shu shartlarni bajara olmasang, kallangni olaman. Qo‘y, urinma, yo‘lingdan qolmay ketaver, — debdi. Bola podshohga:
— Shartingizni ayting, bajaraman, — debdi. Podshoh:
— Uchta shartdan biri — qirq qop tariqni yerga septirib beraman, bittalab terib berasan; ikkinchi shartim — otamdan qolgan ikkita bo‘rdoqi ho‘kizim bor. Shularning go‘shtini ertalabgacha yeb, suyagini keltirib berasan; uchinchi shartim — darvozaga yaqin joyda otamdan qolgan to‘rt pudlik ko‘za yerga ko‘milgan, og‘zi ochiq, ichida hech narsa yo‘q. Shuning oldidan o‘tib, qaytguninggacha ichida tilla qaynab tursin. Mana shu shartlarimni bajarsang, qizimni beraman, — debdi.
Birinchi shartni bajarish uchun qirq tuyaga qirq qop tariqni orttirib yuborib bir xavar1 yerga septiribdi. Xizmatchilar bolani qoldirib, o‘zlari qaytibdi. Bola shuncha tariqni qanday terib tamomlash ilojini topa olmay, o‘ylay-o‘ylay qo‘li bilan tera boshlabdi. Peshingacha yonkap 2 tariq teribdi. Peshin vaqtida, bir joyga o‘tirib, yana o‘ylay boshlabdi. Birdan chumolilar bergan somon esiga tushib qolibdi. Yonidagi chaqmog‘ini olib chaqib somonni tutatibdi. Somonning tutuni chumolilarning burniga kirib, hamma chumolilar yig‘ilib bolaning oldiga kelib:
— Nima xizmat, buyuring, — debdi.
— Ey jonivorlar, mening boshimga mushkul ish tushdi. Mana shu xavarga sepilgan qirq qop tariqni terib beringlar, — debdi.
Bola qopning og‘zini ochib turibdi, chumolilar tariqni terib qopga sola boshlabdi. Kechgacha qirq qopga tariqni to‘lg‘azib, chumolilar o‘z joylariga ketishibdi. Bola qirq qop tariqni tuyalarga ortib, podshoh o‘rdasiga olib kelibdi. Bolaning bu ishidan hamma xursand bo‘libdi. Ikkinchi kuni, ikkinchi shartni bajarish uchun podshoh otasidan qolgan ikkita novvosni chiqarib:
— Mana shu novvoslarning go‘shtini ertagacha yeb, suyaklarini qopga solib keltirib ber! — debdi.
Bola ho‘kizlarni yetaklab, bir joyga olib borib bog‘lab qo‘yibdi. Kechasi ho‘kizlar yoniga kelib qanday yeb tamomlashni bilmay xafa bo‘lib, o‘ylab o‘tirib sherlarni eslabdi. Sherlarning yungini tutatibdi. Sherlar “Labbay, xizmatingga tayyormiz” deb bolaning oldiga yetib kelishibdi. Тong otguncha ikki sher ikki ho‘kizning go‘shtini tamomlabdi. Bola suyaklarni qopga to‘ldirib saharda podshoh o‘rdasiga kelib: “Qornim ochib ketdi, qani yana yeyishga biror narsa bormi?” deb chaqiribdi. Xizmatkorlar bolani podshoh oldiga olib kiribdi. Bola suyaklarni podshoh oldiga qo‘yibdi. Odamlar buni ko‘rib “Bu devmi yoki boshqa biror narsami” deb hayron qolishibdi.
Podshohning buyrug‘i bilan bolaga bir tog‘ora qatiq bilan sakkizta non keltirib beribdilar. Bolaning haqiqatan qorni och ekan, ana-mana deguncha bir tog‘ora qatiq bilan sakkizta nonni yeb qo‘yibdi. Podshoh bolaga uchinchi shartni buyuribdi. Malika esa, bu yigitning ikkita shartni bajarganidan juda xursand bo‘lib, yo‘liga chiqib turibdi. Yigit podshohning uchinchi shartini qanday bajarishni bilmay, xafa bo‘lib, o‘ylanib chiqib kelayotsa, podshohning qizi uchrabdi. Qiz qo‘lidagi gavhar uzukni yigitga berib:
— Ey yigit, mana shu uzukni darvoza yonidagi ko‘zaning oldidan o‘tayotganingizda uning ichiga tashlang, lekin orqaga qaramay, ketavering. Siz qaytib kelguningizcha tilla qaynab chiqaveradi, — debdi. Yigit uzukni olib ketibdi. Ko‘za yoniga borib uzukni tashlab, qiz aytgancha orqasiga qayrilib qaramasdan darvozadan chiqib ketibdi. Podshohning xizmatchilari ko‘zadan oltin qaynab chiqqanini ko‘rib, yigitning orqasidan borib uni bardor-bardor qilib ko‘tarib, podshoh oldiga olib kelishibdi. Xizmatkorlar podshohga:
— Podshohi olam, qizingiz ana shu yigitniki, — deyishibdi.
Podshoh butun shahar xalqini yig‘ib, to‘y-u tomoshalar qilib, qizini yigitga nikohlab beribdi. Ajdarhoga bergan va’dasi to‘lishiga bir kun qolganda, yigit bir oh tortibdi. Qiz yigitga:
— Ey yigit, nega bunchalik qattiq oh tortasiz? — debdi. Yigit ajdarhoga bergan va’dasini qizga aytmasdan:
— Ota-onam esimga tushdi, — debdi. Erta bilan, tong otgandan keyin yigit qizga:
— Meni desang birga ketasan, bo‘lmasa ixtiyoring, — debdi. Qiz ham ketishga rozi bo‘libdi. Ikkovi podshohdan javob olib, yo‘lga tushishibdi. Bir qancha yo‘l yurgandan keyin, yigitning juda holi tang bo‘lib, rangi qop-qora bo‘lib ketaveribdi. Qiz yigitning holini ko‘rib:
— Nimaga bunchalik qattiq pakar1 bo‘lib ketyapsiz? — debdi.
Shunda yigit chidamay, o‘zlarining ajdarho oldiga ketayotganlarini aytibdi:
— Тez yetib bormasak, ajdarho ikkovimizni ham yeb qo‘yadi, — debdi. Qiz yigitdan juda xafa bo‘lib:
— Ey yigit, nega shu vaqtgacha bu gaplarni menga aytmadingiz, uning iloji qo‘limizda edi, hali ham kech emas. Endi siz chopib borib otamning kichik hujrasini ochasiz, hujraning ichida bir sandiq bor, sandiqning ichida bir kaptar bor. Shu kaptarning kallasini kesasiz. Тomog‘idan bir qurt chiqadi, qurtni o‘ldirasiz. Ana shundagina ajdarho o‘ladi, bo‘lmasa ikkimizni ham yeydi, — debdi.
Shu gapni aytib bo‘lishi bilan ajdarho qizni domiga torta boshlabdi. Yigit esa kuchining boricha podshoh o‘rdasi tomon chopibdi. O‘rdadan hujraning kalitini topib, hujraning qulfini ochibdi. Hujraning ichiga kirib, tokchada turgan sandiqni ochib, kaptarni ushlay deganda, kaptar uchib ketibdi, yigit darrov hujraning eshigini bekitib qo‘yib, kaptarni zo‘rg‘a ushlab olib, kallasini kesibdi, tomog‘idan qurtni olib o‘ldiribdi. Hujradan chiqib o‘rdada turgan otga minib qiz yoniga ketibdi. Yo‘lda kelayotib “Qizga nima bo‘ldi ekan, ajdarho yutdimi, o‘likmi, tirikmi” deb o‘ylab, xafa bo‘lib qiz oldiga kelib qarasa, qiz bilan ajdarhoning orasi uch qadam qolganda ajdarho o‘libdi. Qiz esa hushidan ketib qolibdi. Yigit yugurib kelib qizni ko‘tarib olib o‘tirsa ham hushiga kelmagandan keyin ko‘zidan yosh oqib qizning yuziga tomishi bilan, qiz ko‘zini ochib, yigitni ko‘rib xursand bo‘libdi. Yigit:
— Ajdarho o‘libdi, jonimiz foydaga qoldi, ajdarhodan qutuldik, ajdarhoning makoni bizga kerak emas, o‘z yurtimizga ketamiz, — debdi.
Bir necha kun yo‘l yurib, otasining mamlakatiga kelibdi. Podshoh o‘g‘lining kelayotganini eshitib xursand bo‘lib, kutib olibdi. Qayta boshdan qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y berib murod-maqsadiga yetibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.