background
logotype

Qozining makri

Bir podsho bor ekan. Odamlar orasida xasislik bilan nom chiqargan ekan. Uning bir o‘g‘li bor ekan. U otasiga qaraganda birmuncha saxovatli ekan. Bir kun shahzoda bir bechora odamga ozroq oltin hadya qilibdi. Buni podsho bilib qolib, o‘g‘lini tergabdi:
— E, o‘g‘lim, xalqdan pul yig‘ish o‘rniga pul berasanmi? Bunday qila bersang dunyo qayerdan to‘planadi? Sen odamlardan pul yig‘ishni o‘rgan, — debdi. Shahzoda otasining bu so‘zini ma’qul, deb podsho huzuridan chiqibdi. Keyin odamlarning hojatini chiqarib yura beribdi. Podsho bir kun o‘g‘lini yoniga chaqirib:
— E, o‘g‘lim, nega sen mening maslahatimni quloqqa olmading? — debdi.
O‘g‘li:
— Otajon, gapingizni jon-dilim bilan quloqqa olaman-ku, lekin muhtoj odamlar uchragandan keyin rahmim keladi, — deb javob beribdi.
Podsho:
— Sen mening maslahatimni qulog‘ingga olmasang, senday o‘g‘il menga kerak emas, — deb o‘g‘lini shahardan haydab yuboribdi, yigit bechora qayerga borishini bilmay, tog‘ma-tog‘, cho‘lma-cho‘l yurib, bir shaharga kelibdi. Ertadan kechgacha yurib och qolibdi. Ovqat yeyay desa puli yo‘q ekan. Mardikorlik ham qilolmay, gadoychilik qilishga majbur bo‘libdi. Ko‘chama-ko‘cha aylanib qaysi eshikka borsa, tilanchilik qilolmay, gadoylarga xos bo‘lgan so‘zlarni aytolmay qaytar ekan.
Shom yaqinlashibdi. “Тavakkal” deb bir darvozani taqillatibdi.
Eshikning orqasidan bir qizning: “Kimsiz?” degan tovushi kelibdi.
Yigit: “Men” deb javob beribdi. Qiz eshikni ochib qarabdi. Yigit qizni ko‘rib o‘zidan ketib qolibdi. Yigit bir zamon o‘ziga kelib qarasa, vayronada yotgan emish, belida yangi belbog‘ emish. Uni yechib qarasa, uch-to‘rtta non, uch-to‘rtta tilla bor emish. Buni ko‘rib hayron bo‘libdi. Non bilan tillani o‘sha qiz bergan bo‘lsa kerak, deb o‘ylabdi. Bu vayrona qizning uyiga yaqin bo‘lgani uchun yana qizni ko‘rib qolarman, deb ketmasdan yota beribdi.
Yarim kechada shahar qozisi mehmondorchilikdan qaytib kelayotganda qulog‘iga bir ovoz eshitilibdi. Qozi bu yerda nima bor ekan, odam desam odamga o‘xshamaydi, bu yerdan o‘tishim qiyinga o‘xshab qoldi, deb hayron bo‘libdi. Qo‘rqib sekin-sekin oldinga qarab qadam bosibdi. Keyin duo o‘qib, yana dadillik bilan qadamini tezlatibdi. Qozi ko‘chaning chetida bir qora narsani ko‘rib, esi chiqib ketibdi. Kayfi uchib ketganidan o‘qib turgan duolari ham yodidan chiqib qolibdi. Тong g‘ira-shira yorishgach, atrofga qarasa, hech narsa ko‘rinmabdi. So‘ngra bir amallab uyiga yetib olibdi. Uyida o‘tirganida ham haligi maydonda eshitgan ovoz qulog‘ida jaranglar emish. Haqiqatni bilmoqchi bo‘lib, bir xizmatkori bilan vayrona bo‘lib yotgan maydonga borib qarasa, unda sochlari o‘sgan, devonasifat bir yigit o‘tirgan emish. Qozi yigitdan:
— Bolam, qayerliksan, bu yerda nima qilib o‘tiribsan? —deb so‘rabdi. Yigit uni eshik ochgan qizning otasi deb gumon qilib odob bilan:
— Men musofirman, bu shaharda hech kimim yo‘q, shu yerda yotibman, — debdi. Qozi:
— Bo‘lmasa, menga xizmatkor bo‘lib yurasanmi, ovqating ham bemalol bo‘ladi, vaqti kelsa uylantirib ham qo‘yaman, — debdi.
Yigitning es-hushi eshik ochgan qizda ekan-u: “Uylantirib qo‘ymasang ham o‘sha qiz sening qizing bo‘lsa, uzoqdan ko‘rib yursam mayli” deb, qoziga:
— Xo‘p, sizga xizmatkor bo‘lsam yaxshi bo‘ladi, — debdi. Qozining uyida yurib, kunduzi ishlasa, kechasi uxlamay tong ottirib chiqibdi.
Qozi: “Bu yigitda qanday sir bor ekan”, deb o‘ylabdi. Yigitdan:
— O‘g‘lim, nega kechasi uxlamay tong otguncha yurib chiqasan? — deb so‘rabdi.
Yigit gadoylik qilib yurganda eshik ochgan bir qizga oshiq bo‘lib qolganini, o‘shaning xayolida uxlay olmasligini aytib beribdi. Qozi yigitga:
— O‘g‘lim, hech tashvish tortma. Men bir hiyla bilan senga qizni olib beraman, o‘n kun sabr qil, — debdi. O‘n kun o‘tibdi. Qozi yigitni bir uyga olib kirib, yangi tikilgan sarpolarni kiygizib bo‘lgach, yigitga aytibdi:
— O‘g‘lim, endi tayyorlab qo‘yilgan otni min, mana bu xatni qo‘lingga ol. Bu xat podsho nomidan sen sevgan qizning otasiga yozilgan.
Podsho boshqa shaharda turadi. Hozir seni shahar darvozasidan chiqarib qo‘yaman. Men bugun qizning otasinikida bo‘laman. Sen shoshilib otni yugurtirib kelasan. Meni tanimagan kishi bo‘lib, xatni qo‘limga berasan, u yog‘ini o‘zim bilaman, — debdi.
Qozi yigitni shahar darvozasidan chiqarib qo‘yibdi. Yigit peshin paytida shaharga kirib, dastlabki kelgan kunlarida gadoylik qilib borib, behush bo‘lib yiqilgan eshikni taqillatibdi. Qizning otasi yigitning savlatini ko‘rib, kayfi uchib ketibdi, darrov uni uyiga olib kiribdi. Qozi yigitni ko‘rishi bilanoq:
— Ey, keling, shahzoda, qayerdan shamol uchirdi? — deb yigitni yoniga o‘tqizibdi. Yigit qozining qo‘liga xatni beribdi. Qozi xatni o‘qib:
— Qulluq, shahzoda, qulluq, — debdi, xatni qizning otasiga uzatibdi. Qizning otasi xatni hurmat bilan olib o‘qibdi. Darrov shaharga osh berib, to‘y-tomosha qilibdi, qizni yigitga nikoh qilib beribdi. Yigit qizning yoniga kirish oldida qozi unga:
— Siz mehmonxonada o‘tirib turing, men uyga borib, sizga yaxshi sarpolar olib kelaman, ularni kiyganingizdan keyin, o‘zim fotiha beraman, — deb chiqib ketibdi.
Yigit qozining qilgan ishiga hayron qolib: “Dunyoda bunday yaxshi odamlar bor ekan, qozining bu yaxshiligini sira esdan chiqarmayman, o‘la-o‘lgunimcha xizmatini qilaman”, deb, uni kutib o‘tiribdi. Yarim kechada qozi bir bo‘xcha sarpo olib kelib:
— Mana bu dam solingan sarpolarni kiyib qizning oldiga kiring, — debdi. Yigit shoshib-pishib ustidagi yaxshi kiyimlarini yechib qoziga beribdi. Qozi: “Qo‘sha qaringlar!” deb kiyimlarni olib chiqib jo‘nabdi. Yigit sarponi kiyay deb bo‘xchani ochib qarasa, o‘zining dalvay-dalvay bo‘lib ketgan kiyimlari emish.
Yigit badanidan muzdek ter chiqib, mazasi qochibdi. “Nahotki, qozi menga shunday yomonlik qilsa, men qoziga nima qilgan edim”, deb noiloj o‘z kiyimlarini kiyib olibdi.
Qiz uyiga non tilab kelgan gadoy yigitni ko‘rib, hayron qolibdi.
— Siz bu yerga qanday qilib kirdingiz? — deb so‘rabdi. Yigit qizga boshidan o‘tganlarni, qozining qilgan ishlarini so‘zlab beribdi.
Qiz ham yigitni birinchi ko‘rgandayoq yaxshi ko‘rib qolganini aytib, uning kelganiga suyunibdi.
— Parvo qilmang, men sizni qanday qilib topsam ekan? — deb o‘ylab yurgan edim, baxtimga o‘zingiz yetib keldingiz, — debdi. Darrov yigitga yaxshi kiyimlar kiygizibdi. Ikkisi xursand bo‘lib so‘zlashib o‘tirishibdi. Qiz bu sirni hech kimga bildirmabdi. Qizning otasi ham kuyovni juda hurmat qilibdi.
Kunlardan bir kun qiz yigitga aytibdi: “Men qozini bir laqillatib, kulgi qilib kelay, boshqa odamlar gaplashib kulishib yurar” debdi.
Qiz juda yasanib, pardoz-andoz qilib, paranjisini qiyshiq yopinib, qozining uyiga boribdi. Qozi mehmonxonada o‘tirgan ekan. Kavushini g‘irchillatib, uning oldidan ichkari hovliga o‘tib ketibdi. Qozi: “Yopiray, buning yurishi shunday bo‘lsa, o‘zi qanday ekan?” deb o‘ylabdi. Shunda qiz ichkaridan qaytib chiqib:
— Assalomu alaykum, qozi pochcha! Men yanglishib ichkari hovliga o‘tib ketibman, —debdi. Qozi shoshilib, hovliqib:
— Vaalaykum assalom, menda nima ishingiz bor, qizim. Qani, beriroq keling, — deb chaqiribdi.
— Qozi pochcha, mening sizga arz-dodim bor edi, — debdi qiz.
— Ayting, bolam, ayta bering, — debdi qozi.
— Men usta Oloviddin yog‘chining qizlari bo‘laman. Otam bilan onam meni juda yaxshi ko‘rishadi. Shuning uchun menga ko‘p yerdan sovchi kelsa, onam yoki otam: “Qizimning boshi kal, ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar, oyog‘i shol, qo‘li tutmaydi, ishi bitmaydi”, deb meni erga bermaydilar. Sovchi: “Bunday qiz bizga kerak emas”, deb qaytib ketadi. Onam menga hazillashib: “Qizim, seni boshimga yostiq qilaman”, deydilar. Sirtimdan kulsam ham ichimda kuyaman, amakimning bir kal o‘g‘li bor, o‘zi yalqov, irkit, bilishimcha, meni shunga berishmoqchiga o‘xshaydi. Shuning uchun sizga arzga keldim, — debdi.
— Yoshingiz nechada, qizim? —deb so‘rabdi qozi.
— Yoshim o‘n sakkizda, qozi pochcha.
— Bay, bay, bay, men o‘zim otangiz bilan gaplashaman, — debdi qozi.
Qiz:
— Gaplashsangiz gaplashing, taqsir, siz guvoh bo‘ling, mana ko‘zim, yuzim, qo‘limni ko‘ring, — deb chachvonini ko‘tarib, yuzini qoziga ko‘rsatibdi.
Qozi qizning oppoq qo‘llarini, oydek yuzlarini ko‘rib, og‘zi ochilib qolibdi, shoshilib, titrab, qaqshab:
— Qizim, sizning otangiz bilan gaplashmasam bo‘lmaydi, albatta gaplashaman, lekin mening ham sizga bir arzim bor, qabul qilsangiz, — debdi.
— Qanday arzingiz bor? — deb so‘rabdi qiz. Qozi aytibdi:
— Men sizning xizmatingizda bo‘lsam, qabul qilsangiz.
— Qabul qilaman, lekin uchta shartim bor, — debdi qiz: — birinchi shartim, xotiningizni qo‘yasiz, men kundoshlikni yomon ko‘raman, ikkinchidan, uy-joylaringizni hozirgi xotiningizga xat qilib berasiz, uchinchidan, menga atab yaxshi hovli olasiz.
Qozi qizning qo‘ygan shartlarini bajarishga rozi bo‘lib, qasam ichibdi. Qiz, “Xayr” deb eshikka chiqib ketaturib to‘xtabdi, qayrilib qoziga:
— Тag‘in otamning gapiga uchib, aynib qolmang, — deb kulib qo‘yibdi. Qozi:
— Agar yer yuzining odami guvohlikka o‘tsa ham ishonmayman, hamma aytganlaringizni qilaman, — debdi.
Qozi ichkariga kirishi bilan xotini tagiga ko‘rpacha solish uchun o‘rnidan turibdi. Qozi:
— Xotin, xotin, seni qo‘ydim, — debdi. Xotini:
— Voy o‘lay, u nima deganingiz? — debdi.
O‘g‘li ham:
— Ota, sizga nima bo‘ldi? — debdi. Qozi:
— Onangni qo‘ydim, sen ham uqib ol! — debdi.
Shu paytda uydan chiqib ketib, ikkita domlani boshlab kiribdi. Xotinini qo‘ygani haqida taloq xatni yozdiribdi. Hovli-joyini xotiniga xat qilib beribdi. Ikkita odam yuborib, usta Oloviddin yog‘chini olib keltiribdi. Usta Oloviddin, “Qozi meni nimaga chaqirdi ekan, qarzga bergan pulini qistasa kerak”, deb qo‘rqib, xayol surib kelibdi. Qozi uni juda izzat qilib, qalin og‘aynidek kutib olibdi. Oldiga turli mevalar, taomlar qo‘yibdi. Dasturxondan keyin qozi sekin so‘z boshlabdi.
— Usta, mening sizga bir arzim bor, — debdi,
Usta: “Qozi bergan qarzini so‘rab qoladimi?” deb xavotirlanib:
— Тaqsir, — debdi, — nima arzingiz bo‘lsa bajon-u dil qabul qilaman.
Qozi:
— Meni kuyovlikka qabul qilsangiz, — debdi. Usta hayron qolib:
— Тaqsir, meni mazax qilayotibsizmi? Mening qizimni birov maqtagandir. Bunday gapni menga gapirmang. Qizimning boshi kal, oyog‘i shol, ko‘zi ko‘r, qo‘li tutmaydi, ishi bitmaydi, bir dardi bedavo, xudoning maxluqi, — debdi.
Qozining jahli chiqib: “Nima bo‘lsa ham olaman, qizingni bersang berding, bo‘lmasa, pulimni ijarasi bilan berasan”, — debdi. Usta rozi bo‘lib:
— Тaqsir, keyin mendan xafa bo‘lmaysiz, — debdi. Qozi juda xursand bo‘lib:
— Ish degan bunday bo‘ladi, mana bu to‘y pulingiz, — debdi. Ustaga besh yuz tilla pul beribdi. Usta qozidan bergan pulini qaytib olmaslik uchun so‘z olibdi. Usta uyiga borib:
— Xotin-xotin, qizimizning taxti bo‘lmasa ham baxti bor ekan. Qozi bizga kuyov bo‘ldi, mana bu qalin puli, — debdi. Besh yuz tillani xotiniga ko‘rsatib, bo‘lgan voqeani xotiniga aytib beribdi.
Bir necha kundan keyin qozi yurtga osh berib, to‘y qilibdi. Nikoh kechasi qizni ikki kishi zambilda olib kirib qozining ro‘parasiga qo‘yibdi. Qozi nima ekanini bilmay hayron bo‘lib tursa, zambilda bir narsa qimirlabdi. Qozi o‘rnidan turib: “Bu nima ekan”, deb ochib qarasa, bir majruh qiz yotgan emish, qosh-ko‘zi ham bilinmas emish. Qozining kayfi uchib, uydan qochib chiqibdi, ustani chaqirib keltiribdi. “Qizingni olib ket!” debdi. Usta:
— Ha, xushtorlik shundaqami? Men butun aybini aytib berganman. Endi nima qilsangiz qilavering! —debdi. Qozi yalinib-yolvoribdi, olib ketishini so‘rab yana besh yuz tilla berib, qizni uyidan jo‘natibdi. Bu xabar butun shaharga tarqalibdi. Bu voqeani uddaburon qizning otasi eshitib, uyiga kelib hikoya qilib beribdi.
— Qozini bir qiz aldabdi-ya, xo‘p qiziq bo‘libdi, — deb so‘zini tugatibdi u. Qiz otasiga:
— Qozining bizda xusumati bor edimi, ota? —deb so‘rabdi.
Otasi:
— Seni bir so‘ratganda bermagan edim, shundan beri menga yomon ko‘z bilan qarab kelar edi. Ajab bo‘ldi, yurt ichida ikki pullik obro‘si qolmadi, — debdi.
Qiz bu yigitning musofirligi, bu shaharga kelishining sababi, ikkovi bir-birini sevib qolganligi, qozining qilgan makr-u hiylasi, qozining qilmishiga qarshi o‘zining qilgan ishlarini otasiga gapirib beribdi. Otasi:
— Mayli, bolam, seni bersak shunday yigitga berar edik-da, qo‘sha qaringlar, — debdi.
Yigit qiz bilan murod-maqsadiga yetibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.