background
logotype

Xasis boy bilan Abdurahmon o‘g‘ri

Bir zamonda bir xasis boy o‘tgan ekan. Uning ming tilla puli bor ekan. Bu pulini bitta bo‘z xaltaga solib, og‘zini mahkam tugib, hech kimga ishonmay, iрidan bo‘yniga osib, qo‘ltig‘iga tushirib olar, kechasi yotganida mahkam quchoqlab yotar ekan. Erta bilan turganida, mabodo kechasi uxlab yotganimda xotinim ochib birortasini olib qo‘ymadimikan deb, xaltani ochib, tillalarini sanab, yana bog‘lab qo‘yarkan. Boy biror joyga ketsa, tillalarni xotinining ko‘z oldida sanab sandiqqa solib qulflab, kalitini xotiniga berib ketar ekan. Hatto bozorga biror narsa olishga borsa o‘g‘riga oldirib qo‘ymayin deb, cho‘ntagiga pul solib bormas ekan. Xotiniga, agar menga pul kerak bo‘lsa, odam yuborsam, mana bu bo‘z chorsini berib yuboraman, sen shunda tillani berib yuborasan deb tayinlar ekan. Bir kuni boy bozorga boribdi. O‘zi bilan birga Matmusa degan xizmatkorini ham olib boribdi. Boy bozorni aylanib, ko‘p narsalarni ko‘rib, xaridor bo‘libdi. Oxiri bitta ot, bitta mol, qo‘y, guruch, un, sabzi-piyoz xarid qilibdi. Egalariga pul bermabdi, ular ham boyning ketidan ergashib yura beribdi. Ular boydan pullarini qistabdi. Boy:
— Hozir yonimda pul yo‘q. Xizmatchim borib, uydan pul olib keladi, so‘ng pullaringizni olasiz, — debdi. Boy xizmatkoriga:
— Matmusa! — debdi. Xizmatkori:
— Labbay, xo‘jayin, — debdi. Boy Matmusaga belidan bo‘z belbog‘ini yechib uzatibdi va:
— Uyga, kelinbuvingga bor, bo‘z xaltadagi tillani bersin, tezda olib kel! — debdi.
Xasis boy erta bilan Matmusani nonushta qildirmay ergashtirib ketgan, bozorda ham ovqat olib bermagan ekan. Matmusa qorni och, yurgani ham madori yo‘q, belbog‘ni yelkasiga solib, imillab uyga ketayotgan ekan. Shu bozorda Abdurahmon degan o‘g‘ri bor ekan. U bu boyning katta puli bo‘lsa kerak, bir iloj qilib o‘g‘irlab olaman, deb bu ham boyning ketidan ergashib yurgan ekan. Boy Matmusaga haligi gapni aytganini eshitib, uning orqasidan tushibdi. Shu payt bir tomondan qo‘ng‘irog‘ini jangir-jungir qilib, bir qator tuya o‘tib qolibdi. Matmusa angrayib, tuyalarga qarab, hushi ketib turgan ekan, Abdurahmon uning yelkasidagi bo‘z belbog‘ini shilt etib ilib qochibdi. Ikki oyog‘i to‘rt bo‘lib, chopib, boyning uyiga boribdi-da:
— Kelinbuvi, kelinbuvi! — deb boyning xotinini chaqiribdi.
Boyning xotini ichkaridan tovush beribdi. Abdurahmon o‘g‘ri:
— Boy buvam bozordan xarid qildi. Sen kelinbuvingga bor, bo‘z xaltadagi tillani bersin, olib kelgin, deb yubordi, — deb bo‘z chorsini uzatibdi. Xotin tillani olib, bo‘z chorsiga o‘rab beribdi. Abdurahmon o‘g‘ri tillani olib yo‘lga tushibdi. Yo‘lning yarmidan o‘tganda Matmusaga duch kelibdi. Uni o‘tkazib turib, bo‘z chorsini yo‘lga tashlabdi-da:
— Hay, oshna! — deb chaqiribdi. Matmusa orqasiga qayrilib qaragan ekan, Abdurahmon:
— Chorsingiz tushib qolibdi, oling! — debdi. Matmusa, chorsini tushirib qo‘ygan ekanman-da, deb qaytib kelib olib, o‘g‘riga rahmat aytib keta beribdi. O‘g‘ri esa, bozorga bormay to‘ppa-to‘g‘ri uyiga qarab ketibdi.
Matmusa xo‘jayininikiga borib, uning xotinini chaqiribdi. Xotini tovush beribdi:
— Boybuvam kelinbuvingga aytgin, bo‘z xaltadagi tillani bersin, olib kelgin, dedilar. Mana, bo‘z chorsilarini berib yubordilar, — deb bo‘z chorsini uzatibdi. Boyning xotini:
— Boy pulga necha marta odam yuboradi? Hali bittang kelib: “Boybuvam xaltadagi tillani bersin!” deb, tillani olib ketdi-ku, — debdi.
Matmusa bozorga qaytib borib, xasis boyga:
— Xo‘jayin! Mendan ilgari bitta xizmatchingizni yuborgan ekansiz. U tillalarni olib ketgan ekan, men quruq qaytib keldim, — debdi. Bu gapni eshitib, boyning kayfi uchib, ikkala ko‘zi olayib, qinidan chiqay deb, turgan joyida taxtaday qotib qolibdi.
Xasis boyga narsa sotganlar:
— Boybuva! Pulimizni bering! Kech kirib ketyapti. Bozorligimizni olib tezroq uyimizga ketaylik, bizni ko‘p kuttirib qo‘ydingiz, — deyishibdi.
Boy bir vaqt o‘ziga kelib:
— Meni xudo urib qo‘yibdi. Narsalaringizni olmayman. Har kim o‘z narsasini olib keta bersin, — debdi. Odamlar:
— Ey, xasis boy! Yo‘q pulga bizni ahmoq qildingmi! — deb boyni so‘kib-so‘kib, narsalarini olib keta berishibdi.
Boy bu ishni Abdurahmon o‘g‘ridan boshqa hech kim qilmaydi, deb o‘ylabdi. Otini minibdi-yu, uyiga bormay, to‘ppa-to‘g‘ri Abdurahmon o‘g‘rinikiga borib, eshigini taqillatibdi. Abdurahmon o‘g‘ri chiqib qarasa, boy kelibdi:
— Ha, keling, boybuva! Qani otdan tushing, mehmonxonaga kiraylik. Xizmatda bo‘laylik, — debdi. Ichida: “Voy quzg‘un boy-ey! Тillani olganimni sezib kepti-da!” deb o‘ylabdi. Boy otdan tushibdi. Abdurahmon o‘g‘ri otni yetaklab, boyni tashqari hovlisiga boshlab kiribdi.
Otni otxonaga bog‘lab, boyni mehmonxonaga olib kirib o‘tqazibdi. Oldiga dasturxon yozibdi, kechqurun palov qilib olib chiqibdi. Xasis boy o‘g‘riga dardini aytolmabdi. O‘g‘rinikida bir kecha yotibdi. Ertasiga yana ketmabdi. Uch kun o‘tsa ham ketmabdi. Besh kun o‘tsayam ketmabdi. O‘g‘ri: “Bu xasis boy qachon ketar ekan?!” deb o‘ylabdi. Boy qirq kungacha ham ketmabdi. Abdurahmon o‘g‘ri boyning o‘zini va otini boqib, bu ham boyga sir bermay, yomon gapirmay yura beribdi. Oxiri Abdurahmon o‘g‘ri zerikibdi. Boyga:
— Boybuva! Mehmon degan bir kun yotadi, ikki kun yotadi. Ha, boring, o‘n kun yotsin. Sizning kelganingizga qirq kun bo‘ldi. Hali qo‘zg‘alay demaysiz! Yo biror ish bilan kelganingizni aytmaysiz. Menda biror ishingiz bormidi? — debdi.
Boy:
— Sen menga rostini ayt! Bizning uyga borib ming tillani olib kelganmisan, yo‘qmi? Agar olib kelgan bo‘lsang, olib kelganman, degin! Bo‘lmasa: “Xotinim taloq bo‘lsin, olganim yo‘q!” deb qasam ichgin, — debdi. O‘g‘ri mardlik qilibdi. Boydan bu gapni eshitib, xoxolab kulib yuboribdi va:
— Boy ota! Qaydan bildingiz? — deb so‘rabdi. Boy:
— Sendan boshqa usta, uchar o‘g‘ri bormi? Sendan boshqa hech kim olmaydi, — debdi. Shunda o‘g‘ri:
— Rost, boy ota! Тillalaringizni men olib edim. Bir tillasini ishlatdim. Bir kam ming tillasi turibdi, — debdi. Uyiga kirib, bir kam ming tillani bo‘z xaltasi bilan olib chiqib, boyga beribdi.
Boy tillalarni sanab, bo‘z xaltaga solibdi, og‘zini bog‘lab, cho‘ntakka solib, ketmay, yana yota beribdi. Oradan o‘n kun o‘tibdi. Abdurahmon o‘g‘ri boydan:
— Endi nimaga ketmay yotibsiz? — deb so‘rabdi. Xasis boy:
— Bir tillani ber. Bermasang, ketmay yota beraman, — debdi.
O‘g‘ri:
— Sizni otingiz bilan ellik kun boqdim. Bunga bir tilladan ko‘p ketdi. Yegan ovqatingiz, otingizga bergan beda va yemlarim uchun bir tillani olmay keta bering-da! — debdi. Boy:
— Sen meni kim deb o‘ylayapsan o‘zing? Ming tilla pulimni ellik kun ushlab turganingga haq so‘ramayapman-u, ellik kunlik ovqatimga haq so‘raysanmi? Bir tillani olmasdan ketmayman! — debdi. O‘g‘ri xotiniga kirib:
— Bu xasis boy tillasini undirmaguncha ketmayman, deyapti. Men kechasi o‘ldim deb yotib olaman. Sen sahar turib, bolalaringni uyg‘otasan. Sen: “Voy, to‘ram!” deb yig‘laysan. Bolalar: “Voy, otam!” deb yig‘laydi. Shunda boy ketishga majbur bo‘ladi, — debdi.
Kechqurun Abdurahmon o‘g‘ri boshini bog‘lab, boyning oldiga inqillab kirib boribdi va:
— Boybuva! Men allaqanday bo‘lib ketyapman, o‘lib qolmasam koshki edi. Siz xabardor bo‘lib turing. Jonga ishonch yo‘q. Basharti, kechasi bir ish bo‘lib qolsa, go‘r-kafanga bir-ikki tilla qarashasiz-da, — deb uyiga kirib ketibdi.
Saharga borganda, ichkaridan “Voy, to‘ram!”, “Voy, otam!” degan yig‘i tovushi eshitilibdi. Bu yig‘ini eshitib, o‘g‘rining qo‘ni-qo‘shnilari, qarindosh-urug‘i chiqib to‘planibdi. Biri: “Voy, tog‘am!” deb, biri: “Voy, akam!” deb, biri: “Voy, to‘ram!” deb yig‘lay berishibdi.
Abdurahmon o‘g‘ri esa o‘zini o‘likka solib yotib olibdi. Тong otibdi, boy ketmabdi, qo‘liga supurgi bilan paqirni olib, hovliga va ko‘chaga suv sepib, supurib yura beribdi. Abdurahmon o‘g‘rining ta’ziyasiga mahalla-ko‘y to‘planibdi. Shunda xasis boy:
— Biz bu rahmatlik bilan juda qadrdon edik. Bitta non topsak, o‘rtada baham ko‘rib kelganmiz. Mana, mening kelganimga ellik kun bo‘ldi. Ellik kundan beri meni ketkizmaydi. Birimiz o‘lsak, ikkinchimiz o‘z qo‘limiz bilan yuvib, o‘z qo‘limiz bilan lahadga qo‘yaylik, degan shartimiz bor edi. Suvni o‘zim isitaman, o‘zim yuvib, kafanlayman, — debdi.
Odamlar:
— Barakalla! Sizlarning ahdingiz juda qattiq bo‘lgan ekan. Unday bo‘lsa, mayli, yuvg‘uchi aytmaymiz, — deyishibdi. Boy ”o‘lik”ni yuvish uchun yovvoyi jiydaning sertikan novdalaridan kesib olib kelib qo‘yibdi. Qozonni osib, suvni badanni kuydiradigan darajada isitibdi. Odamlar “o‘lik”ni bir xonaga olib kirib, cho‘ziltirib qo‘yishibdi. Boy odamlarni chiqarib yuborib, uyni ichkarisidan berkitib olibdi. Qo‘liga yovvoyi jiydaning tikanli novdasini ushlab, “o‘lik”ka issiq suvni quyib, tikan bilan ishqalab, badanini qonatib, yuva boshlabdi. Abdurahmonning badani kuyib achishsa ham tishini tishiga qo‘yib, g‘ing demay yota beribdi. Shunda boy:
— Bunday qilib yotganing bilan, to bir tillani bermaguncha qutulmaysan! — deb badanini timdalab, qonatib yuva beribdi. Abdurahmon ham chidab yota beribdi. “O‘lik”ni yuvib bo‘lib, kafanlabdi.
Odamlar kirib, uni tobutga solib, go‘ristonga olib borishib, lahadga qo‘yib, ustidan tuproq tortishibdi. Boy:
— Ey, xaloyiq! Rahmatlik bilan ahdimiz bor edi. Bir-birimiz o‘lsak, go‘rning tepasidan uch kungacha ketmay, poylaymiz, deyishgan edik, — deb boy ketmasdan, go‘rni poylab qolibdi. Odamlar tarqab ketishibdi. Yarim kechaga borganda, boy go‘rni kovlab: “Qani, chiq! Bir tillani ber!” deb kafanidan tortib, Abdurahmon o‘g‘rini tashqariga olib chiqibdi. “Bunday qilib, o‘zingni o‘likka solib yotganing bilan bir tillani yeb keta olmaysan!” deb “o‘lik”ni sudrab, chillaxonaga olib kirib, tepa beribdi. Kaltak jonidan o‘tgandan keyin, Abdurahmon o‘g‘ri ham boyning jag‘iga tushira beribdi. Ikkovi rosa mushtlashibdi. O‘g‘ri boyni urib, hamma yog‘ini ezib tashlabdi. Bularning shovqinini go‘rkov eshitib, kelib qarasa, ikkita o‘lik go‘rdan chiqib mushtlashayotgan emish. Go‘rkov qo‘rqib qochib ketibdi. Boy itday kaltak yeb, sulayib yotib qolibdi. Abdurahmon ham madori ketib yotib qolibdi.
Shu kecha qirqta o‘g‘ri podshoning xazinasiga kirib, tillalarini o‘g‘irlab chiqib, bo‘lib olish uchun hech kim yo‘q, xoli deb, go‘ristonga kelib qolishibdi. O‘g‘rilar chillaxonaga kirib, tillani bo‘lishibdi. O‘g‘rilarning boshlig‘i:
— Тillalarni bo‘lib qo‘ydim. Qani, bir bo‘lakdan olinglar, — debdi.
O‘g‘rilar bir-biriga:
— Qani, sen ol! Sen! — deyishibdi. Biri:
— Oldin pulni bo‘lgan olsin! — debdi.
Abdurahmon o‘g‘ri bularning tovushini eshitib, indamay yota beribdi. Boy esa: “E, tillaning konidan chiqib qoldim!” — deb, o‘g‘rilarning tillasidan umidvor bo‘lib yota beribdi. O‘g‘rilarning birovi:
— Qani, tong yaqinlashib kelyapti. Bu yerdan tez ketishimiz kerak. Oladigan bo‘lsalaring, olinglar tezroq, — debdi. Тillalar ketib qoladi, deb, xasis boy vahimaga tushib, ko‘zini ola-kula qilib, tillalarga qarabdi. Uni o‘g‘rilarning biri ko‘rib qolib, qo‘rqib ketibdi.
Bittasi:
— He, bu yotgan o‘lik-da! Buning nimasidan qo‘rqasan! — debdi.
Abdurahmon o‘g‘ri ham ko‘zini ola-kula qilib yotibdi.
Shunda o‘g‘rilarning har biri bir bo‘lakdan tillani olishga qo‘l uzatayotgan ekan, xasis boy tillalar ketib qolmasin, deb qo‘rqib, o‘zini tillaga otibdi. Ketidan Abdurahmon o‘g‘ri ham o‘zini tashlabdi. Buni ko‘rib, o‘g‘rilar qo‘rqib jon-poni chiqay deb, qochib ketishibdi. Тillalarni boy bilan Abdurahmon o‘g‘ri bo‘lishib olibdilar. Shunda boy Abdurahmon o‘g‘riga:
— Endi bir tillani ber! — debdi. Abdurahmon o‘g‘ri:
— Shuncha tillalarni olib ham to‘ymadingizmi? — debdi. Boy:
— Bir tillamni bermaguningcha qo‘ymayman, berasan! — debdi.
Abdurahmonning achchig‘i kelib “Bermayman”, debdi. Shu yerda ikkalasi yana mushtlashib ketibdi.
O‘g‘rilar chillaxonadan chiqib qochib ketayotib: “E, biz shuncha tillani o‘likka tashlab keta beramizmi, deb yo‘ldan qaytib kelib sekin quloq solishsa, bular bir tillani talashib mushtlashib yotishgan emish. O‘g‘rilar:
— He, hamma o‘lik tirilib chiqib, shuncha tilla bittadan yetmay janjallashayaptilar, — deb qo‘rqib, ketib qolishibdi.
Abdurahmon o‘g‘ri mushtlashib charchabdi. Bu shum boydan qutulmaydiganga o‘xshayman, deb:
— He, nonko‘r, xasis boy! Shuncha tillaga to‘ymasang, ma, shu bir tilla bilan to‘ygin, — deb bir tillani beribdi.
Shundan keyin ikkovlari ham o‘rinlaridan turib, uy-uylariga jo‘nashibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.