background
logotype

Yaltillama sopol tovoq

Bir zamonda bir podshoh bor ekan. U podshohning qirq xotini bor ekan. Ammo hech farzandi yo‘q ekan. Bir kuni podshoh xafa bo‘lib: “Menga hech narsa kerak emas”, deb taxtiga ham o‘tirmabdi. Bir necha kundan beri podshohning taxtga chiqib o‘tirmaganiga hayron bo‘lgan vazirlar majlis qurib podshoh bilan maslahatlashibdilar.
— E, podshohim, nimaga shuncha kundan buyon taxtingizga chiqib o‘tirmaysiz,— deganlarida podshoh vazirlariga qarab:
— E, vazirlarim, mening qirqta xotinim bor, lekin bironta farzandim yo‘q. Men o‘lganimdan keyin mening taxtimga o‘tirib kim yurtni so‘raydi, shuning uchun men taxtimga chiqib o‘tirmayman, — debdi. Vazirlari:
— E, podshohim, shu qirq xotiningizning ustiga yana bir xotin olib bersak, ehtimol farzand ko‘rib qolarsiz. Agar shunda ham farzand bo‘lmasa ixtiyor o‘zingizda, nima qilsangiz o‘zingiz bilasiz, — debdilar.
Shu bilan qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, yana bir xotin olib berishibdi. Oydan oy, yildan yil o‘tib, podshohning kichik xotini homilador bo‘lib, oy-kuni yaqin qolganda podshoh ovga chiqib ketibdi. Podshohning katta xotinlari qarasa, kichik xotini dard tutib tug‘ay deb yotibdi. Darrov bir enagani ayttirib kelib, bir uyga yig‘ilishib maslahat qilishibdi. “Kichik kundoshimiz farzand tug‘sa podshoh bizga qaramay, kichik xotini bilan bo‘lib ketmasin”, deb enagasiga bir siрar1 tilla berib, “Siz bir ilojini qilarsiz”,— deyishibdi.
Enaga bir sipar tillani olib, suyunib:
— Buning ilojini men qilaman, — deb podshohning kichik xotini oldiga boribdi va:
— Ey, singlim, bizning rasmimizda tug‘adigan xotinlarni tepaga chiqarib qo‘yib, tagida besh-oltita xotin chodir ushlab turadi, — deb xotinni taxtning ustiga chiqarib qo‘yibdi. Podshohning barcha xotinlari yig‘ilishib uning tagida chodir ushlab turibdilar. Podshohning kichik xotini bir o‘g‘il va bir qiz tig‘ibdi. Kundoshlar bolalarni olib bekitishib, uning o‘rniga ikki kuchuk bolani qo‘yishibdi.
Podshoh ovdan kelgach, kundoshlar:
— E, podshohim, xotiningiz ikki kuchukvachcha tug‘di, — deyishibdi. Podshoh bu so‘zlarni eshitib:
— Xotinim ikki kuchuk bola tug‘gan bo‘lsa, uni cho‘lga olib chiqib, o‘ra qazib ko‘mib tashlanglar, — deb buyuribdi. Vazirlari podshohning hukmi bilan, kichik xotinni ikki kuchuk bola bilan cho‘l-biyobonga olib chiqib, belidan ko‘mib qo‘yishibdi. O‘g‘il va qiz chaqaloqlarni esa bir o‘rmonzorga olib borib tashlab kelishibdi. Kuchuk bolalari har qayerdan har narsalar olib kelib podshohning xotinini boqishibdi.
O‘rmonga tashlangan ikki bolani bir ayiq bir g‘orga olib borib boqib katta qilibdi. Bolalar kechasi g‘orga kirib yotar ekanlar, kunduzi esa akasi ovqat qidirib, singlisi g‘orning og‘zida akasini poylab o‘tirar ekan. Bir kuni podshoh ovga chiqib o‘rmonzorni aylanib yursa, bir g‘orning og‘zida bir qiz o‘tiribdi. Podshoh g‘orga yaqin borib qolibdi, qiz uni ko‘rib g‘orga qochib kirib ketibdi. Podshoh nariroq ketganda qiz yana chiqibdi. Podshoh g‘orga yaqinlashsa, qiz yana qochib kirib ketibdi. Podshoh bu voqeadan shubhalanib, “Bunda bir sir bo‘lsa kerak”,— deb uyiga qaytib bu hodisani vazirlariga aytibdi. Buni podshohning xotinlari eshitib, darrov enagani chaqirib bo‘lgan voqeani gapirib:
— Endi bu ishni ham o‘zingiz amallaysiz, — deb bir qancha tilla berishibdi. Enaga bu tillani olib, suyunib, avval o‘zi shu bolalarni olib borib tashlagan o‘rmonga boribdi. G‘orning yaqinidan chiqib qolibdi. Qarasa, qiz g‘orning og‘zida o‘tiribdi, akasi yo‘q. Kampir qizning oldiga borib:
— Oppoq qiz, akang kelsa, menga yaltillama sopol tovoq olib keling, deb ayt. Agar yo‘q desa, yig‘la! — deb o‘rgatib ketibdi. Singlisi akasiga:
— Menga yaltillama sopol tovoq olib kelib bering, — debdi. Akasi:
— E, singlim, buni senga kim aytdi? U yerga borgan kishi o‘lmay qolmaydi-ku, — debdi. Singlisi tinmay yig‘layveribdi, unga akasi:
— Xo‘p, sen mana bu g‘ozni kabob qil, yeb bo‘lgandan keyin borsam borayin, — debdi. Ikkovi g‘ozni kabob qilib yeb, qorinlarini to‘yg‘azishibdi.
Akasi bir qancha yo‘l yurib bir qirga chiqibdi, qirlarda kezib yurgan bir chol oldidan chiqib:
— E, bolam, qayerga borasan? — debdi. Bola:
— E, ota, shu yoqda bir yaltillama sopol tovoq degan narsa bor ekan, shuni olib kelishga ketayotibman, — debdi. Chol:
— E, bolam, sen hali yosh ekansan, bekorga o‘lib ketasan, bormagin. Sendan ilgari ham juda ko‘p podshohzodalar shu narsani olaman deb o‘lib ketishgan. Sen ham shular qatori yo‘q bo‘lib ketasan, — debdi. Shunda bola:
— Otajon, o‘lsam o‘lib ketay yoki olib kelay, boraman, — debdi.
— E, bolam, xayr, borsang borgin, bundan nariroqda bir katta chinorda bir qizil ot bog‘loqliq turibdi. O‘sha otni mingin. Ana u ko‘ringan tepaga borganingdan keyin otdan tushib shu tepaning har yeridan chuqur qilib kavlagin. Yana otga minib “Yaltillama sopol tovoq, men senga o‘rtoq”, deb chaqirgin. U narsa daryoga o‘xshab bir katta ariqda oqib turadi, ariqdan toshib chiqib seni quvlaydi, sen orqangga qarab otni qamchilab qoch. U senga yeta olmagandan keyin yana qaytib joyiga tushib ketadi. Boyagi sen kavlagan chuqurlarga tushgani chiqa olmay qoladi. Sen borib shu chuqurda qolganini olib kelaver. Agar yetib olsa sening tanlaringni eritib-oqizib olib tushib ketadi, — deb o‘rgatibdi chol. Bola to‘g‘ri cholning aytgan joyiga borib otni minibdi, tepaga borib otdan tushibdi, bir qancha chuqurcha kavlab qo‘yibdi. Yana otiga minib tepaning ustida turib, “Yaltillama sopol tovoq, men senga o‘rtoq”, deb chaqiribdi. Birdan allanimalar ariqdan toshib chiqib bolani quvlabdi. Yaqin qolganda bola otga qamchi uribdi. Ot uchib borib bir qancha joyga tushibdi. Bolani quvgan narsa unga yeta olmay qaytib tushib ketibdi. Bola qaytib kelib chuqurchalarda qolganini olib bir shishaga solib kelibdi. Singlisiga bo‘lgan voqeani gapirib, “Oz bo‘lmasa o‘lay dedim” deb, olib kelgan narsasini singlisining oldiga qo‘yibdi. Singlisi uni olib, ko‘rib juda xursand bo‘libdi. Ikkovi g‘orning og‘ziga chiqib o‘tiraveribdi. Bir kuni podshoh yana ovga chiqib, “O‘sha kuni ko‘ringan qiz hali ham bormikan?” deb uzoqdan qarasa bir qiz, bir o‘g‘il o‘tiribdi. Podshoh g‘orga yaqin kelsa, bolalar g‘orga qochib kirib ketibdi.
Podshoh nari ketsa, bolalar yana g‘orning og‘ziga chiqishar emish, podshoh yaqin kelsa, ular yana g‘orga qochib kirib ketar emish. Podshoh uzoqlashsa, ular yana g‘orning og‘ziga chiqishar emish. Podshoh bu holga taajjublanib, “Bu qanday voqea bo‘ldi ekan”, deb o‘ylab uyiga kelibdi. Vazirlarini chaqirib bo‘lgan voqeani aytibdi. Bu so‘zni podshohning katta xotinlari eshitishibdi. Yana enagasini chaqirib bir qancha oltin berib:
— Bir ish qilib shu bolalarni yo‘q qil. Agar yo‘q qilmasang, podshoh sezib qolsa, hammamizni o‘ldirib yuboradi, — debdi. Enaga yana boyagi g‘orga borib qarasa, qiz yana g‘orning og‘zida o‘tiribdi. Enaga yana qizni aldab:
— Akang yaltillama sopol tovoqni olib kelib berdimi? — deb so‘rabdi. Qiz:
— Ha, o‘sha kuni kelganda aytgan edim, olib kelib berib, o‘zi yana ovqat izlab ketdi, — debdi. Enaga aytibdi:
— Bo‘lmasa, akang kelganida sen yig‘lab o‘tir. Akang “Nega yig‘layapsan?” desa, menga “Oyinayi jahonnoma”ni olib kelib bering, deb aytgin, — deb tayinlab ketibdi.
Bir vaqtda akasi ikki quyonni ushlab kelsa, singlisi yig‘lab o‘tiribdi.
— Ha, singlim, senga nima bo‘ldi, nimaga yig‘laysan? — debdi akasi.
Shunda singlisi:
— E, akajon, menga “Oyinayi jahonnoma”ni olib kelib bering, — debdi. Akasi:
— E, singlim, bir ish qilib meni o‘ldirmoqchimisan? Agar o‘lsang mayli, desang, men borib olib kelib beraman. Yoki o‘lib ketaman. Avval qorinni to‘yg‘azaylik, undan keyin boraman, — debdi. Ikki quyonni kabob qilib yeb, singlisi bilan xayrlashib:
— Meni bir oy poylagin, agar bir oyda kelmasam o‘lgan bo‘laman, — deb aytibdi. Ko‘p yo‘l yurib, ko‘p yursa ham mo‘l yurib bir bog‘ga kirganda kun kech bo‘lib qolibdi. Bola o‘sha bog‘da bir katta chinorning tagida yotib uxlabdi. Bir vaqt ko‘zini ochib qarasa, kun yorishib qolibdi. O‘rnidan turib o‘tirsa, tepasidagi chinorning ustida parranda bolasining chiyillagan tovushi eshitilibdi. O‘tirgan joyidan turib daraxtning tepasiga qarasa, bir katta ajdar daraxtga chirmashib chiqayotibdi. Bola yerdan bir toshni olib ajdarga otibdi. Тosh borib ajdarga tegibdi. Ajdar darhol tushib bolani damiga tortibdi, bola darrov yonidan qilichini olib, tikka ushlab ajdarning og‘ziga kirib ketibdi. Qilich ajdarni ikki nimta qilib tashlabdi. Bola ajdarning terisidan bir kamar olib beliga bog‘labdi. Bir Semurg‘ qush kelib boyagi chinorga qo‘nibdi. Bolasini sanab qarasa, bugun bolalari but, kamaymabdi. Semurg‘ bolalariga qarab: ”E, bolalarim, bugun ajdar kelmadimi, hammangiz salomat qolibsiz”, — deb so‘rabdi. Semurg‘ning bolalari:
— E, ona, mana bu tagimizda yotgan yigit, bizni ajdardan qutqazib qoldi, — deyishibdi. Semurg‘ bu so‘zni eshitib, pastga tushibdi va boladan:
—E, do‘stim, sening boshingga nima ish tushib bu yerga kelding?, — deb so‘rabdi. Bola aytibdi:
— E, semurg‘, mening boshimga tushgan ishni so‘rama ham, kuyma ham.
Semurg‘ aytibdi:
— E, do‘stim, sen ayt, agar mening qo‘limdan keladigan ish bo‘lsa, men ham senga bir yordam beray. Sen menga yaxshilik qilding, men ham senga bu yaxshiligingni qaytarishim kerak, — debdi. Bola:
— Xayr, aytsam aytay. Bir podshohning qo‘lida “Oyinayi jahonnoma” degan narsa bor emish, shuni qanday qilib olib kelsam bo‘ladi, — debdi. Semurg‘ aytibdi:
— E, yigit, bu xizmatni men qilib beraman. Sen ikkita kiyikni bir amallab tutib kel. Shu kiyiklarni so‘yib, tulum qilib, bitta tulumiga go‘sht, bitta tulumiga suv g‘amlab mening ustimga ortib, o‘zing ham chiqib ol. Qolgan ishni men o‘zim qilaman. Lekin yo‘lda ovqat, suv berib borasan! Borgandan keyin “Oyinayi jahonnoma”ni olish yo‘lini o‘zim o‘rgataman, — debdi. Bola darrov o‘rmonga chiqib ikkita kiyikni ushlab tulum qilib, bir tulumiga go‘sht, bir tulumiga suv to‘ldirib Semurg‘ga ortib, o‘zi ustiga minibdi. Semurg‘ parvoz qilib uchib, bir podshohning saroyiga tushibdi. Bolaga bitta patidan yulib berib:
— Mana shu yer podshohining qo‘liga zirapcha kirib, juda ko‘p azob beribdi. Buni bir qancha hakimlar kelib ola olmagan. Zirapcha podshohning qo‘lida qolib ketgan. Sen borib “Men hakimman, podshohning qo‘lidagi zirapchani olgani keldim”, deysan. Eshikdan kirgizmasalar ham qo‘ymasdan kirasan. Kirganingdan keyin, mana shu men bergan pat bilan kavlab o‘sha zirapchani ol. Undan keyin podshoh senga “Тila tilagingni” deydi. Shunda sen “Oyinayi jahonnoma”ni so‘raysan. Podshoh ilgarigi, o‘tgan voqealarni yozib, o‘z muhrini bosib, bir xotira tayyor qilib qo‘ygan. Shu narsani ham “Oyinayi jahonnoma” bilan olib, tez qaytib kelasan. Men seni shu yerda poylab turaman. Qaytib kelganingdan keyin men seni yana o‘z joyingga olib borib qo‘yaman, — debdi.
Bu gaplarni uqib olgan bola podshohning oldiga borib, vazirlariga:
— Men hakimman, podshohning qo‘liga kirgan zirapchani olish uchun keldim, — debdi. Vazirlar bolaga qarab:
— E, bola, yosh ekansan, ovora bo‘lib, bekorga o‘lib ketasan. Sendan ilgari ham boshqa hakimlar kelib ololmagan edi, — deyishibdi.
Bola o‘z so‘zida mahkam turgach, vazirlar podshohga xabar beribdilar:
— E, podshohi olam, bir yosh hakim kelib eshigingizda turibdi. Podshohning qo‘lidagi zirapchani olishga keldim, deydi. Biz qancha qaytarsak ham qo‘ymayapti, — debdilar.
Shunda podshoh:
— Hakimni olib kelinglar, — debdi. Vazirlar bolani olib kirishibdi. Bola podshoh oldiga kirib, yer o‘pib salom beribdi:
— E, podshohim, sizning joningizga orom beray deb keldim, — deb haligi semurg‘ning pati bilan kavlab podshohning qo‘lidagi zirapchani chiqarib olibdi. Shu onda podshohning ko‘zi ochilib ketib:
— E, yigit, nima tilaging bor, tila tilagingni, — debdi. Bola aytibdi:
— E, podshohim, mening tilagim shuki, menga “Oyinayi jahonnoma”ni bersangiz. Undan keyin yana shu “Oyinayi jahonnoma”da o‘tgan voqealarni yozib, muhr bosib qo‘ygan xatingiz bor ekan, shuni ham bering, — debdi. Podshoh:
— Mendan dunyo so‘rasang-chi, kambag‘al narsa ”Oyinayi jahonnoma”ni nima qilasan? —debdi. Bola aytibdi:
— E podshohi olam, “Oyinayi jahonnoma”ni bersangiz, menga dunyo qatoriga o‘tadi, — debdi.
— Xayr, bo‘lmasam, — deb podshoh “Oyinayi jahonnoma” bilan voqealarni yozib muhrini bosgan voqeanomani bolaga beribdi. — Sen kimning o‘g‘lisan? — deb boladan so‘rabdi.
Unga javoban bola:
— Men ota-onamni tanimayman, kim ekanini bilmayman. Bir o‘rmonda aka-singil yashaymiz, — debdi. Podshoh ilgari bu voqeani “Oyinayi jahonnoma”da ko‘rgan ekan. Darrov tushunib olib, shahzodani hurmat bilan eshikka olib chiqib qo‘yishibdi. Shahzoda “Oyinayi jahonnoma”ni olib borib, Semurg‘ga minibdi. Bir qancha yo‘l bosib Semurg‘ning uyasiga kelib, u bilan xayrlashib, singlisi oldiga kelibdi. Qarasa, singlisi ochlikdan qiynalib, sulayib yotibdi. Shahzoda singlisiga ovqat berib, unga:
— Mana, singlim, eson-omon, o‘lmasdan buni ham olib keldim, — deb “Oyinayi jahonnoma”ni beribdi.
Ertasiga podshoh yana ovga chiqibdi. G‘or yoniga kelib qarasa, yana g‘or og‘zida bir o‘g‘il, bir qiz o‘tiribdi. Podshoh g‘orga yaqin kelibdi.
Bolalar bu safar qochmasdan o‘rinlaridan turib, podshohga salom berib, uni o‘tqazishibdi. Bola o‘zining boshidan o‘tganlarini birma-bir podshohga aytib beribdi. Podshoh:
— Mening o‘g‘lim-qizim yo‘q, bo‘lmasa biringiz o‘g‘il, biringiz qiz bo‘linglar, — debdi. Bolalarni olib o‘z shahriga boribdi. Bola haligi hamma voqeani yozib, muhr bosgan xatni podshohga beribdi. Podshoh bu voqeanomani butun vazirlari ichida o‘qib beribdi. Bu xatdagi voqeani eshitgandan keyin podshoh qirqta xotinini zindonga solishga buyruq beribdi. Buyruq darrov bajarilibdi. Podshoh kichik xotinini topib kelishga buyruq beribdi. Vazirlari kichik xotinni olib borib tashlagan joyga borib qarasalar, xotin bir baland tepada ikki yoniga ikki itni qo‘yib o‘tiribdi. Vazirlar xotinga yaqinroq borib:
— E, singlim, podshoh sizni chaqiryapti, — deyishibdi. Xotin ularga qarab:
— Podshohga borib xotiningiz kelmas emish, denglar. Agar ikkinchi marta odam yuborsangiz itlarga talatar emish, deb aytinglar, — debdi.
Vazirlarni ham haydab yuboribdi.
Vazirlar barcha voqeani podshohga kelib aytibdilar. Podshoh yana:
— Boringlar, aldab-suldab, yaxshi so‘zlar bilan olib kelinglar. Agar olib kelmasangiz, hammangizni o‘ldirib yuboraman, — debdi.
Vazirlar podshohdan qo‘rqib, yana qaytib borishibdi. Xotin vazirlarni ko‘rib:
— Yana meni olib ketishga keldinglarmi, — deb ikkita kuchugiga, — borib shu kelgan odamlarni talab tashlanglar! — debdi. Itlar birdan kelib vazirlarni talab tashlabdi. Vazirlar itdan zo‘rg‘a qutulib, kiyim-boshlari yirtilib, hamma joylari tirnalgan holda podshohning oldiga kelib voqeani aytishibdi. Podshoh bularning ahvolini ko‘rib, bo‘lgan voqeani eshitib, qanday olib kelish chorasini o‘ylab xafa bo‘lib turganda, o‘g‘li shahzoda kirib:
— E, ota, nimadan xafa bo‘ldingiz? —deb so‘rabdi. Podshoh o‘g‘liga bo‘lgan voqeani aytibdi:
— E, himmatli o‘g‘lim, onangni qanday qilib olib kelishni o‘ylab, yo‘lini topa olmay turibman, — debdi. Shahzoda o‘rnidan turib:
— E, ota, bu xizmatni men o‘zim qilaman, — deb otasidan fotiha olib, onasining oldiga jo‘nabdi. Borib, uzoqdan turib:
— Ey, ona, men sizning bolangizman. Men sizni olib ketgani keldim, — debdi. Itlar shahzodaning ovozini eshitib, birdan kelib shahzodani talay boshlabdi. Shahzoda itlarning tagida yotgani holda baland ovoz bilan:
— Ey, jonivorlar, men bir musofir bechoraman. Men ham onamga o‘xshash sargardonman. Uning ustiga sizlar ham talaysizlarmi? — debdi. Bolaning ovozini onasi eshitib, rahmi kelib, itlarni chaqirib olibdi. Shahzoda o‘rnidan turib ko‘ylaklari yirtilgan holda onasiga qarab:
— E, onajon, siz bormasdan bizni tirik yetim qilib qo‘yasizmi, jon ona, yuring, olib ketay, — debdi. Onasi shahzodadan bu gapni eshitib rahmi kelib, bolalarim yetim bo‘lib qolmasin, deb bolaga qarab:
— Bo‘lmasa borib otangga ayt, menga bosh-oyoq sarpo qilib bir ot-aravani qo‘shib yuborsin. Men aravadan tushadigan joyimdan to uygacha oyog‘imning ostiga gilam solsin. Borganimdan keyin boshimdan oltin sochib, qaytadan nikoh qilib, to‘y-tomosha qilib olsin, — debdi.
Shahzoda onasidan bu so‘zni eshitib, otasi oldiga kelib, onasining aytgan shartlarini aytibdi. Podshoh darrov vazirlarni chaqirib xotini aytgan shartlarni muhayyo qilishni buyuribdi.
Vazirlar borib podshohning xotiniga sarpolar kiydirib, aravaga o‘tqazib olib kelishibdi. Podshoh xotinini yaxshi kutib olibdi.
Xotini aravadan tushib, iрak gilamdan yurib uyga kiribdi. Podshoh xotinining ustidan oltinlar sochib, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, qaytadan nikohiga olibdi. O‘g‘liga Shahzoda Botir deb nom qo‘yibdi. Qiziga Gulparax deb nom qo‘yibdi. Shu bilan hammalari murod-maqsadlariga yetibdilar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.