background
logotype

Yamoqchi bilan Shog‘arib

Bor ekan-da yo‘q ekan, och ekan-da to‘q ekan. Bir zamonda Valixon degan bir podsho bor ekan. Uning shahrida Xoldor degan yamoqchi ham bor ekan.
 Podsho: “Men mamlakatda adolat o‘rnatayin, yurt-elni kezayin, fuqarolarning gap-so‘zini eshitayin. Qani, ular nimalarni orzu qilar ekan, shunga qarab ish ko‘rayin”, — debdi. Podsho kech bo‘lganda eski-tuski kiyimlarini kiyib, boshiga yirtiq sallani o‘rab, faqir kishiga o‘xshab chiqib ketar ekan, odamlarning gap-so‘zlarini eshitib qaytar ekan.
Podsho bir kuni kechasi bir mahallada aylanib yursa, bir do‘kondan ashula tovushi eshitilibdi. Sekin borib quloq solsa, o‘choqqa osilgan qozonda shaqirlab ovqat qaynayapti, bir odam uning ovoziga o‘yinga tushib:

Sabzing bilan go‘shtingga,
Qayna, palovim, qayna!
Qurbon bo‘lay o‘zingga,
Qayna, palovim, qayna!
Biqir-biqir ovozing,
Qayna, palovim, qayna!
Mast bo‘laman men o‘zim,
Qayna, palovim, qayna!..

deb qo‘shiq aytyapti. Podsho bu odamning ishidan ta’sirlanib: “Bilayin-chi, bu odam nimaga bunday qilar ekan?” deb do‘konning eshigini taqillatibdi. Ichkaridan:
— Kim u taqillatayotgan? — degan ovoz eshitilibdi. Podsho:
— Men, Shog‘aribman. Oching eshigingizni! — debdi.
Do‘konning eshigi ochilibdi, podsho ichkariga kiribdi. Qarasa, yamoqchining do‘koni ekan. Yamoqchi bilan so‘rashib:
— O‘zingizdan o‘zingiz nimalar deyapsiz? — degan ekan. Yamoqchi:
— E, Shog‘arib! Bola-chaqa yo‘q! So‘qqa boshman, har kuni bitta palovning puliga loyiq ish qilaman. Xarajat qilib kelib, qozonni qaynataman. Palovxon to‘raning qaynagan ovoziga xursand bo‘lib, o‘yinga tushaman. Valixon podshoning davrida bizga bundan boshqa nima xursandchilik qoldi?! — debdi.
Bu gaplarni eshitib, podsho hayron bo‘libdi. Undan:
— Ko‘proq ishlab ko‘proq pul topsangiz bo‘lmaydimi? — deb so‘rabdi. Yamoqchi aytibdi:
— Shu zamonda nima og‘ir? Valixon podshoning oliq-solig‘i og‘ir!
Ko‘p ishlasang, oliq-solig‘i ham ko‘p bo‘ladi. Menga bitta palovga loyig‘i yetadi! — debdi. Podsho:
— Shukr qilsangiz-chi! Agar Valixon podsho yamoqchilikni taqiq qilib qo‘ysa, qanday kun ko‘rasiz? — debdi. Yamoqchi:
— Agar Valixon podshoga bizning hunarimiz ko‘p ko‘rinib, taqiqlab qo‘ysa, u holda qul o‘lmas, rizqi qurimas. Bir tirikchilik o‘tar. Uning g‘amini yemang, o‘tiring, oshni birga yeymiz, — debdi. Shog‘aribni ko‘rpachaga o‘tqazib, qo‘liga suv quyibdi. Ikkalasi oshni yeyishibdi. Choyni ichishibdi. Shundan keyin Shog‘arib: “Rahmat! Biz ketdik endi”, deb o‘rnidan turib, chiqib ketibdi. Yamoqchi esa: “Xudoga shukr! Bugungi oshni Shog‘arib bilan birga yedim!” deb xursand bo‘lib qolaveribdi. Podsho ham o‘rdasiga qaytib borib yotibdi.
Podsho erta bilan turib, o‘ylanibdi: “Yamoqchi ko‘p ishlashning nima hojati bor? Kunim o‘tsa bo‘ldi, dedi-ya! Qani, yamoqchilikni taqiqlab qo‘yay-chi! Kuni qanday o‘tar ekan?!” debdi. Vazirini chaqirib kelib, fuqaroga buyruq chiqarishni buyurib:
— Mening shahrimda hamma yangi oyoq kiyim kiysin. Eskisini kiymasin. Hech kim yamoqchilik qilmasin. Agar kimki yamoqchilik qilsa, uyi talonda, o‘zi zindonda! — debdi.
Vazir buyruqni yozibdi. Podsho qo‘l qo‘yib, muhrini bosibdi. Vazir jarchiga buyuribdi. Jarchi shaharda qichqirib yurib, buyruqni hammaga eshittiribdi.
Podshoning buyrug‘ini Xoldor yamoqchi eshitib: “Podsho yamoqchilikni taqiq qilib qo‘ygan bo‘lsa, buguncha sabr qilay. Sabr tubi sariq oltin deganlar. Xudo bir yo‘lga boshlar!” deb ko‘rpani to‘rt qavat solib, yotib, kechgacha uxlabdi. Asrdan keyin o‘rnidan turib: “Endi birorta choy qaynatib, qotgan-qutgan non bo‘lsa yeb, bu kechani o‘tkazay!” deb, qo‘shnisining hovlisiga o‘t so‘rab chiqibdi. Qo‘shnisining eshigini ochib kirsa, qo‘shnisining xotini bir begona yigit bilan turgan ekan. Yamoqchini ko‘rib qo‘rqib ketibdi:
— Jon tog‘a! Birovga aytmang, — deb haligi yigit cho‘ntagidan bir so‘m chiqarib berib, o‘zi chiqib ketibdi.
Yamoqchi pulni olib, suyunib: “Xudo yetkazdi!” deb, bu pulga palovga loyiq go‘sht, yog‘, guruch, sabzi-piyoz va ikkita non olib kelibdi. Go‘sht, sabzi-piyozni to‘g‘rabdi. Qozonni osib, oshni boshlabdi.
Valixon podsho kechqurun: “Qani, yana boray-chi! Bugun yamoqchining holi nima bo‘ldi ekan!” deb borib quloq solsa, do‘konda yana palov biqirlab qaynayapti, yamoqchi esa, uning ovoziga qo‘shiq aytib, o‘yinga tushyapti. Podsho taajjublanib, eshikni taqillatibdi. Yamoqchi:
— Ha, o‘yinimni buzding-a! Kimsan o‘zing! — debdi. Podsho:
— Shog‘aribman! — debdi. Yamoqchi eshikni ochib:
— E, Shog‘arib! Keling!— deb ichkariga kirgizibdi. Podsho kirib gap boshlabdi:
— Nimalar qilyapsiz?
— He, oshimning shaqirlab qaynaganiga xursand bo‘lib o‘yinga tushayotuvdim. O‘yinni ham buzdingiz, — debdi. Shog‘arib:
— Podsho yamoqchilikni taqiqlab qo‘ydi. Bari yamoqchilar “dod!” deyishyapti. Siz pulni qaydan topdingiz? — debdi. Xoldor yamoqchi:
— Ha, kecha siz, agar Valixon podsho yamoqchilikni taqiqlab qo‘ysa, nima qilasan, degan edingiz. Men bir tirikchilik bo‘lsa, o‘tib ketar degan edim. Yamoqchilikning taqiqlanganini eshitib, kechgacha uxlab yotdim. Kechqurun o‘rnimdan turib, qo‘shnimnikiga o‘t so‘rab chiqsam, qo‘shnimning xotini bir begona yigit bilan turgan ekan. Ustiga kirib qolibman. Meni ko‘rib qo‘rqib ketdi. “Birovga aytmang!” deb yalinib, qo‘limga bir so‘m pul berdi. “Xudo yetkazdi!” deb, bozorga chiqib xarajat qilib keldim. Qo‘shnimning xotini u yigit bilan gaplashmasa, bu palov qayerda edi? — debdi.
Shog‘arib aytibdi:
— Agar sizning u yigitdan pora olib, qozon qaynatganingiz podshoning qulog‘iga yetib qolsa, podsho sizni chaqirib so‘roq qilsa, nima javob qilasiz? — debdi. Xoldor yamoqchi:
— Bu gapni sizdan boshqa hech kimga aytganim yo‘q. Agar siz borib aytib qo‘ymasangiz, kim aytar edi? — debdi. Shunda Shog‘arib:
— E, bizdek g‘aribga podsho bilan gaplashish yo‘l bo‘lsin! Men uning ko‘chasidan ham o‘tolmayman. Hamma yoq podshoning qulog‘i, devoringizning kesagi ham podshoning qulog‘i, — debdi.
Osh pishibdi. Har ikkovlari birlikda choyni ichishibdi. So‘ng Shog‘arib rahmat aytib, xayrlashib chiqib ketibdi.
Namoz vaqti bo‘lsa ham yamoqchi hali uyqudan turgani yo‘q ekan. Eshigi taqillab qolibdi. Yamoqchi uyg‘onib turib eshikni ochsa, shomurtini shopday qilib, podshoning mirg‘azablari turibdi. Ular:
— Seni podsho chaqirtirdi. Тez oldimizga tush! — deyishibdi. Yamoqchining kayfi uchib, iliklari qaltirab ketibdi:
— Mening hech gunohim yo‘q-ku! Meni olib bormanglar, —deb yalinibdi. Mirg‘azablar: “Hozir yurasan!” deb do‘q qilib haydab olib ketishibdi va Valixon podshoga to‘g‘ri qilishibdi. Yamoqchi podshoga qo‘l qovushtirib turibdi. Podsho so‘rabdi:
— Qanaqa xiyonat qilding?
Yamoqchi:
— Тaqsir, men xiyonat qilganim yo‘q? — debdi.
Podsho aytibdi:
— Sen xiyonatkor bo‘lmasang, podsholik ishiga aralashib, birovlardan pora olib yermiding?
Yamoqchi juda qo‘rqibdi:
— E, podshohim! Men poraxo‘rlik qilganim yo‘q! — debdi.
Podsho:
— Poraxo‘rlik qilmasang, bu kecha palovni qayerdan topding? — debdi. Yamoqchi:
— Siz yamoqchilikni taqiqlab qo‘ygan ekansiz. Kechgacha ish qilmay yotdim. Kechqurun choy damlab, qotgan-qutgan non bo‘lsa yeb yotay deb, qo‘shnimnikiga o‘t so‘rab chiqsam, xotini bir begona yigit bilan turgan ekan. Meni ko‘rib qo‘rqib ketdi-da: “Birovga aytmang”, deb haligi yigit bir so‘m berdi. Shu pulga palov qilib yegan edim, — debdi. Podsho aytibdi:
— Bunaqa buzuqchilikni taqiqlash podsholikning ishi bo‘ladi.
Sen bu ishni podsholikka bildirmay, porani o‘zing yeb ketibsan, gunohkorsan! — deb g‘azab qilibdi. Yamoqchi qo‘rqib: “Podsho endi meni o‘ldirar ekan-da!” deb o‘ylabdi.
Podsho aytibdi:
— Sen shu qilgan gunohing uchun eshigimning tagida bir yil qorovullik qilib berasan!
Xoldor yamoqchi: “O‘lmay qolganimga shukr! Qorovullik qilsam, qilib beray!” deb o‘ylab:
— Xo‘p, taqsir! — debdi. Podsho yamoqchining qo‘liga bitta qilich beribdi va:
— Bor! Sen hov anavi darvozaning yonida poyloqchi bo‘lib tur! O‘g‘ri kelsa, chopasan! — debdi. Yamoqchi borib, kechgacha poyloqchilik qilibdi. O‘g‘ri kelmabdi. Kechgacha podsho unga ovqat bermabdi. Yamoqchining qorni ochibdi. Kechqurun uni podsho yana huzuriga chaqirtiribdi.
Yamoqchiga katta bir otni ko‘rsatibdi va:
— Shu otni uyingga oborib, chaksa yem, uch bog‘ beda berib, boqib, erta bilan olib kel, — deb buyuribdi. Yamoqchi otni minib, chiqib ketibdi. Yo‘lda: “Podshoning poyloqchisi shunaqa och ahvolda ishlaydimi? Qorning ochib, o‘lar holga kelganing yetmay, endi mana bu otni boqib kelasan, degani ortiq bo‘ldi-ku. Men bunga chaksa yem bilan uch bog‘ bedani qayerdan topdim”, deb xafa bo‘lib keta beribdi. Yo‘lda ketayotsa, bir g‘alvirfurush do‘konda ish qilib o‘tirgan ekan. Unga podsho bergan qilichni ikki so‘mga garovga qo‘yibdi. Puliga palovga yetkudek xarajat qilibdi, ikki bog‘ beda, yuz paysa yem olib uyiga kelibdi. Otga yemni yedirib, go‘sht-yog‘ni to‘g‘rab, palovni boshlab yuboribdi.
Valixon podsho: “Yamoqchini kun bo‘yi och qo‘ydim. Boz ustiga boqib kelasan, deb otimni ham berib yubordim. Qani, borib ko‘rayin-chi, yamoqchi bugun nima qilar ekan?” deb kechasi yamoqchining do‘koniga borib, quloq solibdi. Quloq solsa, do‘konda yana palov qaynayapti-yu, yamoqchining vaqti chog‘:

Qozonimni qaynatgan,
Qayna, palovim, qayna!
Podsholikning qilichi.
Qayna, palovim, qayna!..

— deb o‘yinga tushyapti. Podsho yamoqchining bu ishidan zavqlanib, kulibdi va eshikni taqillatibdi:
— Kimsan?
— Shog‘aribman!
Yamoqchi eshikni ochibdi. Shog‘arib kiribdi. Yamoqchi u bilan so‘rashib, ko‘rpachaga o‘tqazibdi. Shog‘arib undan hol-ahvol so‘rabdi. Yamoqchi:
— E, Shog‘arib! Bugun bir o‘limdan qoldim, erta bilan podshoning mirg‘azablari podshoning oldiga haydab bordi. Podsho: “Sen pora olibsan!” deb o‘ldirib qo‘yishiga bir baxya qoldi. Yana o‘ziga insof berdimi, o‘ldirmay eshigiga poyloqchi qilib qo‘ydi. Kechgacha poyloqchilik qildim. Biror odam kelib: “Nima qilib o‘tiribsan, qorning ochmadimi?” deb so‘ramadi. Juda och qoldim. Kechqurun podsho otini berdi. Shu otni oborib, chaksa yem, uch bog‘ beda bilan boqib kelasan, dedi. Nima qilay! Uyda hech narsam yo‘q. Qilichni g‘alvirfurushga garovga qo‘yib, oshga xarajat qildim, podshoning otiga yem, beda olib keldim, — debdi.
Shog‘arib:
— Xo‘p, qilichni garovga qo‘yibsiz. Ertaga borib, yana poyloqchilik qilasiz. Shunda o‘g‘ri kelib qolsa, podsho sizga: “Chop o‘g‘rini!” desa, u holda nima qilasiz? — debdi.
Yamoqchi aytibdi:
— Ha, uning g‘amini yemang! Keling, oshni yeylik! Oshdan keyin yog‘ochdan qilich yasab, qiniga solib qo‘yaman! — debdi. Osh yeyilibdi, choy ichilibdi, Shog‘arib xayrlashib chiqib ketibdi.
Erta bilan yamoqchi podshoning otini qashlab, egarlab, yuganlab, ustiga minib, yog‘och qilichni taqinib, o‘rdaga yetib boribdi. Otni podshoga to‘g‘ri qilib, ta’zim qilib turaveribdi. Podsho:
— Bor, kechagi joyingga! O‘g‘ri kelsa, chopasan!— debdi. Yamoqchi kechagi joyiga borib: “Xudoyo sharmanda qilmagin!” deb, yuragi po‘killab tura beribdi.
Bir vaqt podshoning odamlari: ”O‘g‘ri tutdik!” deb ikkita odamning qo‘lini orqasiga bog‘lab olib kelishibdi. Podsho aytibdi.
— Hov anavi yangi yigitni chaqiringlar! Kelib, bu o‘g‘rilarni chopsin!
Yamoqchini chaqirib kelishibdi. Podsho yamoqchiga:
— Chop, o‘g‘rilarni! — deb buyruq beribdi. Yamoqchi qo‘rqib turib qolibdi. Yana:
— Chop, — deb buyuribdilar. Yamoqchi: ”Bor, endi o‘ldim!” deb yog‘och qilichni qinidan chiqarib, o‘g‘riniig yelkasiga bir solibdi. Yog‘och qilich sinib ketibdi. Bu ahvolni ko‘rib podsho “qah-qah” urib, kulib yuboribdi, shu yerda turganlarning hammasi qotib-qotib kulishibdi, o‘g‘rilar ham kulib yuborishibdi. Bechora yamoqchi: “Men endi o‘ldim. Podsho bu o‘g‘rilarga: “O‘zini chop!” deb buyuradi. O‘g‘rilar meni chopadi!” deb titrab turibdi. Shunda podsho kulgidan to‘xtab:
— Yasha, yamoqchi! O‘lma, sening ishlaringga qoyilman! Ol! Ot ham seniki, qilich ham seniki! Bor, ketaver endi!— deb otni mindirib, o‘rdadan chiqartirib yuboribdi.
Yamoqchi o‘lmay qolganiga yuz shukrlar qilib xursand bo‘lib, uyiga yetib kelibdi. Otni bog‘labdi. Bozorga chiqib, g‘alvirfurushga qilichni birato‘la pullabdi. Ortgan puliga otga yem, beda, palovning xarajatlarini olib qaytib kelayotsa, jarchi bozorni aylanib:
— Podshohi a’zamdan ruxsat bo‘ldi, yamoqchilar yamoqchiligini qila bersin! — deb chaqirib yurganmish. Yamoqchi: “Eh, xayriyat!” deb, uyiga yetib kelib, otini boqa beribdi.
Podsho kechasi yana kelibdi. Quloq solsa, qozonda palov qaynayapti-yu, yamoqchi uning ovoziga suyunib, qo‘shiq aytib, o‘ynayapti. Podsho eshikni taqillatibdi. Yamoqchi:
— Kimsan? —debdi.
— Shog‘aribman! — debdi podsho.
Yamoqchi borib eshikni ochibdi. Shog‘arib kirib o‘tiribdi va:
— Usta Xoldor! Bugun juda ham vaqtingiz chog‘! — debdi.
Yamoqchi:
— He, asti so‘ramang! Bugun juda qiziq ishlar bo‘ldi, — deb podshonikida bo‘lgan ishning hammasini Shog‘aribga aytib beribdi va: — “Qul o‘lmas, rizqi qurimas”, degan ekanlar. Mana bugun ham qozonim qaynayapti, — debdi. Osh pishibdi, oshni ikkalasi birga yeyishibdi.
Shog‘arib:
— Endi men ketaman! Siz bir dono kishidan so‘rab ko‘ring! Siz tantimi, podsho tantimi! — deb chiqib ketibdi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.