background
logotype

Epchillik va noshudlik haqida maqollar

Abjir bo'lsa farzanding, 
Cho'ldan non terar. 
Yalqov bo'lsa farzanding, 
Yerdan don termas.

Baytal chopib, poyga olmas.

Balaq turilmay, baliq tutilmas. 

Bebarorlik bo'lmasa, 
Kelin tushda gapirmas.

Bilaman — dedim, tutildim, 
Bilmayman — dedim, qutuldim.

Bilgan odam qo'li bilan quyon ovlar.

Bilmaganga bit o'ldirish qiyin.

Bir shaltoqning ishini 
Yigirma epchil eplay olmas.

Bozor bilgan och qolmas, 
Yo'l tanigan kech qolmas.

Burga tutish uchun ham barmoqni ho'llash kerak

Burga qochar oyoqqa, 
Bit qoladi tayoqqa.

Bo'lmaganga — bo'lishma.

Gadoychilikka ham uquv kerak.

Daryo chopar, 
Chaqqon topar.

Dud demoqqa dudoq kerak, 
Sirka tilamakka — usul.

Dum tilab, quloqdan ajrabdi.

Yer yuzini baxmal olsa ham, 
Anqovga taqiyalik tegmas.

Yo eshakni yukka elt, 
Yo — yukni eshakka.

Yomon dallol yonidan to'lar.

Yomon kosib bigiz tanlar.

Yonmasa, o'tin yomon, 
Yoqolmasa — xotin.

Yotgan yotar, qidirgan topar.

Yog'och qozon tagi kuyar.

Yog'ochning yumshog'ini qurt yer, 
Odamning yumshog'ini — it.

Jumush o'kirib biyik bo'lmas, 
Echki yugurib — kiyik.

Jo'gidan juz'ya.

Zamoning tulki bo'lsa, sen tozi bo'l.

Zamoning qanday bo'lsa, 
Bo'rkingni shunday kiy.

It bo'lish uchun ham bir qarich quyruq kerak. 
Ish bilmasang, gap bil.

Ish bilgan — tuzar, 
Bilmagan — buzar.

Yiqilsang, olib tur, 
Cho'ntagingga solib tur.

Yo'rg'a otning yo'li bo'lar, 
Jo'rtoqining sho'ri bo'lar.

Yo'qni borday qil, 
Borni bolday qil.

Kishi qo'li bilan ip eshilmas.

Kurash bilmagan otasini yiqitar.

Kuchangan bilan qo'l qavarmas, 
Baqirgan bilan bir ish bitmas.

Ko'ngillagan cho'pon takadan sut sog'ar.

Ko'p bo'lsa seplab ko'r, 
Oz bo'lsa — eplab.

Mergan ovda bilinar, 
So'zchi — dovda.

Mol yo'qotgan enasining qo'ynini izlar.

Molni boqsang, to'q bo'lar, 
Boqolmasang, yo'q bo'lar.

Molni topganga boqtir, 
O'tinni chopganga yoqtir.

No'noq mergan oqsoq quyon izlar.

Ov olgan tozi burnidan ma'lum.

Ovni otsang, bilib ot, 
Dol nishonga qo'yib ot.

Ovchi ovchilikni qancha bilsa, 
Ayiq ham qochishni shuncha bilar.

Oldingi bersin sazasin, 
Keyingi bersin jazosin.

Ortiq qilaman deb, tirtiq qilma.

Pazandaning go'jasidan osh chiqar, 
Noshudning palovidan tosh chiqar.

Podachi ko'p bo'lsa, mol harom o'lar.

Pul otang kim, onang kim demaydi.

Pulni pul topar, 
Ketmonni ahmoq chopar.

Puxta bo'ynidan ilinar, 
Go'l — oyog'idan.

Savdolashuv — savdoning yarmi.

Sandig'i to'la sepi bo'lguncha, 
Yuragi to'la epi bo'lsin.

Satang bir ish qilolmaydi, 
Qilsa ham ko'p bilolmaydi.

Sepli bo'lguncha, eph bo'l.

Seplini olma, eplini ol.

Sigir o'g'irlagan qutuldi, 
Arqon o'g'irlagan tutildi.

Six ham kuymasin, kabob ham. 

Sonsiz xotinning uyiga son kirmas. 

Sochib qochguncha, olib qoch. 

Sudralgan kaltak yer. 

Suza bilmagan o'z hovuzida g'arq bo'lar.

So'z bilmagan kishidan 
Hura bilgan it yaxshi.

So'ray-so'ray, bilib olibdi, 
Uyala-uyala, quruq qolibdi.

So'qolmagan so'yil ko'tarar. 

Tavakkal tog'ni yiqar. 

Tavakkal — erning yo'ldoshi.

Tariqni yegan — chumchuq, 
Baloga qolgan — bedana.

Tarig'i pishganning tovug'i bo'l.

Taqlid bilan tong otmas.

Tentak o'ylanguncha, 
Tavakkalchi suvdan o'tar.

Tirik bo'lib bozorda yo'q, 
O'lik bo'lib — mozorda.

Toz taranguncha, to'y tarqar.

Tosh kelsa, kemir, 
Suv kelsa, simir.

Tulkining ming bir hunari bor, 
Hammasidan oxirgisi ulug'vor.

Tulkining hiylasi ko'p, 
Yaxshisi — qochmoq.

Turib o'lguncha, urib o'l. 

Tuya — katta,
Yag'rini — undan ham katta.

Tuya o'yin tushsa, qor yog'ar.

Tuyaliga bostirma, 
Itlikka qoptirma.

Tuyaning kattasi ko'prikda tayoq yer. 

Tug'uluq so'ramoqning ham a'moli bor. 

To'kilgandan yalab qol.

To'n — kiyganniki, 
Ot — minganniki.

To'rkini yaqinning to'shagi yig'ilmas. 

Uddasidan chiqmasang, urinma.

Uzoqdan aravalaguncha, 
Yaqindan to'rvala.

Ura bilmagan uzun kosov ko'tarar. 

Ura bilmagan o'qlov ko'tarar. 

Uringan xotin o'g'il tug'ar. 

Urushib o'tir, ushlashib o'tir.

Uyalgan buyurgandan quruq qolar.

Uyalgan yigit qizdan quruq qolar.

Uquvi bor ulg'ayar, 
Uquvi yo'q sarg'ayar.

Chaqqon chora topar, 
Beparvo — bahona.

Chivin ham anqovning og'zini poylar.

Cho'loq bo'lsang ham, no'noq bo'lma.

Elak so'rashga ham og'iz kerak.

Elanmasang, el qayda, 
Yalinmasang, pul qayda.

Emini qilguncha, epini qil. 

Eplagan ikki oshar.

Eplaganni er bil, 
Yana qaytib sher bil.

Eplashga ep kerak, 
Bog'lashga— ip.

Epli xotin uyni tutar orasta, 
Epsizda uy to'ri latta-putta.

Epli qizdan qolma, 
Sepli qizni olma.

Epsiz sozanda sozin cho'zar.

Epchil xotin qor qalab, 
qozon qaynatar.

Erinchoqning ishi bitmas, 
Epsizning — hojati.

Et yeydigan qush ham bor, 
Etini yeydigan qush ham bor.

Eshikni keyin kirgan yopar. 
Echki yugurib lang bo'lmas. 

Yumshoq yog'ochga qurt tushar.

Yutganning tomog'iga qarama, 
Yurganning — oyog'iga.

Yaxshi buzoq ikki onani emar.

Yaxshi xotin go'sht quritar, 
Yomon xotin go'sht sasitar.

O'ziga yol bo'lmagan, 
O'zgaga dum ham bo'lolmas.

O'zing uchun o'l yetim. 

O'zlari oyday, 
Qilgan ishlari loyday.

O'ychi o'yiga yetguncha, 
Tavakkalchi borib kelar.

O'ychining o'yi bitguncha, 
Tavakkalchining to'yi bitar.

O'n marta shap-shap deguncha, 
Bir marta shaftoli yegan yaxshi.

O'ngmaganning iti
O'g'ri ketgandan so'ng hurar.

O'ngmaganning o'qi qiya ketar.

O'rgimchakdek o'rmala, 
Bedanadek yo'rg'ala.

O'rni kelsa, o'roq o'r.

O'ti chiqqanning oti yurmas.

O'tkir suqulganni teshar.

O'choqdagi o'tim o'chmasin desang, 
Qo'ri borida harakat qil.

O'g'il bo'lsin, qiz bo'lsin, 
Qo'1-oyog'i tez bo'lsin.

O'g'il tug'mas xotin bo'lmas, 
Mol topmas yigit bo'lmas.

O'g'ri qutular, 
To'g'ri tutilar.

Qamishni bo'sh tutsang, qo'lingni qiyar.

Qaragan topmas, so'ragan topar.

Qari qiz ovga chiqar, 
Ketidan g'avg'o chiqar.

Qari qiz yasanguncha, to'y tarqar.

Qatiq ichgan qutular, 
Xurmacha yalagan tutilar.

Qirq, yuzning bolasi 
O'n to'rtida bosh bo'lar. 

Chiyirlining bolasi 
O'n sakkizda yosh bo'lar.

Qozon o'g'irlagan qutular, 
Cho'mich ushlagan tutilar.

Qochgan quyon yotgan quyonni ola qochar.

Qochgan qutular, 
Turgan tutilar.

Qosh qo'yaman deb, ko'z chiqarma.

Quyon otolmaganning bolasi arslon otibdi.

Qo'ydek yuvvosh bo'l, 
Otdek — yuguruk.

Qo'li kaltaning tili qisqa.

Qo'li sust kosibdan oyog'i ildam gadoy yaxshi.

G'at-g'at qilgan karnaychi, 
Baloga qolgan surnaychi.

Hura bilmagan it qo'raga bo'ri keltirar.

Ho'kizga kuchi yetmagan arshinini to'balar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.