background
logotype

Faqirlik va boylik haqida maqollar

Amirning oshidan 
Faqirning mushti yaxshi.

Beva xotinning tushiga er kirar, 
Kambag'alning tushiga — yer.

Bevaga bozor bo'lmas, 
Yetimga — hayit. 

Bedavlat bozorga borsa, 
Shum xabar keltirar.

Bedavlatdan osh qochar.

Bedavlatlik bo'lgan so'ng, 
Qarindoshlar g'ash bo'lar. 

Badavlatlik bo'lgan so'ng, 
Begonalar do'st bo'lar.

Bedavlatning noni yarim.

Bepul bozorga borguncha, 
Kafan olib mozorga bor.

Bechoraning daryo to'pig'idan kelmas.

Bir bog' beda — bir tanga, 
Baytal boqmoq osonmi. 

Botmon bug'doy — yuz tanga, 
Xotin olmoq osonmi.

Bozorda bari bor,
Puling bo'lmasa, nari bor.

Boy boy uchun tirishar, 
Kambag'al kambag'alga bo'lishar.

Boy bo'lsang, kunda hayit, kunda to'y, 
Yo'q bo'lsang, kunda hasrat, kunda o'y.

Boy kiysa — qulluq bo'lsin! 
Kambag'al kiysa— qayoqdan olding?

Boyning ko'zi nonda, 
Kambag'alniki — imonda.

Boy to'y tuzar, 
Kambag'alning to'ni to'zar.

Boy qo'shningdan so'raguncha, 
Yo'q uyingni axtar.

Boyga mehmon bo'lsang, baqirasan, 
Kambag'alga mehmon bo'lsang, kekirasan.

Boyga mehmon bo'lsang, joning chiqar, 
Kambag'alga mehmon bo'lsang, qoming chiqar.

Boydan amr bo'lsa, 
Boyvachchadan xamir bo'lar.

Boydan qarzing uzilguncha, 
Bo'yning uzilar.

Boyning bir yo'qligi, 
Ochning bir to'qhgi.

Boyning bojasi ko'p, 
Qulning — xo'jasi.

Boyning bug'doy nonidan, 
Kambag'alning bug'doy so'zi yaxshi.

Boyning jon bergani bilinmas, 
Kambag'alning — non bergani.

Boyning ko'zi — boy, 
Yo'qning ko'zi — loy.

Boyning ko'zi — xonda, 
Yo'qning ko'zi — nonda.

Boyning moli ardoqli, 
Yo'qning — joni.

Boyning xotini bo'lguncha, 
Kambag'alning kavushi bo'l.

Boyning xotini o'lsa, to'shak yangi bo'lar, 
Kambag'alning xotini o'lsa, boshi qayg'uga qolar.

Boyning o'g'li kelsa — to'rga, 
Kambag'alning o'g'li — go'rga.

Boyning o'g'li — hangamachi, 
Yo'qning o'g'li — dangamachi.

Boyning qizi — sepi bilan, 
Yo'qning qizi — ko'rki bilan.

Bor borgan joyida to'yadi, 
Yo'q topgan joyida to'yadi.

Borga — bozor, yo'qqa — guzar.

Borga — bor dunyo, 
Yo'qqa — tor dunyo.

Borga yetti kun hayit, 
Yo'qqa — bir kun.

Borga — mumlik, 
Yo'qqa — shumlik.

Bordan — davlat, 
Yo'qdan — mehnat.

Bu dunyoning xo'rligi — 
Kissangda pulning yo'qligi.

Bulutning qadri yo'q, oy yonida, 
Faqirning qadri yo'q, boy yonida.

Yengi yo'qning tengi yo'q.

Yerga tushgan yetimniki.

Yesirning yetmish yerda kasri tegar.

Yetim boy bo'lmas,
Boy bo'lsa ham, boyvachcha bo'lmas.

Yetim bola yetti yilda uyaltirar.

Yetim o'z ishini o'zi qilar, 
Kishi minnatini eshitar.

Yetim o'z kindigin o'zi kesar.

Yetim o'g'lon it bo'lar, 
Yoqasi to'la bit bo'lar.

Yetim qizga yelpig'ich chikora. 

Yetim qizdan yetim xotin yaxshi. 

Yetim qizning yetmish onasi bor. 

Yetim qizning yangasi ko'p.

Yetim qo'zi asrasang, 
Og'zi-burning yog' etar. 

Yetim bola asrasang, 
Og'zi-burning qon etar.

Yetim ko'zi sutga to'ymas.

Yetimning yegani — yelim, 
Ichgani — iring.

Yetimning yegani — zahar, 
Kiygani — kafan.

Yetimning joni — yetti.

Yetimning kiyganin boy o'g'li yirtar.

Yetimning ko'ngli — yarim.

Yetimning otasi — yetti.

Yetimning otasi ko'p, 
Joniga foydasi yo'q.

Yetimning rizqi yerda.

Yetimning qorni — yetti.

Yetimning hayiti yangi ko'ylak kiyganda.

Yetimning haqi yetti daryoni quritar.

Yetimcha — yetti kulcha.

Zolim bo'lsang, osarlar, 
Faqir bo'lsang, bosarlar.

Zog'oradan to'ydi yetim, 
Zarra-zarra qo'ydi yetim.

Yirtiq to'nni it qopar.

Kambag'al bosh ko'tarsa, 
Boy tosh ko'tarar.

Kambag'al bo'lsang, ko'chib ko'r, 
Boy bo'lsang — o'lib.

Kambag'al non yeydi, 
Boy — qon.

Kambag'al osh topsa, 
Qo'ygani idish topmas.

Kambag'al — piyoda, 
Boy — tuyada.

Kambag'al — topganda, 
Boy — sog'inganda.

Kambag'al tuxum topsa, 
Ichidan sarig'ini topmas.

Kambag'al to'ysa, boy uxlamas.

Kambag'al o'lay desa, o'lolmaydi, 
Tiriklay go'rga kirolmaydi.

Kambag'alda lafz yo'q.
Kambag'allik ayb emas.

Kambag'allik asar qildi, 
Zig'ir yog'i kasal qildi.

Kambag'alni urma-so'kma, to'nini yirt.

Kambag'alning ayroni — o'ziga totli.

Kambag'alning baxti 
Boyning taxtini yiqitar.

Kambag'alning bir to'ygani — 
Chala boyigani.
Kambag'alning boyligi — tanining sog'ligi.

Kambag'alning ko'ziga kepchak non bo'lib ko'rinar.

Kambag'alning ming o'ylovi — 
Boyning bir mo'ylovi.

Kasal dardini sog' bilmas, 
Och qadrini to'q bilmas.

Kasalga so'z yoqmas, 
Kambag'alga — o'yin.

Ma'qul gapga qoruv yo'q, 
Kambag'al o'lsa, boruv yo'q.

Moling borida — ana do'st. 

Moling yo'g'ida — qani do'st.

Oriq o'lsa, mazasi yo'q, 
G'arib o'lsa — azasi.

Och qayg'usini ochiqqan bilar, 
Yo'q qayg'usini — tariqqan.

Ochdan oladiganing,

Bekka beradiganing bo'lmasin.

Ochilib yoqqan havodan qo'rq, 
Kulib turgan — podshodan.

Oqchalining qo'li o'ynar, 
Oqchasizning — ko'zi.

Yalang'ochlik uyga kirgizar, 
Ochlik ko'cha kezdirar.

Yantoqning yog'i yo'q, 
Kambag'alning — bog'i.

Yaxshi bo'lsa — boydan, 
Yomon bo'lsa — kambag'aldan.

Qashshoq osh topgan kuni og'zi kuyar.

Qulning qudasi ko'p.

G'aribning — ko'ngli siniq.

Hayit— otliniki, 
To'y — to'nliniki.

Holvani hokim yer, 
Kaltakni — yetim.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.