background
logotype

Go'zallik va xunuklik haqida maqollar

Aqlli xotin — uy ko'rki, 
Chiroyli xotin — ko'cha ko'rki.

Bozorga — baqqol, 
Yigitga — soqol.

Bog' ko'rki — bodom, 
Dunyo ko'rki — odam. 

Bog' chiroyi gul bilan.

Bog' o'zini tog' aylar, 
Tog' o'zini — bog'.

Gul o'ssa — yeming ko'rki, 
Qiz o'ssa — elning ko'rki.

Gulning to'ni — qirq yamoq, ammo xushbo'y.

Gulning ham tikani bor.

Go'zal ko'rish — ko'zga savob.

Daraxt — yer ziynati, 
Kiyim — er ziynati.

Daraxtning husni — bargi bilan mevasi.

Didsiz o'tirgan yerini ham changitar.

Yetmish go'zallikning bittasi — mehnat.

Inson qo'li — gul.

Ipor isi sandiqdan ketmas.

Ipor isini yashirib bo'lmas.

It desa, quyrug'i yo'q, 
Sigir desa — muguzi.

Yigit ko'rki — ot-yarog'.

Yigit chiroyi — arg'umog'i, 
Kelin chiroyi — chaqalog'i.

Yirtiq to'nga — zar yamoq.

Kal boshiga — shamshod taroq.

Kamtarlik ham husn.

Kapalak gulni deydi, 
Bulbul — kuyini.

Kiyikli tog' — suyukli tog'.

Kiyiming janda bo'lsa ham, ganda bo'lmasin.

Kir ko'ylakka — jun yoqa.

Kishining chiroyi yuzida. 
Kulgi chehra yoritar.

Ko'zga yaqin — ko'ngilga yaqin. 

Ko'ra-ko'ra ko'rkam bo'lar, 
Yura-yura chechan bo'lar.

Ko'sa qariganini bilmas.

Maydon ko'rki — yog'ish, 
Gilam ko'rki — naqsh.

Nozsiz xotin — yolqinsiz o'tin. 

Notavon ko'ngilga — qo'tir jomashov. 

Odamga — lafz, go'salaga — dum. 

Odamga — libos, eshakka — to'qim. 

Odamning yuzi quyoshni uyaltirar.

Oy suluvi — nur, Soy suluvi — suv.

Oyda ham dog' bor.

Oydinda oq kiygan, 
Ko'lankada ko'k kiyar.

Olmoqning ko'rki — bermoq. 

Onangni otangga bepardoz ko'rsatma.

Otni yaxshi ko'rsatgan — 
Tuyoqdagi taqasi. 

To'nni yaxshi ko'rsatgan — 
Yengi bilan yoqasi.

Oq ko'ngillikning yuzi ko'rkam.

Pardoz qilgan chiroyli 
Ammo husni bir oyli.

Pardozlini uyda ko'r, 
Xotiningni to'yda ko'r.

Pardozni pardoz buzar.

Pes ham o'z yo'liga, 
Husn ham o'z yo'liga.

Sozli tordan — nozli sado.

Suluv suluv emas, 
Suygan — suluv.

Suluvidan jiluvi yaxshi.

Sumbul taqimda, 
Yigit ko'zi unda.

Supurgi yerning husni, 
Kamtarlik — erning.

Suqma bo'lsa ham yo'l yaxshi, 
So'qir bo'lsa ham qiz yaxshi.

So'z ko'rki — maqol, 
Guzar ko'rki — baqqol, 
Yigit ko'rki — soqol.

So'qir ko'zga surmaning keragi yo'q. 

Tashiga qarama, ichiga qara. 

Terak ham bog' ziynati.

Tovus tanasiga qarab yayraydi, 
Oyog'iga qarab yig'laydi.

Toz — tanishdan, 
Qo'tir — qamishdan.

Tog'ning ko'rki — lola bilan, 
Uyning ko'rki — bola bilan.

Turq boshqa-yu, ko'rk boshqa.

Uyga palos yarashar, 
Xotinga — libos.

Umr o'zar, husn to'zar. 

Xol — joyida aziz. 

Xotinga mol berma, xol ber. 

Xunukdan xudo bezor.

Xushxulqlik — jamol, 
Kamtarlik — kamol.

Chiroy to'yda kerak.

Chiroy husn-u jamolda emas, fazl-u kamolda. 

Chiroyga non botirib yeb bo'lmas. 

Chiroyli qizning nozi bor.

Chiroylilik murod emas, 
Xunuklik uyat emas.

Chopmasang ham ot yaxshi, 
Quchmasang ham qiz yaxshi.

Cho'lda o'sgan giyoh ham — cho'lga husn. 

Cho'tirning ham o'z husni bor.

Shaharda bir xotin bo'lsa, 
Zargar ochidan o'lmas.

Egri bo'lsa ham yo'l yaxshi, 
Qari bo'lsa ham qiz yaxshi.

Eshakka — to'qim, odamga — libos. 

Yuz — o'tdan issiq.

Yaxshi qiz — yoqadagi qunduz, 
Yaxshi yigit — ko'kdagi yulduz.

Yaxshi qomat — yarim omad.

Yaxshi husn — yarim baxt.

Yaxshining yuzi oftobni ilitar.

Yaxshining yuzida zuluk ham xol bo'lib ko'rinar.

O'ziga boqmagan o'zgaga yoqmas.

O'yida bor-u, bo'yida yo'q.

O'yin soz bilan, 
Qiz — noz bilan.

O'rdak o'ziga oro bersa ham, oqqush bo'lolmas.

Qari bo'lsa ham qiz yaxshi, 
Achigan bo'lsa ham — qimiz.

Qiz bola — gul-lola.

Qiz bola — uy ziynati.

Qiz bola erda yaxshi, 
Er olmasa go'rda yaxshi.

Qiz bor — qirg'iz qovoqli, 
Qiz bor — qarchig'ay qanotli.

Qiz qilig'i bilan issiq.

Qiz husni — yuragida.

Qizni kim sevmas. 

Qimizni kim ichmas.

Qizning isi — gulning isi.

Qizning ko'zi — qizilda, 

Yoshning ko'zi — yashilda.

Qizning qilig'i yaxshi, 
Sutning — ilig'i.

Qirqqacha ko'sa yaxshi, 
Qirqdan so'ng o'lsa yaxshi.

Qozi rishvasiz bo'lmas, 
Qiz ishvasiz bo'lmas.

Qozon qayda — suv shunda, 
Suluv qayda — ko'z shunda.

Qori bo'lmasa, qish xunuk, 
Yori bo'lmasa — qiz xunuk.

Quloq so'z uchun, 
Olam ko'z uchun.

Havoning taftiga boq, 
Odamning aftiga boq.

Har bog'ning — guli,
Har chorbog'ning — bulbuli.

Har gulning hidi boshqa.

Har go'zalning bir aybi bor.

Har kimning didi boshqa.

Har narsaning yarashig'i bor.

Har qushning qanoti o'ziga yarasha.

Husn goh baxt keltirar, 
Goh — kulfat.

Husn — yarim davlat, yarim ofat.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.