background
logotype

Mardlik va nomardlik haqida maqollar

Adashganni yo'lga solgan mard.

Aybiga iqror mard kishi,
Yashirmoq — qo'rqoq ishi

Arslon bolasi arslon bo'lur,
Sichqon bolasi — sichqon. 

Arslon og'zidan ov olinmas.

Asirlikdan o'lim yaxshi.

Baliq suvning chuqurini,
Mard ishning qiyinini izlar.

Baxshining qadrini xalq bilar,
Xalqning qadrini mard bilar.

Bir erga navbat, bir — sherga.

Gunohning uzri gunohdan og'ir.

Go'ngqarg'a bo'lib ming yil yashagandan,
Sher bo'lib bir yil yashagan afzal.

Darmon bor yerda dard bo'lmas,
Erman bor yerda er o'lmas.

Do'st kulfatda sinalar,
Mard — kurashda.

Do'stga zor qilma,
Nomardga — muhtoj.

Yer ekma, er ek.

Yomon odam yovdan qochar,
Nomard odam siring ochar.

Jondan kechmay, daryo kechilmas.

Jo'mard yo'qligini bildirmas,
Tulpor ochligini bildirmas.

Ziyrakning aqli tosh yorar,
Nomardning mushti bosh yorar.

Zolim ishi shafodir,
Mardning ishi vafodir.

Ilikni mard qoqib, nomard yemasin.

Yigit borki, yetti pushtigacha nomi qolar,
Yigit borki, yetti kunda nomi yo'qolar.

Yigit — yigitning ko'zgusi.

Yigit so'zi — bitta.

Yigit — so'zidan,
Qo'y — bo'g'zidan.

Yigitga yig'i yarashmas.

Yigitga mardlik yarashar.

Yigitni bir so'zlik bezar.

Yiqilsang, kuchlidan yiqil.

Yiqilsang ham tuyadan yiqil,
Birov senga kulmasin.

Yo'lbars
Tulki izidan yurmas.

Yo'qdan qochma, yomondan tonma.

Kallangni olsa, mard olsin.

Kek xotinga yarashar.

Kim mard bo'lsa so'ziga,
Oydir elning ko'ziga.

Kurashda otangni ayama.

Mard aytmas,
Aytsa qaytmas.

Mard berib xursand bo'lar,
Nomard — olib.

Mard bilan gurunglashgan
Mard bo'lar.
Nomard bilan hiringlashgan
Part bo'lar.

Mard bir yil och,
Nomard hamisha och.

Mard bir marta o'lar,
Qo'rqoq — yuz marta.

Mard boshini qilich kesmas.

Mard yetimga yeng bo'lar,
Bo'lmaganga — bo'y.

Mard ish ustida bilinar,
Nomard — osh ustida.

Mard ishi — mard,
Nomardniki — dard.

Mard yigit izini sotar,
Nomard yigit — o'zini.

Mard yigitga sevgi sinov.

Mard yigitning dod degani — o'lgani,
Dod demasdan bet uchirgani — qo'rqqani.

Mard yiqilsa, maydonda qolar.

Mard yo'lida g'ov qolmas.

Mard yigitning labi yog'liq,
Dangasaning boshi qonlik.

Mard — kurashda, do'st — tashvishda,
Dono g'azabda sinalar.

Mard maydonda bilinar,
Nomard — ishda.

Mard mardni deydi,
Nomard — nomardni,

Mard muhtoj beshigi,
Elga ochiq eshigi.

Mard nomardga tiz cho'kmas.

Mard oro bilan so'zlar,
Nomard — pora bilan.

Mard tuzar, nomard buzar.

Mard xotinin qaritmas.
Botir otin horitmas.

Mard o'zidan ko'rar,
Nomard — o'zgadan.

Mard o'lar, nomi qolar.

Mard qalbi — gul,
Nomardniki — kul.

Mard qiyinni yengar,
Nomard bo'ynini egar.

Mardga manzil ko'p.

Mardga taqlid et,
Nomardni tanqid et.

Marddan ot qolur,
Nomarddan — dod.

Mardlik yiqitmoq emas, turg'izmoq.

Mardlik — kishining husni.

Mardlik — mangulik.

Mardlik sotib olinmas.

Mardni maqtamasang ham — mard,
Nomardni maqtasang ham — dard.

Mardni mehnat yengolmas.

Mardni xor etma,
Nomardga zor etma.

Mardni el sevar,
Nomardni kirn sevar.

Mardni o'ldirar firoq,
Nomarddan nomus yiroq.

Mardning ishi — mehnatda,
Nomardning kuchi — og'zida.

Mardning noni — butun.

Mardning o'ligi — nomardning tirigi.

Mardning qo'li boqadi,
Nomard qo'li yoqada.

Maslahatni marddan so'ra.

Ma'raka — mardniki,
Ziyofat — xalqniki.

Mergan ovda kerak,
Mardlik — yovda.

Mol — mard, egasi — nomard.

Noligan — nomard,
Bir gapirgan — mard.

Nolish bilan ish bitmas,
Mard nomardga tiz cho'kmas.

Nomard bo'lib ko'pga kirguncha,
Mard bo'lib o'lgan yaxshi.

Nomard dushman ko'rsa, g'ussadan o'lar.

Nomard do'stdan mard dushman yaxshi.

Nomard yovga yalinar,
Mard kuchiga suyanar.

Nomard ishing bilmasin,
Bilib bag'ring tilmasin.

Nomard non ustida ham nolishini qo'ymas.

Nomardga zor bo'lgandan,
Qora daryoga g'arq bo'l.

Nomardga ishi tushmagan
Mardning qadrini bilmas.

Nomardga so'z berguncha,
Mardga ko'z ber.

Nomardga yalinguncha,
Jo'mardga yalin.

Nomardga yalinma,
Bir baloga chalinma.

Nomardda nomus bo'lmas.

Nomarddan yordam so'rama,
Yuzingga solar.

Nomarddan najot kutma,
Itdan — hojat.

Nomardning ko'prigidan o'tgandan,
Daryoda g'arq bo'lgan yaxshi.

Nomardning palovidan,
Mardning yovg'on oshi yaxshi.

Nomardning xotini bo'lguncha,
Mardning bevasi bo'l.

Olgan mard emas,
Bergan — mard.

Ot kuchini karvonda ko'r,
Mard kuchini — maydonda.

Ota o'g'il rahmat olur.

Otni ham maydonda sina,
Erni ham maydonda sina.

Og'ir yukka nor kerak,
Yov talashda er kerak.

Og'ir yukni nor ko'tarar,
El og'irin er ko'tarar.

Piyozni mard artsin,
Sabzini — nomard.

Suv keltirar mard kishi,
Ekin ekar har kishi.

Suv keltirgan mard,
Suv bermagan nomard.

Suxan dur bo'lar,
Aslning gapi bir bo'lar.

Tangri berganning o'g'li to'rt bo'lar,
Biri nomard bo'lsa, biri mard bo'lar.

Tog' arqon bilan egilmas,
Mard nomardga teng bo'lmas.

Ur deganda nomard qochar,
Mard qolar maydon ichida.

Urishsang, mard bilan urish.

Chigit bo'lsang ham, yigit bo'l.

El tutganni er tutar.

Er yigit el aybini ochmas.

Er qayerda bo'lsa, sher panjasi o'sha yerda.

Yuz nomarddan yuz qaytar,
Bir mardni har kirn maqtar.

Yaxshi it o'ligini ko'rsatmas.

Yaxshilikka yaxshilik —
Har kishining ishidir.

Yomonlikka yaxshilik —
Mard kishining ishidir.

O'z aybini bilgan — mard.

O'ldirsa ham, mard o'ldirsin.

Qildan qiyiq axtarma.

Qochganni quvlovchi bo'lma.

Qo'lingni ber, mard bo'lsang,
Qocha ber, nomard bo'lsang.

G'olibning nomi o'chmas.

G'olibning yarasi tez bitar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.