background
logotype

Sabab, bahona va natija haqida maqollar

Ajal yetmay, chivin o'lmas.

Ajali yetgan sichqon 
Mushukka g'amza qilar.

Alamzadaning tili zahar. 

Alas-alasga o't kerak.

Aravani ot emas, arpa tortar.

Arazlagan bolaga osh totli.

Bermas qizning qalini ko'p.

Besabab oyoqqa tikan kirmas.

Bir kunlikka ham ravot kerak, 
Ming kunlikka ham.

Bola yig'lamasa, ona sut bermas.

Borishda maqtanma, kelishda maqtan.

Boyagi-boyagi, boyxo'janing tayog'i. 

Bug'doyning borar joyi — tegirmon.

Bo'ladigan ishning bo'lgani yaxshi, 
Uydagilarning tingani yaxshi.

Gul tufayli tikan suv ichar.

Gunohiga yarasha jazosi.

Daydiga ish — bahona.

Devor yiqilmay, handak to'lmas.

El yursa, yung to'zar.

It yeganini qusar.

It chopar, deb bit chopar.

Ichmas edim kosaning qaymog'ini, 
Zor bo'ldim kubining ayroniga.

Ishni ko'rib ustaga baho ber, 
Ustani ko'rib — shogirdiga.

Yig'lagisi kelgan bola, 
Otasining soqolini o'ynar.

Karvon yo'lda tuzalar. 

Kamay — misdan, balg'am — isdan. 

Karnaychidan — bir puf. 

Kelinning siri kelgan yerida bilinar.

Kemada kim borini chiqqanda bilasan.

Ko'rganning till bildirar, 
Kuyganning — dili.

Mol chiqasiga kelsa, egasi sababchi.

Molga balomat — boshga salomat.
Muz erisa, suv bo'lar, 
Suv sovisa, muz bo'lar.

Nima solsang oshingga, 
Shu chiqar qoshig'ingga.

Nima eksang, shuni o'rasan. 

Non qiyshiq emas, bug'doyi qiyshiq. 

Odamdan — odam, hayvondan — hayvon. 

Oyoq changi og'izga kirar.

Oz oshga imdov yo'q.

Oldim baloni, urdim baloga, 
Chiqdi balosi, qoldim baloga.

Olma og'ochidan ohs tushmas.

Olov so'nsa, soviydi, 
Giyoh so'lsa, quriydi.

Osmon yig'lamay, yer kulmas. 

Osmon ola — yer ola. 

Osmondan nam tushmasa, giyoh unmas. 

Ot ag'nasa, tuk qolar.

Ot oriqlasa, tuvaloq bo'lar.

Ot tortishib ot tanir, 
Er tortishib — el.

Otilmagan sopqon ham betga tegar, ham ketga. 

Oxurga neni solsang, xurmachadan shuni olasan.

Pishgan ovqatning umri qisqa.

Pul bermas ma'raka buzar.

Pishak go'shtga yetmasa — «puf sassiq».

Saboq mushkul bo'lsa, o'quvchini uyqu bosar.

Sovuqdan qo'rqqan qishni yoqtirmas.

Sotmasning moli qimmat.

Sukut — alomati rizo.

Surnay chalishni bilmaganning ohangi ko'p.

Termilgan qozon qaynamas, 
Qaynasa ham quyilmas.

Termilganing tilanganing emasmi. 

Tuya elakka qolganda oqsar. 

Tuyasidan qo'ng'irog'i qimmat. 

Tug'mas tovuqning tuxumi aziz. 

To'kilgan to'lmas, yiqilgan to'ymas.

Changakdagi go'sht sassiq.

Sholining bahonasida kurmak suv ichar.

Egasi yo'q mol — oldin topganniki.

Elak so'ragan iyagini yer.

Er qo'yar bo'lsa, xotin yomon, 
Xotin qo'yar bo'lsa, er yomon.

Erinchoqqa ish buyursang, 
Senga aql o'rgatar.

Ermagi yo'q enasinikida sigir sog'ar.

Et totligini qo'ysa,
Men o'g'riligimni qo'yardim.

Eshagi — bir tanga, 
To'qimi — ming tanga.

Eshagi — bir tanga, 
Tushovi — o'n tanga.

Eshagi yo'qning tushovi yo'q.

Eshagidan tushovi qimmat.

Eshakning yuki yengil bo'lsa, yotag'on bo'lar.

Yutim bo'lmasa, bitim bo'lmas.

Yutqazgan o'yinga to'ymas, 
Yiqilgan — kurashga.

O'zi bir tanga, 
To'ni qirq tanga.

O'zolmagan otga uzangi bahona.

O'yin bilmagan xotinga 
Uy torligi bahona.

O'yin bilmaganga joy tor.

O'rinsiz haqorat soqovni burro qilar.

O'roqchining yomoni o'roq tanlar.

O'g'ri itning quyrug'i qisiq.

Qalin bergandan keyin
O'lik kuyov ham tobutda yotmas.

Qarzdorning yolg'oni cho'ntagida bolalar.

Qarzdorning cho'ntagi teshik.

Qaqillagan tovuq tug'may qo'ymas, 
Guvillagan olov yonmay qo'ymas.

Qizi borning nozi bor, 
Qiyin ishning qimmati zo'r.

Qimorboz boy berganda
Jamshidni yodlar, 

Boy bo'lganda — qochishni.

Qichigan yerdan qo'l ketmas. 
Qulunli biya ovulga sig'mas.

Quruq supraga duo yo'q, 
Sendan menga davo yo'q.

Quruq suyakni it g'ajimas.

Qo'y katta, qo'zi kichik, 
Echki sizga lozim emas.

Qo'ling yetgan shoxning shaftolisi shirin.

Hasharchining bolasi 
Tilla qoshiq o'ynaydi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.