background
logotype

Sevinch va g'am haqida maqollar

Azaga borgan xotin 
O'z dardini aytib yig'lar.

Bir yig'ining bir kulgusi bor.

Boshimni bosh desam, 
Oyog'imda nima g'am. 

Gado non topsa, to'rva topmas.

Dard tomirni yer, 
Hasrat — umrni.

Dard ustiga chipqon.

Devorni nam yiqitar, 
Odamni — g'am.

Yomg'irdan o't-o'lan o'sar, 
Qo'shiqdan — ko'ngil.

Jahl bilan qartayasan, 
Kulgi bilan yasharasan.

Jon bor joyda qazo bor.

Joni borning g'ami bor.

Zang temirni kemirar, 
G'am — odamni.

Issiq cho'pni quritar, 
Qayg'u erni qaritar.

Ming qayg'u bir ish bitirmas.

Moli ko'pning — g'ami ko'p.

Mushukning o'limi — sichqonga to'y.

Odam odam bilan, 
Odam ado g'am bilan.

Odam odam bilan, 
Pista bodom bilan.

Ota-onaning dog'i — oz-moz, 
Farzand dog'i tinch qo'ymas.

Og'rimagan quloqqa — oltin sirg'a.

Og'riqsiz bosh bosh emas. 

Oh tortmasang, soch oqarmas.

Sayohat tanga rohat, 
Tan emas, jonga rohat.

Suygan ham qo'shiqchi, 
Kuygan ham qo'shiqchi.

Tug'ilish to'lg'oqsiz bo'lmas. 
Yuragi to'lganning — yig'isi ko'p.

O'ylasang, qayg'u ko'p, 
O'ylamasang, qayg'u yo'q.

O'ynab-kulgin yigitdek, 
Siqilmagin chigitdek.

O'limdan achchiq narsa yo'q, 
Shodlikdan ortiq boylik yo'q.

O'tda yongan kuyar, 
G'amda yongan o'lar.

Qayg'u bitar, shodlik o'tar.

Qayg'u keltirar shodlikdan
Yomg'ir keltirar momaqaldiroq yaxshi.

Qayg'u — umr egovi. 

Qayg'u qaritar, g'am o'ldirar. 

Qayg'uli boshga qor yog'ar. 

Qayg'uni ko'z yoshi yuvolmas. 

Qayg'usiz qora suvga semirar. 

Qari-yosh qayg'usiz bo'lmas. 

Qo'rqqandan quvongan yomon. 

G'am yema, beg'am ham bo'lma. 

G'am yuki tog'dan og'ir. 

G'amsiz oshim — da'vosiz boshim. 

G'ash ko'ngilga keng uy ham tor.

Hamdardi bor dard — yarim dard.

Har kechaning kunduzi, 
Har kunduzning kechasi bor.

Har kim o'z go'riga yig'lar.

Har kunning o'z tongi bor.

Har narsaga g'am yema, 
Parcha nonni kam yema.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.