background
logotype

Yaxshi so'z va yomon so'z haqida maqollar

Aytar so'zni ayt, 
Aytmas so'zdan qayt.

Aytilgan so'z — otilgan o'q.

Anjom — uy ziynati, 
So'z — inson ziynati. 

Ariqni suv bezar, 
Odamni — so'z.

Achchiq savol berib, 
Shirin javob kutma.

Achchiq til — zahri ilon, 
Chuchuk tilga — jon qurbon.

«Barakalla»ga qui mehnat qilib o'lar.

Bemorga shirin so'z kerak, 
Aqlsizga — ko'z.

Bir tavakkal buzadi, 
Ming qayg'uning qal'asin. 

Bir shirin so'z bitkazar, 
Ming ko'ngilning yarasin.

Bir yaxshi gap esdan chiqmas, 
Bir — yomon gap.

Birovning o'zi g'ar, 
Birovning so'zi g'ar.

Bug'doy noning bo'lmasin, 
Bug'doy so'zing bo'lsin.

Gap egasini topar.

Gapda g'iybat yomon, 
Dardda — quyanchiq.

Gapdan gap chiqar, 
Cho'pdan — xas.

Gapi gapga o'xshamas, 
Og'zi gapdan bo'shamas.

Gapi sassiqning o'zi sassiq.

Gapi to'mtoqning o'zi to'mtoq.

Gapi to'ngning o'zi to'ng.

Gapni gap ochar, 
Yomon gapdan qochar.

Gapning yomoni pichir.

Gapning ozi yaxshi, 
Qizning — nozi.

Gapning qisqasi — yaxshi, 
Qisqasidan hissasi — yaxshi.

Go'sht-yog' berma, yaxshi til ber.

Donning achchig'i yaxshi, 
So'zning — shirini.

Dunyoni yel buzar, 
Odamni — so'z.

Duo bilan el ko'karar, 
Yomg'ir bilan yer ko'karar.

Duo olgan ko'karar, 
Tuhmat olgan oqarar.

Duo olgan omondir, 
Qarg'ish olgan yomondir.

Do'st orttiraman desang, 
Shirin suhbat qil. 

Dushman orttiraman desang, 
Chaqirtikan bo'l.

Yomon gap — bosh qozig'i, 
Yaxshi gap — jon ozig'i.

Yomon gap yer tagida uch yil yotar. 

Yomon gap tarsakidan yomon. 

Yomon gapning oyog'i olti.

Yomon so'z bo'lmasa, 
Yaxshi so'z bo'lmaydi.

Yomon so'z egasiga qaytar.

Yomon so'zlab sovutma, 
Jon og'ritib ovutma.

Yomon so'zning qanoti bor.

Yomon til boshga balo keltirar, 
Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.

Yomon til yo jonga urar, 
Yo — imonga.

Yomonning tili bor, 
Yaxshining — dili.

Yomonning yuzi qursin, 
Gapirgan so'zi qursin.

Yomonning yaxshi so'zidan, 
Yaxshining yomon so'zi yaxshi.

Jikli qarg'ish jigini topar, 
Jiksiz qarg'ish — o'zini.

Zahar til suyakni yorar.

Iliq so'z — shakar, 
Sovuq so'z — zahar.

Issiq kiyim tanni ilitar, 
Issiq so'z jonni ilitar.

Yo'l quvgan xazinaga yo'liqar, 
So'z quvgan — baloga.

Kishining o'zi yetmagan yerga so'zi yetar.

Kuch egmaganni so'z egar.

Ko'zdan ko'zing toysa, 
So'zdan ko'ngling toyar.

Ko'ngilni qo'l bilan ovlamasang, 
Til bilan ovla.

Ko'ngilsiz gapning kechikkani yaxshi.

Ko'p gap — eshakka yuk.

Mazali so'zga quloq charchamas.

Ma'qul gapga qoruv yo'q.

Ming chechanni bir ezma yengar.

Muzdan suv tomar,
So'zamoldan — bol.

Ovni — oziq bilan, 
Odamni — so'z bilan.

Ovqatni tuz mazali qilar, 
Odamni — so'z.

Odam gap bilan, 
Hayvon o't bilan.

Odam so'zi bilan sinalar, 
Osh — tuzi bilan.

Odam — so'zlashguncha, 
Yilqi — kishnashguncha.

Odam so'zlashib tanishar, 
Hayvon — hidlashib.

Odam so'zlashar, 
Hayvon yalashar.

Oz gapir — soz gapir.

Olim so'zi oz, 
Oz bo'lsa ham soz.

Orqadagi gap — og'ildagi tezak.

Ochiq til osh yedirar, 
Achchiq til tosh yedirar.

Oq degani — olqish, 
Qora degani — qaig'ish.

Og'izga kelgan so'z arzon, 
Ovulga kelgan bo'z arzon.

Og'izdan chiqqan so'z qaytmas.

Og'rigan joyga qo'l yugurar, 
Og'ritar so'zga til yugurar.

Pichir-pichirdan o't chiqar.

Puling bo'lmasa, bo'lmasin, 
Shirin so'zing bo'lsin.

Sabr qilgan moy oshar, 
Olqish olgan ko'p yashar.

Sevdirgan ham til, 
Bezdirgan ham til.

Sel ariqni buzar, 
Yomon so'z — dilni.

Sen ham bir og'izdan, 
Siz — ham.

Sovuq gap yurakni muzlatar.

Suv o'z yo'lini topar, 
So'z — o'z egasini.

Suvni sevgan suv keltirar, 
So'zni sevgan so'z keltirar.

Suydirgan ham til, 
Kuydirgan ham til.

Suyaksiz til suyak sindirar.

So'z — bir, sayqal — qirq.

So'z kaltada, 
Un xaltada.

So'z ko'rki — maqol.

So'z nayzadan o'tkir.

So'z oyoqdan ilgari borar.

So'z ojizi bo'lguncha, 
Ko'z ojizi bo'l.

So'z suyakdan o'tar, 
Tayoq — etdan.

So'z chumchuq emas, 
Og'izdan chiqsa, tutib bo'lmas.

So'z emgak bo'lar, 
Bo'z — ko'ylak.

So'zda qanquv yomon, 
Dardda — sanchuv.

So'zdan so'zning farqi bor, 
O'ttiz ikki narxi bor.

So'zdan so'z chiqar, 
So'zlamasang na chiqar.

So'zi nodurustning o'zi nodurust.

So'zlagandan so'zlamagan yaxshiroq, 
So'zlab edim, boshimga tegdi tayoq.

So'zni bir ezmadan so'ra, 
Bir — kezmadan.

So'zni so'z ochar.

So'zning boyligi — odamning chiroyligi.

So'zning yomoni — sanchiq, 
Dardning yomoni — quyonchiq.

So'zning onasi — quloq, 
Suvning onasi — buloq.

Tayog'i yo'g'on birni urar, 
So'zi yo'g'on mingni urar.

Tanballik — kulfat, 
Mahmadanalik — ofat.

Taom lazzati o'zida. 
Odam lazzati — so'zida.

Til — aql bezagi.

Til — aql tarozusi.

Til — aql o'lchovi.

Til bor, bol keltirar, 
Til bor, balo keltirar.

Til — dil kaliti.

Til — dil tarjimoni.

Til — dil jarchisi.

Til tig'i qilich tig'idan o'tkir.

Til yugurigi — boshga, 
Oyoq yugurigi — oshga.

Til yaxshisi bor etar, 
Til yomoni xor etar.

Til tig'dan o'tkir.

Tilga ixtiyorsiz — elga e'tiborsiz.

Tilga e'tibor — elga e'tibor.

Tilga ehtiyot — elga ehtiyot.

Tili nopok — o'zi nopok.

Tili shirinning do'sti ko'p.

Tilingda bo'lsa boling, 
Kulib turar iqboling.

Tilni bog'la dil bilan, 
Dilni bog'la til bilan.

Tig' jarohati bitar, 
Til jarohati bitmas.

Toza suvni yer olar, 
Yaxshi so'zni el olar.

Tuzsiz oshning epi oson, 
Tuzsiz gapning epi qiyin.

Tuya ham muomalaga cho'kar.

To'qson og'iz so'zning to'qsonta tuguni bor.

Uzun til — boshga to'qmoq, 
Bo'yinga — sirtmoq.

Uzun til — umr zavoli.

Uzun tilim — uzgun tilim, 
Qisqa tilim — tizgin tilim.

Fil ko'tarmaganni til ko'tarar.

Xabar — shamoldan tez.

Xotin so'zini qondirar, 
Er urug'idan tondirar.

Xushxabaming qanoti bor.

Chin so'z — mo'tabar, 
Yaxshi so'z — muxtasar.

Shakar ham tilda, 
Zahar ham tilda.

Shirin so'z shakardan shirin.

Shirin so'z o'likni ham tiriltirar.

Shirin so'z — qaymoqli ayron, 
Achchiq so'z — bo'yniga arqon.

Shirin so'zh shoh kosasida suv ichar.

Shirin-shirin so'zlasang, 
Ilon inidan chiqar. 

Achchiq-achchiq so'zlasang, 
Musulmon dinidan chiqar.

Shirin yuzingdan shirin so'zing a'lo.

Egasiz qarg'ish egasini topar.

El bor yerda so'z bor.

El qo'shiq bilan tirik.

El g'aznasi — eski so'z.

Eldagi gap — dildagi gap.

Elli(k) gapdan belli gap yaxshi. 

Elni sevsang, elcha gapir.

Er boyligi — yo'lda, 
So'z boyligi — tilda.

Er — lafzidan, 
Qo'y — bo'g'zidan.

Er so'zi — el so'zi.

Etigi yomon to'r bulg'ar, 
Og'zi yomon — el.

Yuz yuzdan shirin, 
So'z so'zdan shirin.

Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, 
Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.

Yaxshi gapga quloq sol, 
Yomon gapga uloq sol.

Yaxshi gapning ham qulog'i bor, 
Yomon gapning — ham.

Yaxshi naql — tomiri aql.

Yaxshi osh berguncha, yaxshi so'z ber.

Yaxshi og'izga — osh, 
Yomon og'izga — tosh.

Yaxshi so'z boldan shirin.

Yaxshi so'z bo'ldiradi, 
Yomon so'z kuydiradi.

Yaxshi so'z iydirar, 
Yomon so'z bezdirar.

Yaxshi so'z kuldirar, 
Yomon so'z o'ldirar.

Yaxshi so'z — ko'ngil podshosi.

Yaxshi so'z suyuntirar, 
Yomon so'z kuyuntirar.

Yaxshi so'z to'rga eltar, 
Yomon so'z — go'rga.

Yaxshi so'z — yurak yog'i, 
Yomon so'z — yurak dog'i.

Yaxshi so'z — yurakka malham, 
Yomon so'z — yurakka g'am.

Yaxshi so'z qand yedirar, 
Yomon so'z pand yedirar.

Yaxshi so'zga uchar qushlar el bo'lar, 
Yomon so'zga pashsha kuchi fil bo'lar.

Yaxshi so'zdan — vafo, 
Yomon so'zdan — vabo.

Yaxshi so'zdan moy eriydi, 
Yomon so'zdan soy quriydi.

Yaxshi so'zning mazzasini bilmagan, 
Yomon so'zning izzasini bilmas.

Yaxshining so'zi — oltin, 
Yomonning so'zi — bolta.

Yaxshining so'zi toshni eritar, 
Yomonning so'zi boshni chiritar.

Yaxshining so'zi — qaymoq, 
Yomonning so'zi — to'qmoq.

Yaxshi-yaxshi desa,
Kunda tariqday yaxshilik qo'shilar emish.

Yomon-yomon desa,
Kunda tariqday yomonlik qo'shilar emish.

O'z aqling aqldir, 
Elning aqli naqldir.

O'zi sovuqning — so'zi sovuq.

O'ziga boqma, so'ziga boq.

O'n og'iz so'z ming og'iz bo'lar.

O'tarchining nashtari yeng ichida, 
Zahar xotin nashtari til uchida.

O'ttiz tishdan chiqqan so'z, 
O'ttiz uruqqa tarqalar.

O'q birni o'ldirar, 
So'z — mingni.

Qarg'ishning ikki uchi bo'lar.

Qattiq gap qarindoshga ham yoqmas.

Qizil tilim bo'lmasa, 
Qishlar edim elimda. 

Yashil tilim bo'lmasa, 
Yayrar edim elimda.

Qizil tilim tiyolmadim, 
Qizimnikiga borolmadim.

Quloqdan kirgan sovuq so'z 
Ko'ngilga borib muz bo'lar.

Quruq so'z bosh og'ritar, 
Yoriq qoshiq og'iz yirtar.

Qo'yning qimmati — yungida, 
Odamning qimmati — so'zida.

Qo'tir qo'ldan yuqar, 
Balo — tildan.

Har kim o'z till bilan tirik.

Har mevaning po'chog'i bor, 
Har so'zning o'lchovi bor.

Hikmat — bir hovuch oltin.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.