background
logotype

Yo'l va yo'ldosh haqida maqollar

Guli yo'q bo'stondan, yaproq yaxshi, 
Foydasi yo'q yo'ldoshdan, tayoq yaxshi.

Do'st safarda sinalar.

Yomon yo'ldosh yov bo'lar, 
Ravon yo'lda g'ov bo'lar. 

Yomon yo'ldoshdan bir chekim nos yaxshi. 

Yomon yo'ldoshdan yomon tayoq yaxshi. 

Yigitni yo'l boqar. 

Yo'l azobi — go'r azobi.

Yo'l bilmasang, yo'lchiga boq.

Yo'l odami yo'lga yaxshi, 
Uy odami — uyga.

Yo'l so'ramay, yo'lga tushma.

Yo'l tani, yo'lga chiqsang, do'st tani.

Yo'l topguncha, yo'ldosh top.

Yo'l uzoq bo'lsa, yo'ldoshingdan ko'r.

Yo'l yurganga qisqarar.

Yo'l yursang, sinab yur, 
Sinab yurmasang, o'lchab yur.

Yo'l o'g'risi bo'lsang ham, 
Yo'ldosh o'g'risi bo'lma.

Yo'lga chiqsang, yo'ldoshli chiq.

Yo'lga chiqsang, yaroqli chiq, 
Yolg'iz chiqmay, hamrohli chiq.

Yo'lga chiqqan yo'ldan topar.

Yo'lda yurgan yo'l tanir, 
Cho'lda yurgan cho'l tanir.

Yo'ldosh aybini yo'l ochar.

Yo'ldoshi borning qo'ldoshi bor.

Yo'ldoshi yomonni yov olar.

Yo'ldoshiga qaramagan yo'lda o'lar.

Yo'ldoshing olaqarg'a bo'lsa, 
Yemishing go'ng bo'lar.

Yo'ldoshini tashlagan yo'lda qolar. 

Yo'lni yo'lchi yengar.

Yo'lni karvondan so'ra, 
So'zni soyirdan so'ra.

Yo'lovchining ozig'i yo'lida.

Yo'lchi yo'lini bilar, 
Tegirmonchi — do'lini.

Yo'rtib yursang, yo'l unar.

Yo'rtoq yo'rg'aga yo'ldosh bo'lmas, 
Burgut qarg'aga sirdosh bo'lmas.

Yo'rg'a mingan yo'ldoshiga qaramas.

Yo'rg'a mingan, yo'ldoshidan ayrilar, 
Ko'p yashagan, qurdoshidan ayrilar.

Yo'rg'a minsang ham, yo'ldoshli bo'l.

Olis yo'l otni sinar, 
Og'ir yo'l mardni sinar.

Sipohi bilan do'st bo'lma, 
Yomon bilan — yo'ldosh.

Yurgan — daryo, o'tirgan — bo'yra.

Yurgan yo'l kezar, 
O'tirgan yer chizar.

Yurgan yo'ldan topadi, 
O'tirgan qaydan topadi.

Yurgan oyoq yo'l topar. 
Yurgan oyoqqa yo'rg'a yo'liqar.

Yurganning yo'li ko'payar, 
O'tirganning — o'yi.

Yurganning yo'li o'tar, 
O'tirganning kuni o'tar.

Yurardan avval yo'l axtar.

Yaxshi yo'lda yo'ldosh ko'p.

Yaxshi yo'ldosh yo'lga boshlar, 
Yomon yo'ldosh yovga tashlar.

Yaxshi libos — oroyish, 
Yaxshi yo'ldosh — osoyish.

Ham sayohat, ham tijorat.

Hunar bilgan och qolmas, 
Yo'l tanigan kech qolmas.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.