background
logotype

Olov, tutun, chiroq

Bir savat anor,
Hadding bo‘lsa ol.
(Cho‘g‘)

Bir tovoq qizil olma,
Ushlamoqqa hadding borma.
(Cho‘g‘)

Yalt-yalt etadi,
Yamlab ketadi.
(O‘t-olov)

Changaroqdan uchib chiqadi,
Qarasa, ko‘zni ko‘r qiladi.
(Uchqun)

Ko‘k ho‘kiz oldin chiqar,
Qizil ho‘kiz quvib chiqar.
(Tutun, olov)

Ko‘k otim qo‘yivordim,
Qizil otim olib qoldim.
(Tutun, olov)

Taq etdi, taqolon ketdi,
Otasi etigini kiyguncha
Bolasi bog‘lon ketdi.
(O‘t-olov, tutun)

Ko‘k otim ko‘kka qarab yo‘rg‘alaydi.
(Tutun)

Oyoqsiz, qo‘lsiz tomga chiqadi.
(Tutun)

Oyog‘i yo‘q qochadi,
Qanoti yo‘q uchadi.
(Tutun)

Uzundan uzoq,
Havoga tuzoq.
(Tutun)

Otasi arava qo‘shgancha,
O‘g‘li Qo‘qon boribdi.
(Tutun)

Qizil sigir qora sigirning qornini yalaydi.
(Olov, qozon)

Bir bosh bug‘doy uy to‘ldirar.
(Chiroq)

Uyog‘i devol, bu yog‘i devol,
O‘rtasida o‘lik ilon.
(Chiroq)

Nur buva,
Usti boshi kir buva.
(Chiroq)

Qorongi tomda bir kampir,
Sochini yoyib o‘tiribdi.
(Chiroq)

O‘zi qovoq,
Boshida tovoq,
Og‘zida karnay,
Tunlari hay-hay.
(Chiroq)

Hovuz,
Hovuz ichida suv,
Suv ichida ilon,
Ilonning og‘zida o‘t.
(Chiroq)

O‘zining badanini o‘zi yeydi.
(Sham)

O‘z qonini o‘zi ichar.
(Sham)

Ko‘zining yoshi oyog‘iga dori.
(Sham)

Qilich uchi qaltiroq.
(Sham)

Miltillaydi ko‘zlari,
Mo‘ltillaydi yoshlari.
(Sham)

Kichkinagina sandiqcha,
Ichi to‘la mixcha.
(Gugurt)

Kichkintoygina kelinchak,
Boshida bor tugunchak.
(Gugurt)

O‘zi uzun, oriq,
Sallasi sariq.
(Gugurt)

Men ajoyib bir askar ko‘rdim,
Boshi uzra quvvati.
Ko‘p qavatli, yo‘q qadri qimmati,
Suvli yerni aslo bosmas,
Cho‘lni poymol qilmay qo‘ymas.
(Gugurt)

Xirmoni katta,
Doni yo‘q.
Dastori katta,
Noni yo‘q.
(Kul, o‘tin)

Uy ortida qora tuya o‘lib yotir,
Ichak-chavog‘i oqib yotir.
(O‘tin va arqoni)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.