background
logotype

Oziq-ovqatlar

Bir qo‘yim bor,
Turib semirar.
(Xamir)

Oq qo‘yim bor,
So‘ysam qoni yo‘q.
(Xamir)

Yumalatsam joni yo‘q,
Yulib olsam qoni yo‘q.
(Xamir)

Mushtlab-mushtlab urarlar,
Muncha gunoh qilibman.
O‘tga solib yoqarlar,
Muncha osi bo‘libman.
Muncha meni xorlarlar,
Bilmam nima qilibman.
Muncha meni sevarlar,
Qanday shirin bo‘libman.
(Xamir, non)

Xom soldim,
Pishiq oldim.
(Yopgan non)

Sovuq kirib,
Issiq chiqar.
(Yepgan non)

Oq otdim,
Qizil oldim.
(Yopgan non)

Yettisi bir yerga yig‘ilsa,
Beshisi bir yerga yig‘iladi.
(Palov)

Qorong‘i uyda shivir-shivir.
(Shovla)

Qozon ichida oppoq qor.
(Shirguruch)

Ko‘prik ustida bir tutam poxol.
(Ugra)

Quduqqa sochimni yoydim.
(Ugra)

Ip eshib quduqqa tashladim.
(Ugra)

Kesdim,
Quduqqa tashladim.
(Ugra)

Bir kiyigim bor,
Bir joyda turib dirkillar.
(Go‘sht)

Yesam tishimga kiradi,
Yemasam tushimga kiradi.
(Go‘sht)

Bukdim,
Quduqqa tashladim.
(Chuchvara)

Bir qozondan qirq tuya suv ichar.
(Chuchvara)

Ming qo‘yim suvga tushdi.
(Chuchvara)

Quda buvam quduqqa tushdi,
Quloqlari shalpillab tushdi.
(Chuchvara)

Matalim matti,
Qulog‘i qatti.
Qozonga solsam,
Tikrayib yotdi.
(Chuchvara)

Osh pishirdim, tuzi yo‘q.
(Sumalak)

Jummoq qo‘ydim, jubin top,
Jumalay boyning otin top.
Tag‘i qo‘ydim, tag‘i top,
Totli biyning otin top.
(Sumalak)

Suv emas, suyuq,
Qor emas, oq.
(Sut)

Oltmish ikki aybni oq yopar.
(Qatiq)

Palovning ostida,
Suvning ustida.
(Zig‘ir moy)

O‘zi oppoq, qor emas,
Non bo‘lmaydi, un emas.
(Shakar)

Jummoq qo‘ydim jup-jupgina,
Tomizig‘i tol-tolgina,
Tolqon bersang, ochaman.
(Pashmak)

Bir o‘rdakka bir chimdim.
(Choy)

Tor ko‘chaga o‘t tushdi,
Bora borguncha kuyib tushdi.
(Issiq choy ichish)

Chaynaladi, chaynaladi, yutilmaydi.
(Saqich)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.