background
logotype

Parranda va qushlar

Erta turadi,
Jar chaqiradi.
(Xo‘roz)

Boshi taroq,
Dumi o‘roq.
(Xo‘roz)

Bir qo‘shnim bor avval boshdan,
Soqoli uning qizil go‘shdan.
Sahar turib shovqin solar,
Xabari yo‘q hech bir ishdan.
(Xo‘roz)

Ovozasi azonda,
Mazaligi qozonda.
(Xo‘roz)

Saharxez so‘fi,
Tuynukda bibiotin.
(Xo‘roz, tovuq)

Jonlidan jonsiz do‘raydi,
Jonsizdan jonli do‘raydi.
(Tovuq, tuxum, jo‘ja)

Kasbi doim taqir-tuqur,
Qayda ilon ko‘rsa cho‘qir.
(Laylak)

Tomda turgan pishagim,
Bo‘yni uzun eshagim.
(Laylak)

Qirdan turib tuxum irg‘itdim.
(Burgut)

Bir qushim bor farangi,
Chorbog‘da chalar changdi.
(Sa’va)

Boyning o‘g‘li ko‘kka qarab yig‘laydi.
(Boyo‘g‘li)

Liking-liking yo‘rg‘asi,
Og‘zida baxmal to‘rvasi.
(Kaklik)

Yuqoridan keladi zebogina tovshi bor,
Oyog‘ida paxmoqqina kovshi bor.
(Kaklik)

Buxorodan kelgan minoli,
Og‘iz-boshi xinoli.
(Kaklik)

Saroyda sari otim,
Sebi bilan kishnaydi,
To‘qayda to‘riq otim,
To‘pi bilan kishnaydi.
(Kaklik)

Qizil yulg‘unning tagida
Qizlargul opam yotibdi.
(Qirg‘ovul)

Surp ko‘ylaklik,
Selon kamzullik.
(Olashaqshaq)

Liking-liking yo‘rg‘asi bor,
Kumush choqli sirg‘asi bor.
(Olashaqshaq)

Atlas ko‘ylak qanoti,
Xush xabarchi odati.
(Zag‘izg‘on)

Oqligi sutday,
Ko‘kligi nilday,
O‘tirishi bekday.
(Zag‘izg‘on)

Yozda keladi,
Qishda ketadi.
(Zag‘izg‘on)

Jar boshida yashil paxta.
(Ko‘k kaptar)

Gul ustida olifta ashulachi.
(Bulbul)

Zuv-zuv borag‘ay,
Tomdan qarag‘ay.
Cho‘p, loy cho‘qig‘ay,
Savat to‘qig‘ay.
(Qaldirg‘och)

Kichkina juvonmarg,
Tom boshidan o‘tin tashlaydi.
(Chumchuq)

Qizil qiya ichida
Qiyma juvon o‘tirar.
Dakanasin dol qo‘yib,
Dalva juvon o‘tirar.
(Bedana)

Qoziq ustida qor turmas.
(Tuxum)

Mening bir o‘tovim bor,
Oynasi, eshigi yo‘q.
(Tuxum)

Gul shohida Hasan mastcha.
(Bulbul)

Oq sandiq,
Og‘zi yo‘q sandiq.
(Tuxum)

O‘tga tushsa muz bo‘lar.
(Tuxum)

Pishirsa osh bo‘lur,
Pishirmasa qush bo‘lur.
(Tuxum)

Bir kosada ikki xil ovqat.
(Tuxum)

Bir piyolada ikki xil sharvat.
(Tuxum)

Bir uyda ikki o‘rtoq,
Biri sariq, biri oq.
(Tuxum)

Jar boshida uyurma.
(Qush uyasi)

Chiy tagida chinni kosa.
(Qush uyasi)

Bolorda beshik bor.
(Qush uyasi)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.