background
logotype

Yangi topishmoqlar

Aqlli temir olam kezar.
(Yer suniy yo‘ldoshi)

Shoxi bor, ho‘kiz emas,
Egari bor, ot emas,
Xohlagan manzilingga
Yetkazadi, minsang bas.
(Raketa)

Po‘lat qushim uchdi-ketdi.
Bir zum o‘tmay Oyga yetdi.
(Raketa)

Shamolday uchqur,
Yo‘q oyog‘i va qo‘li.
Ko‘zga ko‘rinmas,
Charog‘on yurgan yo‘li.
(Elektr toki)

Suv emas, simda oqar,
O‘t emas, chiroq yoqar.
(Elektr toki)

O‘zi qator joylangan,
Bir-biriga boylangan.
Bir-birini kuzatar,
Behisob nur uzatar.
(Elektr stolbasi, tok)

O‘zi turar o‘rnida,
Qo‘li ketgan har yoqqa.
(Elektr stolbasi, tok simi)

Kechasi oftobdek,
Kunduzi koptokdek.
(Lampochka)

Uyga osdik bitta nok,
Yop-yorug‘ bo‘ldi har yoq.
(Lampochka)

Uyimizga in qo‘ygan,
Tilla qushu tilla qush.
Kech kirganda yashnasang,
Odamlarning ko‘ngli xush.
(Lampochka)

Tagida taglik,
Boshida qalpoq,
Qalpoq tagidan
Mo‘ralab chiqar.
(Stol lampasi)

O‘chog‘i bor, mo‘risi yo‘q,
Cho‘g‘i boru kuyasi yo‘q.
(Elektr plitka)

Ortib, achchiq qizil meva,
Oq dengizda suzar kema.
(Dazmol)

Tashqari yoz, dim-olov,
Uychamizda muz, qirov.
(Xolodilnik)

Bir ajoyib ishxona, ichi doim qishxona.
(Xolodilnik)

Tinmas bitta,
Tinglar mingta.
(Radio)

Katta quti, ko‘zi bor,
Ko‘p tomosha, so‘zi bor.
(Televizor)

Radio desam, radio emas,
Kino desam, kino emas.
Eshitasan so‘zini
Ham ko‘rasan o‘zini.
(Televizor)

Jonsiz, tinglaydi,
Qo‘lsiz, yozadi,
Tilsiz, so‘zlaydi.
(Magnitofon)

Bir tuyam bor, guldiroq,
Hamma yeri yaltiroq.
(Traktor)

Dengizda kema suzar,
Ketma-ket oltin uzar.
(Paxta terish mashinasi)

Uradi o‘rog‘i yo‘q,
Yig‘adi tirnog‘i yo‘q.
Doni bo‘lar qop-qop,
Yanchadi, to‘qmog‘i yo‘q.
(Kombayn)

Gurillashi tegirmonday,
Lekin tegirmon emas.
Uchishlari g‘ajirday,
Lekin g‘ajir emas.
(Samolyot)

Gur-gur etar, uchar ketar,
Yurtdan yurtga odam eltar.
(Samolyot)

Uzoqlarga uchsa ham,
Talpinib qanot qoqmas.
(Samolyot)

Ot mindim ola qashqa,
Chopdim tog‘u toshqa.
(Samolyot)

Yo‘qdur qo‘lu oyog‘i,
Na ko‘zi, na qulog‘i,
Ammo unga bir qadam
Yer shari, Oyu, Zuhro.
(Kosmik kema)

G‘ildiraksiz parovoz,
Parovozki juda soz.
Dengizlarda suzadi,
Baliqlardan o‘zadi.
(Paroxod)

Cho‘zilib yotar narvon,
Undan o‘tar uy-karvon.
(Temir yo‘l, poezd)

Kichik temir ustida,
Shamoldek yelib yurar.
Egalarim kelsin, deb
Har doim kutib turar.
(Tramvay)

Ko‘zi yaltiraydi,
Ichi qaltiraydi.
(Avtomashina)

Yozda toycha,
Qishda xurjun.
(Velosiped)

Baland temir uy yurar,
Burni tog‘larni surar.
(Ekskavator)

Sen ichida tursang tikka,
Olib chiqar yuksaklikka.
(Lift)

Bir uy bor:
Ko‘r bo‘lib kirasan,
Ko‘zli bo‘lib chiqasan.
(Maktab)

Uyimiz nurdan,
O‘rganish bizdan,
O‘rgatish sizdan.
(Maktab, o‘quvchi, o‘qituvchi)

Sandiq to‘la pista-bodom,
Ochib ko‘r, bo‘lsang odam.
Xosiyati ko‘p, olam-olam,
Terib ol uni har dam.
(Kitob)

Qo‘l bilan ekiladi,
Ko‘z bilan teriladi,
Og‘iz bilan o‘riladi.
(Daftar, yozuv)

Rangi har xil,
Nomi bir xil.
(Rangli qalam)

Tili po‘lat shovvoz,
So‘zlay olmas beqog‘oz.
(Ruchka)

Xuddi bir ayri u,
Qaysi harf ekan bu.
(«Sh» harfi)

Olmasang yarim nafas,
Yo‘ldan o‘tgani qo‘ymas.
(Vergul)

Tim qora kichkina xol,
To‘xtatar yo‘lda darhol.
(Nuqta)

Shakli o‘xshar o‘roqqa,
Doim tutar so‘roqqa.
(So‘roq belgisi)

Xuddi o‘xshar mirza terakka,
Yo‘lda doim turar tikka.
(Undov belgisi)

Shahari bor, odami yo‘q,
Daryosi bor, suvi yo‘q.
(Karta)

Tilla yozuvli daftar,
Ichida gavhar gaplar.
(Diplom)

Qo‘li yo‘q, likop ushlar,
Qo‘shig‘i dilni xushlar.
(Patefon)

Patnisi bor, noni yo‘q,
Ashulachi, joni yo‘q.
(Patefon)

Bir vaqtda oladi,
Ko‘lankangiz qoladi.
(Fotoapparat)

Tarvuzim bor urug‘siz,
Pichoq bilan kesilmas.
Kesganingda ham uni
Maza qilib yeb bo‘lmas.
(Koptok)

Ukamga o‘xshar o‘zi,
Aslo yumilmas ko‘zi.
(Qo‘g‘irchoq)

Toyim bor, kishnamaydi,
Yez chog‘i ishlamaydi.
(Chana)

Suv ostida turar poylab,
O‘ljaga nayzasin shaylab.
(Qarmoq)

Suvga solsam botmaydi,
Baliqlar ham yutmaydi.
(Qarmoq po‘kagi)

Tepamda ko‘k dasturxon,
Dasturxonda shirmoy non.
Shirmoy non bir donadir,
Sindirilmas hech qachon.
(Osmon, oy)

Kunduz kuni o‘chirib,
Tunda yoqa olmaysan.
(Quyosh)

Olamni kezib bir-birini izlar,
Ularni yulduzlar kuzatar.
(Quyosh, oy)

Ko‘kda qilich yarqiraydi,
Suvda aksi yaltiraydi.
(Oy)

To‘ntarilgan ko‘k qozonda
Oltin tanga qaynaydi.
(Osmon, yulduz)

Kunduzi ko‘rpa yopar,
Kechasi ochiq yotar.
(Yulduz)

Tunda chiqar onasi,
Necha minglab bolasi.
Bekinishar qo‘rqqandan
Kelib qolsa otasi.
(Oy, yulduz, quyosh)

Oyog‘i yo‘q, qo‘li yo‘q,
Shoshib chopib chiqar u.
Ulkan zamin bag‘ridan,
Salom olib chiqar u.
(Buloq)

Oppoq sochli boshlari,
Daryo bo‘lar yoshlari.
(Qorli tog‘)

Bola kelar, bola kelar,
Ilk mehr ola kelar,
Silab-siylab daraxtlarga,
Guldan marjon taqa kelar.
(Bahor)

Qishda oq gul,
Bahorda suv sochadi.
Yel esganda,
Tumtaraqay qochadi.
(Bulut)

Osmon chirog‘i
Yondi-yu o‘chdi.
(Chaqmoq)

Chirmandasi osmonda,
Raqsi yerda, har yonda.
(Momaqaldiroq, yomg‘ir)

Paqiri yo‘q, suv separ,
Tut qoqqanday duv separ.
(Bulut, yomg‘ir)

Yerga tushsa loy qilar,
Dehqonlarni boy qilar.
(Yomg‘ir)

Katta chelak teshildi,
Undan ko‘p suv to‘kildi.
(Yomg‘ir)

Beqasamdan yo‘li bor,
Osmon-falakda chiqar.
(Kamalak)

Yozib kumush poyondoz,
Sovuqda elar shakar.
Sharbatsiz yasar novvot,
Toping siz bermay shahar.
(Qor)

Yanvar bobo novvot sotdi,
Olgan edim qo‘lim qotdi.
(Muz)

Mehmon bo‘lib bog‘ima,
Hid purkar dimog‘ima.
(Shamol)

Jo‘shib kuylar akasi,
Raqsga tushar ukasi.
(Shamol, o‘simlik)

Mening bitta oshnam bor:
To‘rtta o‘g‘li bor,
Un ikkita nevarasi bor,
Har qaysisining nomlari bor.
(Bir yil, to‘rt fasl, 12 oy)

Bir shahar, shaharda o‘n ikki minora,
Minorada o‘ttiz deraza,
Har derazadan yigirma to‘rt o‘q uziladi.
Bu nima?
(Bir yil. 12 oy. 30 kun. 24 soat)

Kelib ketar bir yilda,
To‘rt og‘ayni har xilda.
(To‘rt fasl)

Ko‘rinishi yoysimon,
Ostida sonsiz tikan,
Juda nozik chashmaga,
Shu tikan erur posbon.
(Qosh, kiprik)

Ikki qo‘shni, ikki do‘st,
Yonma-yon turishadi.
Yig‘lashsa birga yig‘lab,
Baravar kulishadi.
(Ko‘z)

«O» — desam, ochiladi,
«B» — desam, berkiladi.
(Lab)

Aqlga do‘st tutsang, a’lo so‘zlar,
Yo‘qsa u suyaksiz balo so‘zlar.
(Til)

Biri so‘zlar, biri eshitar,
Biri uni ipday pishitar.
(Og‘iz, quloq, miya)

Asal emas, yoqadi,
Ari emas, chaqadi.
(Gap, so‘z)

Minglab ignani ko‘rdim,
Teshigi yo‘q hech birin.
(Kirpitikan)

Ko‘rinishi kalta arqon,
Qo‘l-oyoqsiz chopar chaqqon.
(Ilon)

Kiygan ko‘ylagi o‘ziga foydasiz.
(Ipak qurti)

Qo‘shnimnikiga kirsam,
Ikki ming ishchisi ishlayapti.
(Asalari)

Ikki yaproq bir tanda,
Kezar yozda chamanda.
(Kapalak)

Sochning tolidan ham ingichka,
Ipning ustida yurar.
(O‘rgimchak)

Qishda uxlab yalang‘och,
Bahor qo‘yar yashil soch.
(Tol daraxti)

Bir daraxt bor, bargi kumushdan,
Mevasi oltindan.
Bu nima?
(Jiyda)

Daraxtda to‘q-qizil,
Bir olma pishdi.
Ikkiga ajratsam,
Munchoqlar tushdi.
(Anor)

Qip-qizilu, anormas,
Cho‘g‘ga o‘xshar, yonolmas.
Mo‘ralaydi egatdan,
Joy oladi savatdan.
(Qulupnay)

Oltin kosada toshib turar,
Dala husnin ochib turar.
(Paxta)

Onasidan kiyim-boshim,
Bolasidan yog‘li oshim.
(Paxta)

Birini yerga tiqdim,
Bir xovuch bo‘lib chiqdi.
(Bug‘doy)

Yo‘rgaklangan malikam,
Tilla sochi bir tutam.
(Makkajo‘xori)

Boshida bor kokili,
Belidadir hosili.
(Makkajo‘xori)

Kiyik ko‘zli, qalam qosh,
Undan bo‘lar shirin osh.
(Loviya)

Cheti gulli patir non,
Ichi to‘la g‘ij-g‘ij don.
(Kungaboqar)

O‘zi pillaga o‘xshar,
Ichi tillaga o‘xshar.
(Yer yong‘oq)

Oyog‘ini yerdan uzmay chiqar tomga,
Karnaylari tebranadi har maqomga.
(Karnaygul)

Son-sanoqsiz qilichli,
Uzun bo‘yli bahodir.
Yetar uzala tushib,
Shovillab bexavotir.
(Qamish)

Yotar yumshoq ko‘rpada,
Qator o‘sar har safda.
Barglari ham yam-yashil.
Tusi tilladan asil.
(Sabzi)

To‘ni silliq, tuki yo‘q.
Ichi qizil, ko‘ki yo‘q.
Uni cho‘qolmas chumchuq.
(Tarvuz)

Bir nechtadan ko‘zi bor,
Olma kabi yuzi bor.
(Kartoshka)

Makonidir dalalar,
Yer tagida bolalar.
(Kartoshka)

Yum-yumaloq, oy emas,
Sap-sarig‘u — moy emas.
Dumi ham bor, toy emas.
(Sholg‘om)

Yashab yetmish yetti kun,
Kiyar yetmish yetti tun,
Kuzda uzib olinar,
Ovqatlarga solinar.
(Karam)

Qizil rangda tuguncha,
Ichi to‘la kulchacha.
(Pomidor)

Xo‘roz desam qand,
Qand desam xo‘roz.
(Xo‘rozkqand)

To‘rt yonida to‘rtta oy,
Boshimga berar chiroy.
(Do‘ppi)

Bog‘lab qo‘ysang — yuradi,
Yechib qo‘ysang — turadi.
(Botinka)

Birlashtirib kiyimni,
Issiq tutadi bizni.
(Tugma)

Vaqti bilan soch tishlar,
Oynaga qarab ishlar.
(Taroq)

Og‘zi yo‘g‘u tishi bor,
Boshimizda ishi bor.
(Taroq)

Bir tishi bor tishlaydi,
Tishlaganda kishnaydi.
Kishnab-kishnab ishlaydi,
Ishlab ko‘nglin xushlaydi.
(Tikish mashinasi)

Usti berk, tagi berk, atrofi devor,
Qishda ham, yozda ham odamni yutar.
(Uy)

Qishin-yozin bir yo‘ldan yurgani-yurgan,
Lekin xonaga xatlab kira olmaydi.
(Eshik)

Kelsangiz ham, ketsangiz ham har zamonda,
Qo‘l berishni, yo‘l berishni qilmas kanda.
(Eshik)

Bir soqchi bor, turadi ostonada,
Bir qo‘li ko‘chada, bir qo‘li xonada.
(Eshik tutqichi)

Qumdan yasalgan muzim,
Uyimni issiq tutar.
(Deraza oynasi)

O‘zi oriq,
Qorni yoriq.
(Tarnov)

Posbonidir u uyning,
Ko‘zi, tili yo‘q uning.
(Qulf)

Mixlangan qulog‘idan,
Suv quyar oyog‘idan.
(Umivalnik)

Yelkasi bor, boshi yo‘q,
Oyog‘i bor, qo‘li yo‘q.
(Stul)

Yer tagida yo‘li bor,
Ustida po‘lat to‘ni bor,
Shamoldan tez yeladi,
Buxorodan keladi.
(Gaz)

Katta ko‘lning o‘rtasida
O‘t yonar.
(Samovar)

Kosaga sho‘ng‘ib qaytadi,
Og‘izga borib yetadi.
(Qoshiq)

Hammomi bor o‘rtasida,
Burnida bir teshikcha.
Boshida bor tugmasi,
Bir qo‘li bor yonboshida.
(Choynak)

Beixtiyor lab yalar,
Kishi chanqog‘i qonar.
(Piyola)

Borishda qorni och,
Qo‘shiq aytar.
Kelishda qorni to‘q,
Yig‘lab qaytar.
(Paqir)

Ikki o‘rim sochi bor,
Qotma, qing‘ir qanoti.
Yukni yengil qilar,
Yelka minish odati.
(Obkash)

Oz qo‘ysangiz: «Sol»—deydi,
Ko‘p qo‘ysangiz: «Ol!»— deydi.
(Tarozi)

Ahil bo‘lib yashar doim yetmish mard,
Tani yonib, elga qiladi xizmat.
(Gugurt)

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.