background
logotype

Ahmad Tabibiy (1869-1911)

Ahmad Tabibiy (taxallusi; asl ismsharifi Ahmad Ali Muhammad o‘g‘li, 1869—Xiva—1911) — shoir, tarjimon, tabib. Xiva madrasalaridan birida o‘qigan. Otasidan va zamonasining mashhur tabibi Yaxshimurodbekdan tabiblikni o‘rgangan, Muhammad Rahimxon II (Feruz) saroyida tabiblik qilgan. She’riyatda shuhrat qozongan.

O‘zbek va fors-tojik tillarida, mumtoz adabiyotning an’anaviy janrlarida ijod qilgan. She’rlaridan 5 devon — «Tuhfat us-sulton», «Munis ul-ushshoq», «Hayrat ul-oshiqin» (o‘zbek tilida), «Mir’ot ul-ishq», «Mazhar ul-ishtiyoq» (fors-tojik tilida) tuzgan. Ularda real hayotni, sof muhabbatni ulug‘lagan («Aylading», «Ozoridur» va b.).

Tabibiy o‘zbek adabiyotida muxammas janrini rivojlantirgan: Navoiy, Sa’diy, Jomiy, Zebunniso, Munis, Ogahiy, Mirzo G‘olib va boshqaning g‘azallariga 518 ta muxammas bog‘lagan. Xorazm shoirlari haqida «Majmuat ush-shuaroi payravi Feruz Shohiy», «Majmuai muxammasoti ash-shuaroi Feruz Shoqiy» (1909) tazkiralarini tuzgan. Ikkinchi majmuasi, asosan 33 shoir muxammaslaridan tashkil topgan. Unda dastavval Ogahiy g‘azallariga, so‘ng Feruz she’rlariga boglangan muxammaslar, keyin esa Feruzning «Oromijon nigorim, sarvi ravon nigorim» g‘azaliga taxmis, muxammas va musaddaslar keltirilgan. Xotima qismida esa shu to‘plamga kirgan Umidiy, Doiy va Xayoliyning vafoti haqida xabar, Bayoniyning «Majmuat ush-shuaroi payravi Feruz Shohiy»ga yozgan taqrizi berilgan.

Tabibiy «Vomiq va Uzro» qissasining o‘zbekcha she’riy (masnaviy) variantlarini yaratgan (8100 bayt). Fuzuliyning «Haft jom» asarini forstojik tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan. «Yetti ravza» nomli asar ham yozgan. Asarlarining bir necha qo‘lyozma va toshbosma nusxalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.