background
logotype

Anbar Otin (1870-1906)

Anbar Otin Farmonqul qizi (1870 — Qo‘qon — 1906) — o‘zbek shoirasi. Otasi Uvaysiyning jiyani. Onasi Ashurbibi oddiy kosib qizi. Anbar Otin Dilshod otin maktabida tahsil olgan. Anbar Otin she’rlar ijod qilish bilan birga mahallasidagi yosh qizlarga ta’lim va tarbiya bergani tufayli Otin nomiga ega bo‘ladi.

Anbar Otin o‘zbek va tojik tillarida ijod qilgan. Ijodda ko‘proq Uvaysiyga ergashgan. Navoiyni birinchi ustoz hisoblagan. Zamondoshlari Muqimiy, Furqat, Zavqiylar bilan tanish bo‘lgan. She’rlarida ularga murojaat qilgan, ular bilan bahslashgan.

O‘zbekcha she’rlari (48 ta)dan devon tuzgan. Undan 41 g‘azal, 4 muxammas, 1 qit’a, 1 masnaviy, 1 mustazod o‘rin olgan (1905). 70-yillarning boshida shoiraning 40 ga yaqin she’rdan iborat yana bir qo‘lyozma devoni, «Qarolar falsafasi» risolasi, 160 misralik «yakka bayt»lari topildi, tojikcha g‘azallaridan devon tuzish niyati bo‘lgan, ammo bor-yo‘qligi hozir noma’lum.

Anbar Otin she’rlari aksariyat ijtimoiy mavzuda. Zamona adolatsizligidan, mehnatchi xalqog‘ir ahvolidan so‘z ochadi, ma’rifatni ulug‘laydi. «Qarolar falsafasi» asarida ayollarning og‘ir qismati haqida hikoya qilinadi.

Anbar Otin asarlari qo‘lyozmasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. № 1647).

Begali Qosimov.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.