background
logotype

Ashurali Zohiriy (1885-1937)

http://ziyouz.com/images/stories/ashurali_zohiriy.jpgTaniqli ma’rifatparvar, yirik tilshunos, lug‘atshunos, adabiyotshunos olim, jurnalist va tarjimon, Turkistondagi jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Ashurali Zohiriy 1885 yili Qo‘qon yaqinidagi Oyim qishlog‘ida tug‘ilgan. U dastlab Qo‘qondagi Madalixon madrasasida tahsil ko‘radi (1914), arab va fors tillarini puxta egallaydi, o‘zbek va fors-tojik mumtoz adabiyotini o‘rganadi. Har tomonlama bilim sohibi bo‘lgan A.Zohiriy 1907 yildan boshlab rus-tuzem maktabida, shuningdek, jadid maktabida o‘zbek tili va adabiyotidan dars beradi. 1912—1919 yillarda esa pedagogik faoliyat bilan birga jurnalist sifatida ham qizg‘in ish olib boradi.

Qo‘qonda «G‘ayrat» nomli xususiy nashriyot tashkil etgan. «Sadoyi Farg‘ona» (1916—21), «Farg‘ona» (1922—28) gazetalarida adabiy xodim bo‘lib ishlagan. Vaqtli matbuot sahifalarida ma’rifatparvarlik maqolalari bilan faol ishtirok etgan.

1917—1918 yillarda Turkiston Muxtoriyati hukumatining barpo etilishi A.Zohiriy faoliyatiga yangicha yo‘nalish bag‘ishlaydi. U "El bayrog‘i" gazetasiga muharrirlik qilib, Muxtoriyat g‘oyalarining keng xalq ommasi o‘rtasida tarqalishiga munosib hissa qo‘shadi.

A.Zohiriy faoliyatining 1917 yildan keyingi asosiy yo‘nalishi ma’rifatparvarlik bilan bog‘liq. U Qo‘qondagi birinchi dorilmualliminning tashkilotchisi va dastlabki zamonaviy maktablarning muallimi sifatida Farg‘ona vodiysi uchun ko‘plab o‘qituvchilarni yetishtirib berdi. U asos solgan dorilmuallimin keyinchalik pedagogik texnikumga aylantirildi. 1930 yili esa shu texnikum bazasida Farg‘ona davlat pedagogika instituti tashkil etildi.

U maktab o‘quvchilari uchun «Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob» darsligini tuzgan (1912). O‘zbek tilida birinchi bo‘lib boshlang‘ich sinflar uchun «Imlo» darsligini yaratgan (Qozonda nashr etilgan, 1916). Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» va «Vaqfiya» asarlari ustida matnshunoslik tadqiqotlari olib borgan. «Muhokamat ul-lug‘atayn»ni husnixatda ko‘chirib (1916), Qo‘qonda Vayner kutubxonasida chop ettirgan (1917). «Vaqfiya»ni ham nashrga tayyorlagan, lekin noma’lum sabablarga ko‘ra nashr etilmagan. «Ruscha-o‘zbekcha lug‘at» tuzgan (1925). Cho‘lpon bilan hamkorlikda «Adabiyot parchalari» to‘plamini nashr ettirgan (1926).

A.Zohiriy erkparvar g‘oyalari uchun 1929 yil noyabrida hibsga olinib, o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Qamoq muddatini tugatgach, alloma yana sevimli kasbi — ma’rifatparvarlik bilan shug‘ullanadi. Ammo 1937 yilda qatag‘on bo‘roni avj olgach, u yana qamoqqa olinib, o‘sha yilning 4 dekabrida otib tashlanadi.

A.Zohiriy qabrining qaerdaligi noma’lum.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.