background
logotype

Domla Hindistoniy (1892-1989)

http://www.ziyouz.uz/images/ziyoli/domla_hindistoniy.jpgIlm ahli Mavlaviy hoji Hindistoniyni «Hoji Hindistoniy», «Mavlaviy Hindistoniy», «Hoji domullo», «Hazrati Mavlaviy» singari nomlar bilan e’zozlab tilga oladilar. Asli ismi Muhammadjon mullo Rustam o‘g‘li bo‘lgan bu alloma 1892 yilda Qo‘qon muzofotiga qarashli Hoja Muhammad Valiy qabristoniga yaqin Chorbog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan.

Uning ota-onalari ham ilmli, ma’rifatli kishilar bo‘lib, farzandlarining yoshlikdanoq ilm olishiga jiddiy e’tibor berishgan. Shuning uchun ham Muhammadjon o‘n to‘rt yoshida hofizi Qur’on bo‘lib yetishgan. Dastlab Qo‘qon va Buxoro madrasalarida, keyinchalik Afg‘onistonning Balx va Mozori Sharif shaharlarida saboq olgan. So‘ngra ulug‘ ustozlarining tavsiyalariga binoan Hindistonga safar qiladi va Ajmir shahridagi «Usmoniya» madrasasida yana sakkiz yil ilm o‘rganadi. Uning Hindistoniy taxallusini olishi shundan boshlangan.

Muhammadjon domla 1929 yil yurtga qaytadi. 1932 yili “sinfiy dushman” sifatida bir yilga ozodlikdan mahrum qiladilar. Muhammadjon domla 1933 yili qamoqdan qaytgach, fitnalardan yiroq bo‘lish uchun tez-tez yashash joyini o‘zgartirib turishga majbur bo‘ldi. Domla Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga qarashli Ablig‘ qishlog‘iga, Toshkent shahar tasarrufidagi “Oq yo‘l” kolxoziga ko‘chadi. Domla ilmu salohiyati ortidan yana tuzoqqa tushdi. Unga bu safar «xorijiy davlatlarda o‘qigan» degan ayb qo‘yildi va uch yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. Bu safar u Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi mahbuslar lagerida qarag‘ay kesishga mahkum bo‘ldi.

Navbatdagi jazo muddatini o‘tab qaytgan Muhammadjon domla endi urushga safarbar etildi. U 1942 yili urushda qattiq jarohatlangach, Rossiyaning sovuq mehnat lagerlaridan biriga yuborildi va bu ma’shum joylarda 1946 yilgacha qolib ketadi.

Urushdan keyingi yillarda diniy e’tiqod masalasida biroz yumshoq siyosat boshlangandek bo‘ldi. O‘sha paytlar O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi Toshkentda joylashgan bo‘lib, butun mintaqada diniy ishlar shu yerdan boshqarilardi. Muhammadjon domla idoraning muftiysi Eshon Boboxonovga ish so‘rab murojaat qiladi. U kishi domlaning ilmu odobini obdon sinovdan o‘tkazgach, ish yuritish uchun Tojikistonga yuborishini aytadilar. Muhammadjon domla ikkilanmay rozi bo‘ladi. Domla Tojikistonga borgach, yashashga uy-joyi bo‘lmaganidan Mavlono Ya’qub Charxiy qabristonidagi masjidda yashay boshladilar.

Muhammadjon domla 1949 yilda “mavjud siyosiy tuzumga qarshi” degan ayb bilan yigirma besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu safar uni Qozog‘istondagi mehnat lagerlaridan biriga jo‘natishdi. Umrining teng yarmini ilm o‘rganishga sarflagan, mumtoz adabiyot, tarix, fiqh va aqida ilmlarida tengsiz alloma yana inson zoti chidab bo‘lmas og‘ir mehnatlarga majbur etildi. Biroq bu safar domla shunchaki bo‘yin egmadi. U Moskvaga tinimsiz arizalar yozdi. Natijada domlaning barcha ilmiy, ijodiy faoliyati taftish etilib, to‘rt yilu uch oy deganda ozodlikka chiqarildi.

Muhammadjon domla navbatdagi surgundan qaytib Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar bo‘limida tarjimon bo‘lib ishlay boshladi. Domla ana shu bo‘limda ikki yil arab tilidagi kitoblarni fors va o‘zbek tillariga o‘girish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Xususan, shu yillarda u Zamaxshariyning «Navobig‘ul kalim» hamda «Maqomoti Zamaxshariy» asarlarini arab tilidan fors tiliga, Imom Barzanjiyning «Mavludun nabiy» asarini o‘zbek tiliga, Imom Busiriyning «Qasidai Burda» asarini fors tiliga, arab shoiri Farazdaqning Imom Zaynul Obidinga bag‘ishlangan qasidasini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Biroq tinimsiz ta’qib va tazyiqlar, mehnat lagerlaridagi og‘ir hayot, mash’um urush balolari asta-sekin o‘z asoratlarini namoyon eta boshlagan edi. Domlaning ko‘zlari xiralashib qoldi. Shifokorlar u kishiga mutassil kitob bilan shug‘ullanish zararli deb tashxis qo‘ydilar. Shundan so‘ng domla endilikda to‘plagan ilmini boshqalarga berish mavridi kelganini anglab, bir qancha kitoblar tasnif etishga muvaffaq bo‘ldi. Jumladan, domla Qur’oni karimning ma’naviy tarjimasi — «Bayonul Furqon fi tarjimatil Qur’on» kitobini tasnif etdi. Bu muborak kitob O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimi, zahmatkash olim Sayfiddin Rafiddinov tomonidan 2006 yilda nashrga tayyorlanib “Movarounnahr” nashriyotida chop etildi. Bobomiz Imom Buxoriyning “Al-jomi’ as- sahih” hadislar to‘plamini, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”, Imom A’zamning «Fiqhi akbar», Abdurahmon Jomiyning “Sharhi Mullo”, Muhammad Fazlul- imom Xayriobodiyning “Mirqotul-mantiq” asarlarini sharh qildilar. «Usuli Shoshiy», «Nurul anvor» va «Muxtasari maoniy» kabi asarlarni o‘zbek va fors tillariga tarjima qildi. Ayniqsa, domlaning Abdulqodir Bedil g‘azallari sharhi tahsinga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, Muhammadjon domlaning ilmiy ma’ruzalari yuzlab magnit tasmalariga shogirdlari tomonidan yozib olindi. Bu ma’ruza va suhbatlar, tafsir, hadis, fiqh, islom tarixi, tasavvuf, adabiyot va odob-axloq haqidadir.

Muhammadjon Hindistoniy domla 1989 yil 97 yoshlarida olamdan ko‘z yumdilar. U kishi o‘zi istaganidek Mavlono Ya’qubi Charxiy mozoriga dafn etildilar.

Alisher Nazar

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.