background
logotype

G'ulom Zafariy (1889-1938)

http://ziyouz.com/images/stories/gulom_zafariy.jpgG‘ulom Zafariy ko‘pqirrali ijod sohibi bo‘lib, u o‘zbek milliy teatri, teatr tanqidchi-ligi, musiqa madaniyati, qolaversa, milliy adabiyotimiz tarixida munosib o‘rin egallaydi. U 1889 yili Toshkentning Beshyog‘och dahasiga qarashli Kattabog‘ mahallasida tavallud topti. Avval eski maktabda, xususiy rus maktabida, Ko‘kaldosh madrasasida ta’lim oldi. U 1912—1924 yillarda O‘sh shahrida o‘qituvchilik qildi. 1914 yildan boshlab Toshkentdagi «Turon» truppasida aktyorlik qildi, o‘qituvchi bo‘lib ishladi. 1917 yildan «Ishchilar dunyosi» jurnali, shuningdek, bilim yurtlarida faoliyat ko‘rsatadi.

G‘ulom Zafariy ijodi 1914 yildan boshlangan bo‘lib, u dastlab o‘z she’rlari bilan taniladi. So‘ngra esa «Baxtsiz shogird» (1914) nomli bir pardali pesa yozadi, keyin «Bahor», «Gunafsha», «To‘sqinchilik», «Yorqinoy», «Rahimli o‘qituvchi», «Mozorlikda», «Maqtangan kishi», «Tatimboy ota», «Cho‘pon Temir» (1924) hamda «Yoshlar endi berilmas» (1926) kabi pesa va dostonlar yaratadi.

Biroq Zafariy yozuvchi, dramaturg sifatida o‘zining «Halima» pesasi bilan mashhur bo‘lgan. «Halima» 1920 yilda yozilgan bo‘lib, o‘sha yilning 14 sentyabrida «Turon» truppasida Mannon Uyg‘ur tomonidan sahnalashtirilgan. Mazkur asar to‘ng‘ich milliy musiqali drama bo‘lib, uning musiqiy bezagini ham muallifning o‘zi mashhur sozanda Shorahim Shoumarov hamda mulla To‘ychi Hofiz yordamida bajargan. Ayni chog‘da «Halima» o‘z davrida milliy opera sifatida baholangan. Professor Fitrat ham ushbu asarni opera deb atagan.

G‘ulom Zafariy o‘zbek milliy kuylari, maqom va maqom sho‘‘balarini juda yaxshi bilgan tom ma’nodagi ziyoli edi. Uning «Sharq musiqalari va cholg‘ulari», «Musiqa muammosi», «O‘zbek musiqasi to‘g‘risida» kabi maqolalari shular jumlasidandir.

O‘zbek musiqa madaniyati tarixida u musiqiy sahnaviy asarlar muallifi, milliy musiqa namunalari to‘plovchisi hamda tadqiqotchisi sifatida tanilgan. G‘ulom Zafariy va uning safdoshlari (Fitrat, V.Uspenskiy, Elbek) jonbozligi tufayli uyushtirilgan ilk musiqiy-folklor ekspeditsiyalari natijasida musiqa merosini to‘plash va o‘rganish tizimiga asos solindi: 1920-yillar boshida Buxoroda Tanbur chizig‘ining nusxasi topildi, 1923—24 yillarda Buxoro Shashmaqom», 1925 yilda Sh.Shoumarovdan Toshkent-Farg‘ona maqom yo‘llari ilk bor notaga yozib olindi. Elbek bilan Farg‘onaga uyushtirilgan ekspeditsiya natijalari asosida milliy musiqiy folklorning birinchi (garchand nota yozuvisiz bajarilgan bo‘lsa-da) tizimli nashri — «Ashulalar» to‘plami tayyorlandi.

G‘ulom Zafariy 1937 yilda qatag‘onga uchrab, 1938 yil 4 dekabrda qatl etilgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.