background
logotype

Is'hoqxon to'ra Ibrat (1862-1937)

http://ziyouz.com/images/stories/ishoqxon_ibrat.jpgIshoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibrat ma’rifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk o‘zbek matbaatchilaridan bo‘lib, 1862 yilda Namangan yaqinidagi To‘raqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan.

Dastlabki ma’lumotni eski maktabda, so‘ngra onasining qo‘lida oladi. Keyinroq Qo‘qonga borib madrasaga o‘qishga kiradi.

Ishoqxon Ibrat 1886 yilda madrasani tugatib, To‘raqo‘rg‘onga qaytib keladi. U o‘z faoliyatini pedagog sifatida qishloqda ma’rifat tarqatish bilan boshladi. O‘sha yili eski mahalliy maktablardan ancha farq qiluvchi yangicha maktab ochadi.

Ishoqxon Ibrat 1887 yilda haj safariga otlanadi. So‘ng u Sharq mamlakatlari bo‘ylab sayohatni davom ettiradi. Yevropaning Istambul, Sofiya, Afina, Rim kabi markaziy shaharlarida bo‘ldi, ancha vaqt Jidda shahrida istiqomat qiladi, Bombey va Kalkuttada yashaydi. Ishoqxon u yerlarda ko‘p ishlatiladigan arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal o‘rgandi. U 1896 yilda o‘z vataniga qaytib keldi.

To‘raqo‘rg‘onda yangi usul maktabini ochgan (1907), o‘z qishlog‘ida «Matbaai Ishoqiya» nomli litografiya tashkil qilgan (1908). Ishoqxon Ibrat yangi maktablar ochish, o‘qituvchilar tayyorlash, ayollarni ilm-ma’rifatli qilish ishlarida faol qatnashgan. O‘z she’rlari («Tarixi chopxona», «Madaniyat haqida masnaviy», «Gazeta xususida», «Qalam»)da mahalliy va chor amaldorlari kirdikorlarini fosh etgan («Ilmi Ibrat», she’riy to‘plam, 1909).

1901 yilda arab, fors, hind, turk, o‘zbek va rus so‘zlaridan tarkib topgan "Lug‘ati sitta-alsina" («Olti tilli lug‘at») asarini bosmadan chiqaradi. Mazkur lug‘at jadid maktablarida sharq va rus tillarini o‘rganishda birdan bir qo‘llanma sifatida foydalanib kelindi.

Ishoqxon Ibrat 1912 yilda yozuvlar tarixiga bag‘ishlangan, asarida lotin, yunon, xitoy, qind, arab, Kirill yozuvining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi haqida ma’lumot berilgan "Jome’ ul-xutut" ("Yozuvlar majmuasi") asarini yaratdi va o‘z matbaasi "Matbaayi ishoqiya"da bosmadan chiqardi.

Ibrat chin qalbdan o‘z xalqining ilmli, ma’rifatli bo‘lishini istadi. Keyingi 20-yil ichida 14 ta ilmiy-tarixiy, lingvistik asar yozdi. 30 yillik poetik ijodining majmuyi bo‘lmish "Devoni Ibrat" she’rlar to‘plamini tuzdi. Tarixshunoslikka oid "Tarixi Farg‘ona", "Tarixi madaniyat" va "Mezon uz-zamon" ilmiy asarlarini yaratdi.

Ishoqxon Ibrat «Turkiston viloyati gazeti», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona» gaz. lariga yozgan maqolalarida fan, ma’rifat va madaniyatni targ‘ib etgan.

Ibratning so‘nggi yillardagi hayoti ancha tahlikali o‘tdi. 1935 yildan u hamma lavozimlardan olib tashlandi. 1937 yilning aprel oyida 75 yoshli keksa shoir va ma’rifatparvarni hibsga oladilar. Ibrat Andijon turmasida vafot etadi.

Ishoqxon Ibrat qabrining qaerdaligi noma’lum.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 14-o‘rta maktab va Toshkentdagi bir ko‘chaga Ishoqxon Ibrat nomi berilgan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.