background
logotype

Komilbek Norbekov (1880-1943)

Komilbek Norbekov (1880 – Toshkent – 1943) — o‘zbek ma’rifatparvari. Toshkentning ma’rifatli boylaridan Muhammadaminbekning o‘g‘li. Ukasi Karimbek (1882—1970) bilan birga charm ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Avstriya va Germaniya firmalari bilan teri-charm savdo aloqasini o‘rnatgan.

Taraqqiyparvar do‘stlari Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Xo‘jayev (Asadullaxo‘jayev), Nizomiddin Xo‘jayev, Orifxo‘jaboy Hojinov bilan birga «Imdodiya» («Hayriya») jamiyati (1909), «Turon» jamiyati va shu nomli truppani tashkil etgan (1914).

1909—11 yillarda 35 o‘quvchiga mo‘ljallangan usuli jadid maktabini qurib bergan va o‘quvchilarni iqtisodiy ta’minlagan. 1917—18 yillardagi ocharchilik davrida aholiga 600 puddan ortiq g‘alla tarqatib, xalqni ochlik azobidan qutqargan.

Fayzulla Xo‘jayevni amir ayg‘oqchilari ta’qibidan saqlab qolgan, uning amirga qarshi kurashida moddiy yordam bergan. 1919—24 yillarda «Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi. 1930 va 1935 yillarda siyosiy idora (GPU) tomonidan qatag‘on qilingan. 1989 yilda oqlangan.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.