background
logotype

Muhammad Yusufbek Bayoniy (1858-1923)

Bayoniy (taxallusi; asl ismi Muhammad Yusufbek Bobojonbek o‘g‘li) (1858— Xiva — 1923) — O‘zbek shoiri, tarixchi, musiqashunos, xattot va tarjimon. Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil ko‘rgan. Suls, kufiy, rayhoniy, shikasta xatlarini yaxshi bilgan, tanbur chertish va g‘ijjak chalishda mohir bo‘lgan.

Bayoniyning bir devoni, Xorazm tarixiga oid ikki asari va tarjimalari saqlangan. U mumtoz she’riyatning deyarli hamma janrlarida ijod qilib, Navoiy, Munis, Ogahiy an’analarini davom ettirgan. Avaz O‘tar bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lgan. «Devoni Bayoniy» she’rlar to‘plamini tuzgan. Unga kirgan she’rlarida dunyoviy sevgini ulug‘lagan, tabiat go‘zalliklarini sodda va ravon ifodalagan, mazlumlar, ilm-fan ahlining achchiq taqdiriga achingan.

«Shajarai Xorazmshohiy» tarixiy-memuar asari bilan Munis va Ogahiy boshlagan ishni davom ettirgan. Bunda Yofasdan Qo‘ng‘irot urug‘igacha, Abulg‘oziy Bahodirxondan Asfandiyorxongacha o‘tgan xonlar hukmronligi davri tarixi yoritilgan. «Xorazm tarixi» asari «Shajarai Xorazmshohiy»dagi voqealarni to‘ldirgan. Asarning avvalgi boblari ma’no jihatdan «Shajarai Xorazmshohiy»ga o‘xshab ketadi. Lekin yozilish uslubi bilan undan farq qiladi. Asarda, asosan Asfandiyorxon hukmronligi davri va undan keyin ro‘y bergan voqealar tasvirlangan. 16 bobdan iborat bu asarning 8 bobigina bizgacha yetib kelgan.

Bayoniyning har ikki tarixiy asarida ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid juda ko‘p qimmatli materiallar bor. Jumladan, Xiva xonligining Buxoro va Qo‘qon xonligi va xonlikka qo‘shni bo‘lgan boshqa mamlakatlar bilan savdo va diplomatik munosabatlari, mehnatkashlardan olinadigan har xil soliqlar, Xorazmda yashagan olim va shoirlar, shaharlar hayoti, dehqonchilik ishlari to‘g‘risida boy ma’lumotlar yozilgan.

Bayoniy arabchadan Darvesh Ahmad («Sahoyif ul-axbor», 1901), forschadan Binoiy («Shayboniynoma», 1915), Tabariy («Tarixi Tabariy») asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Majmuai shuaroi forsiy» to‘plami (1900) va boshqani husnixatda ko‘chirgan.

«Shajarai Xorazmshohiy» (inv. № 9596), «Xorazm tarixi» (inv. № 7421), «Devoni Bayoniy» (inv. №№ 1120, 7106, 6666) asarlarining qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.