background
logotype

Otaulla Xo‘jayev (1880-1937)

Xo‘jayevOtaulla, Xo‘jayev Otaxo‘ja Po‘latxo‘jayevich (1880, Buxoro — 1937.25.10, Toshkent) — Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, davlat va jamoat arbobi. Buxoroda Madrasa tahsilini olgan. So‘ngra Turkiyaga borib, akasi Usmon Xo‘ja, Fitrat va boshqa bilan Istanbulda tahsil olgan (1909—13).

«Tarbiyai atfol» maxfiy tashkiloti va Yosh buxoroliklar partiyasi faoliyatida qatnashgan. 1913—14 yillarda Buxoro amirligida jadid maktablari ochgan va muallimlik kilgan. Buning uchun Buxoro amiri Olimxon tomonidan ta’qibga uchragan va zindonda o‘tirgan (1915).

Otaulla Xo‘jayev BXSR Qarshi viloyati inqilobiy qo‘mitasi raisi (1920), BXSR ichki ishlar noziri (1921), BXSR Nozirlar Sho‘rosi raisi o‘rinbosari (1921— 23), raisi vazifasini bajaruvchi (1922 avgust—noyabr), tashqi ishlar noziri (1923). BXSRning Moskvadagi muxtor vakili (1922 yil yanvar—may).

1921 yil yozida Otaulla Xo‘jayev boshchiligidagi maxsus komissiya Baljuvonda Davlatmandbek qo‘rboshi, Kamolbiy va Qayum to‘qsabo bilan BXSR hukumati nomidan muzokaralar o‘tkazgan va sulh shartnomasi imzolangan (1921 yil 12 avgust).

1920 yildan Buxoroda yashirin faoliyat ko‘rsatgan «Milliy Ittihod» tashkiloti ishida faol qatnashgan. RKP(b)MK O‘rta Osiyo byurosi kotibi Ya. E. Rudzutakning talabi bilan Fitrat va boshqa nozirlar qatorida o‘z lavozimidan olib tashlangan va BXSR hududidan surgun qilingan.

O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgach, turli lavozimlarda ishlagan. BXSRning rahbar arboblari (jami 17 kishi) bilan birgalikda u qamoqda olingan (1937 yil 19 yanvar) va otishga hukm kilingan. 1965 yil 2 dekabrda oqlangan.

Qahramon Rajabov.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.